Connect with us

Jamiyat

soddalik chegarasi va pixini yorgan firibgarlar

Published

on


“1 mln so‘m bersangiz bir soatda 25 mln so‘mga ko‘paytirib beraman” – ushbu va’daga ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning ko‘zi tushgan. Hatto yuzlab insonlar bu rost ekani, pulini “katta pulga” aylantirib olgani haqida videolavhalar e’lon qilmoqda. Haqiqatan ham shunaqa yo‘l bilan pul ko‘paytirish mumkinmi? Ha, mumkin: faqat treyder niqobidagi firibgarning puli ko‘payadi. Maqola sodda odamlar va soxta treyderlarning aldov sxemasi haqida.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda treyder niqobi ostidagi firibgarlar yana faollashdi. Ular odamlarni pulini bir soatda 20 baravarga ko‘paytirib berish va’dasi bilan chuv tushirmoqda. Ushbu yolg‘onga aldanish uchun esa inson kamida chiltor kuy chalsa g‘oz rostdan ham tilla tuxum qo‘yishiga ishonish darajasida sodda bo‘lishi kerak. Afsuski, ana shunaqa sodda odamlarning borligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor reaksiya ko‘rsatmasligi firibgarlar tegirmoniga suv quymoqda.

Pul “mashinasi”

Telegram’dagi “Uzbekistan investuz” guruhi ana shunaqa firibgarlik guruhlaridan biri. 2025 yilning 21 aprel kuni tashkil etilgan, 43 mingdan ortiq a’zosi bor guruh 3 oydan buyon faol holatda.

O‘zini treyder deb taqdim etayotgan shaxslar odamlarga bir nechta tarifda pullarini ko‘paytirib berishni va’da qilmoqda. Ularning bu yolg‘oniga esa yuzlab odamlar aldanyapti.

Soxta treyder bilan mijoz sifatida suhbatlashib ko‘rdik. U pulni dunyo bozorida aksiyalar oldi-sotdisidan ko‘paytirishini, bu xizmat bo‘yicha litsenziyaga ega ekanini bildirdi.

“Men dunyo bozorlarida, ayniqsa, Forex bozorida aksiyalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelaman. Yaqinda jamoamiz bilan dastur yaratdik. Dasturning ichida sun’iy intellekt bor. Kiritgan sarmoyangizni uzog‘i bilan 60 daqiqada 20 baravargacha ko‘tarish imkoniyati bo‘ladi”, deydi u.

Aslida soxta treyderning ushbu izohi uning gaplari yolg‘on, o‘zi esa firibgar ekanini ko‘rsatib turibdi. Forex, aksiya bozori va sun’iy intellekt haqida yetarlicha tushunchaga ega bo‘lmaganlar bu aldovga chuv tushmoqda.

3 qadam va blok

Birinchi qadam sifatida “mijoz”larga 5 ta tarif taklif etiladi. Ular 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha bo‘lgan tariflar. Masalan, 1 mln so‘m to‘lagan odamga puli bir soatdan so‘ng 30 mln so‘mgacha ko‘paytirib berilishi va’da qilinadi.

1 mln so‘m puli bir soatda 30 mln so‘mga aylanishini eshitgan sodda odamlar darhol tariflardan birini tanlab, bunga rozilik bildiradi. Firibgar esa ikkinchi qadam sifatida pul o‘tkazilishi kerak bo‘lgan karta raqamni aytadi. Ushbu bank kartalari odatda biror shaxsga 100-200 dollar berib, uning nomiga ochib olingan bo‘ladi.

Tanlangan tarif bo‘yicha belgilangan summa aytilgan kartaga o‘tkazilgach, firibgar biroz kutishni bildiradi. 10-15 daqiqadan so‘ng u katta yutuq chiqqanini ma’lum qiladi.

Soxta treyder navbatdagi qadam sifatida komissiya to‘lovini amalga oshirishni talab qiladi. “Tabriklaymiz, hurmatli mijoz. Sizga katta miqdorda yutuq chiqdi. Yutuqni olish uchun karta raqamingizni ayting. Faqat yutuq komissiya to‘lovi to‘langach o‘tkazib beriladi”, deydi u.

Bu shu turishdayam qarmoqqa ilingan baliq og‘zidan ikkinchi bor ilmak o‘tkazishday gap. Masalan, 25 mln 693 ming so‘m uchun 1 mln 284 ming so‘m komissiya to‘lovi so‘ralgan.

Pul o‘z-o‘zidan ko‘payishiga ishonib, firibgar tili bilan aytganda investitsiya kiritgan mijoz shu tariqa qopqonga tushadi. Unda ikki yo‘l bo‘ladi: biri – to‘lagan pulidan voz kechish hamda shu nuqtada to‘xtash; ikkinchisi – yana bir tavakkal qilgan holda komissiya to‘lovini to‘lash. Aksariyat odamlar ishonishda davom etadi va komissiya to‘lovini to‘laydi. Bu chuv tushishning so‘nggi nuqtasi: shundan so‘ng firibgar aldangan shaxsni bloklab qo‘yadi.

