Sport
Shomurodovda debyut gol, «Real»da qiyin g‘alaba, Italiya derbisida gollar yomg‘iri. Kun o‘yinlari
«Arsenal» yirik g‘alaba bilan birinchi o‘ringa qaytdi, «Chelsi» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi, «Real» bir kishi kam bo‘lib o‘ynab, g‘alaba qozondi, «Yuventus» va «Inter» o‘yinida 7 ta gol urildi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Arsenal»ga yangilar g‘alaba keltirdi
«Arsenal» – «Nottinghem Forest» 3:0
Gollar: Subimendi (32, 79), Yokeresh, (46)
«Arsenal»: Rayya, Moskera, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 68), Timber, Subimendi, Merino, Edegor (Nvaneri, 18), Eze (Trossar, 79), Madueke (Martinelli, 78), Yokeresh (Rays, 68)
«Nottinghem Forest»: Sels, Murilo (Savona, 37), Milenkovich, Moratu, Uilyams, Sangare (Yyeyts, 73), Anderson, Gibbs-Uayt (Makeyti, 73), Hadson-Odoi (Kalimuendo, 60), Ndoy, Vud (Bakva, 60)
Ogohlantirishlar: Kalafiori, 61 – Uilyams, 78
Angelos Postekogluning «Nottinghem» bosh murabbiyi sifatidagi ilk o‘yini «Arsenal» maydonidagi yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi, «kanonirlar» birinchi golni o‘z an’anasiga ko‘ra standart vaziyatdan kiritdi. To‘p jarima maydoni ichidan qaytib chiqqanida Subimendi hujumni ikkinchi tempda davom ettirib, to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘naltirdi. Londonliklar safida bu vaqtgacha jamoa sardori Edegor jarohat olib maydondan chiqqandi.
Ikkinchi bo‘limda ham jamoaning yozda xarid qilgan yangi futbolchilari asosiy ishni bajarishdi. Eze Kalafiorining ancha orqadan uzatgan uzatmasidan keyin chap qanotda oldinga yurdi va jarima maydonida ochilgan Yokereshni golli pas bilan ta’minladi. Subimendi esa Trossarning uzatmasidan keyin bosh bilan darvozani ishg‘ol etib, dublni rasmiylashtirdi. «O‘rmonchilar»da o‘yinga qaytish uchun birgina vaziyat bo‘lgandi, ammo hisob 2:0 holatida Rayya Vudning zarbasidan keyin to‘pni barmoqlari uchida yuqoriga yo‘naltirishga ulgurdi. «Arsenal»da esa hisobni yanada yiriklashtirish uchun ham imkoniyatlar bo‘ldi, Yokereshning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi. Yakunda «Arsenal» darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi va «Nottinghem»ga qarshi o‘yinlardagi statistikasini yaxshiladi, ushbu jamoalarning so‘nggi yetti o‘zaro o‘yinida jami 22-2 hisobi qayd etilgan. Bu g‘alabadan keyin londonliklar hozircha 9 ochko bilan turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqdi.
«Nyukasl Yunayted» – «Vulverhempton» 1:0
Gol: Voltemade (29)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Sher, Bern, Livramento, Trippiyer, Tonali, Joelinton (Uillok, 65), Gimarayns, Barns (Elanga, 80), Myorfi (Botman, 90+5), Voltemade (Osula, 65)
«Vulverhempton»: Jonston, Agbadu, T. Gomesh, Moskera (Munetsi, 66), Andre (Bellegard, 66), Gomes, Kreychi, Bueno, R. Gomesh (Chachua, 77), Xvan Xi Chxan (Lopes, 77), Arokodare (Arias, 66)
Ogohlantirishlar: Gimarayns, 88 – Kreychi, 7. Andre, 31. Munetsi, 67. Gomes, 68
«Nyukasl»ning o‘tgan mavsumdagi asosiy to‘purari Aleksandr Isak yozgi transferlar vaqtida «Liverpul» safiga o‘tish uchun isyon ko‘tarib, o‘yinlarda qatnashmaganida jamoa uchta o‘yindan ikkitasida gol urolmadi. Ammo «qarg‘alar» qochqin shved o‘rniga yangi hujumchi topishdi va u bilan yangi hayot boshlandi. «Shtutgart»dan katta pulga olib kelingan yosh hujumchi Nik Voltemade esa ilk o‘yinidayoq g‘alaba golini urdi. Germaniya milliy jamoasi forvardi shu o‘yinda yakkakurashlarda eng ko‘p ustun kelgan (8) futbolchiga aylandi. Bundan tashqari, Voltemade — APLdagi debyutida gol urgan uchinchi nemis futbolchisi bo‘ldi (Yurgen Klinsmann va Gundo‘g‘andan keyin). Shu bilan birga, Eddi Hau shogirdlariga bu turda ancha oson raqib duch kelgandi – «Vulverhempton» 127 yillik tarixida ilk bor mavsumni qatorasiga to‘rt mag‘lubiyat bilan boshladi.
