Sport
“So‘nggi qo‘ng‘iroq”. Italiyada kim chempion, Mbappe “Oltin butsa” oladimi va boshqa intrigalar
Xuddi o‘quv yili singari futbol ham ta’tilga chiqib borayotgan bo‘lsa-da, hali hammasi tugamadi. Yakunlanayotgan chempionatlarda ikki kun uchun juda ko‘p masalalar ochiq: Italiyada kim chempion bo‘ladi, Angliyaning beshinchi omadli jamoasi kim, Mbappe to‘purar bo‘ladimi? Keling, Yevropa bo‘ylab gidlikni bo‘ynimizga olamiz-da, eng muhim o‘yinlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
ITALIYa: Kim chempion?
Italiyada chempion nomidan tortib, yevrokuboklarda qatnashadigan o‘rinlar, ligani tark etadigan jamoalar ham hali aniq emas. Hammasi bugun boshlanadigan so‘nggi turda hal bo‘ladi.
23 may. Komo – INTeR, NAPOLI – Kalyari. O‘yinlar vaqti 23:45
37-turdan so‘ng “Napoli” 79 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, “Inter” hisobida 78 ochko bor. Demak o‘z maydonida “Kalyari” ustidan g‘alaba qozonsa, Antonio Konte shogirdlari o‘z tarixida to‘rtinchi, so‘nggi uch yilda esa ikkinchi marta Italiya chempioniga aylanishadi. “Inter” Komodagi qiyin o‘yinda g‘alaba qozonishi va “Napoli”ning ochko yo‘qotishidan umid qilishiga to‘g‘ri keladi.
Mavsum yakuni bo‘yicha ochkolar teng bo‘lib qolish ehtimoli ham kichik bo‘lsa-da bor. Buning uchun “Napoli” yutqazib, “Inter” durang o‘ynashi kerak bo‘ladi. U holda chempionlik uchun alohida “Oltin uchrashuv” tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. O‘yin boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha yaxshiroq bo‘lgan jamoa maydonida bo‘ladi. “Inter” va “Napoli” o‘rtasidagi ikkala o‘yin ham durang bo‘lgani sababli, to‘plar nisbati bo‘yicha yaxshiroq bo‘lgan “Inter” maydonida.
Yana bir qiziq fakt. Kim chempion bo‘lishidan qat’i nazar o‘sha jamoa bosh murabbiyi buni zaxira o‘rindig‘idan turib kuzata olmaydi. Indzagi ham, Konte ham 37-turda hakamlar tomonidan maydondan chetlatilishgan va bu turga diskvalifikatsiyaga egalar.
ITALIYa: Ligani kim tark etadi?
Qizig‘i, bu tomonda ham boshqacha “oltin uchrashuv”, aniqrog‘i, pley-off tashkil qilinishi mumkin. Reglament bo‘yicha agar 17 va 18 o‘rindagi jamoalar bir xil ochko to‘plashsa, boshqa ko‘rsatkichlardan qat’i nazar uy-safar tizimida ikki o‘yin o‘tkazilib, omadsiz jamoa aniqlanishi kerak bo‘ladi. Agar birato‘la uch jamoa bir xil ochkoga ega bo‘lib qolsa, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar (o‘zaro o‘yinlar, to‘plar nisbati va hokazo) bo‘yicha eng yaxshisi aniqlanib, qolgan ikki jamoa o‘rtasida pley-off o‘tkaziladi. Qizig‘i, har ikki variant ehtimoli ham mavjud bo‘lib, hatto birato‘la 4 jamoa teng ochko to‘plab qolishi ham mumkin.
25 may, yakshanba, 23:45.
Atalanta – PARMA, EMPOLI – VeRONA, Latsio – LeChChe, VeNeTsIYa – Yuventus.
Mana shu 4 o‘yinda qatnashadigan besh jamoadan ikkitasi ligadan tushib ketishi kerak. Misol uchun agar “Empoli” “Verona” ustidan g‘alaba qozonib, “Lechche” “Latsio”ni yutadigan bo‘lsa, hamda “Parma” “Atalanta” bilan durang o‘ynasa, birato‘la 4 jamoada bir xil – 34 tadan ochko bo‘lib qoladi va yuqorida tilga olingan variant yuzaga kelishi mumkin.
YaNA ITALIYa: Chempionlar Ligasining to‘rtinchi ishtirokchisi kim bo‘ladi?
Ayni paytda “Yuventus”da 67, “Roma”da 66 va “Latsio”da 65 ochko mavjud bo‘lib, shulardan eng yaxshisi 4-o‘rinni qo‘lga kiritib, kelasi yili Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
25 may, yakshanba. 23:45.
