Jamiyat
tanish qorovul, deputat shoir va boshqalar…
Suyukli ustozimiz, atoqli adibimiz Erkin Vohidov chuqur falsafiy she’rlari, mutafakkirona xislatlari bilangina emas, o‘ta samimiy, o‘ta topqirona mutoyibalari bilan ham muxlislar qalbini zabt etib kelgan. Shularni eslar ekanman, Erkin aka, doimo ko‘nglimizdasiz, biz bilan birgasiz, degim kelaveradi.
O‘sha tanish qorovul
Toshkentga endigina ishga kelgan davrim edi. Birovnikida ijarada turardim.
Oylik ta’tilga chiqqan Erkin aka butun oilasi bilan Issiqko‘lda dam olib kelishga jo‘nadi, men uyni qo‘riqlab turadigan bo‘ldim. Tirikchiligim uchun sovutkichga to‘ldirib tashlangan xilma-xil noz-ne’matlarning yarmini yeb ulgurmasimdan, ular sayohatdan qaytib kelishdi.
Bir-ikki oydan keyin ustozni ziyoratlab borsam, hali maktab yoshiga yetmagan kenjatoyi Fozilaxon men bilan juda bo‘lakcha quvonib ko‘rishdi.
– Bu qizimning sevinchi ichiga sig‘may turibdi hozir, – deya yelka uchirib kuldi Erkin aka. – Sizni uzoqdan ko‘riboq, menga qarab, dada, yana Issiqko‘lga boramizmi, deb so‘radi.
Tinib-tinchimagan it
Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov tig‘dor-tig‘dor she’rlarining orqasidan eski tuzumning tazyiqlariga uchragani, necha-necha tanqidlarga duchor bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. U kishi bunday g‘ala-g‘ovurlarga parvo qilmayotgandek bo‘lib yursa-da, yuragiga ma’lum darajada jarohat yetganini ba’zi bir so‘zlaridan payqab olish qiyin emasdi.
Ijodiy safarlardan birida ustoz bilan bitta xonada tunaydigan bo‘ldik. Vaqt yarim kechadan og‘ib boryaptiki, tashqarida bir ko‘ppak tinimsiz vovullayverdi. Shunda Erkin aka bosiq tovushda asta so‘z qotdi:
– Qiziq! Bu halovatsiz it qaysi arslonning kitobini tanqid qilyaptiykin?!
O‘zini o‘zi qidirish
Erkin aka bilan yoshlar nashriyotida birga ishlardik. Bir tanishi to‘yga aytgan ekan, yuring, tekinga tushlik qilib kelasiz, deb meni ham birga olib boradigan bo‘ldi. Garajdan mashina chaqirsa, buzilgan joyini haydovchi hali tuzatib ulgurmagan ekan, mayli, avtobusda boraqolamiz, dedi.
Avtobusga chiqib, orqaroqdagi o‘rindiqqa o‘tirib-o‘tirmasimizdanoq, oldimizda konduktor ayol paydo bo‘ldi. Pulimizni olib, chipta yirtib uzatarkan, Erkin akaga tikilib boqib, xuddi Erkin Vohidovga o‘xsharkansiz, dedi.
– Men akasi bo‘laman, – deya ayolga jiddiy qiyofada yuzlandi Erkin aka. – Bir haftadan beri uyga kelmayapti, deb xotini kecha arz qilganidi, mana, o‘sha Erkinboylaringni ertalabdan beri axtarib yuribman.
O‘rischa so‘kinish
Erkin aka maktab yoshiga yetib-yetmagan payt¬lar ekan. Bir kuni uch-to‘rt tengdoshini boshlab, Oltiariq mashina-traktor stansiyasi (MTS) direktori lavozimidagi dadasining ishxonasiga boribdi. Yuqori tashkilotdan kelgan bir rus kishi bilan gaplashib turgan dadasi, o‘g‘liga boshdan-oyoq qarab olib, sherigining ko‘ng¬¬li uchun bo‘lsa kerak, ruschalab: “Pochemu bosikom?” (Nega yalangoyoqsan?) deb jerkib beribdi.
