Sport
«Siti» va «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi, «Real»da yangi yulduz porladi
«Liverpul» darvozasiga shedevr gol urildi, «Siti» futbolchilari Husanovni himoya qilishdi, «Arsenal» ilgarilab ketmoqda; «Real»ning yosh hujumchisi Mbappening yo‘qligini sezdirmayapti. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: Kuchli oltilikning 5 vakili durang o‘ynadi
«Manchester Siti» – «Chelsi» 1:1
Gollar: Reynders, 42 (1:0). Fernandes, 90+4 (1:1)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash (Ake, 81), Gvardiol (Husanov, 51), O`Rayli, Mateus Nunes, Rodri, Reynders (Doku, 70), Bernardu Silva, Sherki, Foden, Holand
«Chelsi»: Yyergensen, Badiashile, Chaloba, Gyusto, Achimpong (Xato, 62), Fernandes, Jyeyms, Palmer, Pedru Netu, Estevao (Santos, 46), Joao Pedro (Delap, 62)
Ogohlantirishlar: Ruben Diash, 54. Mateus Nunes, 79. Bernardu Silva, 90 – Jyeyms, 52. Delap, 79. Fernandes, 90
Uchrashuvdan oldin «Siti» va «Chelsi» bosh murabbiylarining statistikasi antiqa ko‘rinishda edi. Gvardiola katta futbolda 1011 o‘yinda ishlashga ulgurgan, Makfarleynda – 0. «Chelsi» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi mutaxassis uchun bu o‘yin faoliyatidagi ilk va oxirgi o‘yin bo‘lib qolishi mumkin, chunki jamoa yaqin kunlarda yangi bosh murabbiy nomini e’lon qilishga tayyorlanmoqda.
Mehmonlar uchun vaziyat tarkibdagi muammolar tufayli yanada murakkablashdi: Kaysedoda – diskvalifikatsiya, Kukurelya, Fofana va Sanches – sog‘liq bilan bog‘liq muammolar tufayli o‘ynay olmasdi. Koluill esa ancha vaqtgacha safdan chiqqan. Shu tufayli, «Siti» o‘yinning ilk daqiqalaridanoq tashabbusni qo‘lga olgani hech kimni ajablantirmadi. Ammo o‘yindagi ilk xavfli zarba mehmonlar tomonidan berildi. 20-daqiqada Estevao deyarli penalti nuqtasidan (hatto yaqinroqdan) yaxshi zarba yo‘lladi, ammo Gvardiol to‘p yo‘lini to‘sib chiqdi.
Shundan keyin esa o‘yin asosan bir darvozaga bo‘ldi. Javob hujumida Foden gol urish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi. Biroz o‘tib Holand ketma-ket xavfli zarbalar yo‘lladi, birinchi vaziyatda Yorgensen rikoshet bo‘lib kelgan to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborishga ulgurdi, ikkinchisida to‘p ustundan qaytdi. Bu oraliqda «Chelsi» futbolchilari to‘pni shunchaki jarima maydonidan uzoqlashtirish bilan shug‘ullanishar va mezbonlar darhol yangi hujumni boshlashardi. Natijada 42-daqiqada «Siti» baribir hisobni ochdi. So‘nggi turlarda yuqori sport formasini namoyish etayotgan Reynders yaqin to‘qqizlikni aniq nishonga oldi, bu vaziyatda Badyashil uni qo‘riqlay olmadi.
Aytish mumkinki, birinchi bo‘lim kichik hisobda yakunlanishi «Chelsi»ning omadi kelgani edi. Mehmonlar ustozi tanaffusda nimanidir o‘zgartirishi zarur edi. Natijada «Chelsi»da himoyada yetarlicha ishlamaydigan Estevao o‘rnini Santos egalladi.
