Jamiyat

“Tashqi ko‘rinishim bilimimni belgilab bermaydi” – O‘zJOKUda bo‘yinbog‘siz talabalar darsga kiritilmadi

Published

on


O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o‘nlab talabalar darsga kiritilmadi. Bunga ular forma kiymagani va darsga kech qolgani “sabab” bo‘lgan. Universitet talabasi Akmal Yo‘ldoshevga ko‘ra, undan “dars tayyorladingmi, ma’ruzalarga qatnashdingmi, adabiyotlarni o‘qidingmi?” deb so‘rashmagan, aksincha, “galstuging qani, agar bo‘lmasa, bor, ketaver, bu ichki qoida”, deyishgan.

16 fevral kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bir guruh talabalar forma kiymagani va kech qolgani uchun darsga kiritilmadi. Holat aks etgan video magistratura bosqichi talabasi Akmal Yo‘ldoshevning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilindi.

Videoda u bilan suhbatlashgan yana bir talaba Bahodirxon Eliboyev bakalavr va magistratura bosqichida tahsil olayotgan qariyb 100 nafar talaba darsga qo‘yilmaganini ma’lum qilgan.

“Darsga tayyorlandingmi, ma’ruzalarga qatnashdingmi, adabiyotlarni o‘qidingmi, deb hech kim mendan so‘ragani yo‘q. Galstuging qani, agar bo‘lmasa bor, ketaver, bu ichki tartib-qoida, hamma narsadan ustun deyishyapti”, degan Akmal Yo‘ldoshev.

Shuningdek, u oliy ta’limda forma masalasiga salbiy qarashini bildirgan.

“Mening tashqi ko‘rinishim bilimimni belgilab bermaydi, mahoratli jurnalistmanmi-yo‘qmi, bularga hech qanday aloqasi yo‘q. Universitet menga xizmat ko‘rsatadi, buning uchun oramizda shartnoma tuzilgan: pul to‘laganman, menga ma’ruza o‘qilishi kerak, seminarga qatnashishim kerak va bu bilim baholanib, oxirida diplom olishim kerak. Shu ikki munosabat bor. Hozir qandaydir ichki tartib-qoidani deb mening iste’molchi sifatidagi huquqlarim, ma’nan talabalik huquqlarim buzilyapti. Men bilim olgani kelganman, galstugimni ko‘z-ko‘z qilgani emas”, degan u.

Bundan tashqari, Akmal Yo‘ldoshev bunday holatlar talabaning qo‘shimcha mablag‘ to‘lashiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.

“Bu tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurish bilan barobar”

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dekani Oisha Zakirova holat yuzasidan Facebook’dagi o‘z sahifasida fikr bildirdi.

“Dushanba — yangi o‘quv haftasining boshlanishi. Ammo afsuski, ayrim talaba va magistrantlar universitet ichki tartib-qoidalariga nisbatan bepisandlik bilan munosabat bildirdi. Universitet bu shunchaki ta’lim muassasasi emas. Bu — intellektual muhit, tarbiya maktabi, professional shaxs shakllanadigan maskan. Ichki tartib-qoidalar esa muhokama uchun o‘rnatilmaydi, ijro uchun qabul qilinadi va barcha bunga birdek amal qiladi! Bu har bir tashkilotning o‘z imijini shakllantirish uchun xizmat qiladi! Oq ko‘ylak va galstuk — akademik madaniyat, poklik, intizom va hurmat ramzi. Uni kiyib yurishning nimasi yomon?!” deya yozgan dekan.

U dekan sifatida universitet imiji, akademik muhit va tartib uchun shaxsan javobgar ekanini qo‘shimcha qilgan.

“Shu bois ichki tartib-qoidalarga rioya qilish masalasida yon berish bo‘lmaydi. Oddiy intizom va ichki tartib-qoida islohotlarning eng asosiy sharti bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, o‘zi o‘qiyotgan universitetni mana shunday ommaga olib chiqish, oddiy elementar so‘ralgan narsa uchun uning sha’niga dog‘ tushirish tuzini yeb tuzlug‘iga tupurish bilan barobar, shuni unutmang, hurmatli talabalar!” degan Oisha Zakirova.

Shuningdek, dekan jurnalist o‘zi ishlayotgan tashkilot ichki tartib-qoidasidan yoki o‘z shaxsiy xohish istagidan kelib chiqib kiyinish huquqiga ega ekanini, ammo universitetda tahsil olayotgan har bir talaba ichki tartib-qoidalariga amal qilishi lozimligini, videoda ko‘ringan barcha talabalar darsga formasiz kelgani uchun emas, kech qolib kelgani uchun kiritilmaganini ma’lum qilgan.

Kun.uz holat yuzasidan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jaga so‘rov jo‘natdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version