YuVeNTUS – Venetsiya, Torino – ROMA, LATsIO – Lechche
“Yuventus” o‘z maydonida autsayderni yutsa kifoya, to‘rtinchi o‘rinni naqd qilib, yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Mabodo durang o‘ynaydigan bo‘lsa, “Roma”ning yutolmasligidan umid qilishi mumkin. Bu yerda “Latsio”ning g‘alabasi halaqit qilmaydi, zero u holda “Yuventus” bilan teng – 68 tadan ochko jamg‘arilganda, o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha turinliklarda ustunlik bor.
Eldor Shomurodovning kelasi mavsumda YeChL da o‘ynashi uchun “Roma” Turinda g‘alaba qozonishi, “Yuventus” esa g‘alaba qozona olmasligi kerak bo‘ladi. Rimliklar durang bilan ham to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin, lekin ehtimoli juda kam – buning uchun “Yuventus” 4 to‘p farqi bilan “Venetsiya”ga yutqazishi kerakki, bu faqat nazariy tomondan mavjud variant xolos.
“Latsio”ning ham Chempionlar Ligasiga chiqish imkoniyati bor. Buning uchun “Latsio” o‘z o‘yinini yutishi, shu bilan birga “Yuventus”ning yutqazishidan, “Roma”ning esa yuta olmasligidan umid qilishiga to‘g‘ri keladi.
ISPANIYa: Segundaga oxirgi nomzod
Yuqori o‘rinlar o‘tgan haftada taqsimlanib bo‘lindi. So‘nggi tur Yevropa Ligasi ishtirokchilaridan tashqari, yana bir muhimroq savolga javob beradi: qutqaruvchi 17-o‘rin kimga nasib qiladi?
Ayni damda “Espanol”da 39, “Leganes”da 37 ochko bor. O‘zaro o‘yinlar bo‘yicha “Leganes”da ustunlik ekanidan kelib chiqsak, kataloniyaliklar so‘nggi turda g‘alaba qozonishi shart. “Espanol” “Las Palmas”ni, “Leganes” esa “Valyadolid”ni qabul qiladi. Qizig‘i, har ikki raqib rasman Segundaga tushib ketib bo‘lgan.
24 may, shanba. 21:30.
ESPANOL – Las Palmas, LeGANeS – Valyadolid
GeRMANIYa va FRANsIYada finallar
24 may, shanba. 23:00. ARMINIYa – ShTUTGART
24 may, shanba, 23:55. PSJ – ReYMS
Bu finallardagi qiziq umumiylik bor – ham Germaniya, ham Fransiyaning quyi ligasida ishtirok etadigan jamoa kelasi mavsumda Yevropa Ligasida o‘ynashi mumkin. Gap shundaki, mamlakat kubogi uning egasida Yevropa Ligasida o‘ynash huquqini beradi. “Arminiya” Germaniyaning 3-ligasi vakili sanaladi va faqat bu mavsum ikkinchi ligaga ko‘tariladigan bo‘ldi. Fransiya finali ishtirokchisi “Reyms” esa bu mavsumda Liga 1 da o‘ynagan bo‘lsa-da, 16-o‘rinni olib quyi ligaga tushib ketdi. Shu o‘rinda “Shtutgart” ham Bundesligada 9-o‘rinni olib, Yevropa Ligasiga hali chiqa olmaganini ham ta’kidlash kerak. Agar jamoa finalni yutadigan bo‘lsa, ushbu yevrokubokka yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Aslida bu juftliklardagi asosiy masala – “PSJ”. Parijliklar Fransiya chempioniga aylanib bo‘lishgan, oy oxirida Chempionlar Ligasi finalida maydonga chiqishadi. Kubok finalidagi g‘alaba esa Enrike shogirdlariga trebl qilish imkoniyati saqlab qoladi.
ANGLIYa: Husanov Chempionlar Ligasida o‘ynaydimi?
Angliyada dastlabki ikki va so‘nggi uch o‘rin egalari allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan. “Manchester Siti” o‘z o‘rnida qolishi uchun safarda “Fulhem” bilan durang o‘ynasa kifoya. Shunda ortda kelayotgan uch jamoada ochkolar bo‘yicha “Siti”ga yetib olish ehtimoli mavjud bo‘lsa-da, quvib o‘tish uchun juda yirik hisobda yutishlariga to‘g‘ri keladi. “Nyukasl” 4, “Chelsi” 7, “Aston Villa” 17 to‘p farqi bilan. Angliyadan 5-o‘rin ham Chempionlar Ligasida o‘ynashini inobatga olsak, uchala ta’qibchining bunday hisoblarda g‘alaba qozonishi imkonsiz – demak durang to‘liq qoniqtiradi. Har xolda “Old Trafford”da “Villa” 17 gol urishiga ishonmasak kerak? Yo ishonamizmi?