«Vest Hem» – «Tottenhem Hotspur» 0:3
Gollar: Sarr (47), Bergvall (57), van de Ven (64)
«Vest Hem»: Hermansen, Kilman, Mavropanos, Diuf, Uoker-Piters, Uord-Prouz (Irving, 90+2), Souchek, Lukas Paketa (Uilson, 68), Sammervill (Luis Gilerme, 62), Fernandesh (Magassa, 61), Bouen
«Tottenhem Hotspur»: Vikario, Romero, van de Ven (Danso, 80), Spens (Udodji, 71), Porro, Palinya, Sarr, Bergvall (Jonson, 80), Simons (Risharlison, 71), Quddus, Tel (Odober, 79)
Ogohlantirish: Spens, 52
Chetlatish: Souchek, 54
O‘tgan turda mavsumda ilk bor ochko yo‘qotgan «Tottenhem» «Vest Hem»ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Ko‘p yillik murabbiy Devid Moyyesga javob berilib, Hulen Lopetegi qo‘liga o‘tganidan keyin inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan «bolg‘achilar» Grem Potter boshqaruvida ham o‘ziga kela olmayapti. Dastlabki ikki turda debyutant «Sanderlend» (0:3) va «Chelsi»ga (1:5) yirik hisoblarda yutqazgan jamoa xalqaro o‘yinlar uchun tanaffus boshlanishi arafasida «Nottinghem»ni mag‘lub etib, muxlislarida umid uyg‘otgandi. Ammo «shporlar»ga qarshi o‘yin ham yirik hisobdagi mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Mezbonlar birinchi bo‘limda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlarning yangi futbolchisi Simons burchakdan uzatgan to‘pni Sarr darvoza to‘riga yo‘lladi, 54-daqiqada Souchek maydondan chetlatilgach esa o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi. Bergval avvaliga o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, keyin esa van de Venning goliga hammualliflik qildi.
«Brentford» – «Chelsi» 2:2
Gollar: Shade (35), Fabiu Karvalio (90+3) – Palmer (61), Kaysedo (85).
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Pinnok (Hiki, 83), Kollinz, Lyuis-Potter (Fabiu Karvalio, 90), Kayode (Ayyer, 83), Henderson, Yarmolyuk, Yyensen (Uattara, 73), Shade, Tiago (Henri, 72)
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Chaloba, Hato (Kukurelya, 46), Fofana (Jyeyms, 46), Fernandes, Kaysedo, Buonanotte (Jorj, 46), Gittens (Palmer, 56), Pedru Netu, Joao Pedro (Garnacho, 79)
Ogohlantirishlar: Tiago, 8. Yarmolyuk, 64. Pinnok, 82 – Hato, 30. Jorj, 90
Tig‘iz taqvim tufayli rotatsiyaga qo‘l urgan «Chelsi»da (Palmer, Kukurelya, Jyeyms, Estevao kabi asosiy tarkib futbolchilari zaxirada qoldirilgandi) birinchi bo‘limda jiddiy muammolar kuzatildi. Shade avvaliga birinchi imkoniyatdan foydalana olmagandi, lekin ushbu hujumchi Hendersonning maydonning ikkinchi qismidan uzatgan pasiga yetib bordi va jarima maydoniga kirmasdan zarba yo‘lladi, to‘p himoyachiga tegib yo‘nalishini o‘zgartirishi Sanchesni ilojsiz ahvolda qoldirdi. Ikkinchi bo‘limda esa jarohatdan tuzalib qaytgan Palmerning tushishi o‘yinni o‘zgartirdi, u jarima maydoni markazidan aniq zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. Keyin Koulda gol urish uchun yana bir imkoniyat paydo bo‘ldi, ammo «Brentford» darvozaboni Kelleher burchakka borayotgan to‘pga ulgurib, jamoasini qutqardi. 85-daqiqada esa ushbu darvozabon Kaysedoning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasiga chora topa olmadi va mehmonlar buni g‘alaba golini urgandek nishonlashdi. Ammo «asalarilar» mag‘lubiyatga ko‘nmadi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Shade autdan to‘pni jarima maydoni ichiga yetkazib berishi Fabiu Karvalio bo‘sh darvozani ishg‘ol etishi bilan yakunlandi. Portugaliyalik ushbu futbolchi jamoasining «sahrli tayoqchasi»ga aylanib bormoqda — u APLda ushbu jamoa safidagi to‘rt golini ham 89-daqiqdaan keyin urgan. «Chelsi» esa turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilish imkoniyatidan foydalana olmadi –Mareska shogirdlari ikki g‘alaba va ikki durang bilan 8 ochko jamg‘arib, beshinchi o‘rinda bormoqda.