Va ikkinchi bo‘limdagi ilk haqiqiy xavfli vaziyatni ham londonliklar yuzaga keltirishdi. Mehmonlarning qarshi hujumi Netu juda qulay pozitsiyadan zarba berishi bilan yakunlandi – ammo u darvoza qarshisida, to‘qqiz metr masofadan turib to‘pni yuqoriga tepib yubordi.
Keyin esa «Siti»da ham almashtirish amalga oshirildi, ammo bunisi majburiy edi, chunki Gvardiol jarohatlandi. Xorvatiyalik himoyachi maydonni oqsoqlanib, shifokorlar va Jyeymsga suyangancha tark etdi. Gvardiola uning o‘rniga Abduqodir Husanovni himoya markaziga tashladi.
«Chelsi» o‘yinning oxirgi choragini o‘ta tajovuzkor o‘tkaza boshladi. Bu reaktiv Delap maydonga tushirilishi bilan bog‘liq. U 72-daqiqada qarshi hujumda yaxshi vaziyatga chiqib bordi va zarba yo‘lladi. To‘p Husanovga tegib tezligini pasaytirdi va Donnarumma uchun oson o‘ljaga aylandi. Keyin esa u tufayli maydonda kichik janjal yuzaga keldi. U navbatdagi qarshi hujumda darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borishi mumkin edi, ammo Husanov uni zararsizlantirishga erishdi, hujumchi esa to‘pni yo‘qotganidan keyin o‘zbekistonlik himoyachini turtib yubordi. Voqea joyiga «Siti» futbolchilaridan bir guruhi yetib kelib, uning o‘ziga hujum qilishdi.
Foto: PA Images via Getty Images
Bu mojaro hisobni tenglashtirishi talab etilgan mehmonlarning yana bir necha daqiqasini o‘g‘irladi.
O‘yinning 89-daqiqasida mehmonlar yana ikkita imkoniyatdan foydalan olishmadi, avvaliga Palmer, keyin esa Delap jarima maydoni ichida turib to‘pni to‘g‘ri tepa olmadi. Shundan keyin «Siti» g‘alabali hisobni saqlab qoladigandek ko‘rinayotgandi, ammo APLning bu mavsumida va ayniqsa bu turida qo‘shimcha daqiqalarda ko‘p ishlar sodir bo‘lmoqda. Bu safar qo‘shimcha daqiqalarda «Chelsi» Fernandesning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. 90+4-daqiqada argentinalik yarimhimoyachi uchinchi urinishda darvoza to‘rini ishg‘ol etdi. Londonliklar Enso Mareska iste’foga chiqarilganidan keyingi ilk o‘yinda, diskvalifikatsiyalar va jarohatlar tufayli asosiy yetakchilarisiz o‘ynagan holda «Siti»ni muhim g‘alabadan mahrum etdi.
«Chelsi» qimmatli bir ochko evaziga «MYu»ga yetib olib, to‘plar nisbatidagi ustunlik tufayli quvib ham o‘tdi. «Siti» esa qatorasiga ikki durangdan keyin (o‘tgan turda «Sanderlend» bilan 0:0) endi peshqadam «Arsenal»dan olti ochkoga ortda qolmoqda.
«Lids» – «Manchester Yunayted» 1:1
Gollar: Aaronson, 62 (1:0). Kunya, 65 (1:1)
«Lids»: Perri, Biyol, Streyk, Bornau (Tanaka, 80), Aaronson (Piru, 87), Shtah, Gruyev (Nionto, 80), Gudmundsson, Jastin, Kalvert-Lyuin, Okafor (Nmecha, 75)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Heven, Martines, Yoro (Zirkze, 63), Kazemiro, Ugarte, Shou, Dalot, Kunya, Dorgu, Sheshko
Ogohlantirish: Dorgu, 34
Bir necha kun oldin «Lids» himoyasi «Liverpul» hujumchilarini to‘xtata olgandi (0:0) va dekabr oyi boshida boshlangan mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirgandi. «Elland Roud» o‘yingohida «MYu»ga ham oson kechmadi. Mateus Kunyaning tezkor goli Sheshkodagi ofsayd holati tufayli bekor qilindi, keyin esa «qizil iblislar» o‘yinidan keskinlik yo‘qolib qoldi. Birinchi bo‘lim mezbonlar ustunligida yakunlanishi ham mumkin edi, ammo Kalvert-Lyuinning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi. Ikkinchi bo‘limda esa «Lids»ning boshqa futbolchisi Aronson o‘z imkoniyatidan foydalandi. «Yunayted» maydon markazida to‘p yo‘qotdi, Heven esa amerikalik yarimhimoyachini o‘tkazib yubordi.