Bu voqeani eslab turib, Erkin aka kula-kula shunday degandi:
– O‘shanda biz bu gapni o‘rischa so‘kinish bo‘lsa kerak deb o‘ylabmiz. Birorta bola jig‘imizga tegsa, “He, pachemu basiko‘m!” deb, o‘zimizcha ayovsiz haqoratlagan bo‘lardik.
O‘ta topqirona chora
Erkin aka yetmish to‘qqiz yoshga to‘lganida, oilasidagilarni dasturxonga urintirib qo‘ymaslik uchun Iqbol Mirzo, Ahror Ahmedov, Azizbek Anvar birgalashib, ertalabroqda tabriklashga borsak, kennoyimiz bilan bozor qilishga chiqib ketishgan ekan. Kamtarona tuhfalarimizni nevarasi Iftixorga topshirib, ortga qaytdik.
Ustoz peshindan keyin menga sim qoqib, odamni juda xijolatga qo‘ydilaring-ku, oldindan qo‘ng‘iroq qilganlaringda, biron-bir vaqtni belgilab olardik, deb dakki berdi. Kechirim so‘rab bo‘lganimdan so‘ng, tashlab kelgan sovg‘amning narxini oshirib, to‘nning ichida Oltiariqning eng qo‘ligul chevari tikkan o‘ta toza do‘ppi ham bor, uni faqat katta tantanalarda kiying, deb dabdabavozlik qildim.
– Do‘ppini allaqachon kiyib ko‘rdim, rostdanam juda chiroyli tikilgan ekan, – degan tovush keldi go‘shakdan. – Faqat, boshimga sal kattalik qilib, old tomondagi burchagi ochilib qolyapti. O‘sha joyiga kesak qistirib olsammikin deb turibman.
Go‘shakdan taralgan yoqimli kulgi mening ham zavqimni jo‘shtirdi.
Erkinlarning eng mansabdori
Yoshlar nashriyotida bosh muharririmiz Erkin Vohidovning birmas, ikki adashi bor edi – yoshlar adabiyoti bo‘limida ishlovchi mashhur tarjimon Erkin Mirobidov, o‘smirlar adabiyoti bo‘limi muharriri Erkin Siddiqov.
Vohada yashovchi keksaroq bir adibning qo‘lyozmasini ko‘rib chiqish Erkin Siddiqovga topshirilibdi. U bir haftadan keyin muallifga telefon qilib, men Erkinboyman, qo‘lyozma bilan tanishdim, Toshkentga kelsangiz, bir fikrlashib olardik, debdi. Muallif nashriyotga kelib, Erkinjon kerak edilar, desa, uni Erkin Mirobidovga ro‘para qilishibdi.
– Hay, hay, hay, sizdek tabarruk odamni ko‘radigan kun ham bor ekan-ku! – deya quloch ochib ko‘risha boshlabdi muallif. – O‘zlariga bir qorako‘l telpak atab qo‘yganmiz. Qani, boshi¬ngizni manavi ipda yaxshilab o‘lchab olay-chi, keyingi safarimda tiktirib kelaman.
Bu odamning kimligini, nima maqsadda kelganini aniqlab olgach, andak adashibdilar, mehmon, siz axtarayotgan Erkin qo‘shni xonada chaqchayib o‘tirgan bo‘lishi kerak, debdi Mirobidov. Muallif endi Siddiqovning oldiga kiribdi. Yana qorako‘l telpakdan gap ochilib, ipda boshni o‘lchab ko‘rish boshlanibdi.
Sal o‘tib, ikkala Erkin muallifni o‘rtaga olgancha koridorda askiya qilib turishsa, Erkin Vohidov xonasidan chiqib qolibdi. Bo‘lgan voqeani kula-kula eshitib bo‘lib, muallifga debdi:
– Nashriyotdagi eng telpakbop Erkin menman. Bularga sholchado‘ppiyam bo‘laveradi.