Aslini olganda, “Manchester Siti” yutqazishi va 6-o‘ringa tushib ketishi ham Abduqodir Husanov istiqboli uchun yomon bo‘lmasdi ham. Chempionlar Ligasidan ko‘ra Yevropa Ligasida Pep Gvardiola ko‘proq rotatsiya qilishi va zaxiradagilarga ko‘proq imkon berishi kutsa bo‘ladi. Shunda Husanovda asosiy tarkibda tushish imkoniyati ko‘payarmidi? Albatta, undan ko‘ra yozda hamyurtimiz o‘zini yanada yaxshi tomondan ko‘rsatib, Gvardiolaning fikrini o‘zgartirishidan umid qilganimiz yaxshiroq.
25 may, yakshanba. 20:00.
Fulhem – MANCheSTeR SITI, Manchester Yunayted – ASTON VILLA, NOTTINeM FOReST – CheLSI, NYuKASL – Everton
Ko‘p masala Nottingemdagi o‘yinda hal bo‘ladi. Ha, hammasi “Nottingem Forest”ning qo‘lida emas. Nunu shogirdlari ham “Chelsi” ustidan g‘alaba qozonishi, ham “Nyukasl” va “Aston Villa”dan birining qoqilishidan umid qilishi kerak. “Nyukasl” o‘z maydonida “Everton”ni yuta olmasligi ishonish qiyin, ammo masalan finalda yutqazgan “Manchester Yunayted” so‘nggi turda bor imkoniyatini ishga solishi va “Aston Villa”dan ochko tortib olishi ham mumkin, kim biladi.
BONUS: “Oltin butsa” kimga nasib qiladi?
Viktor Gyokeresh aslida son bo‘yicha hech kim yetolmaydigan ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa-da, Portugaliya chempionati koyeffisenti pastroq – 1.5. Top ligalarda esa gollar soni ikki barobar ko‘paytiriladi. Shuning uchun so‘nggi turda maydonga tushadigan Kilian Mbappe va Muhammad Salohlarda real imkoniyat bor. Levandovski va Retegini bu ro‘yxatda qoldirgan bo‘lsak-da, ularning 5 gol urishiga ishonish qiyin.
24 may, shanba. 19:15. ReAL MADRID – Real Sosiyedad.
25 may, yakshanba. 20:00. LIVeRPUL – Kristal Pelas
Kilian Mbappega “Oltin butsa” uchun 1 gol kifoya. Shunda u ochkolari sonini 60 taga yetkazadi va “Sporting” hujumchisini quvib o‘tadi. Muhammad Saloh esa “Kristal Pelas” darvozasiga kamida 2 gol urishiga to‘g‘ri keladi. Bu raqobatda Mbappening imkoniyatlarini yuqoriroq baholash mumkin, zero so‘nggi paytlarda sport formasi va sermahsulligi nuqtai nazaridan ham fransuz yaxshi ko‘rinyapti. Mbappe oxirgi 5 o‘yinni golsiz tark etmadi va 8 gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Saloh esa mavsumning ikkinchi yarmida ko‘rsatkichlarini pasaytirib yubordi. U “LIverpul” libosidagi oxirgi o‘n uchrashuvda atigi bir gol muallifi bo‘ldi xolos.
Har ikki hujumchi o‘z faoliyati davomida hali bu sovrinni qo‘lga kiritishmaganini ham ta’kidlash kerak.
Sport
«Siti» ochko yo‘qotdi, «Arsenal» yana uzoqlashmoqda. Kun o‘yinlari
«MYu» bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynab yutqazdi, «Chelsi»da yirik g‘alaba.
«Brayton» – «Arsenal» 0:1
Gol: Saka, 9 (0:1)
«Brayton»: Verbryuggen, van Hekke, Boskali, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer (Veltman, 77), Baleba (Ayyari, 78), Gross, Hinshelvud (Uelbek, 69), Mitoma (Minte, 46), Gomes (Hauell, 77), Ryutter
«Arsenal»: Rayya, Moskera (Kalafiori, 64), Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Timber, Subimendi (Norgar, 80), Rays, Eze, Martinelli (Trossar, 60), Saka, Yokeresh (Havers, 59)
Ogohlantirishlar: Gomes, 52. Boskali, 80. Ferdi Kadio‘g‘li, 82. Ayyari, 90 – Moskera, 11
Turnir jadvali peshqadamlari o‘yin startida gol o‘tkazib yuborishiga bir baxya qoldi – Baleba jarima maydoni yaqinida to‘pni egallab oldi va uni darvozabon ustidan oshirib tashladi, ammo Gabriel bo‘sh darvozaga ketayotgan to‘pni to‘sib qoldi. Bir necha daqiqa o‘tib «Arsenal»ning o‘zi tezkor gol bilan hisobni ochdi. Sakaning zarbasidan keyin rikoshet Ferbryuggenni ilojsiz ahvolda qoldirdi. Bu gol g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi. O‘yinning qolgan qismida londonliklar hisobga qarab o‘ynadi va yakunda ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqni yetti ochkoga yetkazishdi.
