Sport
«Real» Karlo Anchelotti ketishini e’lon qildi
Italiyalik mutaxassis «Real» bosh murabbiyi sifatidagi so‘nggi o‘yinni 24 may kuni Ispaniya chempionati oxirgi turi doirasida «Real Sosedad»ga qarshi Madridda o‘tkazadi.
Karlo Anchelotti Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi lavozimini tark etadi. Tegishli bayonot klub rasmiy saytida e’lon qilindi.
Italiyalik mutaxassis «Real» bosh murabbiyi sifatidagi so‘nggi o‘yinni 24 may kuni Ispaniya chempionati oxirgi turi doirasida «Real Sosedad»ga qarshi Madridda o‘tkazadi.
«Karlo Anchelotti «Real» abadiy tarixining bir qismi bo‘lib qoladi. Biz unga ajoyib yutuqlari va klub qadriyatlarining benuqson timsoli uchun minnatdorchilik bildiramiz», dedi klub prezidenti Florentino Peres.
65 yoshli Anchelotti 2021 yildan buyon «Real»ni boshqarmoqda, bungacha klubda 2013 yildan 2015 yilgacha ishlagan. Uning rahbarligida jamoa uch marta Chempionlar Ligasi, ikki marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, shuningdek, boshqa ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan, jumladan, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va UYeFA Superkubogini. U 15 ta sovrin bilan «Real» tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy hisoblanadi.
Avvalroq, Braziliya futbol konfederatsiyasi (CBF) Anchelotti milliy jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanganini e’lon qilgan edi.
Oldinroq, ommaviy axborot vositalari ispaniyalik Xabi Alonso «Real»ning yangi bosh murabbiyi bo‘lishi haqida yozgan edi.
Sport
PSJ va «Bavariya» futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi
Orangizda futbol muxlislari bo‘lsa, 28 aprelni kalendaringizda futbol tantana qilgan kun deb belgilab qo‘yavering, kecha tunda Parijda tarixiy o‘yin bo‘ldi. Dunyoning eng kuchli ikki jamoasi pragmatizm, natija, taktika degan narsalarni bir chekkaga yig‘ishtirib, shunchaki futbol o‘ynashdi.
Maydonda xuddi million-million dollar maosh oladigan, gardanida millionlab muxlislar oldida mas’uliyati bor professional futbolchilar emas, qo‘shni qishloq jamoasiga yutqazib qo‘ysa, qishloqqa qaysi yuz bilan qaytish haqida o‘ylayotgan bo‘zyigitlar o‘ynayotgandek bo‘ldi. Parijda natija asosiga qurilgan zamonaviy futbol 90 daqiqa davomida ikki buyuk jamoaning takrorlanmas o‘yiniga ta’zim qildi. Shunchalik zo‘r o‘yin bo‘ldiki, ikki jamoa murabbiylari bir-birlarini tabriklashdi, chunki maydondagi yigitlar, biri maydon chetida, bir tribunada o‘tirgan ikki daho murabbiy Parijda futbolning sha’ni uchun jang qilib, ikkovi ham g‘olib bo‘ldi.
Hamma narsa bo‘ldi
Men o‘yin xronologiyasiga to‘xtalmoqchi emasman, futbol muxlislari uni allaqachon bir necha martalab ko‘rib olishgandir. So‘zimiz avvalida Parijdagi o‘yinni futbol uchun jang deb atadik. Chunki oxirgi vaqtlarda futbol an’analari buzilib ketdi, natija hamma narsadan ustun bo‘lib qoldi, jamoalar natija bosimi sabab juda pragmatik, hisobni ushlashga asoslangan o‘yinlar qila boshlashdi. Kap-katta jamoalar uyalmay burchak zarbalaridan urilgan gollarni asosiy qiroliga aylantirib oldi. Nega desangiz, «natija!», deb javob berishadi. Axir natija futbolchining hayotini belgilab beradigan omilga aylanib qoldi.