“Ishonchli ekan”

“Uzbekistan investuz” guruhida 700 dan ortiq qisqa videolavhalar yuklangan. Ularning barchasi O‘zbekistonning turli hududlarida yashovchi fuqarolar tomonidan o‘zini o‘zi tasvirga olish shaklida yozib olingan.

Barcha videolavhalarda fuqarolar Uzbekistan investuz ishonchli ekani, unga pul tikib, katta yutuqqa ega chiqqani, yutuqni olgani haqida gapirgan.

Masalan, ulardan biri shunday deydi:

“Bir haftadan buyon ishlayapman, halol va rost ekan. Judayam xursandman. Mana, hozir pullarimni yechgani ketyapman. Bundan tashqari, bir haftadan bu yog‘iga Sirdaryo viloyatidan 30 foizlik boshlang‘ich to‘lovini qilib, o‘zimning nomimga uy chiqarib qo‘ydim. Yana 10 kun ishlab, hamma to‘lovlarini qilib, kirib yashayotganimni ham video qilib tashlab beraman.

Bugunning hisobiga 1,5 ming dollar kartamga tushdi. O‘shani yechib olib, hali ular bilan ko‘p ishlamoqchiman. Boshida ishonmagandim men ham. 300 ming so‘m investitsiya kiritib, ish boshlaganman. Hozirda 1,5 ming dollarga chiqdi ishlagan pullarimiz”.

Yana bir fuqaro esa 400 ming so‘m tikib, 16 mln so‘m yutganini aytgan:

“Men 400 ming so‘m depozit qildim. Menga katta yutuq chiqdi – 16 mln so‘m. O‘zim ham kutmagan edim, kartamga tashlab berishdi. Boshida ishonmagan edim. Lekin haqqoniy ekan. Hamma urinib ko‘rsin”, degan u.

Bu kabi videolavha yozib berganlar orasida o‘qituvchilar, haydovchilar, talaba va yoshlar, sotuvchilar hamda boshqa kasb egalarini ko‘rish mumkin. Ular o‘zlari aytgani kabi rostdan ham pulini ko‘paytirib olishganmi? Yo‘q. Aslida videolavhalardagi bu shaxslar soxta treyderga chuv tushganlar hisoblanadi.

Gap shundaki, firibgar pulni ko‘paytirib berishni va’da qilish jarayonida bu ishonchli ekani, yutuq to‘lab berilgani haqida vidoyelavha tayyorlab berishni so‘raydi. Pul to‘lab qo‘yganlar o‘zini o‘zi tasvirga olib jo‘natadi. Firibgar esa qo‘lga kiritgan videolavhalaridan boshqalarni aldashda foydalanadi.

Soddalik ham evi bilan-da

Soxta treyderlarning chuv tushirish sxemasi juda oddiy. Bunga ishonish va aldanish uchun inson juda sodda bo‘lishi kerak. Bu darajadagi sodda odamni hech ikkilanmasdan “tug‘ma jabrlanuvchi” desa bo‘ladi. Biroq yolg‘on sxemasi qanchalar oddiy bo‘lmasin, unga ishonayotganlar yuzlab, balki minglab topilmoqda.

Aslida bu shunchaki bir firib ekanini, pul o‘z-o‘zidan bir soatda 20 baravar ko‘payib qolmasligini anglash uchun inson o‘ziga birgina savolni berib ko‘rishi kifoya: agar 1 mln so‘m pulni bir soatda 25 mln so‘mga aylantirish mumkin bo‘lsa, nega treyder bu ishni o‘zi qilib boyib ketavermaydi? Nega u qo‘lida shunaqa imkoniyat bo‘lgan holda birovning pulini ko‘paytirib bermoqchi?

Biri qo‘yib boshqa moliyaviy piramidalarga, pul ko‘paytirish sxemalariga aldanayotgan ana shu kabi sodda odamlarga qarata bir gapimiz bor: soddalik ham evi bilan-da!

“Jilovlanmayotgan” jinoyatlar

Telegram’dagi “Uzbekistan investuz” guruhi 3 oydan buyon faol holatda va har kuni yangi videolar e’lon qilmoqda. Bu ushbu yolg‘onga har kuni kimlardir chuv tushyapti degani. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar negadir ushbu guruh faoliyatini to‘xtatish, parda ortida turgan firibgarlarni aniqlash va ushlash bo‘yicha tezkor harakatlarni amalga oshirmagan.

Aslida ijtimoiy tarmoqlarda soxta treyderlar tomonidan ochilgan “Uzbekistan investuz” kabi o‘nlab guruh va kanallar ishlab turibdi. Kun.uz bir yil oldin ham ayni shu yo‘nalishda odamlarni aldayotganlar haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Bu kabi jinoyatlar “jilovlanmas” ekan, unga aldanadiganlar topilaveradi.

