Iqtisodiyot
“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
Xalqaro huquq “yetim”ga aylanayotgan, “hamma narsa mumkin” bo‘layotgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘z tanlovini qilishi kerak: bizga umumiy investitsiya makoni zarur, deydi xalqaro iqtisodiy huquqshunos Alisher Umirdinov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo – o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimga ega bo‘lmagan dunyodagi sanoqli mintaqalardan biri bo‘lib qolyapti.
Biz siz bilan Yaponiyada, sizning kabinetingizda suhbat qilganimizga ham mana, ikki yildan oshibdi.
Shunday.
Oraliq vaqtda nimalar o‘zgardi hayotingizda?
Yaqinda 40 yoshga to‘ldim. Yaponiyada yashagan umrim salkam 20 yilga yaqinlashdi. Yana bir sanadan keyin mening Yaponiyada yashayotgan umrim men vatanim O‘zbekistonda yashagan muddatdan ko‘payib ketadi. Ish joyim ham o‘zgardi. Nagoya Iqtisodiyot universitetidagi ishim bilan, sakkiz yillik qadrdon universitetim bilan xayrlashib, o‘zim o‘qishini bitirgan va mamlakatimiz prezidenti ham faxriy doktorlik unvonini olgan Nagoya universitetiga alohida tayinlangan professor o‘laroq qaytib kelib, asosan o‘qitishdan ko‘ra ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishni boshladim.
Siz xalqaro iqtisodchisiz, to‘g‘rimi?
Xalqaro iqtisodiy huquqshunos.
Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, hozirgi o‘ziga xos bir holatni, xalqaro huquq bilan bog‘liq vaziyatni hisobga oladigan bo‘lsak, yaponlar bu vaziyatdan chiqib ketishni, omon qolish yo‘llarini qanday izlashyapti, nima qilishyapti?
Juda murakkab savol. Avvalo aytish kerakki, hozirda huquqshunoslik, yurisprudensiya fanlarini o‘qitish qiyin bo‘lyapti, chunki xalqaro xuquq eng qiyin davrni boshidan kechiryapti. Bo‘layotgan voqealardan xalqaro huquq o‘nglanmas jarohatlar olyapti. Va bu narsani Yaponiyadagi xalqaro huquq assotsiatsiyasi professorlari tilga keltiryapti. Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro huquq eng qattiq darajada – ildizidan silkinmoqda. Fundamental o‘zgarishlar arafasida turgandek tuyulmoqda. Albatta, kelajakni hech kim bilmaydi, ammo Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomidagi eng muhim, eng muqaddas sanalgan qoidalar ham ochiqdan ochiq yo‘q sanalmoqda.
Bu vaziyatda Yaponiya nima qilyapti deydigan bo‘lsak, Yaponiya xavfsizlik masalasida G‘arb davlatlari, xususan Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Ikkinchi jahon urushidan keyin chambarchas bog‘langan davlat hisoblanadi. Yaponiya Amerika Qo‘shma Shtatlarining yadroviy soyaboni ostiga kirgan davlat hisoblanadi. Misol uchun, 2017 yildagi yadro qurolini ishlab chiqarish, saqlash, uni rivojlantirishni butkul taqiqlash to‘g‘risidagi yangi xalqaro konvensiyaga, shartnomaga, Yaponiya davlati kirgani yo‘q. Vaholanki, Yaponiya dunyoda yagona yadroviy qurol orqali zarba olgan davlat. Chunki Shimoliy Koreyaning ko‘payayotgan yadroviy arsenali va Xitoyning ko‘paytirayotgan yadroviy arsenali fonida ushbu shartnomalarga kirishimiz bizni Amerika Qo‘shma Shtatlarining yadroviy soyabonidan va uning himoyasidan mahrum qiladi, degan o‘ta jiddiy qarash bor. Va bu narsani yapon siyosatchilari ham tilga olyapti.
Endi Markaziy Osiyo haqida gaplashaylik: Markaziy Osiyo mana shu chaqiriqlarga javoban qanday choralar ko‘rishi kerak deb o‘ylaysiz?
