Jamiyat
Sirdaryoda chiyabo‘ri odamlarga hujum qildi
Hodisa 9 iyun kuni Guliston tumanining Ishonch mahallasida, dala maydoniga yaqin hududida sodir bo‘lgan. Chiyabo‘ri 4 kishiga hujum qilgan.
Guliston tumanida chiyabo‘ri odamlarga hujum qildi. Sirdaryo viloyati hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 9 iyun kuni soat 17:30 larda Guliston tumanining Ishonch mahallasida, dala chetiga yaqin hududda sodir bo‘lgan. Bitta chiyabo‘ri 4 kishiga hujum qilgan. Shu mahallada yashovchi erkak tezkor choralar ko‘rib, hayvonni zararsizlantirgan.
“Jarohat olgan fuqarolarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hozirda ularning salomatligi tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘lib, ahvoli qoniqarli”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, tegishli tashkilotlar holat yuzasidan zarur o‘rganish va profilaktik tadbirlar olib bormoqda.
Jamiyat
Yo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yo‘l talashgan va ayol haydovchini haqorat qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi.
Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. 41 yoshli haydovchi M.Sh. (erkak) hamda 34 yoshli T.F. (ayol) o‘rtasida yo‘l harakatidagi kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan. So‘ngra erkak uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Holat yuzasidan M.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ayblanib, 15 sutkaga qamaldi. Ayolga himoya orderi berildi.
«Bundan battar so‘kinishlar, haqoratlar bo‘lgan, telefonimni qo‘limdan yulib olib, telefonni bermasliklar… Men ertalabdan beri titrab, o‘zimga kela olmayapman», dedi ayol suddagi ko‘rsatmasida.
«Men kechirim so‘rayman. Boshqa qaytarilmaydi bunaqa narsa. Hurmat qilib, to‘g‘ri yuraman. Jahlni jilovlab, keyin ko‘chaga chiqishni o‘rganaman. Bunaqa narsa boshqa bo‘lmaydi», dedi haydovchi.
Jamiyat
Ayrim shaharlarda harbiy xizmatchilar uchun ijara kompensatsiyasi oshiriladi
Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan oylik pul kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi. Shuningdek, mudofaa tizimidagi ayrim fuqaro xodimlarning ish haqi ham bosqichma-bosqich ko‘paytiriladi.
Prezidentning “Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va ayrim fuqaro xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 10 iyundan boshlab Toshkent va Samarqand shaharlarida harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga oshiriladi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida faoliyat yurituvchi fuqaro xodimlarning ish haqi ham ko‘tariladi. Bunda chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlari mazkur tartibdan mustasno hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, ushbu xodimlarning ish haqi 2026 yil 10 iyundan 20 foizga, 2027 yil 1 yanvardan esa qo‘shimcha ravishda 50 foizga oshiriladi.
Mazkur o‘zgarishlar mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini 2026 yil 10 iyundan 1,2 baravarga, 2027 yil 1 yanvardan esa 1,7 baravarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.
Hujjat Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiylar va fuqaro xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning moddiy ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.
Jamiyat
Toshkent – vodiy yo‘lining bir qismida maksimal tezlik pasaytirildi
Toshkent viloyati kengashi Toshkent-Andijon yo‘lining Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi 103−131-kilometrlari oralig‘ida tezlik cheklovlarini pasaytirishni ma’qulladi. Yengil avtomobillar uchun maksimal tezlik 80 km/soat, og‘ir yuk mashinalari uchun esa 50 km/soat etib belgilanadi.
Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi A-373 «Toshkent-Ohangaron-Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon» xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida ruxsat etilgan harakat tezligi pasaytiriladi. Bu Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 8 iyundagi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 103–131-kilometrlari oralig‘ida, uchta aholi yashash joyidan tashqarida joylashgan qismlarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi tezlik cheklovlari joriy etiladi.
Hujjatga muvofiq, M1, M2 va N1 toifasidagi transport vositalari, ya’ni yengil avtomobillar, 8 nafardan ko‘p bo‘lmagan yo‘lovchiga mo‘ljallangan mikroavtobuslar hamda og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari uchun maksimal tezlik soatiga 80 kilometr etib belgilanadi. N2 va N3 toifasidagi, ya’ni og‘irligi 3,5 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtomobillari, jumladan, yirik yuk mashinalari uchun esa tezlik cheklovi soatiga 50 kilometrga tushiriladi.