Ispaniya: Madrid klublarida qiyin g‘alabalar
«Real Sosiyedad» – «Real» 1:2
Gollar: Oyyarsabal (56, pen) Mbappe (12), Arda Guler (44)
«Real Sosiyedad»: Remiro, Subeldiya, Chaleta-Tsar, Gomes, Elustondo (Aramburu, 57), Gorrotchategi (Karrikaburu, 78), Goti (Soler, 57), Barrenechea, Marin (Kubo, 66), Oyyarsabal, Gonsalu Gedesh (Zaxaryan, 66)
«Real»: Kurtua, Eder Militau, Hausen, Karreras, Karvahal (Aleksandr-Arnold, 82), Tshuameni, Sebalyos (Raul Asensio, 68), Arda Guler (Alaba, 88), Vinisius Junior (Garsiya, 68), Dias (Valverde, 46), Mbappe
Ogohlantirishlar: Subeldiya, 6. Barrenechea, 45 – Mbappe, 62
Chetlatish: Hausen, 32
«Real» 32-daqiqadayoq bir kishi kam bo‘lib qoldi, ammo yakunda g‘alabaga erishdi. Arbitr Hausenni Oyyarsabalga nisbatan «so‘nggi umid foli» uchun maydondan chetlatdi va bu epizod o‘yindan keyin ham muhokama qilinmoqda. Habi Alonso referining argumentlari unga ishonchli ko‘rinmaganini aytdi. Shu bilan birga, Hausen zarur bo‘lmagan holatda fol ishlatganini tan oldi, shuningdek, o‘n kishi bo‘lib qolgach, jamoa yanada jipslashganini qayd etdi.
Madridliklar o‘n kishi holatida ham hisobdagi ustunligini mustahkamlay oldi, tarkiblar teng holatida hisobni ochgan Mbappe esa o‘z nomiga golli uzatma ham yozib qo‘ydi. U raqib jarima maydoni ichida fantastik harakatlari bilan bir necha himoyachini ortda qoldirib, Arda Gulerning g‘alaba golini urishida asosiy ishni bajardi. Ikkinchi bo‘limda esa «Real» asosan himoyalandi, mezbonlarning bosimi esa Karvahal jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynashi va Kurtua qo‘riqlagan darvozaga penalti belgilanishiga olib keldi. Oyarsabal 56-daqiqada 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etdi. «Sosedad» shturm uyushtirishda davom etdi, Oyarsabal dublga yaqin keldi, ammo uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini Kurtua qaytarib qoldi. Ikki holatda darvoza ustunlari mehmonlarlar joniga ora kirdi. Yakunda madridliklar g‘alabali hisobni saqlab qoldi va 12 ochko bilan turnir jadvalida yakkapeshqadamga aylandi, raqobatchilardan biri «Atletik» bu turda o‘z uyida «Alaves»ga sensatsion tarzda yutqazdi (0:1). Yana bir raqobatchi «Barselona» esa tur o‘yinini bugun «Valensiya»ga qarshi o‘tkazadi, ammo bu o‘yinda kataloniyaliklarga Lamin Yamal yordam bera olmaydi, u jarohat tufayli bir necha hafta o‘ynay olmasligi mumkin.
«Atletiko» – «Vilyarreal» 2:0
Gollar: Barrios (9), Gonsales (52)
«Atletiko»: Oblak, Langle, Le Norman (Pubil, 77), Rudjyeri (Gansko, 76, Galan, 83), Liorente, Koke, Barrios, Gonsales (Gallaher, 76), Simeone, Grizmann, Alvares (Serlot, 46)
«Vilyarreal»: Luis Junior, Foyt, Veyga, Kardona (Pedrasa, 79), Mourinio, Parexo, Partey (Komesanya, 64), Moleyro (Geyye, 64), Byukenen, Mikautadze (Oluvaseyi, 79), Pepe (Peres, 64)
Ogohlantirishlar: Alvares, 32. Rudjyeri, 73 – Parexo, 24. Veyga, 65. Mourinio, 84. Pedrasa, 90
Diyego Simeone jamoasi uzoq kutilgan g‘alabaga erishdi va bu g‘alaba noqulay raqibga qarshi o‘yinda ro‘y berdi. «Vilyarreal» «Atletiko»ga qarshi so‘nggi 11 safar o‘yinidan sakkiztasidan ochko olib qaytgandi. Ammo bu safar «sariq submarinalar» madridliklar pressingiga dosh bera olishmadi, Hulian Alvares esa tovondagi uzatmasi bilan Barriosni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi, keyin esa «matraschilar» safida argentinaliklar koloniyasini to‘ldirgan Niko Gonsales ikkinchi bo‘lni urdi. Shu yozda «Yuventus»dan transfer qilingan futbolchi o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda Liorentening uzatmasini bosh bilan darvozaga yo‘lladi.
Italiya: Kontening yangi rekordi
«Yuventus» – «Inter» 4:3
Gollar: Kelli (14), Kenan Yildiz (38), K. Tyuram (82), Adjich (90+1) – Hoqon Chalxono‘g‘li (30, 65), M. Tyuram (76)
«Yuventus»: Di Gregorio, Bremer, Kelli, Gatti (Joao Mariu, 79), Lokatelli (Kabal, 74), K. Tyuram, Makkenni (David, 79), Kalyulyu, Kopmeyners (Adjich, 73), Kenan Yildiz, Vlahovich (Openda, 73)
«Inter»: Zommer, Acherbi, Bastoni, Akanji, Hoqon Chalxono‘g‘li (Suchich, 81), Mxitaryan, Barella (Dimarko, 64), Karlos Augustu (Zelinski, 64), Dyumfris (Darmian, 77), M. Tyuram, Martines (Bonni, 64)
Ogohlantirishlar: Kopmeyners, 33. Lokatelli, 70 – Mxitaryan, 86
Shanba kungi «Italiya derbisi» shiddatli va qiziqarli o‘tishini oldindan taxmin qilish mumkin edi, chunki 1974 yildan buyon ilk bor «Yuventus» va «Inter»ni katenachchoga sodiq mahalliy mutaxassislar emas, xorijlik murabbiylar boshqarmoqda — xorvatiyalik Igor Tyudor va ruminiyalik Kristian Kivu. Shu bilan birga, ularning ikkisi ham Italiyaga begona emas. Futbolchi sifatida ular hozirda o‘z boshqaruvidagi jamoalarda to‘p surishgan va murabbiylik karerasini ham Apennin yarimorollarida qurishgan. Tyudor o‘z vaqtida «Yuve»da Andrea Pirloga assistentlik qilgan, Kivu esa «Inter»ning to‘rt yosh toifasidagi o‘smirlar jamoalarini boshqargan.
