Iqtisodiyot
S&P O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yaxshiladi. Asosiy omillardan biri – oltin
S&P O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren reytingini “BB-“dan “BB” darajasiga oshirdi va prognozni “barqaror” deb belgiladi. Bunda 2025 yil oktyabriga kelib Markaziy bank oltin-valuta zaxiralarining 59 mlrd dollardan oshgani ham muhim omillardan biri bo‘ldi. Tashqi qarz miqdori avvalgi prognozlarga qaraganda tezroq oshishi kutilayotgan bo‘lsa-da, bu “nazorat qilinayotgani” qayd etildi.
S&P O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren reytingini “BB-“dan “BB” darajasiga oshirdi va prognozni «barqaror» deb belgiladi.
Reyting yaxshilanishiga nimalar asos qilib olingan?
Reytingning oshirilishi, birinchi navbatda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning makroiqtisodiy siyosatini yuritishdagi yaxshilanishlar bilan izohlanadi. Bu boradagi asosiy choralar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
energiya tariflarini bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
tartibga solish sifati va nazoratini kuchaytirish;
davlat korxonalarini xususiylashtirish;
2026 yilda JSTga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik.
Energiya tariflarining bosqichma-bosqich tannarx darajasiga ko‘tarilishi hukumatning subsidiyalarni qisqartirishiga yordam bermoqda. Rasmiylar 2023 yil oktyabrdan boshlab korxonalar va aholi uchun elektr va gaz tariflarini oshirishni boshladi va jarayon 2025 yilda ham davom ettirildi. Bu o‘zgarishlar inflatsiyani vaqtincha oshirgan bo‘lsa-da, subsidiyalarning 2023 yildagi 1,5 mlrd dollar (YaIMning 1,4 fozi) darajasidan 2024 yilda 0,8 mlrd dollarga (YaIMning 0,7 foizi) kamayishiga yordam bergan.
Rekord darajadagi oltin narxlari 2023–2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarini ikki baravarga ko‘paytirgan. Oltin va boshqa metallar umumiy eksportning qariyb 40 foizini tashkil etadi. Markaziy bank zaxiralarining 80 foizi monetar oltindan iborat. Buning natijasida mamlakat qulay tashqi savdo sharoitlaridan foyda ko‘ryapti.
Garchi geosiyosiy va global savdodagi noaniqliklar fonida O‘zbekiston uchun to‘lov balansiga oid xavflar yuqori deb baholansa-da, bu xatarlar quyidagi omillar orqali qisman yumshatiladi:
tashqi moliyalashtirishning kuchliligi,
tashqi qarz shartnomalarining uzoq muddatga tuzilishi,
rivojlanayotgan bozorlar kontekstida tashqi qarz yukining nisbatan mo‘’tadilligi.
Shunga qaramay, tashqi manbalar hisobidan moliyalashtirilayotgan investitsiya loyihalari hukumat kutgan barqaror o‘sishni ta’minlay olmasa, qarz muammoga aylanishi mumkin.
Fiskal daromadlarning taxminan to‘rtdan bir qismi, tovar eksportining yarmidan ko‘prog‘i, Markaziy bank xalqaro zaxiralarining uchdan to‘rt qismini oltin tashkil etadi. Shu sababli, O‘zbekistonning tashqi va fiskal pozitsiyalari oltin narxlaridagi tebranishlarga kuchli darajada bog‘liq.
Bundan tashqari, geosiyosiy zaifliklar ham yuqori darajada saqlanib qolyapti. Iqtisodiyotning Rossiyadan pul o‘tkazmalariga va savdo bo‘yicha bog‘liqligi tashqi zarbalarga va ikkilamchi sanksiyalar xavfiga nisbatan sezgirligini oshiradi.