Markaziy Osiyo ham, albatta, xalqaro huquqiy tizim silkinayotgan paytda o‘zining tanlovini, albatta, qilishi kerak. Markaziy Osiyo davlatlari ma’lum ma’noda tayyorgarlik ko‘rib kelyapti. Misol uchun, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlik, kelishuvlar. Global xalqaro huquqning ma’lum bir institutlari ishlamay qolayotgan paytda regional ittifoqlar, alyanslar, bloklar tuzilishi ko‘zga tashlanyapti. Bitta yorqin misol – kuni kecha Kanada bosh vaziri Mark Carney Yaponiyaga keldi, Avstraliyaga ham bordi. Nega? “Biz bundan keyin fikrlarimiz, qadriyatlarimiz o‘xshash bo‘lgan davlatlar bilan ittifoqlarga kirishishga majburmiz”, dedi. Yaponiyaning asosiy qadriyatlari nima? Bu – erkinlik, demokratiya va huquq ustuvorligi.
Ulardan o‘rnak oladigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘zlarining, misol uchun, 2022 yildagi Cho‘lponotada imzolangan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik bitimidan kelib chiqqan holda o‘zining prinsiplarini aniq qilishi, qadriyatlarini aniqlashtirishi va shu ma’noda bloklar, alyanslar, kuchli ittifoqlarga kirgan holda xalqning xotirjamligini, hudud xotirjamligini va iqtisodining kuchliligini, mustaqilligini ta’minlashi kerak.
Siz Markaziy Osiyoda integratsiyasi haqida maqola ham yozdingiz. Maqolani cheklangan son odamlar o‘qiydi, maqolangizda yozilgan ma’nolarni, keling, mana shu intervyu doirasida kengroq ochaylik. Vaziyat o‘ziga xos. O‘ziga xos deyish ham yumshoq gap bo‘lib qoldi…
Shunday.
Mana shu o‘ziga xoslikni hisobga oladigan bo‘lsak, nima yetmayapti hozir bizga shu birinchi qadamlarni tashlashimizga? Tezlik bilan qilinadigan ishlar bor.
Shunday. Avvalambor, alohida aytib qo‘ymoqchimanki, men strategik siyosatshunos yoki shu sohalarda ixtisoslashgan mutaxassis emasman. Men xalqaro huquq, ya’ni o‘zimning soham va xalqaro iqtisodiy huquq nuqtai nazaridan va O‘zbekiston va Yaponiyani kuzatib kelgan inson sifatida fikrimni bildirman. COVID-19ʼdan keyin kelajakni oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan davrga kirdik. “Hamma narsa mumkin” bo‘lyapti. Ko‘zimiz bilan buni ko‘rib turibmiz, hamma narsa mumkin bo‘layotganini.
O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan va savdo aloqalarini rivojlantirayotgan hudud bu arab davlatlari, Yaqin Sharq edi. Va hozir Yaqin Sharqdan ko‘p narsalarning kelishi, Eronning ustidan o‘tishi, xususan, insonlarimizning Yaqin Sharq: Dubay bo‘lsin yoki ziyorat uchun Saudiya Arabistoniga borishlari bo‘lsin, hamma narsa deyarli to‘xtadi. Demak, bundan keyin bundan ham yomonroq ssenariylar bo‘lishi mumkin ma’nosida “nima qilishimiz kerak?” degan savolga javob berish kerak.
Bu ssenariylarga tayyorgarlik ko‘rgan holda hozir Markaziy Osiyoda “strategik avtonomiya” degan narsani yaratish kerak. Strategik mustaqillik. Bu degani, ta’minot zanjiri uzilib qolgan paytda ham iqtisod to‘xtab qolmaydigan tizimni barpo qilish degani.
Shu ma’noda, men Markaziy Osiyo integratsiyasining keyingi strategik muhim qadami sifatida umumiy investitsiya makonini ko‘ryapman. Qozoq investorlar bizga kelsin, o‘zbek investorlari Qog‘ozistonga kirishsin.
Demak, avvalo huquq, to‘g‘rimi? Huquqiy tomondan hamma mexanizm ishlab chiqilishi kerak.
Albatta, busiz bo‘lmaydi. Avvalambor investitsiya bilan savdoni bir-biridan ajratishimiz kerak. Savdo masalasi ma’lum ma’noda oson, ya’ni chegarada bojlar tayin qilinadi, deklaratsiyani to‘ldirasiz, sanitariya-gigiyena tekshiruvlaridan o‘tiladi va bitta boshlangandan keyin davom etaveradi savdo. Lekin investitsiya, ayniqsa to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya masalasida siz riskni bo‘yningizga olasiz, kompaniyangizni borib u yerda ochasiz, o‘zingiz borasiz yoki ma’lum sondagi ishchilaringizni jo‘natasiz, risk qilasiz, molingizni olib borasiz, sotasiz.
