Jamiyat
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
Ramazon oyida Buxoro tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tashabbus ro‘yobga chiqarildi. Mahalliy tadbirkorlar tomonidan qurilgan ikki qavatli turar-joy majmuasi 5 ta ehtiyojmand oilaga topshirilib, ularning uy-joy sharoitini yaxshilash hamda bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi infratuzilma yaratildi.
Tumanning «Bog‘idasht» mahallasida avval qarovsiz yotgan, tashlandiq ahvoldagi yer maydoni bugun mutlaqo yangi qiyofaga kirgan. Mahalliy tadbirkor, «Jannat ishqida» MChJ rahbari Feruz To‘rayev boshchiligidagi saxovatpesha insonlar sa’y-harakatlari bilan bu yerda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ikki qavatli mo‘’jaz turar joy majmuasi barpo etilgan.
Mazkur xayrli ish tashabbuskori bo‘lgan tadbirkor urinishlarimizga qaramay, o‘z mehnati haqida gapirishni istamadi. U bu ishni faqat yaxshilik uchun qilinganini, odamlar duosi uning uchun muhimligini ta’kidladi.
«Xabar.uz» to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu uy-joyni tiklash bir necha oy davom etgan. Ma’lum bo‘lishicha, Ramazon kunlariga yaqin vaqtda qurilish ishlari yakuniga yetayotganda, quruvchi mazkur xonadonlarni ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 5 ta oilaga topshirishni maqsad qilganini bildirgan.
Haqiqatan ham bu uy-joylar shu paytgacha og‘ir sharoitlarda, ayrimlari esa umuman boshpanasiz holda, ijaradan-ijaraga ko‘chib yurib, turmushning sinovlariga bardosh berib kelgan, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan, serfarzand oilalarga berilgan.
Rabotiqalmoq mahallasida yashovchi Komila G‘oyibova ko‘z yoshlarini to‘xtata olmay:
– Yillar davomida farzandlarim bilan juda qiyin ahvolda yashadik. Qishda sovuq, yozda issiq uylarda, ba’zan esa boshpanasiz qolgan kunlarimiz ham bo‘ldi. Bugun esa o‘z uyimiz bor. Alloh rozi bo‘lsin, shunday savobli ishlarni qilgan insonlardan,-deydi.
Sitora Sharipova esa dilidagi minnatdorlikni shunday izhor etdi:
– Bizning ahvolimizni so‘rab, qo‘l cho‘zadigan odamlarning borligiga ishonish ham qiyin edi. Endi esa farzandlarim bilan tinch, xavfsiz uyda yashaymiz. Bu biz uchun bir mo‘’jiza.
E’tiborli jihati, yangi xonadonlar faqat yashash uchun emas, yashashni ta’minlash uchun ham mo‘ljallangan. Turar joyning yerto‘la qismida tashkil etilgan kichik qadoqlash sexi orqali uy egalari doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu esa ularning o‘z mehnati orqali daromad topishi, turmush darajasini yaxshilashi uchun muhim qadam bo‘ldi.
Ramazon oyining ruhiga mos ravishda amalga oshirilgan bu xayrli ish 5 ta oilaning qalbiga iliqlik ulashdi. Bu aholini qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan qatlamlarni manzilli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning amaliy ifodasi sifatida ham namoyon bo‘ldi.