Tahrirning tagida gap ko‘p
O‘shanda hali jurnalistlikka o‘qib yurgan A’zam O‘ktam she’rlarini “Yoshlik” jurnaliga bersa, bosh muharrir Erkin aka ularni o‘qib ko‘rib, muallifni huzuriga chaqiribdi, juda go‘zal narsalar yozibsiz, deb qizg‘in tabriklabdi. So‘ng she’riy turkumni unga tutqazib, eng zo‘rlarini “plyus” bilan belgilab qo‘ydim, bularga yangilaridan yana bir-ikkita qo‘shing, ko‘zga ko‘rinadiganroq qilib bosaylik, debdi.
A’zamjon belgi qo‘yilgan she’rlarga ko‘z tashlab chiqib, aynan Anvar Obidjon u yer-bu yeriga qalam tekkizganlarini tanlabsiz, desa, Erkin aka darhol mutoyiba qilibdi:
– Qarang-a! Demak, Anvarjon sizni haddan ziyod hurmat qilarkan. Meni “ustoz” deydi-yu, kitobimga muharrir bo‘lganida, andakkina jon tortishib, she’rlarimning biron-bir joyini, loaqal, ko‘nglim uchun tahrir qilib qo‘ymadi-ya!
Uzrli sabab
Bir uchrashuvda Erkin akaga savol berishdi:
– “Yoshlik devoni”dagiga o‘xshagan g‘azallarni juda sog‘inib qoldik-ku. Keyingi paytda ishqiy she’rlaringiz nimaga kamayib ketdi?
Erkin aka shunday javob qildi:
– Soch oqargani sayin, odam xotiniga xushomaddan nariga o‘tolmay qolarkan…
Amal – o‘tkinchi, uy – abadiy
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari etib tayinlangan Yo‘ldosh Sulaymon bir kuni Erkin akadan so‘radi:
– Farg‘onada Yozuvchilar uyushmasi bo‘limining boshlig‘i edim, endi yuqori tashkilotga o‘rinbosar bo‘lib keldim. Bilolmay turibman, meni ko‘tarishdimi, pastlatishdimi?
– Bu ko‘tarilish ham, pastlash ham emas, – deb tagdor javob qildi Erkin aka. – Toshkentdan tekinga kvartira olish deydilar buni!
Hammualliflar
Adabiy uchrashuvlarning birida o‘n ikki yoshlar chamasidagi chaqchaqako‘z bola Erkin akaning kitobini uzatib, dastxat so‘radi. Muallif tilaklarini yozayotgan chog‘da, shu kitobdagi she’rlarning barini o‘zingiz to‘qiganmisiz, deb savol berdi bolakay.
– Barini emas, – o‘zini kulgidan zo‘rg‘a tiyib javob qildi Erkin aka. – Nuqta-vergullarning ba’zilarini “korrektor” degan odamlar to‘qigan.
Professorga dashnom
To‘qsoninchi yillarning boshrog‘i edi, chamasi. Bir kuni Erkin aka menga sinchkovlik bilan tikilib turib, nega hech semirmaysiz, birorta jiddiy kasalingiz yo‘qmi, deb so‘radi. Eski revmatizm, sariq kasalligining ayrim asoratlari borligini hisobga olmaganda soppa-sog‘man, dedim.
– Bilasiz, Toshkent meditsina instituti professori, terapiya bo‘limi boshlig‘i Erkin Qosimov qudam bo‘ladi, – deb jonkuyarlik qilishni boshladi ustoz. – Shu kishiga tayinlab qo‘yaman, sizni kasalxonasiga yotqizib, chuqur ko‘rikdan o‘tkazadi. Har ehtimolga qarshi-da.
