Iqtisodiyot
Tadbirkorning “belini sindirish” – Toshkentda peshlavhalar bilan nima bo‘lyapti?
Poytaxtda tadbirkorlarning peshlavhalarini majburan oldirib tashlash harakatlari davom etmoqda. Deputat Bobur Bekmurodov tegishli idoralarni noqonuniy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. “Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak”, – dedi u. Ammo shahar hokimligi bu ishlar qonuniy tarzda qilinayotganini aytib keladi.
Maqolada Chilonzor tumani hokimligi e’lon qilgan suratlardan foydalanildi.
Toshkent shahrida dizayn-kod joriy etilayotgani fonida, tadbirkorlar yana ommaviy ravishda reklama va peshlavhalarini o‘zgartirishga majburlanyapti.
Dizayn-kod – shaharning umumiy qiyofasini yaratishga qaratilgan bo‘lib, u xalq deputatlari poytaxt kengashining 2026 yil 17 fevral kungi qarori bilan tasdiqlangan. Qaror e’lon qilinganidan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
“Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak”
Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-xarakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.
“Albatta, Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli bo‘lishi kerak. Biroq bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim. Bu borada quyidagi prinsipial masalalarga e’tibor qaratish shart deb hisoblayman:
Birinchidan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Biroq majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yo‘q. Ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.
Ikkinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilgan. Dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish – bu qo‘shimcha moliyaviy yuklamadir.
Uchinchidan, har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqatgina qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida bo‘lishi shart. Tadbirkorga “ikki kun ichida demontaj qil” deb talab qo‘yish – bu ma’muriy buyruqbozlikning ko‘rinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
To‘rtinchidan, rivojlangan davlatlarda dizayn-kod keskin o‘zgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat – “o‘tish davri” beradi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplaydi. Bizda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda.
Biz mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishga va qonuniylikni ta’minlashga chaqiramiz. Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak.
Shahar ma’muriyati biznes bilan “buyruqbozlik” tilida emas, balki teng huquqli sheriklik va ochiq muloqot asosida ishlashi lozim”, – dedi Bobur Bekmurodov.
Tadbirkorlar nima deyapti?
Kun.uz Muqimiy ko‘chasida savdo va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘u llanuvchi qator tadbirkorlarga quloq tutdi. Ularning so‘zlaridan shahar rasmiylari biznes bilan kommunikatsiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymagani ma’lum bo‘ladi:
“Oldindan ogohlant irmasdan, shartta kelib olib tashlashdi. Banner 400 dollarga o‘rnatilgan edi. Mana, sinib, dabdalasi chiqib bo‘ldi. Oldindan ogohlantirishsa, muhlat berishsa, tegishli joyga borib, hamma talablarini bajarib, bannerni qoldirgan bo‘lardik”.
“Biz yo‘q paytimizda kelib yechib ketishibdi. Hech qanaqa ogohlantirishsiz. Mijozlar bizni topib kelishga qiynalishyapti. Qayerga qanaqa joylashtirish mumkinligi haqida hech qanaqa ma’lumot berishmadi”.
“Kutilmaganda olib tashlashdi, ogohlantirish berishmadi. Ulardan hujjatlarini so‘raganimizda, ko‘rsatishmadi. Bannerni yasatishga alohida, o‘rnatishga alohida pul to‘lagan edik. Endi o‘rnatmoqchi bo‘lsak, har bir kvadrat metriga pul to‘lanar ekan”.
“Yo‘q joydan kelib darrov olib tashlashdi. Bannerni 10 mln so‘m atrofida sarflab qildirgandik. Ogohlantirish ham, tushuntirish ham berishmadi”.
“Mas’ul xodimlar kelib, tushuntirish ishlarini olib borishdi. Tepada turgan bo‘rtib chiqqan yozuvlar mumkin emas ekan. Do‘konimiz eshigi tepasidagi kichikroq yozuvga ruxsat bor ekan” .
“Do‘konimizdan bannerlarni olib tashlashni buyurishdi. Ogohlantirish berib ketishdi. Men buning turishini xohlayman, lekin qonuniy jihatdan qanday qilib ruxsatnoma olish kerakligini tushuntirishmadi”.
“Qonuniy, lekin adolatsiz”
Toshkent shahri dizayn-kodini tasdiqlash qarori qabul qilinganidan keyin hali kuchga kirmagan bo‘lsa ham, tashqi reklama va peshlavhalarga oid asosiy hujjatlar bir necha yil avval qabul qilib bo‘lingan.
Gap – Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 fevraldagi 104-sonli va 2023 yil 31 avgustdagi 428-sonli qarorlari, hamda 2021 yilda qabul qilingan Shaharsozlik kodeksi haqida ketyapti. Shuningdek, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2024 yil 1 maydagi va 2024 yil 25 oktyabrdagi qarorlari ham bor.