Qaror ilovasida keltirilishicha, hozir mazkur uchastkalarda ruxsat etilgan tezlik soatiga 100 kilometrni tashkil etadi. Yangi tartib 103–104, 105–106, 108–109 va 109–131-kilometrlar oralig‘idagi qismlarga tatbiq etiladi.
Hujjatda qayd etilishicha, tezlikni pasaytirish tashabbusi Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy maxsus komissiya taklifi asosida ishlab chiqilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan va muhokama muddati 27 may kuni yakunlangan.
Qarorga muvofiq, «Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi o‘n kun muddat ichida mazkur hududlarda 80 va 50 km/soat tezlik cheklovlarini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatishi kerak.
Toshkent viloyati kengashi qarorda tezlik cheklovlarini o‘zgartirishdan maqsad fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish ekanini ta’kidlagan.
Jamiyat
Sergelida kanalda oqib ketayotgan ikki qizaloq qutqarib qolindi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida Qorasuv kanali oqimiga tushib ketgan ikki nafar qizaloq temiryo‘l xodimining jasorati va tezkor harakati tufayli halokatdan qutqarib qolindi.
Hodisa 9 iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli filiali Toshkent temiryo‘l masofasi korxonasida faoliyat yurituvchi temir yo‘l sozlovchisi A’zam Ibrohimov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, u Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali yaqinida ish olib borayotgan paytda suv oqimida oqib ketayotgan va yordam so‘rab chaqirgan ikki nafar qizaloqni ko‘rib qolgan.
Vaziyatning xavfli ekanini anglagan temiryo‘lchi zudlik bilan harakat qilib, kanalga tushgan va kuchli oqim ta’sirida qolgan bolalarni suvdan olib chiqqan. Shu tariqa ikki qizaloqning hayoti saqlab qolingan.
Qayd etilishicha, A’zam Ibrohimovning jasorati, matonati va fidokorona harakati “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati tomonidan munosib baholangan. Unga tashakkurnoma, esdalik sovg‘asi hamda pul mukofoti topshirilgan.
Mutasaddilar bu kabi holatlarda fuqarolarni suv havzalari yaqinida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.
Jamiyat
Qariyb 900 mln so‘mlik sifatsiz va hujjatsiz dorilar aniqlandi
Namangan viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida umumiy qiymati qariyb 900 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan, hujjatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari aniqlanib, muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Foto: Telegram / Department_uz
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “I.Sh.” MChJ rahbari B.Yu. “Yangiobod” MFY hududida joylashgan dorixonasida umumiy bahosi 452 mln so‘mlik 1 011 turdagi sifatini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan dori vositalarini savdoga qo‘yganligi aniqlandi. Mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Departamentning Sergeli tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “Y.Ph.” MChJ rahbari M.Sh. Yangihayot tumanidagi dorixonasida “Tesentrik” nomli dori vositasini 9 150 AQSh dollariga shifokor retseptisiz sotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davomida dorixonadan umumiy bahosi 309,3 mln so‘mlik 41 turdagi sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yana bir holatda, “Ph.P.” MChJ mas’ul shaxslari tomonidan dori vositalarini qadoqlash sexida umumiy bahosi 139,4 mln so‘mlik davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan hamda yaroqlilik muddati o‘tgan 100 turdagi dori vositalari saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mahsulotlar ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Jamiyat4 days agoToshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
-
Jamiyat4 days agoQo‘g‘irchoq teatri san’ati an’analarini asrab qolish alohida ahamiyatga ega – Saida Mirziyoyeva
-
Jamiyat4 days agoToshkentda uyni ikki marta sotgan aka-ukaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
-
Iqtisodiyot5 days agoShaxsiy ehtiyoj uchun avtomobil olib kirishda “bir yilda bitta” degan cheklov olib tashlandi
-
Mahalliy4 days ago
So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days ago21:44 May oyidagi inflatsiya: qaysi mahsulot qanchaga qimmatlashdi?
-
Mahalliy5 days ago
Bugun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni: sayyora bizdan nimani kutyapti?
-
Iqtisodiyot2 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