Lekin bu gol mehmonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va jamoa uyg‘ondi. Ruben Amorim ham Zirkzeni maydonga tushirish orqali topqirlik qildi. Niderlandiyalik hujumchi qatorasiga ikkinchi turda golli harakat amalga oshirmoqda. O‘tgan turda u «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinda (1:1) hisobni ochgandi, endi esa maydonga tushganidan ikki daqiqa o‘tar o‘tmas Kunyani darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqarib yubordi. «MYu» o‘tkazib yuborilgan golga uch daqiqa ichida javob qaytardi, ammo tarozi pallasini o‘z tomoniga og‘dira olmadi. Jamoa safardan mag‘lubiyat bilan qaytishi ham mumkin edi, ammo Okaforning qaychi uslubidagi zarbasidan keyin Lammens qahramonlik ko‘rsatdi. Natijada «qizil iblislar» vaqtinchaga bo‘lsa ham «Liverpul»ni quvib o‘tolmadi va kuchli to‘rtlikdan tashqarida qoldi.
«Fulhem» – «Liverpul» 2:2
Gollar: Uilson, 17 (1:0). Virs, 57 (1:1). Gakpo, 90+4 (1:2). Rid, 90+7 (2:2)
«Fulhem»: Leno, Andersen, Kuenka, Diop, Kerni (Berge, 74), Lukich (Rid, 90+2), Robinson, Kastan, Uilson (Traore, 85), Smit-Rou (Kevin, 74), Ximenes (Kusi-Asare, 85)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Bredli, Jons (Kiyeza, 85), Gravenberh, Makallister, Virs (Frimpong, 76), Soboslai, Gakpo (Gomes, 90+6)
Ogohlantirishlar: Uilson, 71 – Gakpo, 90
Mersisaydliklarning «Fulhem» bilan o‘yini tribunadagi muxlislardan biriga tibbiy yordam ko‘rsatilgani tufayli kechikish bilan boshlandi. Hakamning o‘yin boshlangani haqidagi hushtagi chalinganida esa «Liverpul»da Ekitike safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Uning o‘rniga hujum markaziga tushirilgan Gakpo bir necha vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, mersisaydliklar tarbiyalanuvchisi Uilson esa o‘z imkoniyatidan foydalandi. U Ximenesning uzatmasidan keyin mezbon jamoa himoyachilari qo‘yishga uringan ofsayd qopqoniga tushmadi va darvozaning olis burchagini aniq nishonga olib, Alissonga hech qanday imkon qoldirmadi.
Arne Slot jamoasi faqat ikkinchi bo‘limga kelib o‘yinda burilish yasadi va Virs APLdagi ikkinchi golini nishonladi. Uning goli VAR orqali ko‘rib chiqildi va yakunda inobatga olindi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Gakpo baribir o‘z maqsadiga erishdi va golini futbolkasini yechib tashlagan holda nishonladi. Ammo bu gol mehmonlarga g‘alaba keltira olmadi. Slot gol urgan hujumchisini zaxiraga olib, o‘rniga himoyachi tushirdi, mezbonlar esa Ridning «to‘qqizlik»ka aniq yo‘llagan zarbasi orqali so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Holbuki bu nuqtadan gol urish ehtimoli 0,04 xG etib baholangandi.