S&P mutaxassislari 2025–2028 yillarda iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha 6,6 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qiladi. Bunga quyidagilar asos bo‘ladi:
uy xo‘jaliklarining barqaror iste’mol talabi;
hukumatning energetika, tog‘-kon sanoati quvvatlarini kengaytirish, infratuzilma loyihalari va ijtimoiy xarajatlarga yo‘naltirilgan yirik investitsiyalari;
iqtisodiyotni rag‘batlantirish va narx barqarorligini saqlashga qaratilgan choralar
Pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik
Aholining qariyb to‘rtdan bir qismi qishloq xo‘jaligida band bo‘lib, ushbu sohaning iqtisodiyotdagi ulushi 15 foizni tashkil etadi. O‘z navbatida O‘zbekistonning demografik afzalliklarga egaligi qayd etilgan: aholi tarkibining qariyb 90 foizi mehnat yoshida yoki mehnat yoshidan kichkina bo‘lib, bu taklifga asoslangan o‘sish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, ish o‘rinlari o‘sishi talabni to‘liq qondira olmasligi taxmin qilingan. Shu sababli O‘zbekistonning ko‘plab doimiy va mavsumiy mehnat migrantlari Rossiya, shuningdek Yevropa va Yaqin Sharqdagi yangi yo‘nalishlarda ish izlashni davom ettiradi. Natijada iqtisodiyot pul o‘tkazmalari oqimiga bog‘langanligicha qoladi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihalari
Davlat-xususiy sheriklik loyihalari jadal kengaymoqda: 2024 yil oxiriga kelib imzolangan shartnomalarning umumiy qiymati YaIMning taxminan 27 foiziga teng bo‘lgan. Hukumat 2024–2030 yillar davomida qiymati qariyb 30 mlrd dollar bo‘lgan qo‘shimcha DXSh loyihalarini ma’qullagan bo‘lib, ularning asosiy qismi strategik sohalarga, jumladan, energetika loyihalariga (93 foiz) to‘g‘ri keladi.
Rasmiylar elektr energiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishni rejalashtiryapti. Maqsad — qayta tiklanuvchi energiya ulushini hozirgi 20 foizdan 2030 yilga borib 54 foizga yetkazish.
Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi 2030 yilgacha O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalariga 7,5 mlrd dollar investitsiya kiritishni rejalashtirgan.
Yangi qabul qilingan DXSh tizimi kelgusidagi majburiyatlarni cheklashi kerak, jumladan, 2025 yil uchun majburiyatlar 6,5 mlrd dollar bilan chegaralangan. Biroq kutilmagan loyiha muvaffaqiyatsizliklari uzoq muddatda davlat moliyasiga bosim o‘tkazishi mumkin. Rasmiylarning baholashicha, DXSh loyihalaridan kelib chiqadigan bevosita va shartli majburiyatlar YaIMning 15 foizi atrofida.
Hukumatning 2017 yilda YaIMning 33 foizini tashkil etuvchi likvid aktivlari 2024 yilda YaIMning 7 foizigacha qisqargan. Mazkur aktivlar asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) aktivlarini o‘z ichiga oladi, 2006 yilda tashkil etilgan bu jamg‘arma 2019 yilgacha hukumatning kapital qo‘yilmalari va oltin, mis va gaz sotishdan tushgan daromadlarning yuqori qismi hisobidan moliyalashtirilgan. S&P hukumatning likvid aktivlari hisobiga faqat TTJning tashqi aktivlarini qo‘shgan. Bu – davlat sektori korxonalari va banklar kapital qo‘yilmalardan iborat aktivlarning ichki qismi yetarli darajada nolikvidligi va zaruriyat tug‘ilganda qarzga xizmat ko‘rsatish uchun kam imkonli hisoblanishi bilan izohlangan.
S&P Global Ratings quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:
Qarorlar qabul qilish markazlashganligicha qoladi. Korrupsiyani qabul qilish yaxshilanayotganiga qaramay, hali ham yuqoriligicha qolyapti.