Demak, biz birinchi o‘rinda mana shunday keng ma’nodagi investitsiyani bir-birimizdan jalb qilishimiz uchun keng bag‘irlik bilan, ruhiy tayyorgarlik bilan masalaga yondashishimiz lozim. Kompaniyalarni tezkorlik bilan ochish masalasi, soliqlar yoki imtiyozlar, qolgan masalalarda eng muhimi — shaffoflik. Qonunlarimiz yetarlicha tarjima qilinganmi, qonunlarimiz, qonunosti hujjatlarimiz – bularni ko‘rib chiqish kerak. Tushunish osonmi va hamma topib o‘qiy oladimi, aniq-tiniqmi, degan savollarni qo‘yish kerak.
Keling, yoqimli gapdan gapiraylik, hammaga dividendlar yoqadi…
Shunday.
Qanday dividendlar bizga keladi? Misol uchun, sizning kasbdoshingiz Ahliddin Malikov, intervyuda aytgan edi: masalan, O‘zbekistondagi bir fuqaro Qozog‘istondagi mahsulotni o‘tirgan joyida sotib olsa… Shunga o‘xshash qulayliklarni tasavvur qilsak… Shirin xayol, to‘g‘rimi?
Albatta. Nega bo‘lmasin? Misol uchun, men qo‘shni davlatlarga chiqaman, ko‘raman, birinchidan, tilini tushunasiz. Ikkinchidan, madaniyatimiz ham nihoyatda bir-birimizga yaqin. Ya’ni adaptatsiya odamlar qiynalmaydi, to‘g‘rimi? Madaniy jihatdan yaqinmiz. Xo‘ja Ahmad Yassaviy Turkistonda yotibdilar. Ismoil Somoniy hazratlari Buxoroda. Ko‘p allomalarimiz, biz uchun muhim bo‘lgan insonlarning qabri Qirg‘izistonda. O‘ta yaqin aloqadagi millatlarmiz. Dinimiz, urf-odatlarimiz – hammasi bir xil.
Iqtisodchilar aytishadi: bitta iqtisod tezlik bilan yurib ketishi uchun kamida 80 yoki 90 millionlik bozor, aholi bo‘lishi kerak. O‘zbekiston 38 million aholiga ega, kam, lekin Markaziyo Osiyo katta bozor. O‘z-o‘zidan tadbirkorlarimizga yangi bozorlar kerak. Misol uchun, bir shirinlik ishlab chiqaryapsiz. Mahsulotingizni faqat O‘zbekistonda emas, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkistonda sotsangiz, qanday yaxshi? Biz qo‘rqmasdan kirib borishimiz kerak. Hatto muallif o‘laroq, kitob yozadigan inson o‘laroq, keyingi paytda ba’zi kitoblarimni rus tiliga yoki qozoq tili, qirg‘iz tiliga tarjima qilgan holda Markaziy Osiyoga men ham chiqaymi degan ma’noni keyingi paytda o‘ylashni boshlayapman, Shokir aka.
Ajoyib.
Yana xursand bo‘ladigan narsa, 2024 yilda men aniqladim: o‘zbekistonliklar tomonidan Qozog‘istonda ochilgan firmalarning soni xitoyliklar tomonidan shu paytgacha Qozog‘istonda ochilgan firmalar sonidan o‘tib ketgan… Hozir 5000 dan ziyod o‘zbekistonliklar tomonidan ochilgan firmalar bor. Albatta, ular kichik va o‘rta toifadagi firmalar. Ammo son muhim baribir. Va biznikilar ko‘rishyaptiki, Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo. Mahsulotni Qozog‘istonga olib o‘tib, uni biroz qayta ishlab turib, pasaytirilgan bojlar hisobiga sotishdan katta manfaat ko‘rishyapti.
Qozog‘istonliklar uchun O‘zbekistonda qariyb 40 millionlik bozor bor. To‘g‘rimi?
Huquqiy maydon haqida gapiryapsiz. Birinchi qadamlar nimadan iborat bo‘lishi kerak uni yaratish uchun, amaliy birinchi qadamlar qanday bo‘lishi kerak?
Rahmat, savolingiz uchun. Birinchi o‘rinda davlatlararo shartnomalarni birlashtirishimiz kerak. Shu paytgacha Markaziy Osiyo davlatlari bir-birlari bilan ikki tomonlama o‘zaro investitsiyalarni oshirish va himoya qilishga doir bitimlar imzolagan. Bular asosan 90-yillarda imzolangan. O‘sha paytda yangi mustaqil bo‘lgan paytimiz eda, Yevropadan, G‘arbdan o‘rgangan holda uncha ichini tushunmasdan imzolagan bitimlarimiz, asosan prezidentlar ko‘rishgan paytda “nimadir natija qoldirish kerak-ku” qabilida imzolangan. U davr o‘tib ketdi, lekin bizning aloqalarimiz o‘sha eski investitsiya shartnomalariga asoslangan holda turibdi.