«Liverpul» qatorasiga ikki durangdan keyin ham kuchli to‘rtlikda qoldi, ammo peshqadam «Arsenal» bilan oradagi farq endi 14 ochkoni tashkil etmoqda.
«Nyukasl Yunayted» – «Kristal Pelas» 2:0
Gollar: Gimarayns, 71 (1:0). Tshau, 78 (2:0)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Sher, Tshau, Holl (Livramento, 63), Mayli, Tonali (Remsi, 63), Joelinton, Gimarayns, Gordon (Barns, 63), Myorfi (Uillok, 88), Vissa (Voltemade, 78)
«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Gehi, Lerma (Kanvo, 38), Hyuz, Uorton (Dreyks-Tomas, 87), Mitchell, Klayn (Devenni, 52), Pino (Rodni, 87), Jonson (Uche, 72), Mateta (Ess, 87)
Ogohlantirishlar: Gordon, 62 – Jonson, 33. Mitchell, 49. Gehi, 55
«Nyukasl» uchun turnir jadvalida o‘zidan yuqorida turgan jamoalar ustidan g‘alaba qozonish juda muhim edi va yakshanba kuni «qarg‘alar»«Kristal Pelas»ni mag‘lub etib, nihoyat turnir jadvalining birinchi yarmiga qaytdi. Londonliklar faqat ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida taslim bo‘ldi – jarima maydoniga diagonal uzatma Mayli to‘pni darvozabon hududiga oshirishi va u yerda turgan Bruno Gimaraes mavsumdagi yettinchi golini urishi bilan yakunlandi. Braziliyalik futbolchi APLda sermahsullik borasida yarimhimoyachilar orasida faqat Brunu Fernandeshdan ortda (12) va Rays bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Biroz o‘tib himoyachi Tshau Eddi Hau jamoasining ustunligini mustahkamladi. Parallel o‘yinda esa «Tottenhem» va «Sanderlend» o‘zaro durang o‘ynashi ham «Nyukasl» foydasiga xizmat qidi. Endi «qarg‘alar» to‘qqizinchi o‘rinda, ammo Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘ringacha farq besh ochkoni tashkil etmoqda.
Ispaniya: «Real»ning Mbappesiz hayoti
«Real» – «Betis» 5:1
Gollar: G. Garsiya, 20 (1:0). G. Garsiya, 50 (2:0). Raul Asensio, 56 (3:0). Ernandes, 66 (3:1). G. Garsiya, 82 (4:1). F. Garsiya, 90+3 (5:1)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Ryudiger (F. Garsiya, 89), Karreras, Valverde, Kamavinga, Tshuameni (Sebalyos, 81), Bellinghem, Rodrigo (Arda Guler, 77), Vinisius Junior (Mastantuono, 77), G. Garsiya (Mendi, 89)
«Betis»: Vales, Natan, Bartra, Rodriges, Ortis (Bellerin, 46), Deossa (Lo Selso, 46), Roka (Altimira, 67), Pablo Fornals, Ruibal (Rikelme, 67), Antoni (P. Garsiya, 88), Ernandes
Ogohlantirishlar: Vinisius Junior, 53 – Ortis, 19
«Real» dekabr oxirida o‘zining asosiy hujumchisi Mbappeni yo‘qotdi. Tizzasidan jarohatlangan Kilian kamida uch haftaga safdan chiqqan va Ispaniya Superkubogi uchun o‘yinni o‘tkazib yuborishi aniq. Holbuki bu Habi Alonsoning «Qirollik klubi»dagi kelajagi uchun hal qiluvchi o‘yin deb hisoblanmoqda. Yakshanba oqshomidagi o‘yinda esa madridliklar murabbiyi, xuddi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida bo‘lgani kabi Gonsalo Garsiyaga imkon berdi.