Kasalxonaga borib yotdim. Birorta dori ichmadim, birorta ukol olmadim. O‘n kun mobaynida turli ixtisosdagi to‘rtta professor, uchta fan nomzodi meni astarimdan avramgacha tekshirishdi, yetti-sakkiz xil apparatlarga solib ko‘rishdi. Oxiri, bari birgalikda konsilium tashkil etib, bir to‘xtamga kelishdi – jiddiyroq tashvishga sabab bo‘lguvchi hech qanday kasallik yo‘q.
Qaytgach, buni ustozga ma’lum qilsam, u kishi qudasi Erkin Qosimovga sim qoqib, dashnom bergan bo‘ldi:
– Bu qanaqasi? Professorligingizga ishonib jo‘natsam, Anvarjondan bittaginayam kasallik topolmabsiz-a! Hech yo‘q, vahimali tikilib turib, she’r to‘qishdek xavfli dardga chalinibsiz-ku, uka, deb qo‘rqitsangiz bo‘lmasmidi?!
Tanqidmisan tanqid!
Ustozning yetmish yoshga to‘lishi nishonlanayotgan kunlar edi. U kishi bilan uchrashib qolib, yangi chop etilgan “O‘zbegim” kitobini yayrab o‘qiganimni aytsam, meni hadeb maqtayversalaring taltayib ketishim hech gapmas, ora-sira tanqid ham qipturinglar, deb hazillashdi.
– To‘g‘ri, kamchiliklaringiz ham bor, – dedim o‘zimni tersroq tutib. – Eng katta nuqsoningiz shuki… Hm-m…
– Tortinmay gapiravering…
– Ochig‘ini aytsam, haddan tashqari qizg‘anchiq shoirsiz, nihoyatda qisqa yozasiz. O‘qi-i-b boramiz-u, endigina zavqimiz toshayotganida, birdaniga yakun topadi-qo‘yadi. She’ringizga to‘ymay qolamiz.
Erkin aka nimtabassum ila ko‘zimga boqib turgach, ko‘kragini silab dedi:
– Umrim bino bo‘lib, bunaqa ajabtovur dakkini endi eshitishim. Ayamay gapiravering, men ham tanqidingizga to‘ymay turibman.
Shoirning xavotiri
Yozyovon tumanidan Erkin akaning deputatlikka nomzodi qo‘yildi. Saylovoldi uchrashuvlarida, qayerga bormaylik, bir taklif tez-tez takrorlanib turardi:
– Kimligingizni yaxshi bilamiz. Boshqa gapni qo‘yib, bizga yangi she’rlaringizdan o‘qib bera qoling!
Bu hol davom etavergach, Erkin aka yig‘inlarning birida shunday degandi:
– Ilgari to‘qigan she’rlarimni o‘qib berishdan osoni yo‘q. Mabodo deputatlikka saylansam, endi qonunlarniyam she’riy usulda yozib berasiz, demasalaring bas.
Havaskorga havas
Erkin akaning Nozimaxon, Mohiraxon, Fozilaxon degan qizlari bor. Xurshidbek – bittayu bitta o‘g‘il. Toshkentda endigina ish boshlagan paytlarim ustozni ziyoratlab borganimda, u kishi astoydil taklif qilib dedi:
– Xurshidbek o‘g‘lim uchta qizning orasida zerikibroq qolyapti. To uy olguningizcha, unga sherik bo‘lib, biznikida yashab tursangiz-chi. Gulchehra opangiz bilan maslahatlashdik, boloxonani tugalay sizlarga beramiz.
O‘ta mashhur inson o‘zini menga shu qadar yaqin tutayotganidan juda quvonib ketgan bo‘lsam-da, biron-bir nojo‘ya qilig‘im bilan birdamas-birda g‘ashini keltirib qo‘yishdan cho‘chib, hozirda yolg‘izqo‘l kampirnikida yashab, unga dastyorlik qilib yuribman, qolaversa, sharoit shunaqangi tinchki, odamning yozgan sari yozgisi keladi, dedim.
