Iqtisodiyot
Tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlar bartaraf etiladi
Tegishli farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan bosqichma-bosqich nazorat qiluvchi organlar tomonidan ushbu Farmonda ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi.
2026-yil 1-yanvardan:
import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 9 oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlarning 3 oy) davomida sotilmaganligi va qiymati BHMning 500 baravaridan ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos hisoblanadi;
ko‘chmas mulk ob’yektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;
O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmaganda, ushbu yuridik shaxslarning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi;
kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida to‘lovlarni qabul qilishning yangi tizimi joriy etiladi
Joriy yil 10-dekabrdagi PF–246-son farmon bilan 2026-yil 1-yanvargacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.
2026-yil 1-yanvardan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda 2026-yil 1-iyuldan:
barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;
yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
2026-yil 1-yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
2026-yil 1-martdan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
Iqtisodiyot
Limon, go‘sht, metan. Yillik hisobda eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar va xizmatlar
Iqtisodiyot | 13:20
620
2 daqiqa o‘qiladi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yillik nisbatda eng ko‘p narxi oshgan oziq-ovqat mahsulotlari: limon (+65 foiz), paxta moyi (+28 foiz) va qo‘y go‘shti (+26,8 foiz). Nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida nikoh uzugi (+31,8 foiz), metan (+30,2 foiz) va gazeta (+15,3 foiz) narxlarida keskin qimmatlashish kuzatilgan. Xizmatlar sektorida esa haydovchilik kurslari (+61,9 foiz), ichki aviareyslar (+54,1 foiz), tarmoq gaz (+39,2 foiz) narxlarida katta o‘sish qayd etilgan.
Markaziy bank 2025 yilning noyabr oyi holatiga inflatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Umumiy yillik inflatsiya 2022 yilda 12,3 foiz bo‘lgan, 2023 yilda pasayib, 8,8 foiz, 2024 yilda biroz oshib, 9,8 foiz, 2025 yil noyabr holatida 7,5 foizga tushgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Arzonlashgan mahsulotlar:
Qovoq (-61,4 foiz);
Shaftoli (-23,7 foiz);
Tarvuz (-23,4 foiz);
Banan (-19,7 foiz);
Sarimsoq (-8,6 foiz).
Qimmatlashgan mahsulotlar:
Limon (+65 foiz);
Paxta moyi (+28 foiz);
Qo‘y go‘shti (+26,8 foiz);
Suyaksiz mol go‘shti (+25,3 foiz);
Suyakli mol go‘shti (+24,2 foiz).
Iste’mol narxlari indeksi savatidagi umumiy 170 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 150 tasining (88 foiz) yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.
Nooziq-ovqat tovarlar
Arzonlashgan mahsulotlar:
Propan (-20,8 foiz);
Yirik oshxona priborlari (-3 foiz);
A4 qog‘oz (-1,9 foiz);
Shprits (-1,5 foiz);
Konditsioner (-1,4 foiz).
Qimmatlashgan mahsulotlar:
Nikoh uzugi (+31,8 foiz);
Metan (+30,2 foiz);
Gazeta va jurnallar (+15,3 foiz);
Tabiiy gullar (+8,9 foiz);
Benzin (+8,5 foiz).
Iste’mol narxlari indeksi savatidagi umumiy 250 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlaridan 246 tasining (98 foiz) yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.
Xizmatlar
Arzonlashgan va narxi nisbatan kam oshgan xizmatlar:
Pul o‘tkazmalari (-6,4 foiz);
Mikromoliyaviy xizmatlar (-0,02 foiz)
Qimmatlashgan xizmatlar:
Haydovchilik kurslari (+61,9 foiz);
Ichki yo‘lovchi havo transporti (+54,1 foiz);
Tarmoq gaz (+39,2 foiz);
Sovuq suv (+35,1 foiz);
Muzey xizmatlari (+32,7 foiz).
Iste’mol narxlari indeksi savatidagi umumiy 90 turdagi xizmatlardan 64 tasining (71 foiz) yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston agrar sektoriga Britaniya kompaniyasi jalb etilmoqda
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniyaning o‘simliklar changlanishini nazorat qilish bo‘yicha yetakchi kompaniyalaridan biri – PBS International ijrochi direktori Xanna Senior bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida seleksiya va urug‘chilik sohasida innovatsion texnologiyalar asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning PBS International kompaniyasi ijrochi direktori Xanna Senior bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.
PBS International – o‘simliklar changlanishini nazorat qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 50 yildan ortiq tajribaga ega ushbu kompaniya o‘simlik seleksionerlari va urug‘ ishlab chiqaruvchilar uchun mahsulotlar ishlab chiqaradi hamda 35 dan ortiq davlatga eksport qiladi.