Kiyishga butsasi ham yo‘q oddiy braziliyalik yigit Yevropaga kelib sinov o‘yinida hammani aldab o‘tsa, to‘pni boshida 500 marta janglyor o‘ynatsa ham, murabbiylar undan «Yana nechtasini aldab o‘ta olasan?», deb emas, «Taktikani qanday tushunasan?», deb so‘raydigan bo‘lishdi. Braziliyada butun qishlog‘ini aldab gol urib yurgan boladan Yevropada Peledan me’ros jinga uslubida futbol o‘ynashni so‘rashmayapti, tayanch zonasi va markaziy himoyachilar o‘rtasidagi bo‘shliqdan foydalanishni, raqib hujum qilayotganda uni qanday qilib sun’iy ofsaydda qoldirishni, 4-2-3-1 taktikasida qaysi chiziqlardagina o‘ynashi mumkinligini o‘rgatishmoqda. Pelening me’rosxo‘rlaridan biri Vini Junior ham ana shu taktika domiga tushib futbolchilarni aldamay qo‘ydi. Futbolda Neymarlar chiqmayapti, bu ajoyib o‘yinning jozibasi yo‘qoldi, taktika atalmish qobiq uni borgan sari zerikarli o‘yinga aylantirib qo‘ydi.
To‘g‘rida, taktika natija keltirish ehtimoli yuqori, taktika yordamida o‘sha jinga usulida o‘ynaydigan braziliyalikni oson to‘xtatish mumkin. Natija hamma narsadan muhim, natija bo‘lmasa pul yo‘q, pul bo‘lmasa, kun o‘tmaydi. Chempionatlarda mukofot jamg‘armalari ham natijaga qarab taqsimlanadi – yashasin taktika, yashasin natija!
Kecha PSJ va «Bavariya» xuddi zamonaviy futbol an’analariga isyon qilgandek maydonga tushib, butun dunyoni lol qoldirdi. O‘yinda hamma narsa bo‘ldi: qanotdan yorib kirib urilgan gol kerakmi? Marhamat, Xvicha ikki martalab urdi. Bo‘yi «ikki qarich» Nevesh bosh bilan gol urdi, Xarri Keyn inglizcha sovuqqonlik bilan portlay deb turgan stadion hayqirig‘ini eshitmagandek penaltidan gol urdi, bonusiga maydon markazidan golli uzatma amalga oshirdi. Olise brazilchasiga hammani aldab gol urdi. Hammasi to‘kis bo‘lishi uchun Upamekano standartdan keyin bosh bilan gol ham urib berdi, mayli, Yevropacha goldan ham bo‘lsin degandek. Xullas, Manu Noyyerning seyvlaridan boshqa hamma narsa bo‘ldi kechagi o‘yinda. «Bavariya»ning to‘rtinchi golini hisoblarkan bosh hakam ham beixtiyor kulib qo‘ydi, «Qanday o‘yinnib boshqaryapman-a!», degani edi bu.
Bugun dunyo futbol oilasi shu o‘yinni muhokama qildi, hamma undan zavqlanganini aytdi. Qizig‘i, hech kim PSJ g‘olib bo‘lganiga e’tibor bermadi, chunki Bavariya mag‘lub nomiga munosib emasdi. Kimsan Erling Holand chidolmay o‘z sahifasida «Qanday ajoyib o‘yin», deb yozib yubordi. Kecha ikki katta kuchlanishli tok ulangan simlar tutashib ketdi, portlash ovozini butun dunyo eshitdi. Vensan Kompanining «Bavariya»si «Real»ni bejizga chiqarib yubormaganini isbotladi, PSJ esa Luis Enrike bilan ko‘z o‘ngimizda buyuk jamoaga aylanib borayotganini ko‘rsatdi. Parijliklar nihoyat to‘g‘ri murabbiy topib, futbolchilarni Instagram’dagi o‘quvchilar soniga qarab emas, mahoratiga qarab tanlay boshladi. Natija shunchaki fantastik.