«Manchester Siti» zaxiradagi bir o‘yinida uch ochko olgan taqdirda ham Mikel Arteta jamoasi turnir jadvalida o‘zini ancha qulay his qilishi mumkin.
«Manchester Siti» – «Nottinghem Forest» 2:2
Gollar: Semenyo, 31 (1:0). Gibbs-Uayt, 56 (1:1). Rodri, 62 (2:1). Anderson, 76 (2:2)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Geyi, Ayt Nuri (Husanov, 77), Mateus Nunes, Rodri, Bernardu Silva, Foden (Doku, 77), Sherki (Savio, 82), Holand, Semenyo
«Nottinghem Forest»: Sels, Milenkovich, Murilo, Kunya, Sangare, Anderson, Uilyams (Moratu, 90), Ayna, Gibbs-Uayt (Yyeyts, 90), Dominges (Hadson-Odoi, 63), Igor Jyezus (Avoniyi, 79)
Ogohlantirishlar: Sangare, 45. Murilo, 60. Milenkovich, 63. Sels, 90
Parallel o‘yinda «kanonirlar»ning titul uchun kurashdagi asosiy raqibi yarim soat davomida «Nottinghem» mudofaasini yorib o‘tishga urindi va nihoyat buni uddaladi: 31-daqiqada Geyi ham hujumga qo‘shildi, Sherki esa davomli fintlardan keyin to‘pni jarima maydoniga uzatdi, u yerda turgan Semenyo to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi. Faqat mezbonlar keyingi imkoniyatlaridan foydalana olishmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida avvaliga Igor Jyezus xavfli zarbasi bilan ogohlik qo‘ng‘irog‘ini chalgandi. Biroz o‘tib uning uzatmasidan keyin Gibbs-Uayt tomonida yo‘llagan zarbasi bilan Donnarummani dog‘da qoldirdi.
«O‘rmonchilar» Rodrining goliga ham javob qaytarishdi. Odatda himoyaviy ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladigan Anderson olis masofadan yo‘llagan kuchli zarba qarshisida «shaharliklar» posboni ojiz qoldi.
O‘yindagi asosiy drama final hushtagi chalinishi arafasida ro‘y berdi. Mezbonlar bir hujumning o‘zida bir necha bor zarba berishdi, dastlabki zarbalar himoyachilar to‘sig‘idan o‘tmadi, so‘nggisini esa Murilo deyarli darvoza chizig‘i ustida qaytarib yubordi.
Bu epizod yakunda chempionlik taqdirini o‘zgartirgan epizodga aylanishi mumkin.
«Aston Villa» – «Chelsi» 1:4
Gollar: Duglas Luis, 2 (1:0). Joao Pedro, 35 (1:1). Joao Pedro, 45+6 (1:2). Palmer, 55 (1:3). Joao Pedro, 64 (1:4)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Mings, Matsen, Kesh (Bogard, 46), Duglas Luis (Barkli, 63), Onana, Rodjyers, Buendiya (Sancho, 63), Beyli (Alisson, 63), Uotkins (Abraham, 72)
«Chelsi»: Yyergensen, Chaloba, Fofana (Kukurelya, 79), Hato, Gyusto (Lavia, 75), Jyeyms, Kaysedo, Fernandes (Adarabioyo, 79), Garnacho, Palmer (Santos, 85), Joao Pedro (Delap, 85)
Ogohlantirishlar: Kesh, 32. Rodjyers, 58. Uotkins, 68 – Joao Pedro, 54. Fernandes, 58
Chorshanba oqshomidagi markaziy uchrashuvda «Chelsi» tezkor gol o‘tkazib yubordi: Beylining darvozabon maydonchasiga oshirgan uzatmasini Duglas Luiz golga aylantirdi. Ammo birminghemliklarning braziliyalik futbolchisining bu goliga birinchi bo‘limning o‘zida londonliklar safidagi boshqa bir braziliyalik ikki bor javob qaytardi. Birinchi holatda Joao Pedro Gyustoning qanotdan uzatmasidan foydalanib, amalda bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.
Bo‘limga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada esa u Ensoning uzatmasini golga aylantirdi. Birminghemliklar ikkinchi bo‘limda ikkinchi golni urishgandi, ammo Uotkinsning tezkor qarshi hujumda urgan goli mikroskopik ofsayd holati tufayli bekor qilindi. Shundan keyin Palmer uchinchi golni urib, amalda o‘yin taqdirini hal qildi.
