Jamiyat
Sirdaryoda tadbirkorlar mulki sud qarorisiz buzilmoqda. Shikoyatchilar bilan IIB “shug‘ullanyapti”
Guliston shahri Navoiy shohko‘chasida joylashgan yengil tipdagi savdo do‘konlari 8 yanvar kuni majburiy tartibda buzila boshlandi. Murojaatchilarga ko‘ra, buzish ishlari sud qarorisiz, kompensatsiyasiz, tezkorlik bilan amalga oshirilgan. Arzchilar IIBga olib ketilayotgani aytilmoqda.
Bu hudud 2007 yilda Guliston shahar hokimligining qarori bilan yengil tipdagi savdo do‘konlari qurish uchun ajratilgan. Shu yerda 30 dan ortiq tadbirkor qariyb 18 yil davomida rasman faoliyat yuritib kelgan. Ularning aytishicha, shu yillar mobaynida soliqlar to‘lab kelingan, faoliyatga hech qanday e’tiroz bildirilmagan.
Tadbirkorlar so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimligi vakillari do‘kon egalaridan qisqa vaqt ichida savdo obektlarini o‘zlari buzib tashlashni talab qilgan. Aks holda, og‘ir texnika yordamida buzib tashlanishi aytilgan. Ayrim mulkdorlar sud qarori taqdim etilishini so‘rab, buzishga qarshi chiqqan.
Murojaatchilarning bildirishicha, buzishga e’tiroz bildirgan ayrim tadbirkorlar ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Ular bu holatni bosim va qo‘rqitish sifatida baholamoqda. Tadbirkorlar qishning sovug‘ida shoshma-shosharlik bilan buzish talab qilinishiga e’tiroz bildirib, ozroq muddat so‘rayotganini, hozircha qayerga ko‘chish masalasi ham ochiq qolayotganini aytmoqda.
“Qishning kunida tezlik bilan buzishni talab qilishyapti. Bu paytda hatto qushning ini ham buzilmaydi, deyishadi kattalar. Qancha odam ishsiz, daromadsiz qolyapti, buni hech kim hisobga olmayapti”, deydi murojaatchilardan biri.
Kun.uz’ga do‘kondorlardan biri Iroda Toshmatovaning yaqinlari ham murojaat qildi. Ularning aytishicha, Iroda Toshmatova do‘koni buzilishiga qarshi chiqqanidan so‘ng IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari ularga Toshmatovaning ruhiy holatida muammo borligi, uni shifoxonaga jo‘natish rejalashtirilayotganini aytishgan. Ayolning yaqinlari hozirda uni qayerga olib ketilganini aniq bilmasligini aytmoqda.
Guliston shahar hokimligi Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bu yerda jami 34 ta do‘kon bo‘lib, ular avtomobil harakat yo‘li ustida joylashgan. Hokimlikka ko‘ra, mazkur ko‘cha avvaldan yo‘l bo‘lgan va uni qayta ochish rejalashtirilgan. Bu ishlar shahardagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida olib borilayotgani aytilyapti.
Hokimlik, shuningdek, tadbirkorlar 2025 yil yozidan buyon ogohlantirilganini, buzish ishlari birdaniga boshlab yuborilmaganini bildirdi. Tadbirkorlarga Guliston dehqon bozori yonidagi buyum bozori hududidan joy taklif qilingan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chishga rozi bo‘lgan tadbirkorlarning do‘konlari buzilgan, ularga yangi do‘konlarda 2 oy, savdo rastalarida 3 oy to‘lovsiz savdo qilish imkoniyati berilgan.
Shu bilan birga, holat atrofida qator savollar ochiq qolmoqda. Nega 18 yil davomida tadbirkorlar faoliyatiga ruxsat berilgan va soliqlar qabul qilingan? Nega mulkdorlarning hammasi bilan ham kelishuvga erishilmasdan, sud qarorisiz majburiy buzish ishlari boshlangan?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mulkni davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yish mulkdorning roziligi yoki sud qarori asosida amalga oshirilishi lozim. Guliston shahridagi holatda jabrlanuvchi tadbirkorlar do‘koniga mulk huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatlariga ega.