Bu gapni yana takrorlashdan charchamayman, PSJ va «Bavariya» taktika domiga tortib borayotgan zamonaviy futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi. Yomoni – o‘yin atigi 90 daqiqada tugab qoldi, lekin yupanch uchun juda zo‘r fakt bor, shubhasiz, dunyoning ayni damdagi eng kuchli ikki jamoasi ekanini isbotlagan PSJ va «Bavariya» keyingi hafta Myunhenda yana bir o‘yinda maydonga tushadi.
Aytgancha, YeChLda hali yarimfinal, bu daholardan biri tushib ketadi. Yarimfinalning narigi juftligida butkul boshqacha jamoalar uchrashadi: biri «burchak zarbalari qiroli», biri maydonni «avtobus parkiga» aylantira olishidan faxrlanadigan janubiy amerikalik «bezorilar jamoasi»…
Sport
Superliga. «Paxtakor» ochko yo‘qotdi, «Neftchi» yana peshqadam bo‘lib oldi
Superligada 10-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Paxtakor» gollarga boy o‘yinda «Nasaf»ni mag‘lub etolmadi. Toshkentliklarning ochko yo‘qotishidan «Neftchi» unumli foydalanib, birinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Bunyodkor» «Navbahor»ni yengib, uchinchi o‘rindan tushirib yubordi.
27-29 aprel kunlari Superligada 10-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
PAXTAKOR 2:2 NASAF
Gollar: Hojiakbar Alijonov , 42 (1:0), Sardor Bahromov, 56 (1:1), Flamarion, 90+2 pen (2:1), Bobur Abduholiqov, 90+3 (2:2)
Chetlatish: Quvonchbek Xushvaqtov, 89 (Nasaf)
«Paxtakor» o‘z maydonida «Nasaf» bilan o‘ynadi. Bahs gollarga va hodisalarga boy tarzda o‘tdi. Peshqadam ikki marta hisobda oldinda borayotganiga qaramay, g‘alabani ushlab qololmadi. «Paxtakor» so‘nggi daqiqalarda penaltidan gol urgach, 3 ochkoni oladigandek ko‘rindi, ammo «Nasaf» kuchli iroda namoyish etib, Bobur Abduholiqov goli evaziga hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Oqibatda «Paxtakor» jadvaldagi peshqadamlikni boy berdi.
NeFTChI 4:0 QO‘QON-1912
Gollar: Zoran Marushich, 4 (1:0), Ratino, 6 (2:0), Xurshid G‘iyosov, 46 (3:0), Xurshid G‘iyosov, 55 (4:0)
Chetlatish: Javohir Siddiqov, 42 (Qo‘qon-1912)
«Neftchi» Farg‘ona derbisida «Qo‘qon-1912»ni ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Mezbonlarga tezkor gollar va raqibning bir futbolchi kam bo‘lib qolishi ham qo‘l keldi. Xurshid G‘iyosov o‘yinda ikkita gol sohibi bo‘ldi. Bu g‘alaba «Neftchi»ga yana yakka peshqadam bo‘lib olishiga imkon berdi. Jamoa «Paxtakor»dan 2 ochkoga o‘zib ketdi.
BUNYoDKOR 2:1 NAVBAHOR
Gollar: Shohmalik Komilov, 2 (0:1), Matia Krivokapich, 28 (1:1), Matia Krivokapich, 58 (2:1)
«Bunyodkor» o‘z maydonida «Navbahor»ni irodali tarzda mag‘lub etdi. Namanganliklar dastlabki daqiqalarda hisobni ochgan edi. Ammo keyinchalik mezbonlar chernogoriyalik Matia Krivokapich gollari evaziga g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Bu g‘alabadan keyin «Bunyodkor» 19 ochko to‘plab, «Navbahor»dan o‘zdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
MASh’AL 0:1 BUXORO
Gol: Sherzod Esanov, 86 (0:1)
Chetlatish: Rashid Abubakar, 66 (Mash’al), Asadbek Jo‘raboyev, 76 (Buxoro)
«Mash’al» qatorasiga 10-o‘yinni yutqazdi. «Buxoro» anchagacha mezbonlar qarshiligini sindira olmadi. Faqat so‘nggi daqiqalarda urilgan gol buxoroliklarga 3 ochko keltirdi.