Pul-kredit siyosati samaradorligi yaxshilangan bo‘lsa-da, Markaziy bankning operatsion mustaqilligini cheklagan. Kreditlarning dollarizatsiyasi (40 foiz) yuqori darajada saqlanib qolyapti;
2025–2028 yillarda o‘rtacha budjet taqchilligi YaIMning 3 foizi atrofida shakllanadi, bu 2022–2024 yillarda qayd etilgan 4 foizdan pastroq. Shunga qaramay, fiskal natijalar salbiy xavflarga ochiq bo‘lib qoladi. 2028 yilgacha umumiy hukumat qarzi YaIMning 35 foizi atrofida bo‘ladi;
Kafolatlanmagan korporativ qarzlarni qaytarish O‘zbekiston hukumatining zimmasiga tushib qolishi xavfi bor. Ushbu xavfni kamaytirish maqsadida hukumat davlat korxonalari kredit shartnomalaridagi shartlarni monitoring qilish va tahlil qilish tizimini joriy qildi;
Mahalliy va tijorat shaklidagi tashqi qarzga bog‘liqlik oshishi natijasida 2025–2028 yillarda foiz to‘lovlari umumiy hukumat daromadining 4,4 foizini tashkil qiladi, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 0,6 foiz bo‘lgan;
Oltin narxining pasayishi hisobiga O‘zbekiston valuta zaxiralari 2028 yilgacha qisqarib boradi.
Bank tizimida ham umumiy aktivlarning 65 foizi davlat banklariga tegishli bo‘lib, hukumatning imtiyozli kreditlash dasturlari samaradorlikka ta’sir qiladi;
Dollarlashuv pasaygan bo‘lsa-da, 2025 yil oktyabr holatiga umumiy kreditlarning 37 foizi, depozitlarning 25 foizi hamon dollar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
S&P Global Ratings O‘zbekiston uchun ehtimoliy salbiy va ijobiy ssenariylarni keltirib o‘tgan.
Salbiy ssenariy
Agar tashqi va fiskal taqchilliklar kutilgan darajadan ko‘ra ko‘proq zaiflashsa, masalan:
savdo shartlarining yomonlashuvi;
hukumat xarajatlarining oshishi;
qarz jalb qilish narxlarining sezilarli ko‘tarilishi;
kutilmagan shartli majburiyatlarning yuzaga chiqishi.
O‘zbekistonda davlat korxonalari sektori yirikligi hisobiga reyting pasaytirilishi mumkin.
Shuningdek, qarz hisobidan moliyalashtirilayotgan investitsiya loyihalarining kutilgan darajadagi iqtisodiy samara bermasligi yoki bunday loyihalarni yakunlash uchun xarajatlarning oshib ketishi ham reyting pasaytirilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu holat O‘zbekistonning fiskal pozitsiyasini zaiflashtiradi.
Ijobiy ssenariy
Agar O‘zbekistonning budjet va joriy hisob taqchilligi iqtisodiy natijalarga zarar yetkazmagan holda qisqarsa, reyting oshiriladi.
Iqtisodiyot
Endi cheklarni «Soliq» ilovasiga yuklaganlar avtomobil yutib olishi mumkin
2026 yil 1 iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yutuqli o‘yinlar yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tiraj g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil topshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Buning uchun xarid chekini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kifoya. Chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
Qoidalarga ko‘ra, har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil taqdim etiladi.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlarni tekshirishning yangi tartibi belgilandi
O‘zbekistonda raqobat sohasida tadbirkorlik sub’yektlarini tekshirish jarayonida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, xavf darajasi past deb baholangan tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Adliya vazirligi Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shu bilan birga, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xomashyo birjalari, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi sohalari bo‘yicha belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
Natijaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Ayni vaqtda, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Iqtisodiyot
Endi kino sohasidagi tadbirkorlar xavf darajasi bo‘yicha baholanadi
Kinematografiya sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari endi «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi orqali xavf darajasi bo‘yicha baholanadi. Yangi tartib tekshiruvlarni xavf darajasiga qarab tashkil etish va nazorat jarayonlarini avtomatlashtirishni nazarda tutadi.
Madaniyat vazirining buyrug‘i bilan Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish tartibi tasdiqlandi. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Nizomga muvofiq, tizim tadbirkorlik sub’yektlarida qonunchilik talablari buzilishi xavfini avtomatik tarzda baholaydi. Buning uchun davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi. Bunda tadbirkorlardan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Elektron tizimda baholash «ball» tizimi asosida amalga oshiriladi va tadbirkorlik sub’yektlari huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta yoki past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar amaldagi qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi.
Shu bilan birga, elektron tizim tomonidan aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi. Xavf tahlili jarayoni tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi va uning faoliyatiga bevosita aralashuvga sabab bo‘lmasligi belgilangan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda aholi jon boshiga YaIM hajmi 11,7 mln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi 11,7 million so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,7 foizga oshgan.