Huquqiy asosi bo‘lgan shartnomalarga asoslangan investitsiya makonlari allaqachon shakllanyapti, shakllanib, ma’lum bir ma’noda rivojlanib ham ketdi. Dunyoda yagona bunaqa mintaqaviy huquqiy asosga ega bo‘lmagan joy — Markaziy Osiyo davlatlari! Biz orqada qolyapmiz. Nega qilinmayotganiga ham hayronman. Men qiziqib sun’iy intellektdan ham so‘radim, hatto sun’iy intellekt bu fikr boshqalar tomonidan ilgari surilmagan. Negadir hech kim sezmagan shu narsani. Shuning uchun o‘ylaymanki, birinchisi, biz eskirgan bu bitimlarni yangilashimiz kerak. Yagona, eng kamida mana shu besh davlatni, agar lozim bo‘lsa, Ozarboyjon davlatini ham Markaziy Osiyoning integratsiyasiga qo‘shib, maydon tuzishimiz kerak.
Bu uchun biror bir mutaxassislar guruhi tuzilishi kerak edi, to‘g‘rimi?
Albatta. Shu paytgacha eng kamida 50 yoki 60 dan ziyod mamlakatlar bilan mana shunday shartnomalar tuzganmiz. Qozog‘iston davlati ham, Qirg‘iziston davlati ham, Tojikiston ham va Turkmaniston ham ma’lum ma’noda tuzgan va hamma davlatlarda bu borada tajribalar yetarlicha bor. Tashqi ishlar vazirligi bo‘lsin yoki Tashqi savdo va investitsiya vazirligi bo‘lsin va yoki bizning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bo‘lsin, u bitimlarni qanaqa tuzish kerak, muzokarasini qanaqa yuritishimiz kerakligi masalasida yetarlicha bilim va tajribaga ega. Endi hammasini omuxta qilishimiz, birgalikda ko‘rishimiz va davlatlar o‘rtasida alohida bir komissiya tuzgan holda bu narsani amalga oshirishimiz kerak. Faqat buning uchun siyosiy iroda kerak.
Ekspert sifatida siz ham ishtirok etishga tayyormisiz bu jarayonda?
Agar taklif qilinadigan bo‘lsam, nega bo‘lmasin.
Endi oxirgi savolim. Keling, boshqa mutaxassislarga bergan savolimni sizga ham beray. Ozroq xayolga berilamiz. Fantastikani yaxshi ko‘raman… Deylik, mana shu siz aytayotgan ishlar qilindi ham deylik-da, 20 yildan keyin qanday ko‘rasiz mana bu hayotni, Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlarni?
Albatta, inson orzusiz yashay olmaydi. Haqiqatan ham orzu qilganda ham katta-katta orzularni qilishimiz kerak. Yaponlar ham aytishadi: orzuning cheki yo‘q. Xohlagancha orzu qilgin. Juda ham muhim narsaga tegindingiz, keyingi paytda odamlar o‘ta pragmatik bo‘lib ketganidan burnining ostidagini ko‘ryapti, nariyog‘ini ko‘rmasdan qolyapti. To‘g‘ri, dunyo to‘polonlar ichida qolyapti. Lekin to‘polonlar dunyosi yangi liderlarni, yangi fikr yetakchilarini yetishtirib chiqarishda ham benazir hisoblanadi. Ko‘pini ko‘rganmiz. Shuning uchun aytamanki, Markaziy Osiyo bo‘yicha, albatta, orzular qilishimiz kerak.
Misol uchun, yaqinda men Germaniyaga borganimda, Germaniya bilan Niderlandiyaning o‘rtasidan o‘tyapman, hech qanaqa chegara yo‘q. Hatto o‘tganimni ham sezmay qoldim, Shokir aka. Yevropa Ittifoqi mana shu darajaga yetib bo‘lgan. 20 yildan keyin nima uchun biz buni qilmasligimiz kerak? Nega 20 yildan keyin bizning chegaralarimiz bo‘lmagan, chegarada soatlab turmasdan, bemalol borib keladigan, hatto aytaylik, “kechki ovqatga qayerga boramiz?” deb, Chimkentga, Bishkekka yoki Dushanbega borib keladigan bo‘laylik. Markaziy Osiyoda buning orzusini ro‘yobga chiqarishimiz kerak.
