Jamiyat
Sirdaryoda tadbirkorlar mulki sud qarorisiz buzilmoqda. Shikoyatchilar bilan IIB “shug‘ullanyapti”
Guliston shahri Navoiy shohko‘chasida joylashgan yengil tipdagi savdo do‘konlari 8 yanvar kuni majburiy tartibda buzila boshlandi. Murojaatchilarga ko‘ra, buzish ishlari sud qarorisiz, kompensatsiyasiz, tezkorlik bilan amalga oshirilgan. Arzchilar IIBga olib ketilayotgani aytilmoqda.
Bu hudud 2007 yilda Guliston shahar hokimligining qarori bilan yengil tipdagi savdo do‘konlari qurish uchun ajratilgan. Shu yerda 30 dan ortiq tadbirkor qariyb 18 yil davomida rasman faoliyat yuritib kelgan. Ularning aytishicha, shu yillar mobaynida soliqlar to‘lab kelingan, faoliyatga hech qanday e’tiroz bildirilmagan.
Tadbirkorlar so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimligi vakillari do‘kon egalaridan qisqa vaqt ichida savdo obektlarini o‘zlari buzib tashlashni talab qilgan. Aks holda, og‘ir texnika yordamida buzib tashlanishi aytilgan. Ayrim mulkdorlar sud qarori taqdim etilishini so‘rab, buzishga qarshi chiqqan.
Murojaatchilarning bildirishicha, buzishga e’tiroz bildirgan ayrim tadbirkorlar ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Ular bu holatni bosim va qo‘rqitish sifatida baholamoqda. Tadbirkorlar qishning sovug‘ida shoshma-shosharlik bilan buzish talab qilinishiga e’tiroz bildirib, ozroq muddat so‘rayotganini, hozircha qayerga ko‘chish masalasi ham ochiq qolayotganini aytmoqda.
“Qishning kunida tezlik bilan buzishni talab qilishyapti. Bu paytda hatto qushning ini ham buzilmaydi, deyishadi kattalar. Qancha odam ishsiz, daromadsiz qolyapti, buni hech kim hisobga olmayapti”, deydi murojaatchilardan biri.
Kun.uz’ga do‘kondorlardan biri Iroda Toshmatovaning yaqinlari ham murojaat qildi. Ularning aytishicha, Iroda Toshmatova do‘koni buzilishiga qarshi chiqqanidan so‘ng IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari ularga Toshmatovaning ruhiy holatida muammo borligi, uni shifoxonaga jo‘natish rejalashtirilayotganini aytishgan. Ayolning yaqinlari hozirda uni qayerga olib ketilganini aniq bilmasligini aytmoqda.
Guliston shahar hokimligi Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bu yerda jami 34 ta do‘kon bo‘lib, ular avtomobil harakat yo‘li ustida joylashgan. Hokimlikka ko‘ra, mazkur ko‘cha avvaldan yo‘l bo‘lgan va uni qayta ochish rejalashtirilgan. Bu ishlar shahardagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida olib borilayotgani aytilyapti.
Hokimlik, shuningdek, tadbirkorlar 2025 yil yozidan buyon ogohlantirilganini, buzish ishlari birdaniga boshlab yuborilmaganini bildirdi. Tadbirkorlarga Guliston dehqon bozori yonidagi buyum bozori hududidan joy taklif qilingan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chishga rozi bo‘lgan tadbirkorlarning do‘konlari buzilgan, ularga yangi do‘konlarda 2 oy, savdo rastalarida 3 oy to‘lovsiz savdo qilish imkoniyati berilgan.
Shu bilan birga, holat atrofida qator savollar ochiq qolmoqda. Nega 18 yil davomida tadbirkorlar faoliyatiga ruxsat berilgan va soliqlar qabul qilingan? Nega mulkdorlarning hammasi bilan ham kelishuvga erishilmasdan, sud qarorisiz majburiy buzish ishlari boshlangan?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mulkni davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yish mulkdorning roziligi yoki sud qarori asosida amalga oshirilishi lozim. Guliston shahridagi holatda jabrlanuvchi tadbirkorlar do‘koniga mulk huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatlariga ega.
Kun.uz’ga taqdim etilgan surat va videolavhalarda Navoiy shohko‘chasidagi qator do‘konlar allaqachon buzib tashlanganini ko‘rish mumkin. Bu esa sud qarorisiz amalga oshirilgan buzish ishlari qonunga qanchalik mosligi, tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilayotgan kuch va ma’muriy choralar qanchalik asosli ekanini o‘rinli savolga aylantiradi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