OKMK 2:1 LOKOMOTIV
Gollar: Sardor Mirzayev, 54 (0:1), Avazbek O‘lmasaliyev, 72 (1:1), Nodirbek Abdurazzoqov, 90+1 (2:1)
OKMK o‘z maydonida irodali tarzda «Lokomotiv»ni yengdi. Mehmonlar o‘yin yakuniga 20 daqiqa qolganida hisobda bir gol farqi bilan oldinda edi. Ammo OKMK nafaqat hisobni tenglashtirdi, balki so‘nggi daqiqalarda Nodirbek Abdurazzoqov goli evaziga g‘alabani ilib ketdi.
ANDIJON 2:1 DINAMO
Gollar: Anvar Hojimirzayev, 52 (0:1), Imeda Ashortia, 80 (1:1), Damir Temirov, 82 (2:1)
Chetlatish: Anvar Hojimirzayev, 90+5 (Dinamo)
«Andijon» o‘z maydonida «Dinamo» bilan o‘ynadi va 2 daqiqa ichida burilish yasadi. «Dinamo» Anvar Hojimirzayev goli evaziga hisobda oldinda edi, ammo o‘yin yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida «Andijon» ketma-ket ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Imeda Ashortia va Damir Temirov gollari mezbonlarga g‘alaba keltirdi.
SO‘G‘DIYoNA 5:2 SURXON
Gollar: Lyupcho Doriyev, 11 (1:0), Islom Qobilov, 15 (2:0), Zoir Jo‘raboyev, 53 (3:0), Feysal Mulich, 61 (4:0), Xumoyun Sherbo‘tayev, 73 (4:1), Stefen Chinedu, 76 (4:2), Aleksandr Bolevich, 89 (5:2)
Eng sermahsul o‘yin Zominda o‘tkazildi. «So‘g‘diyona» «Surxon»ni yirik hisobda yengdi. Mezbonlarning 4 ta goliga legionerlar mualliflik qildi. Bu «So‘g‘diyona»ning mavsumdagi ikkinchi g‘alabasi bo‘ldi va jamoa jadvaldagi o‘rnini biroz yaxshilab oldi.
QIZILQUM 0:0 XORAZM
Chetlatish: Yanis Leri, 65 (Xorazm)
Jadvalda yonma-yon ketayotgan klublar o‘yinida hisob ochilmadi. Mezbonlar so‘nggi yarim soatni bir futbolchi ko‘p bo‘lib o‘tkazdi. Ammo «Xorazm» durang natijani ushlab qolishga erishdi.
10-turdan keyin Superliga jadvali
11-tur o‘yinlari
2 may
DINAMO – MASh’AL
BUXORO – SO‘G‘DIYoNA
3 may
OKMK – NeFTChI
QO‘QON-1912 – BUNYoDKOR
SURXON – PAXTAKOR
4 may
XORAZM – ANDIJON
LOKOMOTIV – QIZILQUM
NASAF – NAVBAHOR
Sport
FIFA JCh-2026 ishtirokchilariga to‘lanadigan mukofotlarni oshirdi
Qaror Vankuverda bo‘lib o‘tgan FIFA Kengashi yig‘ilishida qabul qilindi.
FIFA 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadigan mamlakatlarga 871 million dollar ajratilishini ma’lum qildi. Tegishli qaror Kanadaning Vankuver shahrida yig‘ilgan FIFA Kengashida tasdiqlandi.
Kengash turnirda ishtirok etuvchi 48 ta jamoa o‘rtasida taqsimlanadigan sovrin jamg‘armasini 15 foizga oshirib, jami 871 million dollarga yetkazishni ma’qulladi.
Jumladan,
– har bir jamoaning turnirga tayyorgarlik ko‘rishi uchun subsidiya 1,5 million dollardan 2,5 million dollarga oshiriladi;
– saralashdan o‘tganlik uchun mukofot pullari 9 million dollardan 10 million dollarga oshiriladi;
– qo‘shimcha ravishda jamoalar delegatsiyasining yashashi uchun subsidiya oladi, shuningdek, barcha ishtirokchilar uchun taxminan 16 million dollar miqdorida kengaytirilgan chiptalar kvotasiga ega bo‘ladi.