Eng zo‘r mirishkor dehqonlarimiz borsin. Ularning eng zo‘r moliyachilari, quruvchilari O‘zbekistonga kelsin. To‘g‘rimi? Misol uchun, aytaman: Qozog‘istonda ko‘pgina universitetlardagi eng taniqli professorlar O‘zbekistondan chiqqan… Nima uchun intergatsiya faqat turizm sohasida qolishi kerak? Bizning qozoq do‘stlarimizdan o‘rganadigan narsamiz bor, qozoq do‘stlarimiz bizdan o‘rganadigan. Qolganlarda ham shu narsa.
Ayniqsa, mana shu to‘polonli davr, menimcha, shu davr. Bundan kech qolmasligimiz kerak. Nima imkoniyat bo‘lsa, ishlatishimiz kerak.
Ya’ni qaysidir miqdorda ongimizni qaytadan formatlab, dividendlarni ko‘ra bilishimiz kerak.
Albatta.
O‘zi gap shunda-da, dividendni ko‘ra boshlaganidan keyin odam qiziqa boshlaydi-da.
Xuddi shunday.
Iqtisodiyot
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 75,2 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng yuqori natija Toshkent shahrida qayd etilgan — 13,9 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 10,7 trln so‘m va Samarqand viloyati 10,1 trln so‘m bilan joylashgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarining har birida 5,6 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,7 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,6 trln so‘m, Namanganda 4,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida ko‘rsatkich bir xil — 3,2 trln so‘mdan. Xorazm viloyatida 2,4 trln so‘m, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarining har birida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Jizzax viloyatida esa yirik korxonalar tomonidan 2,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
Prezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlatimiz rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ bayram bilan tabrikladi.
Ortda qolgan o‘n yilda O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yuz berdi. Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh sanoat tarmoqlarini yaratish, chekka tuman va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar bajarildi. Ta’lim, tibbiyot va madaniyat sohalariga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi.
– So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi, – dedi Prezidentimiz.
Bu davrda iqtisodiyotimiz hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi, qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Bugun yurtimizda dunyoning yetakchi kompaniyalari, yirik investorlari va xalqaro moliya institutlari ishtirokida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Investitsiyalar ko‘payishi bilan sanoatimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarmoqda.
– Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ish boshladi, 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yo‘l, 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi, ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.
Bugungi marosimda mamlakatimizning barcha hududlarida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi. Ularning ochilishi Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi, budjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.
Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 ming 573 megavattli elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.
Mazkur loyihalar orasida mamlakatimizning eksport salohiyatini sezilarli oshiradigan quvvatlar ham bor. Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida ishga tushirilgan to‘qimachilik, trikotaj va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari millionlab dollarlik eksportni ta’minlaydi. Samarqand va Toshkent viloyatlarida barpo etilgan yangi metallurgiya korxonalari ham sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz bugungi loyihalarni faqat investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmasligini ta’kidladi. Yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Ular orasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.
Yangi Toshkent hududida jahon standartlari asosida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi shular jumlasidandir. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.
Oliy ta’lim muassasasida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Ta’lim xabi” tashkil etiladi. 1-oktyabrdan Sun’iy intellekt instituti ish boshlaydi.
Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.
Qarshi shahrida 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan ta’minlanadi.
Farg‘ona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Davlatimiz rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuksak baholadi.
– Siz kiritayotgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, – dedi Prezidentimiz.
Ushbu loyihalarni barpo etishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor va investorlarga minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosdi va 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
Source link
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 19 trln so‘mlik kiyimlar ishlab chiqarilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — 7,1 trln so‘m. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Toshkent viloyati natijasidan 3 barobardan ko‘proq yuqori.
Toshkent viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 2,1 trln so‘m, Namanganda 1,8 trln so‘m, Toshkent shahrida esa 1,7 trln so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida ham 1,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Samarqand viloyatida yirik korxonalar 1 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqargan. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 897,9 mlrd so‘m, Buxoroda 659,8 mlrd so‘m, Xorazmda 620,1 mlrd so‘m bo‘lgan.
Navoiy viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 578 mlrd so‘m, Sirdaryoda 324,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 307,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bulardan tashqari, Surxondaryoda 227,1 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida esa 203 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Source link
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat14 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport14 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat1 hour ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