Bu odamlarga byankonerilar va neradzurrilar to‘qnashuvi naqadar prinsipialligini tushuntirishga ortiqcha hojat yo‘q va shanba kuni ularning shogirdlari ajoyib dramatik bahs namoyish etib berishdi va o‘tgan yilgi 4:4 hisobini barchaning yodiga solib qo‘yishdi. Muxlislar bu safar bitta kamroq gol ko‘rishdi, ammo shusiz ham o‘yin dam olish kunlarining eng yorqin o‘yini bo‘ldi. Dastlab mezbonlar himoyachisi Kelli jarima maydoni markazida turib quyi burchakka aniq zarba yo‘lladi. U «Italiya derbisi»da gol urgan ikkinchi ingliz futbolchisiga aylandi. Oxirgi marta bunaqasi 1961/62 yillar mavsumida kuzatilgandi. Keyin esa turklar katta sahnaga chiqishdi. Hoqon Chalxono‘g‘li ikki bor o‘z uslubida zarba yo‘llab, darvoza to‘rini ishg‘ol etdi. Kenan Yildiz ham uzoq masofadan zarba yo‘llab javob qaytardi, shuningdek 82-daqiqasida akasining goliga javob qaytarib, hisobni tenglashtirgan Kefren Tyuramga assistentlik qildi.
Bu goldan keyin Turindagi stadion tablosida 3:3 raqamlari porlay boshladi, translatsiya rejissyori esa o‘yinni mamnun kuzatayotgan Lilian Tyuramni ko‘rsatdi. Ikki o‘g‘li ham derbida gol urishdi — ularning taniqli otasiga yana nima kerak? Ammo barchasi qo‘shimcha daqiqalarda o‘zgarib ketdi, shu kuni zaxiradan tushib, A seriyada debyut qilgan chernogoriyalik Adjich olis masofadan aql bovar qilmas zarba yo‘lladi va to‘p Zommerning qo‘llari orasidan o‘tib, yuqori burchakka uchib bordi. «Yuve» startdagi uch turda uch g‘alabaga erishdi, «Inter» esa atigi uch ochko bilan kifoyalanishga majbur, oqshomning kutilmagan qahramoni esa byankonerilar tarixida milanliklar darvozasiga gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi (19 yoshu 124 kun).
«Fiorentina» – «Napoli» 1:3
Gollar: Raniyeri (79) – De Bryuyne (6, pen), Hoylund (14), Bekema (51)
«Fiorentina»: de Xea, Pongrachich (Viti, 90+3), Raniyeri, Komutsso (Lempti, 87), Zom (Nikolussi Kavilya, 65), Mandragora, Fadjoli (Fatssini, 65), Gozens, Dodo, Djyeko (Pikkoli, 46), Kin
«Napoli»: Milinkovich-Savich, Buondjorno, Bekema, Spinatssola (Olivera, 69), Di Lorenso, Lobotka (Gilmor, 90+4), De Bryuyne (Neres, 69), Zambo Angissa, Maktominay, Politano (Elmas, 69), Hoylund (Lukka, 73)
APLda ishlari yurishmagan Hoylund o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan Italiya chempionatiga qaytdi va «Napoli» safidagi ilk o‘yinidayoq gol urdi. «MYu»da ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmasdan, murabbiylar ishonchidan chiqib qolgan daniyalik forvard Spinatssolaning pasidan keyin himoyachilardan osonlik bilan qochib ketib, to‘pni burchakka aniq yo‘lladi. 14-daqiqadagi bu gol amaldagi chempionlar uchun ikkinchisi edi, bundan oldinroq APLdan kelgan boshqa bir futbolchi De Bryuyne penaltini aniq ijro etib, hisobni ochgandi. Stefano Pioli bosh murabbiylikka qaytganidan keyin A seriyaning yangi mavsumini muvaffaqiyatsiz boshlagan va birorta g‘alabaga erisha olmagan «Fiorentina» faqat o‘yin oxirlariga kelib yagona javob golini urdi. «Napoli» xuddi «Yuventus» kabi yo‘qotishsiz ketmoqda, Antonio Konte esa Italiya chempionatida rekord o‘rnatdi. U 244 o‘yin o‘tkazib, barchadan tezroq 550 ochko jamg‘argan mutaxassisga aylandi.