JCh-2026 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda birinchi marta unda ishtirok etadi.
Sport
U-17 Jahon chempionati o‘tkaziladigan sana ma’lum qilindi
FIFA 2026-yilgi U-17 Jahon chempionati sanasini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasidagi mundial Qatar yashil maydonlarida joriy yilning 19-noyabridan 13-dekabriga qadar bo‘lib o‘tadi.
Musobaqada jami 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Osiyo qit’asidan 8 ta jamoa, ya’ni U-17 Osiyo kubogi chorak final ishtirokchilari Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqishadi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kunlardan so‘ng Jidda shahrida U-17 Osiyo kubogi musobaqasi start oladi. O‘zbekiston U-17 terma jamoasi guruh bosqichidagi ilk uchrashuvini 6-may sanasida o‘tkazishi belgilangan edi. Biroq KXDR musobaqada ishtirok etmasligi ma’lum bo‘lgach, jamoamiz birinchi o‘yinini 10-may kuni Hindistonga qarshi o‘tkazadi.
Sport
Finaldan oldingi final. «PSJ» va «Bavariya» tarixiy o‘yin o‘tkazdi
YeChL yarimfinali doirasida Parijda «PSJ» va «Bavariya» klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 9 ta gol urildi. Spors.ru portali tahlilchilari Vadim Lukomskiy va Artyom Denisov bunchalik ko‘p gol qayerdan kelganini ko‘rib chiqishdi.
«PSJ» – «Bavariya» 5:4
Gollar: Keyn, 17 – penalti (0:1). Kvaratsxeliya, 24 (1:1). Joau Nevesh, 33 (2:1). Olise, 41 (2:2). Dembele, 45+5 – penalti (3:2). Kvaratsxeliya, 56 (4:2). Dembele, 58 (5:2). Upamekano, 65 (5:3). Dias, 68 (5:4)
«PSJ»: Safonov, Markinios, Pacho, Nunu Mendesh (Ernandez, 84), Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh, Zair-Emeri (Ruis, 64), Kvaratsxeliya (Mayulu, 84), Due (Barkolya, 70), Dembele
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Deyvis (Laymer, 46), Stanishich, Kimmih, Pavlovich (Jyekson, 90+3), Musiala (Goretska, 79), Dias, Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Markinios, 12. Ruis, 77. Hakimi, 80
Ajoyib realizatsiya: Xvicha – asosiy master
Jamoalarning juda yuqori statistika namoyish etishdi: «PSJ»da xG – 1,89, «Bavariya»da – 2,52. Ikki jamoaga jami 4,5 xG – bu ko‘p, ammo amaldagi gollar yanada ko‘proq bo‘ldi.
Yanada yorqinroq fakt: «PSJ» darvoza sohasi tomon besh bor zarba yo‘lladi. Barcha zarbalar golga aylandi. Opta xabariga ko‘ra, YeChL pley-offida darvozabon o‘yinda birorta seyv amalga oshirmasdan beshta gol o‘tkazib yuborgan holat 2000 yilda kuzatilgan: chorakfinalda «Chelsi» darvozaboni Ed de Guy «Barselona»ga qarshi o‘yinda shunday statistika qayd etgan. Bu Manuel Noyyer uchun juda yomon oqshomga aylandi, lekin uni o‘tkazilgan gollarda ayblash ham qiyin, uning to‘pni oldinga uzatishdagi noaniq harakatlari ko‘proq hayron qoldirdi.
Xvicha Kvaratsxeliya shu oqshom Noyyer uchun dahshatli tushga aylandi. Gurjistonlik vinger ikki bor zarba berib, ikki gol urdi. Ayniqsa birinchi gol chiroyli chiqdi: u Yosip Stanishichning ortida ochilib, Dezire Duening pasini qabul qildi va to‘pni o‘ngga olib o‘tib, olis burchakka ideal zarba yo‘lladi – to‘p ustunga tekkan holda darvoza to‘riga kirib ketdi.
