Jamiyat
Sobiq davlat xizmatchisi uchun antikorrupsiya xulosasini olish tartibi tasdiqlandi
Adliya vazirligi sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan xulosa olish bo‘yicha idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Unda davlat organi yoki tashkilotida ishlagan xodim ishdan bo‘shaganidan keyin 2 yil davomida uni o‘zi nazorat qilgan tashkilotga ishga olishdan oldin avvalgi ish joyining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan majburiy xulosa olinishi belgilangan.
Bunda, nazorat ostida bo‘lgan tashkilot sobiq davlat xizmatchisini ishga qabul qilmoqchi bo‘lsa, kadrlar bo‘limi 1 ish kuni ichida ichki nazorat bo‘linmasiga murojaat qiladi.
Ichki nazorat bo‘linmasi 3 xil xulosa berishi mumkin:
ijobiy — ishga qabul qilish mumkin;
cheklovli ijobiy — ayrim cheklovlar bilan ishga qabul qilinadi;
salbiy — ishga qabul qilish rad etiladi.
Ushbu xulosa olinmagan yoki salbiy xulosa berilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilish taqiqlanadi.
Cheklovli ijobiy xulosa berilganda, xodimga quyidagi choralar belgilanadi:
3 oy davomida avval nazorat qilgan tashkilot bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok eta olmaydi;
manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan vazifalari qayta taqsimlanadi;
faoliyati ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan monitoring qilinadi.
Agar sobiq davlat xizmatchisi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasidan norozi bo‘lsa, u yuqori turuvchi tashkilotga yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga shikoyat qilish huquqiga ega.
Jamiyat
Bolaga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachiga bog‘chada ishlash 1 yilga taqiqlanishi mumkin
Senatning navbatdagi majlisida “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi.
Mazkur Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ta’lim tashkilotida tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etganlik, shuningdek uni tahqirlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlikka oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsga nisbatan bir yil muddat davomida maktabgacha ta’lim tashkilotida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bola uchun ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola faqat qarindoshlari tarbiyasiga berilishi qoidasi joriy etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ta’lim muassasalarida ularning qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Qonun prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.
Jamiyat
Yuk tashuvchi avtomobillar importi uchun bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi bekor qilinadi
O‘zbekistonda xalqaro yuk tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi choralar joriy etiladi. Prezidentning joriy yil 7 iyuldagi 251-son qaroriga muvofiq, 2027 yil 31 dekabrga qadar ayrim turdagi yuk tashuvchi transport vositalari importida bojxona imtiyozlari beriladi.
Hujjatga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan, «Yevro-5» va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk avtomobillari hamda og‘irligi 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasi hajmi kamida 76 kub metr bo‘lgan yarim tirkamalar (samosvallar bundan mustasno) import qilinganda ularga bojxona bojining va utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, mazkur imtiyozlardan foydalanib olib kirilgan transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan keyingi uch yil ichida eksport qilinsa yoki qayta jihozlanib tovar kodi o‘zgarsa (yoqilg‘i turini o‘zgartirish holatlari bundan mustasno), berilgan imtiyozlar bekor qilinadi va tegishli to‘lovlar undiriladi.
Qarorga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaga o‘n kun ichida mazkur transport vositalarini import qilishda ularni majburiy sertifikatlashdan vaqtincha ozod qilish bo‘yicha qaror qabul qilish vazifasi yuklatildi.
Hujjatning asosiy maqsadi respublika yuk avtomobillari parkni yangilash, mahalliy tashuvchilarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport-import operatsiyalarida transport xarajatlarini kamaytirish hamda yuklarni tashqi bozorlarga yetkazib berish muddatini qisqartirishdan iborat.
Jamiyat
Zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga boshpana muddati 30 kundan 6 oygacha uzaytiriladi
Senatning yalpi majlisida «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ma’qullandi.
Qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari aniq qilib belgilanmoqda.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun qator yengilliklar joriy etilmoqda. Jumladan, ular yo‘qotilgan biometrik pasport o‘rniga yangi pasport olish, nikoh tuzilganligi yoki tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma rasmiylashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod etilmoqda.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga davlat hisobidan malakali yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga 6 oygacha (oldin 30 kungacha) muddatga joylashtirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga hamda ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.
