Iqtisodiyot
Tadbirkorning “belini sindirish” – Toshkentda peshlavhalar bilan nima bo‘lyapti?
Poytaxtda tadbirkorlarning peshlavhalarini majburan oldirib tashlash harakatlari davom etmoqda. Deputat Bobur Bekmurodov tegishli idoralarni noqonuniy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. “Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak”, – dedi u. Ammo shahar hokimligi bu ishlar qonuniy tarzda qilinayotganini aytib keladi.
Maqolada Chilonzor tumani hokimligi e’lon qilgan suratlardan foydalanildi.
Toshkent shahrida dizayn-kod joriy etilayotgani fonida, tadbirkorlar yana ommaviy ravishda reklama va peshlavhalarini o‘zgartirishga majburlanyapti.
Dizayn-kod – shaharning umumiy qiyofasini yaratishga qaratilgan bo‘lib, u xalq deputatlari poytaxt kengashining 2026 yil 17 fevral kungi qarori bilan tasdiqlangan. Qaror e’lon qilinganidan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
“Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak”
Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-xarakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.
“Albatta, Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli bo‘lishi kerak. Biroq bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim. Bu borada quyidagi prinsipial masalalarga e’tibor qaratish shart deb hisoblayman:
Birinchidan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Biroq majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yo‘q. Ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.
Ikkinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilgan. Dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish – bu qo‘shimcha moliyaviy yuklamadir.
Uchinchidan, har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqatgina qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida bo‘lishi shart. Tadbirkorga “ikki kun ichida demontaj qil” deb talab qo‘yish – bu ma’muriy buyruqbozlikning ko‘rinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
To‘rtinchidan, rivojlangan davlatlarda dizayn-kod keskin o‘zgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat – “o‘tish davri” beradi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplaydi. Bizda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda.
Biz mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishga va qonuniylikni ta’minlashga chaqiramiz. Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak.
Shahar ma’muriyati biznes bilan “buyruqbozlik” tilida emas, balki teng huquqli sheriklik va ochiq muloqot asosida ishlashi lozim”, – dedi Bobur Bekmurodov.
Tadbirkorlar nima deyapti?
Kun.uz Muqimiy ko‘chasida savdo va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘u llanuvchi qator tadbirkorlarga quloq tutdi. Ularning so‘zlaridan shahar rasmiylari biznes bilan kommunikatsiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymagani ma’lum bo‘ladi:
“Oldindan ogohlant irmasdan, shartta kelib olib tashlashdi. Banner 400 dollarga o‘rnatilgan edi. Mana, sinib, dabdalasi chiqib bo‘ldi. Oldindan ogohlantirishsa, muhlat berishsa, tegishli joyga borib, hamma talablarini bajarib, bannerni qoldirgan bo‘lardik”.
“Biz yo‘q paytimizda kelib yechib ketishibdi. Hech qanaqa ogohlantirishsiz. Mijozlar bizni topib kelishga qiynalishyapti. Qayerga qanaqa joylashtirish mumkinligi haqida hech qanaqa ma’lumot berishmadi”.
“Kutilmaganda olib tashlashdi, ogohlantirish berishmadi. Ulardan hujjatlarini so‘raganimizda, ko‘rsatishmadi. Bannerni yasatishga alohida, o‘rnatishga alohida pul to‘lagan edik. Endi o‘rnatmoqchi bo‘lsak, har bir kvadrat metriga pul to‘lanar ekan”.
“Yo‘q joydan kelib darrov olib tashlashdi. Bannerni 10 mln so‘m atrofida sarflab qildirgandik. Ogohlantirish ham, tushuntirish ham berishmadi”.
“Mas’ul xodimlar kelib, tushuntirish ishlarini olib borishdi. Tepada turgan bo‘rtib chiqqan yozuvlar mumkin emas ekan. Do‘konimiz eshigi tepasidagi kichikroq yozuvga ruxsat bor ekan” .
“Do‘konimizdan bannerlarni olib tashlashni buyurishdi. Ogohlantirish berib ketishdi. Men buning turishini xohlayman, lekin qonuniy jihatdan qanday qilib ruxsatnoma olish kerakligini tushuntirishmadi”.
“Qonuniy, lekin adolatsiz”
Toshkent shahri dizayn-kodini tasdiqlash qarori qabul qilinganidan keyin hali kuchga kirmagan bo‘lsa ham, tashqi reklama va peshlavhalarga oid asosiy hujjatlar bir necha yil avval qabul qilib bo‘lingan.
Gap – Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 fevraldagi 104-sonli va 2023 yil 31 avgustdagi 428-sonli qarorlari, hamda 2021 yilda qabul qilingan Shaharsozlik kodeksi haqida ketyapti. Shuningdek, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2024 yil 1 maydagi va 2024 yil 25 oktyabrdagi qarorlari ham bor.
Ana shu hujjatlar asosidagi reydlar 2020 yilda boshlangan. Bu hujjatlarda avtomobil kuzovidagi reklamadan tortib, ko‘chalardagi billbordlar, LED-ekranlar, peshlavhalar va boshqa e’lonlar bo‘yicha talablar kiritilgan.
Eng bahsli qoidalardan biri – peshlavhalarga oid. Hukumat qaroriga asosan, hajmi 1 kvadrat metrdan ortiq peshlavhalar reklamaga tenglashtirib qo‘yilgan (2023 yilgacha bu cheklov 5,5 metr bo‘lgan). Ya’ni obektning nomi yozilgan yoki shunchaki “do‘kon”, “dorixona” so‘zi tushirilgan peshlavhaning ham hajmi 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lsa, buning uchun tegishli tartibda majburiy yig‘imni to‘lab, reklama joyining pasportini rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, shahardagi aksariyat do‘konlarning peshtaxtasi “noqonuniy”ga chiqib qolgan.
Biznes-ombudsman 2025 yil sentabrida Kun.uz’ga bergan izohida Toshkent shahar hokimligining bunday peshlavhalarni oldirib tashlash haqidagi talabi qonuniy, lekin adolatsiz ekanini bildirgandi. Tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakil o‘shanda hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi.
Peshlavhalar majburiy oldirib tashlanayotganiga rasmiy sabablardan yana biri – ular binoning tashqi me’moriy ko‘rinishiga mos kelishi kerakligi haqidagi qoidadir. Shuningdek, binolarning muayyan qismlariga peshlavha yoki reklama ilish mumkin emasligi belgilangan.
Peshlavhaning hajmi 1 kvadrat metrdan oshganida reklamaga tenglashtirilishi sabab, davlat tiliga oid talablar ham yuzaga keladi. Qonunga ko‘ra, reklama davlat tilida tarqatilishi kerak. Zarurat bo‘lganda, boshqa tillardagi yozuv – davlat tilidagi matnning pastki qismida joylanishi mumkin. Bunda xorijiy tildagi yozuv reklama umumiy maydonining 40 foizidan oshmasligi talab etiladi.
Tashqi reklamalar va peshlavhalarni joylashtirish tartibini buzganlarga nisbatan Raqobat qo‘mitasi 50 BHM (20 mln 600 ming so‘m) jarima qo‘llash vakolatiga ega.