Erkin aka buni eshitib, yelkamga qo‘l bosgancha, jiddiy qiyofada iltijolandi:
– Jon Anvarjon, o‘sha kampirnikidan mengayam bitta xona topib bering!
Sovg‘alar, sovg‘alar…
Farg‘onada o‘tgan ijodiy safarimiz Yaypandan boshlandi, dastlab bir fermerning dalasidagi “Qovun sayli”da ishtirok etdik. Bir-biridan shirin qovun-tarvuzlarga to‘yganimiz yetmaganidek, mehmonxonada yersizlar, deb mashinamizga ham solib berishdi. Keyin bilim yurtlaridan birida uchrashuv o‘tkazdik. Qaytayotganimizda bir qo‘ltiqdan kitob sovg‘a qilishdi.
Tadbir mutasaddisi navbatdagi anjuman Qo‘qon paypoq to‘qish korxonasida o‘tkazilishini ma’lum qilganida, Erkin aka do‘sti O‘tkir Hoshimovning qo‘lini qisib, tantanavor tarzda dedi:
– Sizni oldindan tabrik¬lab qo‘yaqolay, O‘tkirjon. Yangi paypoq muborak bo‘lsin endi!
Hozirjavoblik
Ustozning bir kitobiga dastxat yozdirsam, shirin tilaklar bitib, odatdagidek, “E VOH” deb imzo chekdi.
– Agar, “E V” deb qo‘l qo‘ysangiz, yanayam boshqacha bo‘larkan, – deya hazilomuz gap yumalatdim. – “E V”ni o‘zimizcha yoymalasak, “El Vijdoni” degan ma’no chiqadi.
Erkin aka bu lutfdan zavqlanib jilmayish bahonasida, bir-ikki sekund o‘ylanib olgan bo‘ldi-yu, darhol javob qaytardi:
– Mundoq qaraganda, siznikiyam chakkimas – A O! Bu – alohidalikni bildiradigan “Avtonom Okrug” degani.
Boshqotirma
Pishiqchilik mahali edi. Erkin aka va turmush o‘rtog‘i Gulchehra opa bilan olis sayl¬¬ga chiqdik. Qo‘qonda, Marg‘ilonda bo‘lib, oxiri Oltiariqqa bordik.
Oltiariqlik rahbarlar bu tashrifdan xabar topib, tezda uchrashuv uyushtirishdi. Uchrashuv¬ni tugatib tashqariga chiqqanimizda, “chapaki tirikchilik”ka ustomon bir kimsa karton qutiga xorijiy firma tamg‘asi bosilgan, o‘sha paytda behad tanqis sanalgan narsani mashinamiz yukxonasiga tiqayotib, bu mendan sizga sovg‘a, akaxonim, deya Erkin akaga ukaxonlanib iljaydi.
Har xil nusxalarga tili qisiq bo‘lishni xushlamaydigan ustoz o‘sha damda indamay qo‘yaqolgan esa-da, bir piyola choy ichish uchun biznikiga kirganimizda, meni yoniga chaqirib, dedi:
– Boyagi odamning sovg‘asini tezda uyiga tashlab keling. Erkin akamning sizga boshqa bir iltimosi bor ekan, keyinroq aytarkan, deb ko‘nglini tinchiting.
U ancha ezma odam, shoirimizning qanaqa iltimosi bo‘lsaykin, deb surishtirishga tushsa-chi, desam, ustoz ma’nodor jilmaydi:
– Erkin akamga bitta parovoz olib berarkansiz, deng. O‘lgunicha boshi qotib yuraversin.
So‘ng iyagini balandlatib, tebrana-tebrana kula ketdi. Behad chiroyli edi bu kulgu.
Milliy g‘urur
Qo‘qonda o‘tgan bir adabiy uchrashuvda mahalliy shoir Anvar Yunusov: “Erkin aka, Armanistonga borganingizda, respublika chempioni bo‘lgan shaxmatchini qanaqa qilib yutgansiz?” deb so‘rab qoldi.