Yosh forvard esa bundan foydalandi va Rodrigoning jarima zarbasidan bergan uzatmasini bosh bilan golga aylantirib, chempionatdagi ilk golini nishonladi. Ikkinchi bo‘limda esa Gonsalo «Santyago Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislardan olqishlar qabul qilib oldi. U jarima maydoni chizig‘i yaqinida Valverdening uzatmasidan keyin to‘pni ko‘kragi bilan to‘xtatib olib, ikkinchi teginishda to‘pni yerlatib burchak tomon aniq yo‘naltirdi. Ko‘p o‘tmay «Real»ning boshqa bir tarbiyalanuvchisi Raul Asensio Rodrigoning burchakdan uzatmasidan keyin hisobni yiriklashtirdi.
Ammo bu hali hammasi emasdi. Qaysidir pallada madridliklar bo‘shashishdi va Ernandesdan gol o‘tkazib yubordi. Mehmonlar shundan keyin o‘yinda burilish yasashi ham mumkin edi. Ammo Kurtuaning seyvi hamda ikki zarba darvoza to‘sini va ustunga tegishi bunga yo‘l qo‘ymadi. Shundan keyingina mezbonlar o‘ziga kelishdi va Arda Guler darvozabon hududida ochilgan Gonsalo Garsiyani to‘p bilan ta’minladi, u esa tovonida yo‘llagan zarbasi bilan het-trikni rasmiylashtirdi.
O‘yindagi oxirgi gol ham akademiya futbolchisi tomonidan urildi, zaxiradan tushgan Fran Garsiya hisobni yanada yiriklashtirdi. Bu g‘alabadan keyin madridliklar turnir jadvalida «Barselona» bilan to‘rt ochkolik farqni tiklashdi.
«Real Sosedad» – «Atletiko» 1:1
Gollar: Serlot, 50 (0:1). Gonsalu Gedesh, 55 (1:1)
«Real Sosedad»: Remiro, Chaleta-Tsar, Xon Martin, Gomes, Aramburu, Turrentes (Marin, 72), Soler, Gonsalu Gedesh (Barrenechea, 72), Kubo (Zaxaryan, 89), Oyyarsabal, Mendes (Oskarsson, 88)
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Pubil, Rudjyeri (Le Norman, 46), Liorente, Koke (Raspadori, 72), Barrios (Gallaher, 46), Baena (Kardozo, 60), Simeone, Serlot, Alvares (Grizmann, 60)
Ogohlantirishlar: Gonsalu Gedesh, 13. Chaleta-Tsar, 45. Oyyarsabal, 75 – Rudjyeri, 44. Raspadori, 78
Birinchi davradan keyin «Real Sosedad» bosh murabbiyligiga tayinlangan Pellegrino Mataratsso debyut uchun o‘ta noqulay raqibga duch keldi. O‘yindagi asosiy voqealar ikkinchi bo‘limning dastlabki 15 daqiqaligiga to‘g‘ri keldi. Avvaliga Serlot Juliano Simeonening ideal uzatmasidan keyin hisobni ochdi, besh daqiqa o‘tib Gonsalu Gedesh muvozanatni tikladi. Portugaliyalik yarimhimoyachi Kubo ijrosidagi shvedka uslubida berilgan pasni yo‘qqa chiqara olmasdi. O‘yinning oxirgi qismida g‘alaba istalgan tomonga o‘tib ketishi mumkin edi. Avvaliga mezbonlar posboni Remiro Grizmann bilan duelda ustun keldi va raqibining to‘pni o‘z ustidan oshirib tashlashiga yo‘l qo‘ymadi. Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalinishi arafasida esa Barrenecheaning zarbasidan keyin to‘p ustunning yonginasidan o‘tib ketdi. Mataratssoning debyuti g‘alabali chiqmagan bo‘lsa-da, raqibni hisobga olganda natija yomon emas. «Atletiko» esa bu durangdan keyin uchinchi o‘ringa qayta olmadi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra «Vilyarreal»dan ortda qolmoqda.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