Jamiyat
O‘qotar qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirganlar mukofotlanadi
Hukumatning 2026-yil 7-iyuldagi 367-son qarori bilan ro‘yxatga olinmagan qurol va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi materiallar hamda portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga ixtiyoriy topshirish tartibi tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs rahbari mazkur ashyolarni ixtiyoriy topshirishga qaror qilsa va bu haqda ichki ishlar organlariga yozma yoki og‘zaki murojaat etsa, u qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan deb hisoblanadi.
Ariza beruvchi qurolni o‘zining yashash yoki turar joyi bo‘yicha ichki ishlar organiga taqdim etadi. Topshirilayotgan qurol qismlarga ajratilgan, patronlari olingan hamda begona shaxslar ko‘ra olmaydigan tarzda o‘ralgan bo‘lishi shart.
Topshirilgan qurol va boshqa ashyolar Mintaqaviy texnik komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Komissiya har bir holat bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi.
Jumladan, qurolni topshirgan shaxsni pul mukofoti bilan taqdirlash yoki rad etish, shuningdek, o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini imtiyozli tartibda sotib olish huquqini berish yoki rad etish masalasi hal etiladi.
Pul mukofoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari rahbarlarining buyruqlari asosida to‘lanadi.
Hukumat qaroriga ilova sifatida ixtiyoriy topshirilgan qurol va o‘q-dorilar uchun belgilangan pul mukofotlari miqdori ham tasdiqlangan:
Qarorning 8-ilovasi
Qarorning 8-ilovasi
Jamiyat
“O‘g‘limni izlab Moskvaga bordim” – urgutlik otaning iztirobda o‘tgan kunlari
2025 yil 14 avgust. Ota ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan 23 yoshli o‘g‘lidan uni aldab urushga olib ketishgani haqida xabar oldi. O‘g‘il o‘zi bo‘lib turgan hudud lokatsiyani jo‘natib, otasidan uni olib ketishni so‘ragandi. Rus tilini yaxshi bilmagan ota qo‘shnisi bilan birga Moskva shahriga qarab yo‘l oldi. Uning maqsadi o‘g‘lini izlab topish va O‘zbekistonga qaytarib olib kelish edi. Ammo…
Samarqandda Rossiya armiyasiga yollangan yigitga sud hukmi o‘qildi. Yigit suddagi ko‘rsatmasida boshidan kechirganlarni aytib berdi. Uning hikoyasi shu turdagi ishlardan biroz farq qiladi.
Rossiya sari yo‘l
2003 yilda tug‘ilgan Doston (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) Urgut tumanida ulg‘aygan. Oiladagi iqtisodiy yetishmovchilik sababli u va akasi ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga qatnab yurgan.
2025 yil mart oyida akasi, 9 iyul kuni esa Doston ishlash maqsadida Moskvaga jo‘nab ketgan. U o‘shanda oradan ko‘p o‘tmay boshiga qanday kunlar tushishini tasavvur ham qilmagandi.
Doston Moskvaga yetib borib, kunlik 3 300 rubl haq evaziga plita zavodida ishlay boshlaydi. Oradan bir oy o‘tib, 13 avgust kuni uning hayotini o‘zgartirib yuborgan voqea sodir bo‘ladi.
“Patent tayyorlab beradi”
Doston o‘sha kuni taksida ishdan qaytayotgandi. Yo‘lda migratsiya xodimlari mashinani to‘xtatib, patent so‘rashadi. Doston ularga fuqarolik pasporti va vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilgani haqidagi hujjatlarni taqdim qiladi. So‘ngra rus tilini bilmagani sababli kirakashning yordami bilan puli bo‘lmagani uchun patent olishga ulgurmaganini, lekin tez kunlarda rasmiylashtirib olishini tushuntiradi.
Shundan so‘ng migratsiya xodimlari Dostonning telefonini olib, kimgadir qo‘ng‘iroq qilishadi. So‘ngra Dostonga “Shu joyga borasan, patent tayyorlab beradi”, deya manzil aytishadi.