Qolgan daqiqalarda «Aston Villa» futbolchilari oldinga tashlanishdi, vaziyatlar yaratishdi, ammo yana gol o‘tkazib yuborishdi. Mezbonlar to‘liq kuch bilan oldinga tashlanishi natijasida «Chelsi» hujum chizig‘i vakillari katta bo‘sh hududlarga ega bo‘lishdi va navbatdagi qarshi hujumda Palmer Pedroning uchinchi goliga assistentlik qildi. Bu yirik g‘alabadan keyin Liam Rosenior shogirdlari turnir jadvalidagi vaziyatini yaxshilab oldi. Birinchidan, londonliklar bir kun oldin sensatsion ravishda «Vulverhempton»ga yutqazib qo‘ygan «Liverpul»dan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga o‘zib ketishdi. Ikkinchidan, endi to‘rtinchi o‘rindagi «Villa» bilan oradagi farq atigi uch ochkoni tashkil etmoqda.
«Nyukasl Yunayted» – «Manchester Yunayted» 2:1
Gollar: Gordon, 45+6 – penalti (1:0). Kazemiro, 45+9 (1:1). Osula, 90 (2:1)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Tiau, Byorn, Holl, Trippiyer, Tonali (Botman, 90+7), Joelinton, Remsi, Barns (Uillok, 46), Elanga (Myorfi, 84), Gordon (Osula, 85)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Yoro, Shou (Dalot, 61), Mazraviy (Malasia, 85), Kazemiro (Ugarte, 61), Maynu (Diallo, 76), Brunu Fernandesh, Kunya, Mbemo (Zirkze, 77), Sheshko
Ogohlantirishlar: Remsi, 26. Joelinton, 38. Trippiyer, 80 – Mbemo, 37. Shou, 39. Mazraviy, 64
Chetlatish: Remsi, 45 (ikkinchi sariq)
«MYu» besh yildan buyon «Sent-Jyeyms Park» o‘yingohida g‘alaba qozona olmayotgandi va bu safar ham jamoa katta qiyinchilikka uchradi. Xususan, mezbonlarning hujumlaridan birida Lammens o‘zini ayamasdan Jyeykob Remsining oyog‘iga tashlanishiga to‘g‘ri keldi. Raqib hujumchisi esa bu vaziyatda aktyorlik mahoratini ishga soldi va unga simulyatsiya uchun ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatildi. Lekin bir necha daqiqa o‘tib «Nyukasl» baribir penalti ishladi va Gordon hisobni ochdi.
Lekin son jihatdan ozchilik bir necha daqiqa o‘tib mehmonlar tomonidan ijro etilgan standart vaziyat vaqtida sezilib qoldi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan to‘qqizinchi daqiqada Kazemiro Brunu Fernandeshning uzatmasidan hisobni tenglashtirdi. Portugaliyalik bu orqali joriy mavsumdagi 14-assistni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi va 26 yil muqaddam Devid Bekhem tomonidan o‘rnatilgan klub rekordini takrorladi. Agar jamoadoshlari aniqroq harakat qilganida, raqib darvozasidagi Ramsdeyl esa bir necha bor qahramonlik ko‘rsatmaganida, Brunu bu rekordni yangilagan ham bo‘lardi. Ammo o‘yin oxirida «qarg‘alar» kiperi Zirkzening zarbasidan keyin «to‘qqizlik»ka ketayotgan to‘pni «olib chiqdi», zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Osula esa so‘nggi daqiqada g‘alaba golini urdi. Yosh forvard qarshi hujumda raqib himoyachilaridan tezkorroq harakat qildi va to‘pni olis burchakka aniq yo‘naltirib, Lammensni tomoshabinga aylantirdi. Bu Maykla Kerrik uchun «MYu» boshqaruvidagi ilk mag‘lubiyatga aylandi.
Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 paytidagi qarorgohini tanladi
Futbolchilar va murabbiylar shtabi mundial davomida Atlanta shahrida istiqomat qiladi va mashg‘ulotlarni «Atlanta Yunayted» klubiga qarashli bazada olib boradi.
Atlanta (AQSh) shahri jahon chempionati davomida O‘zbekiston milliy jamosi qarorgohi bo‘ladi, deb xabar berdi O‘FA.
Futbolchilar va murabbiylar shtabi mundial davomida Atlanta shahrida istiqomat qiladi va mashg‘ulotlarni «Atlanta Yunayted» klubiga qarashli bazada olib boradi.
Guruhdagi raqiblar – Portugaliya Palm Bich Gardensga, Kolumbiya esa Kolambus shahriga joylashadi.
Turnir davomida FIFA tomonidan 61 ta lokatsiya tanlangan bo‘lib, ular musobaqa ishtirokchilarining istiqomat qilishi va mashg‘ulot o‘tkazishi uchun mo‘ljallangan.
Qarorgohlar milliy jamoalar o‘yinlari o‘tkaziladigan shahar va stadionlar geografiyasidan kelib chiqib belgilanadi. Guruh bosqichi davomida ishtirokchilar boshqa shaharlarga maxsus charter reyslari orqali yetib borib, o‘yin yakunlangach o‘z qarorgohiga qaytadi.
