Jamiyat
Taksilar o‘zi litsenziya olgan hududda cheksiz faoliyat yurita oladi
Transport vazirligi taksilar faoliyati bo‘yicha yangi bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, taksi haydovchisi litsenziya talabnomasida o‘zi ko‘rsatgan hududda hech qanday cheklovsiz faoliyat yurita oladi.
Birinchidan, yo‘nalishsiz taksi faoliyatini litsenziyalash transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’iy nazar, taksi haydovchisi tanloviga ko‘ra litsenziya talabnomasida ko‘rsatgan o‘zini-o‘zi band qilish hududi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ya’ni, taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganidan qat’iy nazar o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi.
Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi dastlab o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va bunda taksi faoliyatini amalga oshirish hududini o‘zi tanlaydi. Shundan so‘ng, litsenziya olish uchun kompozit ariza topshiradi.
Ikkinchidan, yo‘nalishsiz taksi litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan (o‘zi tanlagan) hududda va yondosh hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat ko‘rsatishi lozim.
Ya’ni, cheklov litsenziyada ko‘rsatiladigan hudud uchun o‘rnatilgan. Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi o‘zi tanlagan Toshkent shahrida faoliyat yuritishi uchun litsenziya olganidan so‘ng faoliyatini Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyatida olib borishiga ruxsat etiladi.
Uchinchidan, avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi litsenziya talab va sharti hisoblanmaydi.
Ya’ni, avtomobilning boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Jamiyat
Farg‘ona viloyat sudi raisi va o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi Farmoyishiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 14-bandi va «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunining 70-moddasiga muvofiq:
Akrom Jo‘raqulovich Utayev yozma arizasiga binoan Farg‘ona viloyat sudining raisi lavozimidan;
Alisher Abdurashidovich Abduraxmanov yozma arizasiga binoan Farg‘ona viloyat sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek:
Giyosiddin Tulkinovich Yalgashev besh yil muddatga Jizzax viloyat sudining raisi lavozimiga tayinlanganligi munosabati bilan Navoiy viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etildi;
Boboxon Xodjiakbarovich Vaxobov besh yil muddatga Farg‘ona viloyat sudining raisi lavozimiga;
Abrorjon Alimjonovich Omonov besh yil muddatga Farg‘ona viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga;
Akmal Xashimovich Raximov sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga, shundan besh yil muddatga Farg‘ona viloyat sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga;
Tolibdjan Yakubdjanovich Xaydarov besh yil muddatga Jizzax viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga;
Ulugbek Balkibayevich Mamadaliyev besh yil muddatga Qashqadaryo viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga;
Oybek Aliyevich Xasanov besh yil muddatga Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga;
Jasur Mansurovich Suyarov besh yil muddatga Sirdaryo viloyat sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlandi.
Jamiyat
Koreyaga yuborish va’dasi bilan pul yig‘gan shaxslar qo‘lga olindi
Respublikaning bir qator hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, ulardan turli miqdorda pul olgan bir necha shaxslar qo‘lga olindi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand, Andijon, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida Koreyaga ishga yoki o‘qishga jo‘natishni va’da qilgan shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Jumladan, Xo‘jayli tumanida bir fuqaro yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga joylashtirib berishni va’da qilib, 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan shaxs 10 nafar fuqaroni 55 ming AQSh dollari evaziga Koreyaga o‘qish va ishga yuborishini aytib, 4 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan. Tergovga qadar tekshiruvlarda uning yana 46 nafar fuqarodan jami 196 ming 650 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Shuningdek, Samarqand, Andijon, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida ham Koreyaga ishchi yoki sport vizasi rasmiylashtirib berish, shuningdek, ishga joylashtirishni va’da qilgan bir qator shaxslar fuqarolardan pul olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Zangiotada yirik kumush savdosiga chek qo‘yildi
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 10 kilogrammdan ortiq kumushni noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Tadbir chog‘ida milliardlab so‘mlik qimmatbaho metalllar ham aniqlandi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qimmatbaho metalllarning noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs 13 dona quyma bo‘laklardan iborat bo‘lgan, jami 10 kilogramm 35 gramm kumushni maxsus xaridorga 20,8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur kumushning umumiy qiymati 235 million 229 ming so‘mni tashkil etadi.