Ustozning javobi juda oddiy bo‘ldi:
– G‘irt o‘zbekcha qilib yutganman!
Muammoning yechimi
Erkin akaning har oyda bir marta bo‘lib turadigan “gap”i bor edi. Qirq besh yil davom etib, oxiri 2016 yilning bahorida professor Umarali Normatovning osh tortishi bilan yakun topgan bu “gap”ga Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdug‘afur Rasulov, Turg‘un Alimatov, Ibrohim G‘afurov, Rahmatilla Inog‘omov, Hasanxo‘ja Muhammadxo‘jayev, Karim Nazarov, Eson Lutfullayev, Ne’matullo Ibrohimov, O‘tkir Hoshimov singari dong‘i baland zotlar a’zo edilar.
Ushbu tovoqdoshlik so‘nggi nuqtasiga yetishidan uch-to‘rt yil yil oldin Erkin aka: “Bugun men navbat beryapman, siz “tuyoq” bo‘laqoling”, deb meni o‘tirishga boshlab bordi. O‘sha kuni Taxtapul sharsharasi biqinidagi restoranda bo‘lgan ziyofatda kun tartibiga bir masala qo‘yilib, “gapchi”lardan bir nechasi olamdan o‘tib ketdi, endi safni to‘ldirish uchun Iqbol Mirzo, Shuhrat Rizayev, Xurshid Do‘stmuhammad, Hamidulla Boltaboyev, Anvar Obidjonni ham ulfatchilikka qo‘shsak, degan taklif kiritildi.
Restoran yoki kafelarda ko‘pchilikka bu qadar to‘kin dasturxon yozishga cho‘ntagimning doim ham qurbi yetavermasligini aytishdan iymandim-u, sizlar ziyofatga xotinlaringiz bilan kelar ekansizlar, meniki g‘irt qishloqi, bunaqa aralash o‘tirishlarga borib o‘rganmagan, degan bahonani ro‘kach qilib, uzr so‘radim.
Bunday kutilmagan gapdan hamma tuyqus jimib qolgan paytda Erkin aka davraga quvnoqqina so‘z tashlab, vaziyatni yumshatdi:
– E, sodda bo‘lmay keting! Bu yerda o‘tirganlarning bittasiyam xotiningizni tanimaydi. Bizniki mana shu deb birorta bazmbozroq ayolni ko‘chadan yetaklab kelavermaysizmi!
Xaridorgir nom
Saksoninchi yillarning boshrog‘i edi. Yoshlar nashriyotida Erkin akaning bir kitobi bosiladigan bo‘lib, dovruqli shoirning asariga muharrirlik qilishdek ulkan sharaf menga hadya etildi.
She’rlar, kimsan, Erkin Vohidovniki! So‘z tugul, hatto birorta vergulni o‘zgartirishga kimning haddi sig‘arkan?
Shunga qaramay, qo‘lyozmani bosmaxonaga berish orqaga surilaverdi. Boisi – muallif kunda-kunora fikrini o‘zgartirib, topshirishga shoshmay turing, kitobga boshqacha nom qo‘ymoqchiman, degani-degan.
– O‘zingizning kimligingizni o‘zingiz bilmaysiz, shekilli, ustoz, – dedim oxiri. – Kitobingizga sarlavhaning umuman keragi yo‘q, she’rxonlarga “Erkin Vohidov” degan yozuvning o‘zi yetib ortadi.
Erkin aka keng manglayini silab turib, mayli, unaqa bo‘lsa, bu – so‘nggi o‘zgartirishim, deya ko‘nglimni tinchlantirdi. To‘plamga boshqacha nom qo‘ygach, xonadan chiqib ketayotib, eshik oldida ozgina to‘xtalib qoldi. Keyin menga o‘ychanlik bilan o‘girilib, sarlavhaning umuman keragi yo‘q degan gapni jiddiy aytyapsizmi, deya, odatdagidek, sokin odimlaganicha, ortga qaytdi.