JCh-2026 o‘yinlari AQSh, Kanada va Meksika stadionlarida 11 iyun – 16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida 17 iyun kuni Kolumbiya bilan Mexiko (Meksika) shahrida, 23 iyun kuni Portugaliya bilan Xyuston (AQSh) shahrida, 27 iyun kuni saralashdan o‘tgan jamoa (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) bilan Atlanta shahrida o‘ynaydi.
Sport
«Barsa» 3 ta javobsiz gol urdi, ammo finalga chiqolmadi
O‘yin davomida ikki futbolchisidan ayrilgan kataloniyaliklarga yana bitta gol yetmay qoldi. «Atletiko» uzoq kutilgan sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin.
Foto: Alex Caparros/Getty Images
«Barselona» – «Atletiko» 3:0
Gollar: Bernal, 29 (1:0). Rafinya, 45+5 – penalti (2:0). Bernal, 72 (3:0)
«Barselona»: Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu, Kunde (Balde, 13, Arauxo, 71), Pedri, Bernal, Fermin Lopes (Olmo, 64), Rafinya, Yamal, Torres (Reshford, 64)
«Atletiko»: Musso, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Liorente, Kardozo, Koke (Molina, 58), Lukman (Syorlot, 58), Simeone (Ximenes, 76), Grizmann, Alvares (Baena, 69)
Ogohlantirishlar: Olmo, 66. Joau Kanselu, 67. Yamal, 90 – Baena, 90
«Barselona» tarix yaratishga yaqin keldi: Ispaniya Kubogi yarimfinali javob uchrashuvida «Atletiko» 3:0 hisobida mag‘lub etildi, ammo kambek uchun yana bitta gol yetmay qoldi.
Birinchi o‘yinda 4 gol ustunligini yuzaga keltirgan Simeone jamoasi 2013 yildan buyon ilk bor Ispaniya kubogi finaliga chiqdi. Ammo u shogirdlari ko‘rsatgan o‘yindan qoniqish hosil qilgani dargumon.
«Barsa» tanaffusgacha ikkita gol urdi. Ammo Kundedan ayrildi
«Barsa» kutilganidek ilk daqiqalardan oldinga tashlandi. 13-daqiqadayoq jarohat tufayli Jyulya Kunde safdan chiqdi.
Ammo jamoa o‘yin tempini tushirmadi va bosim qilishda davom etdi: Ferran Torres ikkita yaxshi vaziyatdan foydalana olmadi, 29-daqiqada esa Lamin Yamal o‘zini ko‘rsatdi – u ikki raqibdan osonlik bilan qochib ketib, to‘pni darvozabon hududiga oshirdi, u yerda Mark Bernal barchadan ildamroq harakat qildi va deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.
Shundan keyin «Barsa» tempni biroz tushirdi. «Atletiko» bir necha qiziqarli hujumlar uyushtirdi: masalan, jamoaning yangi forvardi Ademola Lukman hisobni tenglashtirishga yaqin keldi. Ammo Simeone shogirdlari o‘z vaziyatlaridan foydalana olmadi, kataloniyaliklar esa tanaffus arafasida oradagi farqni ikkitaga oshirdi – Rafinya penaltini aniq ijro etdi.
11 metrlik jarima zarbasini esa Pedri ishladi: madridliklar himoyachisi Mark Pubil uni jarima maydoni ichida yiqitdi.
O‘yindan oldingi matbuot anjumanida Hansi Flik finalga chiqish uchun har bir bo‘limda ikkitadan gol urish vazifasi turgani haqida gapirgandi. «Barsa» vazifaning birinchi qismini bajardi.
Ikkinchi bo‘lim: ikkinchi jarohat, uchinchi gol va qo‘rqib ketgan Simeone
Ikkinchi bo‘limda «Barselona» uchinchi golni urishga qiynaldi. Jamoa qariyb yarim soat mobaynida Simeone jamoasining quyi blokini yorib o‘tishga behuda urindi.
71-daqiqada esa «Barsa»da ikkinchi majburiy o‘zgarish ro‘y berdi – birinchi bo‘limda Kunya o‘rniga tushgan Alexandro Balde o‘rnini Ronald Arauxoga bo‘shatib berdi. Biroz o‘tib kataloniyaliklar hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirishdi – va bu hujumda urugvaylik himoyachi raqiblardan birini o‘ziga jalb qildi va Bernal dublni rasmiylashtirishiga yordam berdi.
Vaziyat VAR orqali ko‘rib chiqilib, futbolchi ofsaydda emasligi tasdiqlandi va gol inobatga olindi.
«Barsa» kambek amalga oshirishiga yana bir gol qolgandi. O‘yinning so‘nggi qismini Simeone maydon chetida xavotir bilan kuzatishiga to‘g‘ri keldi.
«Atletiko» butun o‘yin mobaynida jarima maydoni atrofida himoyalandi va yakunda to‘rtinchi golni o‘tkazib yubormaslikni uddaladi.