Germaniya: to‘purarlarga atalgan tur
«Haydenhaym» «Borussiya» – D 0:2
Gollar: Girassi (33), Bayyer (45+6)
«Haydenhaym»: Ramay, Gimber (Bush, 46), Maynka, Pakyarada (Ferenbah, 7), Traore, Sheppner, Kerber, Bek (Konte, 46), Honzak (Kaufmann, 70), Ibrahimovich (Zirsleben, 81), Zivzivadze
«Borussiya» D: Kobel, Anton, Bensebaini, Ryuerson (O‘zjan, 74), Nmecha (Mane, 90+4), Gros (Chukvuemeka, 65), Svensson, Koutu, Bayyer (Kempbell, 74), Adeyyemi (Bellinghem, 66), Girassi
Ogohlantirishlar: Gimber, 39. Sheppner, 47 – Adeyyemi, 27. Ryuerson, 45. Girassi, 85
Chetlatish: Zivzivadze, 21
Birinchi bo‘limning birinchi yarmidayoq maydondan chetlatilgan Zivzivadze «Borussiya»ning ishini yengillashtirib ketdi, u markaziy zona atrofida ehtiyotsizlik bilan podkat qildi va «Haydenhaym» 22-daqiqadayoq ozchilik bo‘lib qoldi. «Asalarilar» esa bo‘limning qolgan vaqtida ikki bor mezbonlar darvozasini ishg‘ol etishdi. Girassi Ryuersonning uzatmasidan keyin bosh bilan aniq zarba yo‘llab, bundesligada qatorasiga sakkizinchi o‘yinda gol urib, seriyani davom ettirdi. Turnir tarixida legioner futbolchilar orasida bundan muvaffaqiyatli seriya faqat Levandovski (15 gol) va Obameyang (10) maqtana olishi mumkin. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Adeyyemining uzatmasidan keyin himoyachilardan qochib ketgan Bayyer bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi va o‘yin taqdirini amalda hal qildi.
«Bavariya» – «Hamburg» 5:0
Gollar: Gnabri (3), Pavlovich (9), Keyn (26 pen, 62), Dias (29)
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Rafael Gerreyru, 46, Bishof, 63), Ta, Stanishich, Laymer, Kimmih, Pavlovich, Gnabri (Jyekson, 46), Dias (Boe, 76), Olise, Keyn (Karl, 64)
«Hamburg»: Oyyer Fernandesh, Vushkovich, Sumaoro (Elfadli, 46), Omari, Remberg, Kapaldo (Meffert, 46), Muhaym, Mikelbrensis, Ressing-Lelesiit (Filipp, 46), Viyeyra (Glatsel, 76), Kenigsderffer (Balde, 76)
Ogohlantirishlar: Upamekano, 27. Pavlovich, 90 – Sumaoro, 1. Muhaym, 86
«Bavariya»ning navbatdagi qurboni bu yil bundesligaga qaytgan «Hamburg» bo‘ldi, o‘yinning yarim soati o‘tmasdan mezbonlar to‘rtinchi golni urishdi. Stadionga yig‘ilgan muxlislar 3-daqiqadayoq Gnabrining o‘tkir burchakdan turib to‘sin ostiga yo‘llagan zarbasidan bahramand bo‘lishgandi. Bir necha daqiqa o‘tib myunxenliklar raqib himoyachilarini yosh bolalar holiga solishdi va bu hujumni Pavlovich yakunlab berdi. Shundan keyin o‘yindagi intriga mezbonlar yana qancha gol urishida qolgandi. Keyn bu safar dublni nishonladi, Dias esa rikoshet yordamida navbatdagi golini urib, klub rekordini takrorladi. Germaniya chempionatida «Bavariya» safida ungacha faqat Rudjyero Ritssitelli (1996 yil), Luka Toni (2007) va Mario Mandjukich (2012) dastlabki uch o‘yinda gol urishgan.
Fransiya: «Monako»da g‘alaba
«Oser» – «Monako» 1:2
Gollar: Salisu (73 avtogol) – Minamino (45+2), Ilenixenya (89)
«Oser»: De Persen, Sive, Mensa, Senayya, Oppegor, Kazimir, Danois (Osman, 90+1), Ovusu, Namaso, Sinayoko (Matondo, 77), Mara (L. Kulibali, 65)
«Monako»: Ken, Kerer, Salisu, Uttara (Kayyu Enrike, 63), Vanderson, Zakariyo, Bamba (Kamara, 78), Akliush, Minamino (M. Kulibali, 90+2), Balogun (Brunner, 63), Biret (Ilenixenya, 78)
Ogohlantirishlar: Kazimir, 55. Ovusu, 64 – Zakariyo, 38. Uttara, 42. Minamino, 55. Bamba, 72. Brunner, 75. Kayyu Enrike, 90
Chetlatish: Kazimir, 68 (ikkinchi sariq)
«Monako» bosh murabbiyi Adi Hyutter FIFA kunlaridan keyingi o‘yin uchun jiddiy rotatsiya amalga oshirdi va o‘yinni Kayya Enrike, Dayyer, Golovin va Lamin Kamar kabi bir qator yetakchilarsiz boshladi. Yaponiyalik Minaminoda esa terma jamoalar o‘yinlaridan keyin tiklanish uchun noyob qobiliyat borligi aniq. Bir safar u terma jamoa ixtiyoridan qaytganining ikkinchi kunida maydonga tushgandi, bu safar u Yaponiya bilan AQShga safar qilganiga qaramay (AQSh va Meksikaga qarshi o‘yinlar uchun), tetik holatda edi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda aynan u hisobni ochdi, ammo bu oson g‘alabani kafolatlamadi. Qolaversa, Kazimirning ikkinchi sariq kartochkasi tufayli kamchilik bo‘lib qolgan bo‘lsa-da «Oser» hisobni qisqartirdi. Salisuning avtogoli ortidan yana bir bor omad monegaskliklardan yuz o‘girdi va Kerer qulay vaziyatdan yo‘llagan zarbasi to‘singa bordi. Biroq yakunda qizil-oqlar safida zaxiradan tushgan Ilenixenya g‘alaba golini urib ketdi.