Tergovga qadar tekshiruvlar davomida gumonlanuvchi zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimi ekani aniqlangan. Shuningdek, ushbu korxonada oltin va kumush mahsulotlariga qayta ishlov berilgani, biroq affinaj faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega emasligi ma’lum bo‘lgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur manzildan umumiy qiymati 3 milliard 483 million so‘mlik 58 kilogramm kumush hamda 2,2 kilogramm oltin borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Terrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
O‘zbekistonning bir nechta hududlarida yashovchi 8 nafar fuqaro Suriyadagi terroristik tashkilot faoliyatini moliyalashtirgani uchun sud tomonidan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolariga hukm qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan Ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida terrorizmni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi, 1987–1998 yillarda tug‘ilgan 8 nafar fuqaro Suriyadagi «G‘uroba katibasi» terroristik tashkiloti bilan bog‘liq bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi Abdulmuhsin Usmonovning g‘oyaviy-psixologik ta’siriga tushib, unga tegishli hisob raqamlariga pul o‘tkazib kelgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, «Saad Muxtor» taxallusi bilan tanilgan mazkur shaxs «Telegram» messenjeri orqali Falastinda jabr ko‘rgan musulmonlarga yordam berish bahonasida xayriya mablag‘lari yig‘gan. Biroq to‘plangan mablag‘lar aslida Suriyadagi terrorchi guruhlar ehtiyojlari uchun sarflangan.
Sud hukmiga muvofiq, qonunbuzarlarning yetti nafari 3 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi. Yana bir nafar shaxsga esa 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 155-3-moddasiga ko‘ra, terrorizmni moliyalashtirish jinoyati uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan shubhali xayriya chaqiriqlariga ishonmaslikka chaqirib, mablag‘ o‘tkazishdan oldin ularning haqiqiy maqsadi va qonuniyligini tekshirish zarurligini ta’kidladi.
Jamiyat
Singlisining «siri»dan daromad ko‘zlagan shaxs ushlandi
Buxoro shahrida singlisining shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlardan g‘arazli maqsadda foydalangan ayolning jinoiy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2007-yilda tug‘ilgan fuqaro J.N. singlisi R.N. va uning tanishi D.D. o‘rtasidagi ishqiy munosabatlardan xabar topgan. Biroq, u bu holatni sir saqlash yoki muammoni tinch yo‘l bilan hal etish o‘rniga, vaziyatdan moddiy manfaat ko‘rishni maqsad qilgan.
Gumonlanuvchi ayol yigitni unga tegishli rasm va videolarni uning oila a’zolariga ko‘rsatish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish hamda huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, uni javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitgan. Shu tariqa u jabrlanuvchidan 2000 AQSh dollari talab qilgan.
Buxoro shahrida Ichki ishlar boshqarmasi, Tezkor qidiruv xizmati hamda boshqa mas’ul idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi J.N. talab qilingan pul mablag‘ini D.D.dan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergov jarayonida u qilmishidan pushaymon ekanini bildirib: «Oilaviy sirdan foydalanib, pul ishlashga uringanim katta xato bo‘ldi. Bir lahzalik manfaat, deb o‘z kelajagimni xavf ostiga qo‘ydim. Qilgan ishimdan qattiq afsusdaman»,— degan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu moddaga muvofiq, aybdor shaxs 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin.
-
Iqtisodiyot5 days agoTBC Bank Group’ga OLX Uzbekistan’ni sotib olishga ruxsat berildi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Jamiyat4 days agoToshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Gonkong rahbarini qabul qildi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda uyni ikki marta sotgan aka-ukaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
-
Iqtisodiyot5 days agoAESda ishlab chiqarilgan 1 kWh elektr narxi 1000 so‘mdan past bo‘ladi
-
Jamiyat4 days agoQo‘g‘irchoq teatri san’ati an’analarini asrab qolish alohida ahamiyatga ega – Saida Mirziyoyeva
-
Mahalliy4 days ago
Bugun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni: sayyora bizdan nimani kutyapti?