«Barselona» turnirni chiroyli tarzda tark etdi. «Atletiko» esa 2013 yildan buyon ilk bor Ispaniya kubogini qo‘lga kiritish uchun harakatni davom ettiradi. Simeone shogirdlariga finalda «Real Sosiyedad» va «Atletik» juftligi g‘olibi raqib bo‘ladi.
Sport
FIFA prezidenti Meksika jahon chempionatini qabul qilishga tayyorligiga ishonch bildirdi
Infantino bayonoti Meksika xavfsizlik kuchlarining «Yangi avlod Xalisko» karteli rahbariga qarshi operatsiyasi tufayli yuzaga kelgan zo‘ravonliklar fonida yangradi.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino so‘nggi paytlarda mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Meksikaning 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish salohiyatiga to‘liq ishonishini aytdi.
Infantinoning ta’kidlashicha, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng, mezbon mamlakatga «to‘liq ishonch» bildirgan va rejalashtirilgan barcha o‘yinlar jadvalga muvofiq o‘tishini ta’kidlagan. Meksika AQSh va Kanada bilan birgalikda final turnirining 13 ta o‘yiniga mezbonlik qiladi.
FIFA rahbarining bayonoti Meksika xavfsizlik kuchlarining «Yangi avlod Xalisko» karteli rahbariga qarshi operatsiyasi tufayli yuzaga kelgan zo‘ravonlik fonida yangradi, bu esa bir qator mintaqalarda, jumladan, bo‘lajak chempionat stadionlari joylashgan shtatlarda to‘qnashuvlarga olib keldi.
Infantino vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlab, Meksikadagi o‘yinlarni tashkil etish «muammosiz» o‘tishiga va tarixdagi eng keng ko‘lamli va inklyuziv jahon chempionatining bir qismi bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Meksika rasmiylari, shuningdek, muxlislar, jamoalar va turnir mehmonlari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganiga ishontirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etishga tayyorlanmoqda va o‘yinlardan birini 17 iyun kuni Meksika poytaxti Mexiko shahridagi «Atsteka» stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazishi kerak.
JCh-2026 o‘yinlari AQSh, Kanada va Meksika stadionlarida 11 iyun – 16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Sport
«Real» sensatsion ravishda yutqazdi
Alonsoni bo‘shatish va o‘rniga Arbeloani olib kelish xato tanlov bo‘lib chiqdi. Madridliklar «Osasuna» ortidan «Xetafe»ga ham mag‘lub bo‘ldi. «Barselona» bilan oradagi farq oshmoqda.
«Real» – «Xetafe» 0:1
Gol: Satriano, 39 (0:1)
«Real»: Kurtua, Alaba (Karvahal, 55), Ryudiger, Karreras, Aleksandr-Arnold (Hausen, 55), Tshuameni (Dias, 87), Pitarch (Rodrigu, 55), Arda Guler (Mastantuono, 69), Vinisius Junior, Valverde, Garsiya
«Xetafe»: Soriya, Boseli, Duarte, Romero, Riko, Iglesias, Milya, Arambarri, Satriano (Abkar, 90+1), Kiko Femeniya (Liso, 58), Vaskes (Martin, 69)
Ogohlantirishlar: Hausen, 68. Tshuameni, 71. Vinisius Junior, 90. Karreras, 90 – Kiko Femeniya, 8. Arambarri, 35. Riko, 64. Liso, 79. Satriano, 84
Chetlatish: Mastantuono, 90. Liso, 90 (ikkinchi sariq)
Ispaniya Superkubogi uchun bahsda yutqazgan va Ispaniya kubogini erta tark etgan «Real» Ispaniya chempionatidagi vaziyatini ham og‘irlashtirdi – jamoa la liganing bu mavsumida ilk bor qatorasiga ikki o‘yinda yutqazdi. O‘tgan turda «Osasuna» maydonidan mag‘lub bo‘lgan Alvaro Arbeloa shogirdlari uyda «Xetafe»dan ham ochko ololmadi.
Jamoa to‘purari Kilian Mbappening tizzasidagi jarohat jiddiy bo‘lib chiqdi va u yana kamida bir oy jamoaga yordam bera olmaydi. Arbeloa uning o‘rniga hujum markazida Gonsalo Garsiyani o‘ynatmoqda. Shuningdek, Bellinghem va Kamavinganing jarohati klubning boshqa bir tarbiyalanuvchisi – 18 yoshli Tiyago Pitarchga asosiy tarkib uchun yo‘l ochdi.