Xvicha pley-offda barcha raqiblarga dahshat solmoqda: u deyarli har o‘yinda golli harakat amalga oshirmoqda (7+2) – faqat «Monako» o‘tish o‘yinidagi javob o‘yinida undan jabr ko‘rmagan.
«Bavariya»da esa Luis Dias ajralib turdi: to‘rtinchi gol urilgan vaziyatda u yuqoridan uzatmani ofsaydga tushmagan holda qabul qilib oldi va aldamchi harakat bilan Markiniosni yo‘ldan olib, olis burchakka kuchli zarba berdi.
Umuman, shu kuni Markinios Diasga ortiqcha qiyinchilik tug‘dira olmadi. Braziliyalik himoyachida yoshib o‘tib borayotgani sezilmoqda va u boshqa o‘yinlarda ham Ashraf Hakimi oldinga chiqib ketganida himoyaning o‘ng tomonini yolg‘iz yopa olmayapti. Uning Dias bilan duellaridan kamida bittasi «Bavariya»ning goliga olib kelgani ajablanarli emas.
Darvozabonlar qutqara olmagani – fakt, ammo, o‘yindagi to‘qqiz goldan faqat bittasida darvozabonga savol tug‘ilishi mumkin – Maykl Olise birinchi bo‘limda hisobni tenglashtirganida Matvey Safonov tavakkaliga o‘ng tomonga sakradi, to‘p esa markazdan bordi.
Standart vaziyatlar: 174 santimetrlik Nevesh yana boshi bilan gol urdi
«Bavariya» ham, «PSJ» ham YeChLda standart vaziyatlardan bir o‘yinda o‘rtacha 0,50 gol urib keladi. Ya’ni ularning o‘zaro o‘yinida gollardan kamida bittasi standart vaziyatdan urilishini kutish mumkin edi. Amalda esa ikki jamoa shunday vaziyatlardan bittadan gol urdi.
Avvaliga 174 santimetr bo‘yga ega Joau Nevesh bosh bilan burchakka aniq zarba yo‘lladi. Bu uning fishkasi hisoblanadi – u o‘tgan mavsumda ham ikki bor boshda shunda gollar urgandi, bu mavsumda ham ikkinchi golini urmoqda.
O‘tgan mavsumda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda Nevesh markazda emas, himoyachilar ortiga ochilgandi. To‘p olis ustun tomon yetib borgan va hech kim qo‘riqlamayotgan Nevesh darvozani ishg‘ol etgandi.
Bu mavsumda «PSJ» yangi strategiyani qo‘llab ko‘rdi: Nevesh to‘p oshirilganida jarima maydoni markazidan yaqin ustun tomon yurdi va ta’qibchisidan ildamroq harakat qilib, zarba berdi. Bu kuzda «Lion»ga qarshi o‘yinda ish bergandi va endi «Bavariya»ga qarshi o‘yinda ham ish berdi.
Dayo Upamekanoning goli esa «Bavariya»ning odatiy ishlanmasi emasdi. Myunxenliklar odatda burchak zarbalaridan ko‘proq gol urishadi. Bu safar esa jarima zarbasidan oshirilgan to‘p himoyachining boshi orqali darvoza to‘riga borib tushdi.
Upamekano uchun bu mavsumdagi ikkinchi gol, birinchisi ham standart vaziyatdan, ammo burchak zarbasi orqali urilgandi.
Bu safar u to‘p oshirilayotganida tezlikni oshirib, to‘pga yetib bordi. Kimmihning uzatmasi ham ideal chiqdi.
Qarshi hujumlar – har ikki jamoa uchun superqurol
Xvicha, Dembele va Due Dias, Keyn va Olisega qarshi!
Ikki trio ham bo‘sh zonalarda harakatlanish bo‘yicha ajoyib sifatlarga ega. Ularda barcha komponentlar mavjud: katta tezlik, to‘pni ritmni yo‘qotmagan holda olib borish, bir-birini yaxshi tushunish va qanday ochilish yaxshiroq bo‘lishini to‘g‘ri topa olish.
