Jamiyat
MITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
Asilbek o‘rta sinfdaligida poytaxtga keladi va o‘qishini Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda davom ettiradi. U tinimsiz mehnati orqali ketma-ket fan olimpiadalarida sovrindor bo‘ladi. Yutuqlari uchun Nexia 3 avtomobili hamda 620 mln so‘mdan ortiq mablag‘ bilan mukofotlanadi. 2026 yilning fevral oyida esa u dunyoning birinchi raqamli oliygohi Massachusets Institute of Technology’ga 100 foiz grant asosida qabul qilindi. Bu OTM unga o‘qish xarajatlarini qoplash uchun 385 ming dollar mablag‘ ajratishini anglatadi. Asilbek Kun.uz bilan suhbatda dunyoga mashhur ta’lim muassasiga to‘liq grant yutishni qanday uddalagani, tayyorgarlik jarayoni va boshqa jihatlar haqida gapirib berdi.
2007 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan Asilbek bolaligidan matematikaga qiziqqan. Uning fanga ishtiyoqi onasining maktabda o‘qituvchi bo‘lishi bilan bog‘liq. Kichikligidan kitoblar o‘qish bilan shug‘ullanib, mustaqil mashqlar qilgan.
“Oyim matematikadan kitoblar olib kelardilar, o‘zlari menga dars o‘tardi. Shu sabab fanga qiziqishim ortgan. Boshlang‘ich maktabni yaxshi baholar bilan tugatdim. To‘rtinchi sinfni bitirgach, oldimda muhim savol paydo bo‘ldi: qayerda o‘qishni davom ettiraman? Ikki tanlov bor edi: Gulistondagi xorijiy tillar maktabi yoki Toshkentdagi ixtisoslashgan maktablar. Ancha vaqt o‘yladim. Internetdan kunlab ta’lim muassasalarini izladim, telefon qilib ma’lumotlar so‘radim. Oxiri Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabni topdim. Bu yerda informatika va matematika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilardi. Mazkur maktabga hujjat topshirdim va imtihondon o‘tib, o‘qishga qabul qilindim.
Maktabga borgach, bir narsani tushundim: men o‘zim o‘ylaganchalik kuchli emas ekanman. Avvalgi maktabimda eng yaxshi o‘quvchilardan biri edim, lekin bu yerda hatto oson masalalarni ham ishlay olmay qolgan paytlarim bo‘lgan. Bu holat meni ancha o‘ylantirib qo‘ydi. Lekin aynan shu paytda ustozim Kamoliddin aka ko‘proq yordam berdi. Ular mening potensialimni ko‘rib, olimpiada masalalarini o‘rgata boshladi”, – deydi u.
Maktab yillarida Asilbek Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan respublika olimpiadasida g‘olib bo‘lib, Nexia 3 avtomobilini yutib oldi. 2025 yilda esa Boliviyaning Sukre shahrida o‘tgan 37-xalqaro informatika olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘ldi va 620 million so‘mdan ortiq pul bilan mukofotlandi.
“Olimpiada men uchun shunchaki musobaqa emas edi. Boshlanishida natijalar yaxshi bo‘lmagan. Ba’zilarida yutqazib qaytganman. Shunday paytlarda odam “balki bu yo‘l menga emasdir”, deb o‘ylab qoladi. 7-sinfdan fanga yanada ko‘proq vaqt ajrata boshladim. Shu paytda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan respublika olimpiadasida qatnashdim. Bu olimpiadada 5-7-sinflar orasida g‘olibga Nexia 3 avtomashinasi berilishi aytilgandi. Olimpiadada ikkinchi kun imtihon tugagach, bir payt do‘stlarim orqadan baqirib qoldi: “Asilbek, sen birinchi o‘rinni olibsan!” deyishdi. Dastlab ishonmadim. Natijalar ro‘yxatini ko‘rsatishgach, haqiqatan ham birinchi o‘rinda ekanimni bildim, o‘sha paytda ko‘zimdan yosh chiqib ketgandi. Avtomobil topshirilgan vaqtda dadam hayajondan mashinani ham qo‘zg‘atolmay qolgani esimda. Keyin tushundimki, olimpiadadagi natijalar yakun emas, balki keyingi imkoniyatlar uchun eshik ekan. Maktabni tugatib, universitetlar haqida jiddiy o‘rganishni boshladim. Internetdan turli oliygohlar dasturlarini ko‘rdim, talablarini o‘qidim, talabalarning tajribalarini o‘rganishga harakat qildim”, – deydi Asilbek.
U maktabni bitirgach, bir yil davomida nufuzli oliygohga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rdi. 11-sinfni tugatganidan so‘ng Asilbekning olimpiadalardan yutgan grantlari orqali mahalliy universitetga kirish imkoni bor edi. Ammo u o‘z yo‘nalishi bo‘yicha top oliygohda o‘qishni davom ettirishni tanladi.
“Bir yilga tanaffus qildim, bu vaqt ichida ingliz tili darajamni oshirib oldim, insho yozish qobiliyatlarimni rivojlantirdim. Avgustdan dekabrgacha kuniga 10 soatdan oshiq kuchli tayyorgarlik ko‘rdim. Birinchi SAT imtihonida 1250 ball olgan edim. Keyin haftada olti marta, kuniga besh soatdan dars olib, ikki yarim oy ichida ko‘rsatkichimni 1450 ballga ko‘tardim. Dekabrda esa qayta topshirib, 1540 ball oldim. IELTS imtihonida 7,5 ball to‘pladim. Bundan tashqari, turli loyihalarda qatnashib, portfoliomni boyitdim”, – deydi u.
Asilbek shu vaqtgacha 9 ta nufuzli oliygohga hujjat topshirgan. Shularning orasida fan va texnologiya bo‘yicha dunyoning birinchi raqamli oliygohi – MIT’dan 100 foiz grant asosida o‘qishga qabul qilinganlik xatini olgan. Universitet unga o‘qish xarajatlarini qoplash uchun $385 000 mablag‘ taqdim etishini ma’lum qilgan.
Suhbat davomida Asilbek imtihonda qanday savollar tushgani, portfoliosini aynan nimalar bilan boyitgani qabul jarayonida ustunlik bergani hamda maqsadlari haqida gapirib berdi.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport13 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat3 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport3 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