Kun.uz’ga taqdim etilgan surat va videolavhalarda Navoiy shohko‘chasidagi qator do‘konlar allaqachon buzib tashlanganini ko‘rish mumkin. Bu esa sud qarorisiz amalga oshirilgan buzish ishlari qonunga qanchalik mosligi, tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilayotgan kuch va ma’muriy choralar qanchalik asosli ekanini o‘rinli savolga aylantiradi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Jamiyat
Toshkentda Tracker va BYD ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Toshkent shahrining Bektemir tumanida Tracker va BYD rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga oraliq masofaga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 23:00 lar atrofida Bektemir tumanidagi X. Bayqaro mahallasi hududidan o‘tuvchi X. Bayqaro ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tracker rusumli transport vositasi haydovchisi xavfsiz oraliq masofani saqlamagani oqibatida o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan BYD rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
YHXB haydovchilarga murojaat qilib, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, xavfsiz tezlik va oraliq masofani saqlash orqali yo‘l-transport hodisalarining oldini olish mumkinligini eslatdi.
Jamiyat
“Bolalar muntazam qiynab kelingan” – Toshkentdagi xususiy bog‘chada tarbiyachi yig‘layotgan bola og‘ziga latta tiqdi
Uchtepa tumanidagi Rayan Kids bog‘chasida tarbiyachi bolalarni turli xil usullarda qiynab kelgani aytilmoqda. Farzandi jarohatlangan otalardan biri bog‘chada kuzatuv kameralaridan pana joylar borligini, xarxasha qilgan bolalar o‘sha yerda jazolanishini da’vo qilyapti. 2 oy avval ham ushbu bog‘cha tarbiyachisi bolaga yengil tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy jazoga tortilganini aniqlandi.
Uchtepa tumanida joylashgan Rayan Kids xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar turli xil usullarda qiynab kelingani aytilmoqda. Kun.uz’ga bog‘chadagi kuzatuv kameralari yozuvlari kelib tushdi.
Bola og‘ziga latta tiqqan
Videoyozuvlardan birida tarbiyachi yig‘layotgan bolaning og‘ziga latta bo‘lagini tiqqani ko‘rinadi. Yana bir holatda esa ayni shu tarbiyachi bolaning og‘ziga barmog‘ini tiqib olgani tasvirlarga tushib qolgan.
Yana bir videoda esa tarbiyachi yig‘layotgan bolaning bosh qismini ko‘ksiga bosib, uni qiynagani ko‘rinadi.
“Muntazam qiynab kelishgan”
Kun.uz jarohatlangan bolaning otasi bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha so‘radi. Otaning aytishicha, “reklamada boshqacha, bog‘cha ichidagi vaziyat esa dahshatli”.
“Reklamasiga ishonib, bolamni shu bog‘chaga bergandim. Hali gapirolmaydi, kichik yoshda. Qop-qop va’dalar qilishgandi, ammo vaziyat umuman boshqacha bo‘lib chiqdi.
O‘g‘lim o‘z-o‘zidan yig‘laydigan, qo‘rqib, qaltirab qoladigan bo‘ldi. Avvaliga tanasining ayrim joylarida kichik ko‘karishlar ko‘rdik. Keyin bunday jarohatlar ko‘paydi. Bog‘chadagi kuzatuv kameralari yozuvlarini ko‘rsatishni talab qildim. Ularni ko‘rib esa dahshatga tushdim: bolalarni muntazam qiynab kelishgan ekan.
Bolamning og‘ziga latta tiqibdi, chimchilab hamma joyini ko‘kartirib tashlabdi. Hozir ekspertizaga berganmiz, IIBga ham murojaat qildim”, deydi ota.