Kun.uz yurtdoshlarimizni yana bir bor bunday yolg‘onlar va firibgarlik sxemalariga ishonmaslikka chaqirib qoladi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Hokim yordamchilariga oid yana bir korrupsiyaviy holat fosh etildi

Published

on


Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilari ishtirokida imtiyozli mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida bir nechta hududda imtiyozli mablag‘larni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.

Jumladan, departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi aniqlagan holatga ko‘ra, «U.T.» va «Q.A.» MChJning mas’ul shaxslari, Qayirma mahallasi hokim yordamchisi hamda boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish uchun ajratilgan 442,3 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar amalda bajarmagan ishlar hujjatlarda bajarilgan deb rasmiylashtirilgan.

Yana bir holat Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida aniqlangan. Unda Toshkent mahallasi sobiq hokim yordamchisi va boshqa shaxslar ushbu mahallada yashovchi sakkiz nafar fuqaroga ajratilgan 248 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «L.A.» MChJ rahbari va Farobiy mahallasi sobiq hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 163 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qurilishi tugallanmagan uylarga ko‘chirish holatlariga chek qo‘yiladi

Published

on


O‘zbekistonda qurilishi tugallanmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarni ko‘chirish holatlarining oldini olish maqsadida qonunchilik kuchaytirilmoqda. Buning uchun mas’ul shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasi majlisida mazkur masalaga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda qurilishi tugallanmagan hamda rasman foydalanishga topshirilmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning noqonuniy ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin. Shu bois sohada faoliyat yuritayotgan sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish zarur.

Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachilar va pudratchilar zimmasiga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalar kiritilishi nazarda tutilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Yakunda qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda 3,2 kgga yaqin narkotiklar qo‘lga olindi

Published

on


Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Holatlar yuzasidan bir necha nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Dastlabki holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Avtomashinada Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Tekshiruv chog‘ida transport vositasi salonidan bir nechta zip-paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topildi.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avvaldan yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirildi. U yerdan ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron ekani tasdiqlangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur ikki shaxs ham muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.

Yana bir tezkor tadbirda Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadonidan 47 gramm gashish va 34 gramm opiy musodara qilindi.

Tergov harakatlari davomida uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgani gumon qilinayotgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlandi. Ularning avtomashinalari va yashash xonalari tekshirilganda, 1,8 kilogramm gashish hamda 12 gramm opiy aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi

Published

on


Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi.

«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish  hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish  chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026-y.) qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod qilinishi belgilandi.

2026-yil 1-oktyabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi  va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi ma’lumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil 1-noyabrdan boshlab: 

– mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi; 

– mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi; 

– reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi; 

– mobil aloqa operatorlariga o‘zlari tomonidan tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi; 

– mazkur belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

teatr, kino va konsertlarga borish umrni uzaytirishi mumkin

Published

on


Kino, teatr, muzey va konsertlarga muntazam tashrif buyurish fiziologik qarishning sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bu ikki mingga yaqin keksa odamlarning ma’lumotlarini tahlil qilgan yapon olimlari tomonidan chiqarilgan xulosadir. Tadqiqot natijalari Epidemiologiya va Jamiyat Salomatligi jurnalida (JECH) chop etildi. 

Tadqiqotchilar qarish bo‘yicha uzoq muddatli tadqiqotda ishtirok etgan 50 yoshdan oshgan 1899 nafar ingliz fuqarosining ma’lumotlarini o‘rganib chiqdilar.

Ishtirokchilar kinoteatrlar, muzeylar, san’at galereyalari, teatrlar, konsertlar va operalarga qanchalik tez-tez tashrif buyurganliklarini xabar qilishdi. Keyin bu ma’lumot ularning fiziologik yoshi bilan taqqoslandi – bu qon bosimi, o‘pka funksiyasi, gemoglobin va xolesterin darajasi, tana massasi indeksi, ushlash kuchi va yurish tezligi kabi o‘nta parametr asosida tananing haqiqiy sog‘lig‘ini aks ettiruvchi ko‘rsatkich. 

Ma’lum bo‘lishicha, madaniy tadbirlarga kamida bir necha oyda bir marta tashrif buyurgan odamlarning o‘rtacha fiziologik yoshi 66,9 yoshni tashkil etgan. Deyarli faqat madaniy hayotda ishtirok etganlar orasida bu ko‘rsatkich 69,9 yoshga yetdi – bu taxminan uch yillik farq. 

Daromad, bandlik, surunkali kasalliklar va boshqa omillarni hisobga olgan holda ham, madaniy faoliyat shkalasidagi har bir qo‘shimcha birlik fiziologik yoshni taxminan 31 kunga qisqartirish bilan bog‘liq edi.

Mualliflarning fikriga ko‘ra, bu ta’sir madaniy dam olish ijtimoiy muloqotni rivojlantirishi, aqliy farovonlikni yaxshilashi va sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishi bilan izohlanishi mumkin. 

Olimlar madaniy faoliyatning fiziologik qarishga ta’siri muntazam jismoniy faollikning ta’siriga o‘xshashligini va qo‘shimcha tadqiqotlarga loyiqligini ta’kidlamoqdalar.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.