Parijliklar va myunxenliklarning uchligi doim ham qarshi hujumlarda jazolash imkoniyatiga ega bo‘lishmadi. Lekin shunday imkoniyat tug‘ilganida bu borada raqiblarga dars o‘tib qo‘yishadi. Jamoadagi laterallar ham bunda yordam beradi.
Masalan, «PSJ»da qarshi hujumlardagi standart amaliyot – hujumkor uchlik bilan qo‘shimcha futbolchi oldinga borishi. Quyidagi kartinada bu vazifada Ashraf Hakimini ko‘rish mumkin.
«Bavariya» sxemasida esa Jamal Musiala oldindagi uchlikka juda yaqin joylashgandi, shu tufayli qarshi hujumlarda oldingi chiziq vakillari yetarlicha songa ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, mehmonlarda pressing orqali to‘pni olib qo‘yganda, «PSJ»ning mudofaa saflari buzilib ketishidan ham foydalanib, qanot himoyachilari ham navbatma-navbat hujumga qo‘shildi. Birinchi holatda Yosip Stanishich.
Keyin esa Alfonso Devis.
Kontrpressing ishlamadi
Parijdagi o‘yinda jamoalarning hech biri to‘p yo‘qotilgan holatlarda odatiy darajasini ko‘rsatmadi. Garchi ikki jamoa ham vaziyatlarga odatdagidek reaksiya qilishga uringan bo‘lsa ham.
Jamoalar muvaffaqiyatli kontrpressingning muhim shartlaridan birortasini bajarishmadi. Birinchidan, to‘pga uzoq vaqt davomida egalik qilingan oraliqlar ko‘p bo‘lmadi (bunday oraliqlar jamoalarga kerakli tartibda joylashish va ehtimoliy yo‘qotishlarga yaxshiroq tayyor turish imkonini bergan bo‘lardi).
Ikkinchidan, jamoalar barchasini odatiy algoritm bo‘yicha bajargan taqdirda ham, raqiblarining bosim ostidagi ajoyib o‘yini tufayli to‘pni qaytarib olishga qiynaldi. Jamoalarning 99,9 foiz qismida qaror qabul qilishdagi bunday tezlik va unikal texnik imkoniyatlar mavjud emas. Ko‘plab raqiblar kontrpressingdan cho‘chib ketishadi va vahimaga tushishadi. Bu o‘yinda esa jamoalarda kontrpressingga qarshi turish uchun juda mahoratli futbolchilar jamlangan edi.
Quyidagi suratda to‘p yo‘qotilgach, Devis Duega bosim uyushtirayotgani, Kimmih esa unga yordamga otlanganini ko‘rish mumkin.
Dezire esa bosimdan chiqib ketishi uchun atigi ikki teginish yetarli bo‘ldi, to‘pga ikkinchi teginishda u tovoni bilan Vitinya ochilayotgan zonaga pas berib yubordi.
Bunday vaziyatda ko‘pchilik futbolchilar bilan quyidagicha holat kechgan bo‘lardi: a) ko‘proq harakat va vaqt sarflanardi; b) shunchaki vahimaga tushib, to‘p yo‘qotilardi. Ko‘pchilikda kontrpressing muvaffaqiyatli chiqishi shu omillarga bog‘liq. Bu o‘yinda esa futbolchilar darajasi haddan tashqari yuqori, oddiy harakatlar – kam edi.
Maydon markazisiz o‘yin
O‘yin davomida qaysidir pallada, masalan, to‘p navbatdagi marta darvozabon tomonidan yuqorilatib oldinga yetkazilganida yoki qanotlar orqali tezkor qarshi hujumga chiqilganida, Vitinyaning boshiga shunday o‘y kelgan bo‘lishi mumkin: «Men maydonda nima qilyapman o‘zi?» Xuddi shunday holat Yozua Kimmihning ham xayolidan o‘tgan bo‘lsa ajab emas.
Vitinya va Kimmih – sof pleymeykerlar. Ular hujumlarni bosqichma-bosqich rivojlantirishni afzal ko‘rishadi. Kimmih bundesliga vakili ekanidan kelib chiqib, xaotik futbolda ham qatnasha oladi, ammo Vitinyaga bunday o‘yin juda begona.