Ana shu hujjatlar asosidagi reydlar 2020 yilda boshlangan. Bu hujjatlarda avtomobil kuzovidagi reklamadan tortib, ko‘chalardagi billbordlar, LED-ekranlar, peshlavhalar va boshqa e’lonlar bo‘yicha talablar kiritilgan.
Eng bahsli qoidalardan biri – peshlavhalarga oid. Hukumat qaroriga asosan, hajmi 1 kvadrat metrdan ortiq peshlavhalar reklamaga tenglashtirib qo‘yilgan (2023 yilgacha bu cheklov 5,5 metr bo‘lgan). Ya’ni obektning nomi yozilgan yoki shunchaki “do‘kon”, “dorixona” so‘zi tushirilgan peshlavhaning ham hajmi 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lsa, buning uchun tegishli tartibda majburiy yig‘imni to‘lab, reklama joyining pasportini rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, shahardagi aksariyat do‘konlarning peshtaxtasi “noqonuniy”ga chiqib qolgan.
Biznes-ombudsman 2025 yil sentabrida Kun.uz’ga bergan izohida Toshkent shahar hokimligining bunday peshlavhalarni oldirib tashlash haqidagi talabi qonuniy, lekin adolatsiz ekanini bildirgandi. Tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakil o‘shanda hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi.
Peshlavhalar majburiy oldirib tashlanayotganiga rasmiy sabablardan yana biri – ular binoning tashqi me’moriy ko‘rinishiga mos kelishi kerakligi haqidagi qoidadir. Shuningdek, binolarning muayyan qismlariga peshlavha yoki reklama ilish mumkin emasligi belgilangan.
Peshlavhaning hajmi 1 kvadrat metrdan oshganida reklamaga tenglashtirilishi sabab, davlat tiliga oid talablar ham yuzaga keladi. Qonunga ko‘ra, reklama davlat tilida tarqatilishi kerak. Zarurat bo‘lganda, boshqa tillardagi yozuv – davlat tilidagi matnning pastki qismida joylanishi mumkin. Bunda xorijiy tildagi yozuv reklama umumiy maydonining 40 foizidan oshmasligi talab etiladi.
Tashqi reklamalar va peshlavhalarni joylashtirish tartibini buzganlarga nisbatan Raqobat qo‘mitasi 50 BHM (20 mln 600 ming so‘m) jarima qo‘llash vakolatiga ega.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar hajmi 20 foizga oshdi
2026 yil yanvar oyida O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar hajmi 14,9 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,2 foizga o‘sdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida moliyaviy xizmatlar bozorida barqaror o‘sish kuzatilgan.
Jami moliyaviy xizmatlar tarkibida asosiy ulush moliyaviy xizmatlarga to‘g‘ri kelib, ular 88,4 foizni tashkil etgan. Shuningdek, sug‘urta xizmatlari ulushi 7,1 foiz, yordamchi moliyaviy xizmatlar esa 4,5 foizni tashkil qilgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatda moliyaviy sektorning izchil rivojlanayotgani, shuningdek, aholi va biznes sub’yektlari tomonidan moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 71 mlnga yaqinlashdi
2026 yil 1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda muomaladagi bank plastik kartalari soni 70,9 milliondan oshdi. Bu mamlakatda naqdsiz to‘lov tizimi jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda respublika bo‘ylab jami 70 951 598 ta bank kartasi muomalada mavjud.
Shu bilan birga, to‘lov infratuzilmasi ham kengayib bormoqda. Jumladan, mamlakat bo‘ylab 439 462 ta to‘lov terminali hamda 45 311 ta bankomat va infokiosklar o‘rnatilgan.
2026 yil yanvar–fevral oylari davomida to‘lov terminallari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi 82 trillion 925 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi.
Ushbu ko‘rsatkichlar aholi o‘rtasida naqdsiz to‘lovlar ulushi ortib borayotgani, shuningdek, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotganini anglatadi.
Iqtisodiyot
58 ovozdan 13 ming 386 ovozgacha. «Tashabbusli budjet» g‘oliblari e’lon qilindi
Respublika bo‘yicha 1996 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ularni moliyalashtirishga 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Eng ko‘p ovozni Ko‘kdala tumanidan qo‘yilgan loyiha to‘plagan – 13 386 ta. Mo‘ynoq tumanidan qo‘yilgan loyiha esa atigi 58 ta ovoz bilan g‘olib bo‘ldi.
«Tashabbusli budjet» jarayonining 2026 yildagi 1-mavsumi yakunlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 21 martga o‘tar kechasi g‘olib loyihalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Jarayonlarda respublika bo‘ylab 10 mln 284 mingta ovoz berilgan va 3 trln 5 mlrd so‘mlik jami 1996 ta (1980 ta an’anaviy hamda 16 ta sheriklik) loyiha g‘olib deb topilgan. Joriy mavsumda bir loyiha uchun eng yuqori qiymat 1 mlrd 648 mln so‘mni (BHMning 4000 baravari) tashkil etdi.