Turkiya: Shomurodovning goli yordam bermadi
«Beshiktosh» – «Istanbul Boshoqshehir» 2:1
Gollar: Bilol Ture 74, Under 90+1 – Shomurodov 71.
Chetlatishlar: Orkun 90+10 – Ba, 89.
Turkiya Superligasi 5-turi doirasida «Istanbul Boshoqshehir» «Beshiktosh» maydoniga safar qildi. Mehmonlar safida o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladi, O‘zbekiston milliy jamoasining yana bir a’zosi Abbosbek Fayzullayev esa zaxirada qoldi. O‘yinning 71-daqiqasida Eldor burchak zarbasidan keyin hisobni ochgandi, ammo 3 daqiqa o‘tib Bilol Ture hisobni tenglashtirdi – 1:1. 85-daqiqada Shomurodov zaxiraga olinib, uning o‘rniga Nunu da Koshta maydonga tushdi. 89-daqiqada esa Usseynu Baning chetlatilishi mehmonlarga qimmatga tushdi, bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan mezbonlar Underning 90+1-daqiqadagi goli evaziga kambek amalga oshirdi – 2:1. 90+3-daqiqada Abbosbek Fayzullayev zaxiradan maydonga tushirildi, ammo o‘yin natijasi o‘zgarmay qoldi. Endilikda «Boshoqshehir» uch o‘yinda 2 ochko (yevrokuboklar saralashidagi ishtirok tufayli ikkita o‘yini qoldirilgan) bilan 18 jamoa orasida 14-o‘rinda joylashgan.
Sport
Masharipov va Fayzullayev jarohat sabab xalqaro turnirda qatnashmaydi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 22-martdan Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini boshlaydi.
Fabio Kannavaro FIFA Series uchun jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Kengaytirilgan ro‘yxatdan o‘rin olgan futbolchilarimiz — Jaloliddin Masharipov, Husniddin Aliqulov, Abbosbek Fayzullayev, Dilshod Komilov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Abdulla Abdullayev, Alibek Davronov va Husayn Norchayev jarohati tufayli yig‘inni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, milliy jamoa FIFA Series doirasida 27 mart kuni Gabon, 30 mart kuni esa Venesuyealaga qarshi maydonga tushadi. O‘yinlar «Bunyodkor» stadionida soat 19:00 da start oladi.
Sport
FIFA Nigeriya e’tirozini rad etdi – Kongo DR O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olish uchun kurashadi
Afrika futbolida katta mojaro: JCh-2026 yo‘llanmalaridan biri uchun kurash maydondan tashqarida kechmoqda. FIFA Nigeriyaning Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi tarkibidagi ehtimoliy qoidabuzarliklar bo‘yicha shikoyatini rad qildi. Endi nigeriyaliklar xalqaro Sport arbitraj sudida (CAS) «adolat izlashga» urinib ko‘radi. Holat O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2026 guruh bosqichidagi ehtimoliy raqibini o‘zgartirishi mumkin.
FIFA tartib-intizom qo‘mitasi Nigeriya futbol federatsiyasining Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi ustidan bergan shikoyatini rad qildi. Bu haqda ESPN Nigeriya futbol federatsiyasiga (NFF) tayanib xabar berdi. NFF zudlik bilan apellyatsiya jarayonini boshlaganini ma’lum qildi.
Avvalroq, NFF kongoliklar tarkibidagi bir necha futbolchi fuqarolik haqidagi FIFA talablarini buzgani bo‘yicha e’tiroz bildirib, ushbu milliy jamoaga texnik mag‘lubiyat yozgan holda JCh-2026 saralash o‘yinlaridan chetlatishni talab qilgan edi.
«Biz FIFA Tartib-intizom qo‘mitasining arizamiz bo‘yicha qarorini oldik, biroq arizamiz rad etilgan qaror bizni qoniqtirmaydi», dedi NFF bosh kotibi Muhammad Sanusi. «Nigeriyaliklarni ishontirib aytamanki, NFF zudlik bilan qaror ustidan shikoyat qilish jarayonini boshladi».