«Real» ilk daqiqalardan to‘pga egalik qildi va pozitsion hujumlar uyushtirdi, «Xetafe» chuqur himoyalandi: mehmonlar o‘z uslubidan chekinmasdan, yakkakurashlarga e’tibor qaratdi, ko‘p fol ishlatdi va to‘pni shunchaki uzoqlashtirish bilan shug‘ullandi. Maydonda har bir to‘p uchun kurash kechdi. 26-daqiqada esa Antonio Ryudiger va Diyego Riko o‘rtasidagi epizod mezbonlar son jihatdan ozchilik bilan yakunlanishi mumkin edi: «Real» himoyachisi yerda yotgan raqibi ustiga o‘zini tashladi va ochiqchasiga tizzasi bilan uning jag‘ qismiga zarba berdi. Hakam vaziyatni e’tiborsiz qoldirdi.
39-daqiqada esa mehmonlar kutilmaganda hisobni ochishdi. Shu qishda «Lion»dan ijaraga olingan forvard Martin Satriano jarima maydoni atrofida to‘pga ega chiqdi va uni to‘xtatmasdan yaqin to‘qqizlikka yo‘lladi. Kurtua joyidan qimirlashga ulgurmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Arbeloa uchtalik almashtirish amalga oshirdi: Pitarch, Alaba va Trent o‘rniga Rodrigo, Hausen va Karvahal tushirildi. Madridliklar ko‘plab golli vaziyatlar yaratishdi, ammo mehmonlar himoyachilari va darvozabon ishonchli harakat qildi. «Xetafe» to‘liq himoyalandi va minimal ustunlikni o‘yin oxirigacha saqlab qoldi.
O‘yinning so‘nggi qismida Arbeloa maydon chetida turib, o‘z futbolchilari asabini jilovlay olmasdan, energiya va vaqtini behuda sarflashini shunchaki kuzatib turdi. Bu daqiqalarda «Xetafe» maydonning raqib darvozasi joylashgan qismidan umuman ketmadi, chunki «Real» futbolchilari jarima maydoni atrofida ketma-ket fol ishlatishdi, mehmonlar esa bundan foydalanib, vaqt cho‘zishdi.
Murabbiy futbolchilariga provokatsiyaga berilmaslik haqida kerakli ko‘rsatmalarni bermadi va bu yakunda Mastantuono qizil olishi bilan yakunlandi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida esa murabbiy yana bir bor barcha aybni o‘z zimmasiga olish bilan cheklandi va amalda yanvarda Habi Alonso iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga o‘zi tayinlangani xato qaror bo‘lganini tan oldi.
Bu mag‘lubiyat «Real»ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlariga jiddiy zarba bo‘ldi. Madridliklar ikki tur oldin «Barselona»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa chiqib olgandi, endi esa peshqadamdan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda. La Liga oxirigacha yana 12 tur bor.
Chempionlar ligasida ham vaziyat yaxshi emas: jamoa guruh bosqichidan to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-offga o‘ta olmadi va qo‘shimcha ikki o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Natijada pley-offda qiyinroq raqibga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keladi: qur’a yana bir bor «Manchester Siti»ni raqib qilgan.
Statistika
● «Real» La Ligada qatorasiga ikkinchi bor yutqazdi. Jamoa o‘tgan turda «Osasuna»dan mag‘lub bo‘lgandi.
● «Real» yil boshidan buyon ilk bor maydonni golsiz tark etdi. Natijada madridliklarning 18 o‘yindan iborat golli o‘yinlar seriyasi yakunlandi. Jamoa so‘nggi bor o‘tgan yil 7 dekabrida «Selta»ga qarshi o‘yinda gol urolmagandi (0:2).
● «Bernabeu»da 7 o‘yindan iborat g‘alabali seriya yakunlandi. «Real» dekabrda «Selta» va «Manchester Siti»ga qarshi mag‘lubiyatlardan keyin o‘z maydonidagi shuncha o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozongandi.
● «Real» «Xetafe»ga qarshi so‘nggi 9 o‘yinda ilk bor ochko yo‘qotdi. Ushbu jamoaga qarshi g‘alabali seriya 2022 yildan buyon davom etayotgandi.
● «Xetafe» bosh murabbiyi Pepe Bordalas o‘z faoliyatida ilk bor «Real»ni mag‘lub etdi. U bunga 17-o‘yinda erishdi, bungacha u jamoasi boshqaruvida 14 o‘yinda yutqazib, 2 bor durang qayd etgandi.
-
Iqtisodiyot3 days agoYanvarda tashqi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollarga oshdi
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiya Eron chegarasida bir kunlik sayohatlar toʻxtatilganini eʼlon qildi
-
Siyosat3 days agoEnergetika vazirligi 1 martdan tabiiy gaz narxi oshishi haqidagi mish-mishlarni rad etadi
-
Iqtisodiyot3 days agoTaxiatosh IES davlat ixtiyoriga qaytariladi
-
Jamiyat3 days agoTurkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgani taxmin qilinmoqda
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Siyosat1 day agoPrezident Mirziyoyev pedofillarga umrbod qamoq jazosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning hukmron partiyasi 10% virtual valyuta daromad solig’ini taklif qilmoqda