So‘nggi yillarda aholi jon boshiga YaIM hajmi izchil o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda:
2022-yil — 5,3 mln so‘m;
2023-yil — 6,3 mln so‘m;
2024-yil — 7,5 mln so‘m;
2025-yil — 9,9 mln so‘m;
2026-yil — 11,7 mln so‘m.
Shu tariqa, so‘nggi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi qariyb 2,2 barobarga oshdi.
Iqtisodiyot
Qaysi davlatlar eng katta valuta zaxirasiga ega?
Dunyodagi eng yirik valuta zaxiralariga ega davlatlar reytingida Osiyo mamlakatlari mutlaq ustunlik qilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik o‘nta zaxira egasining yettitasi aynan Osiyoda joylashgan bo‘lib, ular jahon valuta zaxiralarining qariyb uchdan ikki qismiga egalik qiladi.
Bugungi kunda eng katta valuta zaxiralariga ega davlatlar ro‘yxatiga nazar tashlansa, uning shakllanishiga qariyb 30 yil avval yuz bergan Osiyo moliyaviy inqirozi katta ta’sir ko‘rsatganini ko‘rish mumkin.
1997 yildagi Osiyo moliyaviy inqirozi xorij kapitaliga haddan tashqari qaramlik bozor beqarorligi davrida qanchalik xavfli ekanini yaqqol namoyon etdi. Shu voqeadan so‘ng ko‘plab davlatlar tashqi iqtisodiy xatarlarga qarshi himoya sifatida xalqaro valuta zaxiralarini faol to‘play boshladi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning International Reserves and Foreign Currency Liquidity (IRFCL) bazasiga kiritilgan, 2025 yil o‘rtalaridan 2026 yilning ikkinchi choragigacha bo‘lgan ma’lumotlar davlatlarning oltin hisobga olinmagan valuta zaxiralari bo‘yicha reytingini aks ettiradi.
Tahlillarga ko‘ra, reytingning eng muhim xususiyati — Osiyo mamlakatlarining ustunligidir. Eng yirik o‘nta valuta zaxirasiga ega davlatning yettitasi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davlatlar jahon valuta zaxiralarining taxminan uchdan ikki qismini nazorat qiladi.
Mutaxassislar bu holatni o‘nlab yillar davomida eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy rivojlanish, tashqi savdodagi barqaror ijobiy saldo hamda davlatlar tomonidan iqtisodiyotni tashqi xatarlardan himoya qilish maqsadida yirik moliyaviy zaxiralarni shakllantirish siyosati bilan izohlaydi.
Valuta zaxiralari nima uchun kerak?
Valuta zaxiralari mamlakat uchun o‘ziga xos «moliyaviy xavfsizlik yostig‘i» vazifasini bajaradi. Zarur holatlarda markaziy banklar ushbu mablag‘lardan milliy valutani keskin qadrsizlanishdan himoya qilish, muhim import mahsulotlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish, tashqi davlat qarzlarini qoplash hamda sarmoyadorlar ishonchini saqlab qolish uchun foydalanadi.
Zaxiralar qancha katta bo‘lsa, mamlakat tashqi iqtisodiy inqirozlarga xalqaro moliyaviy yordamsiz mustaqil qarshi tura olish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi.
Yirik valuta zaxiralari davlatlarga tashqi iqtisodiy zarbalarni yengilroq yengib o‘tish va moliya bozorlaridagi beqarorlik sharoitida investorlar ishonchini saqlab qolish imkonini beradi.
Biroq bunday zaxiralarni saqlashning ham o‘z qiymati bor. Chunki bu mablag‘lar odatda xavfsiz, ammo daromadliligi past bo‘lgan davlat obligatsiyalariga yo‘naltiriladi. Natijada ushbu resurslar milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga sarflanmay qolishi mumkin.
Shu bois iqtisodchilarning ta’kidlashicha, hukumatlar moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish o‘rtasida muvozanatni saqlashi lozim.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Mahalliy5 days ago
Endi rahbarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fosh qilish mumkin!
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
