Jamiyat
TBC Bank va Oasis Credit kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategik hamkorlikni e’lon qiladi
Mamlakatning yetakchi raqamli banklaridan biri bo‘lgan TBC Bank tadbirkorlarning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Oasis Credit mikromoliya tashkiloti bilan strategik hamkorlik boshlanganini e’lon qiladi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining muhim omillaridan biri bo‘lgan kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur hamkorlik TBC Bankʼning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, moliya sektorida tadbirkorlikning rolini kuchaytirish hamda mamlakatning barcha hududlarida iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish — iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan asosiy omillardan biridir. Biz uchun kichik biznes o‘z vaqtida, tushunarli va qulay moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish muhim. Oasis Credit bilan hamkorlik qamrovimizni kengaytirishga, faoliyatimizni yanada keng miqyosda olib borishga hamda mamlakatning barcha hududlaridagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi”, — dedi TBC Bank bosh direktori Spartak Tetrashvili.
“TBC Bank tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslar kompaniyamiz uchun mahalliy bozorda milliy valutadagi ilk moliyalashtirish hisoblanadi. Bundan oldin biz asosan xorijiy moliyaviy manbalardan foydalanib kelganmiz. Mahalliy banklar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik O‘zbekiston moliya institutlari bilan yanada yaqin va samarali aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Jalb etilgan resurslar kredit portfelimizning 95 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi kichik va mikrobiznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi”, — dedi Oasis Credit bosh direktori Mahmudali Guseynov.
Oasis Credit Uzbekistan kabi mikromoliya tashkilotlari bilan hamkorlik TBC Bankʼning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli faoliyatini to‘ldiradi. Avvalroq 2025 yilda bank ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Triple Jumpʼdan, shuningdek kichik va o‘rta biznes uchun mahsulotlar qatorini kengaytirish yo‘nalishida BlueOrchardʼdan mablag‘ jalb qilgan.
2024 yil dekabr oyida TBC Bank tadbirkorlar uchun bank va unga bog‘liq barcha moliyaviy operatsiyalarni to‘liq onlayn boshqarish imkonini beruvchi TBC Business platformasini ishga tushirdi. Platforma qulay va tezkor tranzaksion xizmatlarni taklif etadi. Ishga tushganidan beri mahsulot jadal rivojlanmoqda: bugungi kunda 6 000 dan ortiq hisobraqamlari ochilgan. Shu bilan birga, tadbirkorlar orasida bank mahsulotlariga bo‘lgan talab ham ortmoqda, bu esa 2025 yilning uchinchi choragida biznes kreditlari portfelining o‘sishi bilan tasdiqlanmoqda. TBC Business doirasida moliyalashtirish yo‘nalishini rivojlantirish orqali bank kichik va o‘rta biznes segmentida yetarlicha qamrab olinmagan bo‘shliqni bosqichma-bosqich to‘ldirmoqda hamda TBC ekotizimidagi mijozlar ishtirokini kuchaytirmoqda.
TBC Bank haqida
TBC Bank — O‘zbekistonning yetakchi banklaridan biri bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslar uchun keng turdagi raqamli moliyaviy xizmatlarni taklif etadi. Bank xizmat ko‘rsatishning raqamli kanallarini faol rivojlantirib, operatsiyalarning shaffofligiga, xalqaro xavfsizlik standartlariga va xizmatlar sifatiga alohida e’tibor qaratadi. Bank mijozlarining moliyaviy hayotini yanada qulay va oson qilishni o‘ziga maqsad qilgan.
Oasis Credit Uzbekistan haqida
Oasis Credit Uzbekistan — kichik va mikrobiznesni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan, O‘zbekistondagi tajribali mikromoliya tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tashkilot shaffoflik va korporativ boshqaruv bo‘yicha xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritadi. Uning ta’sischilari qatoriga xalqaro moliyaviy institutlar — jumladan, Finlandiya rivojlanish banki Finnfund, Germaniyaning I.D. Inspiring Development GmbH, hamda Buyuk Britaniyaning Sturgeon Capital tashkilotlari kiradi.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Mirziyoyev Namanganda raqamlashtirish, bandlik va investitsiya bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi vaziyatlar markazida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Namanganda tashkil etilgan «aqlli» vaziyatlar markazi va Yangi Namangan mahallasidagi «Mahalla axborot va xizmat markazi» loyihasi taqdim etildi. Markaz orqali 8 ta mahallada yashovchi 27 mingdan ortiq aholiga qariyb 980 turdagi xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda viloyat sanoati hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgan. Joriy yilda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foizga oshirish vazifasi belgilangan.