Doston ijarada yashayotgan uyiga kelib, patent to‘lovi uchun to‘plab qo‘ygan 35 ming rubl pulni oladi va aytilgan manzilga boradi. Uni rus millatiga mansub ikki ayol kutib oladi. Doston ular bilan “google perevodchik” orqali gaplashadi. Ayollar unga rus tilida yozilgan hujjatni berib, bo‘sh joylarga ismini yozishni hamda imzo qo‘yib berishni so‘rashadi.
“O‘sha vaqtda bu hujjatlar Rossiya qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga kirish haqidagi shartnoma ekanini bilmagandim. Ular bo‘sh qog‘ozga yozib bergan jumlalarni bir amallab ko‘chirib, imzo qo‘ydim. Keyin meni bankka olib borishdi va nomimga plastik karta ochishdi. So‘ngra ichki ishlar idorasiga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. U yerdagi shaxslarning barchasi rus millatiga mansub bo‘lgani uchun nima bo‘layotganini anglab yetmasdan, shu ayollarga ergashib yuraverdim”, degan Doston o‘z ko‘rsatmasida.
Lokatsiya
2025 yil 14 avgust kuni u bilan yana 24 kishini avtobusga mindirib, Voronej shahrida atrofi tikanli sim-to‘siq bilan o‘ralgan joyga olib borishadi. Doston shunda aslida nima bo‘lganini tushunib yetadi. Uni taxminan 100 nafarga yaqin turli mamlakatlardan kelgan askarlarga qo‘shib qo‘yishadi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan.
15 avgust kuni uni harbiy kiyimda majburan poligonga olib borishadi va askarlar bilan birga mashq qilishni talab etishadi. Biroq Doston bu talabni bajarmaydi. Shunda uni kaltaklab, qamab qo‘yishadi. Bir necha soatdan so‘ng esa olib chiqib, hammomni tozalashga majburlashadi.
“Ertasi kuni taxminan 200 nafardan ortiq turli millatga mansub shaxslar olib kelindi. Ular orasida 5-10 nafar O‘zbekiston fuqarolari ham bor edi. Qoida bo‘yicha kuniga nechta yangi odam kelsa, shuncha askar Luhanskga 7 kunlik harbiy tayyorgarlikka jo‘natilar va so‘ngra u yerdan urushga yuborilardi. Urushda qatnashishni xohlamasdan, qochishni reja qildim. Lekin qurollangan harbiy xizmatchilar qattiq qo‘riqlagani uchun rejam amalga oshmadi”, degan Doston.
U nima qilishini bilmasdan Telegram orqali opasiga shartnoma va o‘zi bo‘lib turgan joyning lokatsiyasini jo‘natadi. U otasi borib, uni olib ketishini so‘ragandi.
Otaning besamar harakati
O‘g‘lining urushga borib qolgani xabarini olgan ota nima qilarini bilmay, uni qaytarib olish kelish maqsadida yo‘lga chiqadi. Rus tilini bilmagani sababli iltimos qilib, qo‘shnisini o‘zi bilan birga olib ketadi.
Sudda guvoh sifatida so‘ralgan ota o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:
“Moskva shahriga borib, o‘g‘lim yuborgan manzilni va u ilgari ishlagan joyni topolmadim. Keyin u izlab topib, O‘zbekistonga qaytarishga yordam berishlari uchun O‘zbekiston elchixonasiga ariza bilan murojaat qildim. Lekin elchixona xodimlaridan o‘zimga kerakli yordamni ololmadim”.
Chorasiz qolgan ota ne qilarini bilmasdan ming bir iztirobda uyiga qaytib kelgan.
“O‘g‘lim bilan gaplashganimda u Luhanskda ekanini bildirdi. Uni izlab O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilganimdan so‘ng harbiy qism komandirlari turli xil qiynoqlarga solib, jarohat yetkazishibdi. O‘g‘lim bu kabi holat yana bo‘lmasligi uchun hech qayerga murojaat qilmasligimni, o‘zi bir amallab qochib kelishini aytdi”, degan ota.
“Sendaylarni ko‘p ko‘rdim”
Dostonni Luhanskka olib ketishgandi. U yerda harbiy mashg‘ulotlarda qatnashmasligini aytgani uchun yana urib, yerto‘laga qamab qo‘yishadi. Yo mashg‘ulotga chiqasan, yo qamoqda yotaverasan, deyishadi. U qamoqda yotishni tanlaydi.