Bu birinchisi emas
Avvalroq Rayan Kids bog‘chasining boshqa tarbiyachisi ham bolaga jarohat yetkazgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 44 yoshli tarbiyachi 13 mart kuni bolaning oyoqlarini kuch bilan tortib, unga yengil jarohat yetkazgan. Tarbiyachi sudda qilmishidan pushaymonligini aytgan. Bolaning onasi tarbiyachiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Uchtepa tuman sudining 2026 yil 7 maydagi qarori bilan tarbiyachi BHMning 3 baravari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Vazirlik munosabati
Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat vazirlik tomonidan nazoratga olingan, huquq-tartibot organlari mas’ullari tarkibida ishchi guruh tuzilgan.
“Voqeaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritiladi va tegishli tartibda ushbu holatda kasb etika qoidalariga rioya etmagan, holatga javobgar bo‘lgan barcha maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga qonun doirasida chora ko‘riladi”, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, vazirlik litsenziya talablariga javob bermaydigan har qanday maktabgacha ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan.
Jamiyat
Qashqadaryoda 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olindi
IIV holat Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lganini tasdiqlagan. 20 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasida dalaga olib borib, zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan nomusga tegish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlar protsessual tartibda ushlangan.
Illyustrativ surat / Getty Images
Yakkabog‘ tumanida 4 nafar yigit 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Nemolchi.uz xabar berdi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Nemolchi.uz so‘roviga javoban holatni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 7 iyun kuni Yakkabog‘ tumanida 20, 21, 22, 23 yoshli 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasiga mindirib, dalaga olib borishgan va zo‘rlashgan.
Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov-tezkor guruhi voqea joyini ko‘zdan kechirib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyo va dalillarni olib qo‘ygan. Sudga oid tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.
Holat yuzasidan 8 iyun kuni Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi 29 iyun kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandiga qayta malakalangan. Gumondorlar Sh.X., D.H., O.N. va D.A. protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingani hamda barcha aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanishi bildirilgan.
Avvalroq Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov soha xodimlari va aholiga murojaat qilib, tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, ichki nazoratni kuchaytirish hamda raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa bo‘lishini ta’kidladi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov tibbiyot sohasi xodimlari va aholiga yo‘llagan murojaatida korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekanini qayd etib, mazkur illatga qarshi qat’iy kurashish sohadagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishini bildirdi.
Vazirning ta’kidlashicha, prezidentning 2026 yil 5 maydagi farmoni asosida vazirlik tizimi qayta tashkil etilmoqda. Markaziy apparat zamonaviy yondashuvga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan hamda ichki nazorat tizimi kengaytirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz axborot tizimi orqali 979 ta holatda jami 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgan.
Shuningdek, tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan noqonuniy pul talab qilinishiga chek qo‘yish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Vazirning bildirishicha, 2026 yil 1 iyuldan boshlab «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati esa E-Komplaens elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish rejalashtirilgan.
Eldor Odilov fuqarolarni sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lovlar haqida vazirlikning 1203 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki [email protected] elektron pochtasi orqali xabar berishga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, har bir murojaat tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi, murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi.
Jamiyat
Toshkent va Navoiyda mansabdorlar pora bilan ushlandi
Toshkent va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yerdan foydalanish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirish evaziga pora olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Toshkent va Navoiy viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limlaridan biri inspektori fuqaroga davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda inspektor ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollarini o‘zida qoldirib, qolgan 2 ming AQSh dollarini tuman bo‘limi boshlig‘iga berishni rejalashtirgani aniqlangan. Keyingi tezkor tadbirda bo‘lim boshlig‘i ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Navoiy viloyatida esa DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda «Navoiy suv ta’minoti» AJning tuman bo‘limlaridan biri mashinisti mahalliy fuqaroni tanishlari orqali operator lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu pul mablag‘ini qabul qilgan, muqaddam sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olingan. Shuningdek, noqonuniy holatga tuman bo‘limi boshlig‘ining ham aloqadorligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan4 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Iqtisodiyot4 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat3 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days agoBosh prokuratura tomonidan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasi ishga tushirildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kivilarni asosan Erondan import qilmoqda
-
Iqtisodiyot3 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Sport4 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
