Jamiyat
TBC Bank va Oasis Credit kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategik hamkorlikni e’lon qiladi
Mamlakatning yetakchi raqamli banklaridan biri bo‘lgan TBC Bank tadbirkorlarning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Oasis Credit mikromoliya tashkiloti bilan strategik hamkorlik boshlanganini e’lon qiladi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining muhim omillaridan biri bo‘lgan kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur hamkorlik TBC Bankʼning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, moliya sektorida tadbirkorlikning rolini kuchaytirish hamda mamlakatning barcha hududlarida iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish — iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan asosiy omillardan biridir. Biz uchun kichik biznes o‘z vaqtida, tushunarli va qulay moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish muhim. Oasis Credit bilan hamkorlik qamrovimizni kengaytirishga, faoliyatimizni yanada keng miqyosda olib borishga hamda mamlakatning barcha hududlaridagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi”, — dedi TBC Bank bosh direktori Spartak Tetrashvili.
“TBC Bank tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslar kompaniyamiz uchun mahalliy bozorda milliy valutadagi ilk moliyalashtirish hisoblanadi. Bundan oldin biz asosan xorijiy moliyaviy manbalardan foydalanib kelganmiz. Mahalliy banklar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik O‘zbekiston moliya institutlari bilan yanada yaqin va samarali aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Jalb etilgan resurslar kredit portfelimizning 95 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi kichik va mikrobiznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi”, — dedi Oasis Credit bosh direktori Mahmudali Guseynov.
Oasis Credit Uzbekistan kabi mikromoliya tashkilotlari bilan hamkorlik TBC Bankʼning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli faoliyatini to‘ldiradi. Avvalroq 2025 yilda bank ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Triple Jumpʼdan, shuningdek kichik va o‘rta biznes uchun mahsulotlar qatorini kengaytirish yo‘nalishida BlueOrchardʼdan mablag‘ jalb qilgan.
2024 yil dekabr oyida TBC Bank tadbirkorlar uchun bank va unga bog‘liq barcha moliyaviy operatsiyalarni to‘liq onlayn boshqarish imkonini beruvchi TBC Business platformasini ishga tushirdi. Platforma qulay va tezkor tranzaksion xizmatlarni taklif etadi. Ishga tushganidan beri mahsulot jadal rivojlanmoqda: bugungi kunda 6 000 dan ortiq hisobraqamlari ochilgan. Shu bilan birga, tadbirkorlar orasida bank mahsulotlariga bo‘lgan talab ham ortmoqda, bu esa 2025 yilning uchinchi choragida biznes kreditlari portfelining o‘sishi bilan tasdiqlanmoqda. TBC Business doirasida moliyalashtirish yo‘nalishini rivojlantirish orqali bank kichik va o‘rta biznes segmentida yetarlicha qamrab olinmagan bo‘shliqni bosqichma-bosqich to‘ldirmoqda hamda TBC ekotizimidagi mijozlar ishtirokini kuchaytirmoqda.
TBC Bank haqida
TBC Bank — O‘zbekistonning yetakchi banklaridan biri bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslar uchun keng turdagi raqamli moliyaviy xizmatlarni taklif etadi. Bank xizmat ko‘rsatishning raqamli kanallarini faol rivojlantirib, operatsiyalarning shaffofligiga, xalqaro xavfsizlik standartlariga va xizmatlar sifatiga alohida e’tibor qaratadi. Bank mijozlarining moliyaviy hayotini yanada qulay va oson qilishni o‘ziga maqsad qilgan.
Oasis Credit Uzbekistan haqida
Oasis Credit Uzbekistan — kichik va mikrobiznesni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan, O‘zbekistondagi tajribali mikromoliya tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tashkilot shaffoflik va korporativ boshqaruv bo‘yicha xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritadi. Uning ta’sischilari qatoriga xalqaro moliyaviy institutlar — jumladan, Finlandiya rivojlanish banki Finnfund, Germaniyaning I.D. Inspiring Development GmbH, hamda Buyuk Britaniyaning Sturgeon Capital tashkilotlari kiradi.
Reklama huquqi asosida