Suhbat davomida Britaniya tomoni O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, ekinlar diversifikatsiyasi va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish borasidagi izchil sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
PBS International vakili kompaniyaning changlanish jarayonini samarali boshqarishga qaratilgan innovatsion yechimlari orqali yuqori sifatli navlarni yaratishda, urug‘chilik samaradorligini oshirish va hosildorlikni ko‘tarishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Tadbirda seleksiya va urug‘chilik sohasida britaniyalik va o‘zbekistonlik mutaxassislarning tajriba almashishi uchun turli uchrashuv va seminarlar tashkil etish, sohaga yangi innovatsion loyihalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar agrar sektorda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yetishtirish, eksport salohiyatini oshirish va ilg‘or ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,5 foizga o‘sishi mumkin
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yil uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish prognozini yangilab, joriy yilda YaIM 7,5 foizgacha o‘sishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich markazning iyun oyidagi bahosidan 0,8 foiz bandga yuqori bo‘lib, mamlakatda iqtisodiy faollik kutilganidan yaxshiroq kechayotganini anglatadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 2025 yil uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish prognozini oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 7,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Yangilangan bahoga muvofiq, ITIMning iyun oyida e’lon qilgan avvalgi prognoziga nisbatan o‘sish sur’ati 0,8 foiz bandga yuqorilagan.
Mavjud makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar tahliliga tayangan holda, Markazning integratsiyalashgan modeli 2025 yilda YaIMning 7,5 foiz darajasida o‘sishini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, prognoz koridori 7,3–7,7 foiz oralig‘ida belgilangan.
ITIM mutaxassislari xulq-atvor iqtisodiyoti omillarini ham inobatga olgan. Xususan, Google qidiruvlari statistikasi orqali aholi va biznes faolligi indikatorlari o‘rganilgan.
Joriy yil yanvar–oktyabr oylarida “avtotransport vositalari” kategoriyasi bo‘yicha onlayn so‘rovlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 foizga, “biznes va sanoat” bo‘yicha 5,9 foizga, “xaridlar” yo‘nalishida 8,1 foizga, “moliya” kategoriyasida esa 9,5 foizga oshgani kuzatilgan. Mutaxassislar bu dinamikani iste’mol va investitsiya faolligining o‘sishi, moliyaviy qarorlar qabul qilish jarayonlarining jadallashuvi bilan izohlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Shveytsariyaning KOF iqtisodiy instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston uchun real vaqtda makroiqtisodiy tahlil modelini ishlab chiqqan. Loyiha Jahon banki va Innovatsion rivojlanish agentligi ko‘magida MUNIS dasturi doirasida amalga oshirilgan.
ITIMning yangilangan prognoziga ko‘ra, iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va xususiy sektor faolligini qo‘llab-quvvatlash hisobidan O‘zbekiston iqtisodiyotida barqaror va yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolishi mumkin.
Iqtisodiyot
Tashish va saqlash sohasiga investitsiya oqimi barqaror o‘smoqda
2025 yil yanvar–sentabr oylarida tashish va saqlash faoliyatiga 25,8 trln so‘m investitsiya o‘zlashtirildi. Jami investitsiyalarda ushbu sohaning ulushi 3,3 foizni tashkil etgan bo‘lib, so‘nggi yillarda logistika va saqlash infratuzilmasiga sarmoya oqimi barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarga muvofiq, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakatda tashish va saqlash faoliyati turi bo‘yicha o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 25,8 trln so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich jami investitsiyalarga nisbatan 3,3 foiz ulushni tashkil etdi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, so‘nggi besh yilda ushbu yo‘nalishda investitsiyalarning barqaror o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda (yanvar–sentabr holatiga):
2020 yil – 7,9 trln so‘m;
2021 yil – 11,3 trln so‘m;
2022 yil – 15,0 trln so‘m;
2023 yil – 18,0 trln so‘m;
2024 yil – 17,0 trln so‘m;
2025 yil – 25,8 trln so‘m.
Ta’kidlanishicha, 2020 yildagi 7,9 trln so‘mlik ko‘rsatkichga nisbatan 2025 yilda tashish va saqlash sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar uch baravardan ortiq oshgan. 2024 yilning mos davrida qayd etilgan 17,0 trln so‘mga nisbatan esa hajm qariyb 1,5 baravarga ko‘paygan.
Mutasaddilarga ko‘ra, tashish va saqlash infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan katta hajmdagi sarmoyalar transport kommunikatsiyalarini yangilash, logistika xizmatlarini kengaytirish, zamonaviy ombor xo‘jaliklarini barpo etish va modernizatsiya qilish, shuningdek, yuk va yo‘lovchi tashish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, sohaga kiritilayotgan investitsiyalar yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar sifatini oshirish va mamlakatning tranzit salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Statistik ma’lumotlar esa tashish va saqlash sohasi investitsiya oqimi barqaror o‘sib borayotgan strategik yo‘nalishlardan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda.
-
Sport4 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Jamiyat2 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Dunyodan5 days agoBuyuk Britaniya Rossiyaning Ukrainaga nisbatan 11 milliard dollarni tashkil qilmoqchi
-
Dunyodan2 days agoQurolli mojaro Tailand va Kambodiya o’rtasidagi chegarada yana paydo bo’ladi
-
Siyosat5 days ago2027 yilga kelib elektr energiyasini xususiy operatorlar uchun to’rtta mintaqada elektr tarmog’iga o’tkazadi
-
Jamiyat24 hours agoO‘zbekistondagi muzey va ziyoratgohlarga «virtual sayohat» qilish imkoni yaratiladi