Endi shikoyat Sport arbitraj sudiga (CAS) yuborilishi kutilmoqda, ammo apellyatsiya jarayoni 26 mart kuni – qit’alararo pley-off boshlangunga qadar yakunlanishi dargumon.
Kongo DR futbol federatsiyasi bu xabarga munosabat bildirmadi.
Mojaro mazmuni
2025 yil noyabr oyida Kongo DR milliy jamoasi Afrika pley-offida Nigeriyani mag‘lub etdi (asosiy vaqtda 1:1 va penaltilar seriyasida 4:3). Bu kongoliklarga JCh-2026 yo‘llanmasi uchun qit’alararo pley-off o‘yinlariga yo‘llanmani taqdim etdi. Nigeriya esa JCh-2026 yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.
Dekabrda AQSh poytaxti Vashingtonda JCh-2026 guruh bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston milliy jamoasi K guruhida Portugaliya, Kolumbiya va saralashdan o‘tadigan yana bir jamoaga (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) qarshi o‘ynashi ma’lum bo‘ldi.
Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) Kongo DR fuqarolik va milliy mansublikni o‘zgartirish talablariga javob bermaydigan o‘yinchilardan foydalangani haqida FIFAga rasmiy shikoyat bilan chiqdi.
Shikoyat nimaga asoslangan
Nigeriya futbol federatsiyasi (NFF) Kongo DR tarkibidagi 9 nafargacha futbolchi fuqarolikni o‘zgartirish tartibini buzgan deb hisoblamoqda – ularda Yevropa pasporti bor, ammo Kongo DR qonunlariga ko‘ra ikki fuqarolikka ruxsat berilmaydi.
Nigeriyaliklarning ta’kidlashicha, bu futbolchilar Yevropa pasportidan voz kechmagan va Kongo DR futbol federatsiyasi FIFAni milliy fuqarolik hujjatlari bilan «chalg‘itgan».
FIFA futbol qoidalariga ko‘ra, futbolchidan faqat mamlakatning amaldagi pasporti talab qilinadi. Ammo Kongo DR fuqarolik qonunchiligi bo‘yicha ikki fuqarolik taqiqlangan. Ushbu holat shikoyatga sabab bo‘lgan.
Kongo DR futbol federatsiyasi barcha o‘yinchilar FIFA tomonidan ma’qullanganini va maydonga tushish huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda va Nigeriyani maydondagi mag‘lubiyatdan so‘ng «orqa eshikdan bostirib kirishga» urinishda ayblamoqda.
Dastlab FIFA 2025 yil dekabr oyida futbol qoidalari uchun futbolchi vakil bo‘lgan mamlakatning amaldagi pasporti bo‘lishi yetarli ekanini aytib, shikoyatni rad qilgan edi. Ammo fevral oyi o‘rtalarida bir qator ommaviy axborot vositalarida (jumladan, The African Mirror va Eye Witness News) FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi o‘yin paytida futbol fuqaroligini o‘zgartirish jarayoni tugallanmagan «X futbolchi» uchun ishni qayta ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
FIFA qaroridan keyin, endi NFF xalqaro Sport arbitraj sudida (CAS) «adolat izlashga» urinib ko‘radi.
Sport
Osiyo Kubogi-2031 ko‘chirildi – O‘zbekiston uni o‘tkazishga da’vogar edi
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlarini bekor qildi. Musobaqalar FIFA talabiga ko‘ra juft yillarga ko‘chirildi. Endi mezbon tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi. Avvalroq, 2031 yilgi turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shma ariza topshirgan edi.
Foto: REUTERS/Ibraheem Al Omari
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlari bekor qilingani haqida milliy federatsiyalarni rasman xabardor etdi, deb yozdi Reuters.
Turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning qo‘shma arizasi ham da’vogarlik qilayotgan edi.
Bekor qilinishiga sabab FIFA tashabbusi bo‘lib, u qit’a turnirlari jadvalini o‘zgartirish va ularni juft yillarga ko‘chirishni taklif qilgan. Muhokamalardan so‘ng OFK bu taklifga rozi bo‘ldi.
Nima o‘zgaradi?
Asosiy oqibat – turnirlarning to‘liq ko‘chirilishi: Osiyo kubogi-2031 endi 2032 yilga rejalashtirilgan, Osiyo kubogi-2035 esa 2036 yilga ko‘chirilgan. Shunday qilib, turnirni o‘tkazishning an’anaviy tizimi buziladi va musobaqalar boshqa vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Osiyo Kubogi-2027 reja bo‘yicha o‘z muddatida bo‘lib o‘tadi.
Osiyo Kubogining juft yillarga ko‘chirilishi yana bir muammoni keltirib chiqarmoqda – boshqa konfederatsiyalarning eng yirik turnirlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Endi bir yil davomida quyidagi musobaqalar o‘tkazilishi mumkin: Yevropa chempionati (UYeFA Yevro), Amerika Kubogi (Copa America), Osiyo Kubogi.
FIFA nega tizimni o‘zgartirmoqda?