Xaotik futbol tufayli «PSJ»da chiziqlar orasida tez-tez katta teshiklar yuzaga keldi.
Bu holat birinchi bo‘limdayoq, Olisening goli urilgan vaziyatda yaqqol bo‘y ko‘rsatdi. Maykl uchun tayanch zonasini ochib berishgandi.
Jarima maydoni oldidagi hududda bo‘sh himoyalanish – «PSJ»ning kam sonli yaqqol kamchiliklaridan biri bo‘ldi.
Vitinya o‘yinda atigi 48 ta aniq uzatma berdi, Kimmihda – 50. Boshqa biror oddiy o‘yinda raqamlar yuzdan oshgan bo‘lardi. Ammo bu «Bavariya» uchun ham, «PSJ» uchun ham klassik o‘yin emasdi. Bu oqshom o‘yin mulohazakor Vitinya va Kimmihga emas, balki faqat va faqat oldinga tashlanadigan tezkor Dias va Xvichaga asoslangandi.
Murabbiylar qo‘yib berishdi
Vensan Kompani va Luis Enrike – total dogmatiklar emas, ammo shunga yaqinroq. Ular asosan o‘z falsafasiga qat’iy rioya qilishsa-da, vaqti-vaqti bilan top o‘yinlardagi raqiblarga syurprizlar tayyorlashadi va moslashadi.
Aks holda muxlislar maxsus effektlar ishlatilgan to‘liq metrajli «otishma»ga emas, shunchaki vaqti-vaqti bilan hujumlarga o‘tilgan parchalarga guvoh bo‘lishi mumkin edi. Murabbiylardan qaysi biridir himoyaviy yurishlar va futbolchi almashtirishlar orqali «yong‘in»ni o‘chirishga harakat qilishi mumkin edi.
Lekin shu kuni Kompani va Enrike o‘z jamoalarining shunday o‘yindagi imkoniyatlariga ishonishdi va yorqin futbolda kim yaxshiroq ekanini aniqlab olishni xohlashdi.
***
Bunday shou – hujum chizig‘ining yuqori darajasini ko‘rsatadimi yoki uyatli himoyani? Unisi ham, bunisi ham. Ammo kuchli hujum omili baribir muhimroq.
«Bavariya» va «PSJ» – boshqa raqiblarga qarshi o‘yinlarda yaxshi himoyalanadigan va ko‘p hujumlarni o‘tkazmaydigan jamoalardir. Muammo shundaki, ular ma’lum bir tarzda himoyalanishga odatlangan: nazorat + pressing. Raqiblar safidagi unikal futbolchilar tufayli bu uslub ishlamadi.
Uyog‘iga noodatiy kartinada futbolchilarning to‘psiz harakatlanishdagi kamchiliklari namoyon bo‘la boshladi – ayniqsa, bunday futbolga o‘rganmagan yarimhimoyachilar va himoyachilarning kamchiliklari. Bu epizodlarning bir qismini uyat va sirk sifatida tavsiflash mumkin, ammo bunga olib kelgan voqealarning to‘liq ketma-ketligini tushunish muhimdir. Shouning asosiy sababi – jamoalarning hujum mexanizmlarining o‘ziga xosligi edi.
Bunday aql bovar qilmas o‘yindagi paradoksni tahlil qilayotganda vaziyatlardan foydalanishdagi aniqlikni ham hisobga olish muhim. 5:4 – futbol uchun noyob hisob. Vaziyatlar/zarbalar soni yuqori edi, ammo gollar soni kabi haddan tashqari ko‘p emas.
Endi barcha Myunxenda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi seriyani kutmoqda!
-
Dunyodan5 days ago
267 nafar farzandni tarbiyalagan “Super dada” (foto)
-
Jamiyat3 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Iqtisodiyot4 days agoBiznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
-
Dunyodan4 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-raundini maʼqulladi (batafsil maʼlumot)
-
Jamiyat5 days agoToshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev: dunyo oldingidek «sokin» bo‘lmaydi