“Harbiylar telefonimni, pasport va plastik kartamni olib qo‘yib, 3 sutka qamoqda saqlashdi. 2025 yil 28 avgust kuni 12-tank polkiga o‘tkazishdi. U yerda ham harbiy mashg‘ulotda ishtirok etishdan bosh tortdim. Bo‘linma boshlig‘iga meni aldab imzo qo‘ydirib olib kelishganini aytdim.
Shundan so‘ng polk boshlig‘i bo‘lgan polkovnik meni chaqirib, tarjimon yordamida nima uchun urushga kelganimni so‘radi. Aldab olib kelishganini, menga pul ham, fuqarolik ham kerak emasligini, imkoni bo‘lishi bilan vatanimga qaytmoqchi ekanimni bildirdim. Shunda polkovnik davlat tomonidan berilgan 2,1 mln rubl pulni nima qilganimni so‘radi. Plastik kartada turganini aytdim. Tekshirib ko‘rishdi. So‘ngra polkovnik qo‘l ostidagilarga “buni poligonga chiqarmanglar, ishini ko‘rib chiqamiz” deya buyruq berdi”, degan Doston sudda.
Keyin uni blindajga olib borishgan. U yerda 27 kun yashagach dog‘istonlik “Kila” ismli komandir ko‘liga topshirishgan. “Kila” uni majburlab mashq qildirmoqchi bo‘lgan. Ammo Doston unga ham bo‘ysunmagan. Shunda komandir “sen men uchun birinchi ham, oxirgisi ham emassan” deya uni kaltaklagan.
2025 yil 24 sentabr kuni Dostonni harbiy xizmatdan bosh tortganlar saqlanadigan qamoqxonaga olib borishgan. Qamoqxona boshlig‘i u bilan muloqot qilib, yoshini hisobga olgan holda yaxshiroq joyga qo‘yishini aytgan. Shu tariqa, Dostonni oziq-ovqat tarqatiladigan omborda oshpaz bo‘lib ishlovchi samarqandlik oshpazga yordamchi qilib qo‘yishgan.
“2026 yil 28 fevral kuni meni Voronej viloyatining Rossosh shahriga 11 nafar askarga oshpazlik qilish uchun yuborishdi. U yerga borgach, qochib ketishni rejalashtirib, atrofni kuzatib yurdim. Yo‘lda boshqa chegara postlari yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, 13 mart kuni tunda o‘zim bilan taxminan 3 kg yegulik va 1 litr suv olib, u yerdan qochib ketdim. O‘rmonda, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida uxlab, 27 mart kuni O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga yetib bordim”, degan o‘z ko‘rsatmasida Doston.
Uyga qaytish va qamoq
Shu tariqa, Doston elchixona tomonidan tayyorlab berilgan vatanga qaytish guvohnomasi bilan 2026 yil 5 aprel kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Bu yerda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 2025 yil 30 dekabrda sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangandi. Doston qaytgach, uni qo‘lga olishadi.
Jazo
Jinoyat ishi JIB Urgut tuman sudida ko‘rib chiqildi. Doston sudda haqiqatdan o‘zi bilmagan holda Rossiya armiyasiga yollanganini, ammo biron-bir jangovar harakatda qatnashmaganini, oilaviy ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borib qolganini aytgan hamda suddan yengillik so‘ragan.
Sudning 2026 yil 2 iyuldagi hukmi bilan Doston Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 3,6 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Avvalroq Rossiya armiyasiga yollangan qashqadaryolik yigit jinoiy jazoga tortilgandi.
Tahririyat: maqolani tayyorlash jarayonida Kun.uz ushbu ota-o‘g‘ilni izlab topdi va intervyu oldi. Lavha yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
-
Iqtisodiyot2 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Sport5 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
-
Sport4 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Jamiyat3 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
-
Turk dunyosi3 days agoPrezident Tramp Turkiyadagi NATO sammiti oldidan Ukraina urushining yakunlanishi haqida optimistik fikr bildirdi
-
Jamiyat2 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Dunyodan2 days ago
Rossiya Kiyevga urush boshlanganidan beri eng yirik hujumni boshladi
-
Sport3 days ago«Portugaliyaga uchta sovrin olib keldim»