– Jiddiy aytyapman, ustoz.
– Bunaqa oson yo‘llari borligini bilmaganakanman, – dedi Erkin aka, ko‘zlari porpirab. – Endi she’r to‘qib ovora bo‘lmasdan, faqat muqovagamas, ichki betlargayam “Erkin Vohidov, Erkin Vohidov” deb yozib, yiliga to‘rttadan kitob chiqaraversammikin?
O‘shanda bu so‘z hazilga yo‘yib aytilgan esa-da, aslida, Erkin Vohidov degan nomning o‘ziyoq, chindan ham, behad suyukli, juda-juda xaridorgir edi. Hanuz shundayligicha qolmoqda.
El orasida bu qadar qadrli, ko‘rganlar yoniqib havas qiladigan darajada e’zozli bo‘lish baxti barcha-barcha oydindil kishilarga birdek nasib etaversin, iloyim…
Anvar Obidjon.
(«Yoshlik» jurnalidan)
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.
U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.
Jamiyat
Texnik talablarga javob bermaydigan konditsionerlar sotilayotgani aniqlandi
Hisense va Aux konditsionerlarida kamchiliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan poytaxtdagi savdo nuqtalarida sotilayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan Aux hamda Hisense rusumli konditsionerlarga nisbatan nazorat xaridi o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Aux konditsionerlari «Texnik vositalarning elektromagnit mosligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga mos kelmasligi aniqlandi.
Shuningdek, Hisense rusumli konditsionerlar ham belgilangan standartlarga to‘liq javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, qurilmaning iste’mol qilinadigan nominal quvvati belgilangan me’yorlardan yuqori ekani qayd etildi.
Ushbu holatlar mazkur mahsulotlarning amaldagi texnik va xavfsizlik talablariga to‘liq mos emasligini ko‘rsatadi.
Fuqarolardan maishiy texnika xarid qilishda mahsulotning muvofiqlik sertifikati hamda texnik hujjatlariga alohida e’tibor qaratish so‘raladi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Yoqib yuborilgan kitob – rejissyorlar bu asarni sahnalashtirishdan qo‘rqqan / 5 daqiqa
Birinchi marta Volandning yonidagi Begimot laqabli gapiradigan mushuk haqida o‘qiganimda rostdan ham qo‘rqqanman. Chunki o‘sha suxtasi sovuq qayerda paydo bo‘lsa, tartib buzilar, odamlar fosh bo‘lar va qandaydir falokat boshlanardi. Umuman, asar ruhi juda og‘ir bo‘lib, ko‘pchilik bu romanni “la’natlangan” deb talqin qilishadi. Aytishlaricha, ba’zi aktyorlar bu asar asosida sahnaga chiqishdan qo‘rqqan.
“5 daqiqa”ning bugungi sonida Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romani haqida gaplashamiz.
Tasavvur qiling, 1930 yillar Moskvasi. Xudosizlik avj olgan, hamma g‘alati-g‘alati o‘zgarishlarni qabul qilayotgan, tartibli shahar edi go‘yo. Biroq shu tartibli shaharga bir kuni notanish mehmon keladi. Va u kelgan zahoti haqiqat bilan yolg‘on o‘rtasidagi devorlar yorila boshlaydi. Mehmon o‘zini professor Voland deb tanishtiradi, aslida u shayton edi. Yoki uni insonlarning vijdonini sinash uchun yuborilgan kuch, deyish ham mumkin.
Voland va uning jamoasi Moskvada bir nechta sinov o‘tkazadi. Eng mashhur sahnalardan biri – teatrdagi qora seans. Bu yerda odamlarga pul, kiyim, zeb-u ziynat tarqatiladi. Lekin keyinchalik bu narsalar yo‘qoladi va odamlar o‘zlarini sharmandali holatda ko‘radi. Bu epizod orqali insonning ichki qashshoqligini tashqi boylik bilan yashirib bo‘lmasligiga ishora qilinadi. Voland hech kimni majburlamaydi, u faqat imkoniyat beradi. Qolganini odamlarning o‘zlari bajaradi.