Respublika bo‘ylab eng ko‘p ovozni Ko‘kdala tumanidan qo‘yilgan loyiha to‘plagan – 13 ming 386 ta. E’tiborga molik jihati, eng ko‘p ovoz to‘plagan Top-10ʼlikdagi loyihalarning oltitasi Xorazmning Qo‘shko‘pir, uchtasi Samarqandning Oqdaryo tumanidan ilgari surilgan tashabbuslar. Bu esa ushbu hududlarda raqobat ancha kuchli bo‘lganligini anglatadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidan qo‘yilgan loyiha esa eng kam – atigi 58 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. Sultanbek Rasbergenovning ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish o‘yicha tashabbusi shuncha ovoz to‘plagan.
Umuman olganda, enk ko‘p ichki yo‘llarni ta’mirlash (868 ta), maktablarni ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish (566 ta) hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish (163 ta) bo‘yicha loyihalar g‘olib bo‘lgan.
Internetda tarqalgan videolarda g‘olib bo‘lgan mahallalar buni o‘yin-kulgi, xursandchilik va mushakbozlik bilan nishonlayotganini ko‘rish mumkin. Ular orasida bayram kechasiga alohida tayyorgarlik ko‘rib, sharlar, tort va ertak qahramonlarini tayyorlab qo‘yganlari ham bor.
Ma’lumot uchun, bu yilgi 1-mavsum 1 fevralda boshlangan edi. Loyiha kiritish 1−20 fevral kunlari, ularni saralash 21 fevraldan 7 martgacha hamda targ‘ibot qilish 8-10 mart kunlari bo‘lib o‘tgan. Ovoz berish bosqichi esa 20 mart kuni yakunlandi.
Iqtisodiyot
Venchur va xususiy investitsiya fondlari uchun huquqiy asos yaratiladi
O‘zbekistonda muqobil investitsiya fondlarini tashkil etish, boshqarish va tugatish, shuningdek, farishta investitsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.
«Muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasida venchur fondlari, xususiy investitsiyalar fondlari, fondlar fondi, investitsiya shirkatlari va biznes-farishtalar faoliyati uchun huquqiy asoslarni belgilash nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, muqobil investitsiya fondlari faqat malakali investorlar mablag‘lari hisobiga shakllantiriladi va ular qimmatli qog‘ozlar uyushgan bozorida muomalada bo‘lmagan aksiyalar, ishtirok etish ulushlari hamda boshqa aktivlarga investitsiya kiritadi.
Hujjatda venchur fondlarining innovatsion loyihalarni amalga oshiruvchi, rivojlanishning dastlabki bosqichlaridagi yuridik shaxslarga sarmoya yo‘naltirishi, xususiy investitsiyalar fondlari esa amaldagi kompaniyalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishi belgilangan.
Shuningdek, qonun loyihasida biznes-farishtalarning huquqiy maqomi, ularning investitsiya kiritish huquqlari, konvertatsiya qilinadigan qarzlar va kelgusida ulushni sotib olish to‘g‘risidagi bitimlar kabi yangi moliyaviy instrumentlar ham mustahkamlanmoqda.
Hujjatda muqobil investitsiya fondlarini davlat reyestriga kiritish, boshqaruvchi kompaniyalarni litsenziyalash, investorlar huquqlarini himoya qilish, audit va nazorat mexanizmlarini joriy etish ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi qabul qilinishi venchur va xususiy kapital bozorini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mamlakatning investitsiya muhitini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Andijon viloyatida «Quruq port» quriladi
Andijon viloyatida xalqaro logistika markazi – «Quruq port» barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi doirasida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Andijon viloyati hokimligi hamda Xitoyning Hainan Xintanbo Investment kompaniyasi o‘rtasida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolandi.
Kelishuvga muvofiq, Andijon viloyatida to‘rtta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ular qatorida Xonobod shahrida xalqaro logistika markazi — «Quruq port» tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Yangi Andijon (Bobur) massivida ko‘p funksiyali turar joy majmuasini qurish, «Sun’iy ko‘l» turistik majmuasini rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini barpo etish ishlari ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, loyihalarning umumiy qiymati 1,4 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. Ularning amalga oshirilishi natijasida 2000 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Mazkur tashabbus Andijon viloyatining iqtisodiy salohiyatini oshirish, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda O‘zbekiston–Xitoy investitsiyaviy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat2 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot3 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Jamiyat4 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Iqtisodiyot5 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Iqtisodiyot4 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
-
Iqtisodiyot4 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