Prezident hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta «aql markazi»ni yangi ish uslubiga o‘tkazishni topshirdi. Ular har bir tuman va shaharning iqtisodiy salohiyatini o‘rganib, qo‘shimcha o‘sish manbalarini aniqlaydi.
Yig‘ilishda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda 80 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Investitsiya sohasida Namanganga bu yil 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentyabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus olib kelish, ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, eksport infratuzilmasini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari ham muhokama qilindi.
Jamiyat
Poytaxtning uch va Toshkent viloyatining bir tumani elektrsiz qoldi
Toshkent shahrining Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilmoqda.
Bugun, 28 iyun soat 20:45 da Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida nosozlik bo‘ldi.
Buning oqibatida Toshkent shahrining Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilmoqda.
Hozirgi vaqtda energetiklar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish hamda iste’molchilarning elektr ta’minotini qayta tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda “svet” o‘chishi oqibatida attraksionda qolib ketgan odamlar tushirib olindi
Avvalroq Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida yuz bergan nosozlik sababli poytaxtning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish sodir bo‘lgani xabar qilingandi.
Bugun, 28 iyun kuni Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasida joylashgan Dream Park istirohat bog‘idagi «Charxpalak» attraksionida fuqarolar qolib ketganligi to‘g‘risida Toshkent shahar FVBBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan va hozirda barcha fuqarolar charxpalakdan xavfsiz joyga tushirib olingan.
“Vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q”, deyiladi FVV xabarida.
Avvalroq Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida yuz bergan nosozlik sababli poytaxtning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish sodir bo‘lgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarining bir qismida elektr ta’minoti qayta tiklandi
Energetiklar tomonidan nosozlikni bartaraf etish va barcha iste’molchilarning elektr ta’minotini bosqichma-bosqich qayta tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Foto: Energetika vazirligi
Bugun, 28 iyun soat 20:45 da Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida nosozlik yuz berishi oqibatida poytaxtning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kelib chiqqani xabar qilingandi.
FVV xabariga ko‘ra, “svet” o‘chishi oqibatida Chilonzor tumanida joylashgan Dream Park istirohat bog‘idagi «Charxpalak» attraksionida qolib ketgan fuqarolar xavfsiz joyga tushirib olingan.
Xabar qilinishicha, ayni paytda Energetika vazirligi hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati podstansiyada bo‘lib, ular tomonidan nosozlikni tiklash ishlari nazoratga olingan.
Energetiklar tomonidan nosozlikni bartaraf etish va barcha iste’molchilarning elektr ta’minotini bosqichma-bosqich qayta tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Dubayda og‘ir ahvolga tushib qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat sababli oila mamlakatni tark eta olmagan. Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun ular jarimaga tortilgan.
BAAda og‘ir vaziyatga tushib qolgan oila O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Qayd etilishicha, P.G. va uning farzandi A.Z. 2025 yilda mavsumiy ishlash maqsadida BAAning Dubay shahriga borgan.
Biroq moliyaviy qiyinchiliklar sababli 2026 yil yanvarida O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar xarid qilgan. Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat tufayli ular mamlakatni tark eta olmagan.
Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun oila vakillari jarimaga tortilgan.
O‘zbekistonning BAAdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Dubay immigratsiya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ularning mamlakatni jarimasiz tark etishiga ruxsat olindi.
Ushbu oila a’zolari uchun 26 iyun kuni “Dubay–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilindi hamda ularning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Siyosat5 days agoAshraf Xo‘jayev O‘zbekistonning Efiopiyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Mahalliy5 days ago
Endi rahbarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fosh qilish mumkin!
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Dunyodan5 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