Shu o‘rinda asarning ikkinchi, chuqur qatlami ham ochiladi – Ustaning hikoyasi. Usta haqiqatni yozishga jur’at etgan yozuvchi edi. U Pontiy Pilat va Yyeshua Ha-Notsri voqealari aks etgan asar yozadi. Unda Pilat Yyeshuani surishtirish jarayonida uning aybsiz ekanini anglaydi, ammo hokimiyatni yo‘qotish va siyosiy bosimdan qo‘rqib, noto‘g‘ri qaror qabul qiladi.
Pilatning bu xatosi uni abadiy vijdon azobiga mahkum qiladi. U asrlar davomida orom topmaydi. Demak, Bulgakov fikriga ko‘ra, haqiqatni bilib turib uni himoya qilmaslik og‘ir gunoh hisoblanadi.
Kitobdagi Ustaning o‘zi ham murakkab taqdirni boshidan kechiradi. Uning asari rad etiladi, o‘zi ta’qibga uchraydi. Oxirida u qo‘lyozmasini yoqib yuboradi. Yozuvchi go‘yoki o‘z haqiqatini yo‘q qiladi. Lekin aynan shu yerda Bulgakovning mashhur g‘oyasi paydo bo‘ladi: qo‘lyozmalar yonmaydi. Ya’ni haqiqatni yo‘q qilish mumkin emas. Uni vaqtincha ko‘mish mumkin, lekin u baribir qayta tiriladi.
Margarita Ustani sevgani uchun jamiyat qoidalarini buzishga tayyor bo‘lgan isyonkor ayol. U Voland bilan kelishuvga rozi bo‘ladi va jodugarga aylanadi. Margaritaning shayton bazmida qatnashishi asarning eng kulminatsion nuqtalaridan biri. U yerda Margarita gunohkorlar orasida “malika” bo‘ladi. Lekin bu qudratni o‘z manfaati uchun emas, Ustani qutqarish uchun ishlatadi. Bu yerda Bulgakov muhabbat – insonni qutqaradigan qudratli kuch demoqchi bo‘ladi.
Bulgakov bu asarni o‘n yildan ortiq yozgan. Bir necha bor uni yo‘q qilgan, qayta yozgan. Sovet senzurasi uning asarlarini taqiqlagan. Yozuvchi vafotidan keyin esa xotini Yelena Shilovskaya qo‘lyozmani saqlab qoladi. Natijada roman dunyo adabiyotining eng muhim asarlaridan biriga aylanadi.
“Usta va Margarita”ni faqat o‘tmish bilan bog‘lab qo‘yish xato. Chunki undagi savollar hozir ham tirik. Bugun ham odamlar ko‘pincha haqiqatni emas, o‘ziga qulay bo‘lganini tanlaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “niqoblar”, jamoat fikridan qo‘rqish, manfaat uchun vijdonni qurbon qilish – bularning barchasi Bulgakov tasvirlagan dunyodan unchalik ham farq qilmaydi. Voland bugun kelsa, ehtimol, u teatr emas, internet orqali odamlarni fosh qilgan bo‘lardi.
Ishonaman, siz yaxshi kitobxonsiz, dunyoqarashingiz ham ancha keng ekaniga aminman. Sababi besh daqiqa sabr qilib, ko‘rsatuvning shu soniyasigacha keldingiz. Biroq bu kitobni haligacha o‘qimagan bo‘lsangiz, albatta, o‘qishingiz kerak. Axir dunyodagi eng murakkab va qiziqarli kitoblardan birini o‘qiganmisiz, degan savolga “ha” deb javob berishni istaysiz-ku.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ostonaga Orol dengiziga yordam berish jamg‘armasi yig‘ilishiga keldi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