O‘zgarishlar xalqaro taqvimni markazlashgan holda boshqarish bilan bog‘liq. FIFA allaqachon 2030 yilgacha bo‘lgan global musobaqalar rejasini tasdiqlagan bo‘lib, unda milliy jamoalar o‘yinlari uchun oynalar, saralash turnirlari, final bosqichlari va o‘rtoqlik o‘yinlari aniq ko‘rsatilgan. Ushbu tizimda har bir konfederatsiya umumiy jadvalga moslashishi kerak. Osiyo Kubogi qarori – mana shu katta islohotning bir qismi.
Mezbonlikka nomzodlar bilan vaziyat qanday?
Turnirlar sanasining o‘zgarishi mezbonlikka da’vogarlarning barcha arizalarini avtomatik ravishda bekor qiladi. Bu shuni anglatadiki, mezbonlarni tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi, hamma yangi tartibni kutishiga to‘g‘ri keladi. OFK amalda ikki turnirga tayyorgarlik siklini qaytadan boshlaydi.
2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligiga Avstraliya, Hindiston, Indoneziya, Kuvayt, Janubiy Koreya, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston qo‘shma ariza topshirgan edi. Endi O‘zbekistonning yangi turnirlar mezbonligi uchun ariza topshirishi masalasi noma’lum. Hozircha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) vaziyatga munosabat bildirmadi.
Sport
FIFA kunlari uchun O‘zbekiston milliy jamoasining tarkibi e’lon qilindi
Fudbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan FIFA Series xalqaro o‘rtoqlik turnirida qatnashadi. Musobaqa 27–30 mart kunlari tashkil etiladi va unda Gabon, Trinidad va Tobago hamda Venesuela jamoalari ishtirok etadi.
Mart oyining oxirida Toshkent shahri FIFA Series xalqaro o‘rtoqlik turniriga mezbonlik qiladi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro maskur yig‘in uchun jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov («Navbahor»), Abduvohid Ne’matov («Nasaf»), Botirali Ergashev («Neftchi»).
Himoyachilar: Rustamjon Ashurmatov («Istiqlol», Eron), Umarbek Eshmurodov («Nasaf»), Abduqodir Husanov («Manchester Siti», Angliya), Muhammadrasul Abdumajidov, Hojiakbar Alijonov, Sherzod Nasrullayev, Muhammadqodir Hamraliyev («Paxtakor»), Behruz Karimov («Surxon»), Jahongir O‘rozov («Dinamo»), Farruh Sayfiyev («Neftchi»).
Yarim himoyachilar: Umarali Rahmonaliyev («Sabah», Ozarbayjon), Ibrohim Ibragimov, Dostonbek Hamdamov, Akmal Mozgovoy («Paxtakor»), Alisher Odilov, Jamshid Iskanderov («Neftchi»), Otabek Shukurov («Baniyas», BAA), Azizjon G‘aniyev («Al Bataeh», BAA), Oston O‘runov («Persepolis», Eron).
Hujumchilar: Eldor Shomurodov («Istanbul Bashakshehir»), Igor Sergeyev («Persepolis», Eron), Sherzod Temirov («Erbil», Iroq).
Musobaqa 27-30 mart kunlari o‘tkaziladi.
27 mart
15:00 Venesuela – Trinidad va Tobago («Paxtakor» stadioni);
19:00 O‘zbekiston – Gabon («Bunyodkor» stadioni).
30 mart
15:00 Gabon – Trinidad va Tobago («Paxtakor» stadioni);
19:00 O‘zbekiston – Venesuela («Bunyodkor» stadioni).
Ma’lumot uchun, FIFA Series 2026 turnirlari o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rnini bosishi nazarda tutilgan va butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarga Avstraliya, Ozarboyjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Puerto-Riko, Ruanda va O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqalar Braziliya, Kot-d’Ivuar va Tailandda bo‘lib o‘tadi.
Turnirda ishtirok etayotgan beshta erkaklar milliy jamoasi – Avstraliya, Kabo-Verde, Kyurasao, Yangi Zelandiya va O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi sanaladi.
Sport
Superliga. «Neftchi» yo‘qotishsiz bormoqda, «Buxoro» peshqadamni quvyapti
O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Neftchi» mavsumda birinchi marta gol o‘tkazdi, ammo g‘alabali qadamini davom ettirdi. «Navbahor» va «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi. Jizzaxda 6 ta gol urilgan o‘yinda «Paxtakor» uch ochkoni qo‘lga kiritdi. OKMK birinchi marta g‘alaba qozondi, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov mobil o‘yinlar tufayli futbolchilarda ishtiyoq pasayib ketganini aytdi.
18-20 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
QIZILQUM 0:1 OKMK
Gol: Abror Karimov, 34 (0:1)
OKMK mavsumdagi birinchi g‘alabasini Navoiyda qo‘lga kiritdi. Yagona gol «Qizilqum»ni mag‘lub etish uchun yetarli bo‘ldi. Olmaliqliklar ushbu g‘alabadan keyin musobaqa jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
«Qizilqum» bosh murabbiyi Akmal Rustamov jamoa yagona xato tufayli yutqazganini aytdi. OKMK ustozi Mirjalol Qosimov futbolchilarning ishtiyoqini telefondagi o‘yinlar olib qo‘yayotganidan shikoyat qildi. «Hozir telefon chiqib ko‘plarning xayolini olyapti, telefondagi o‘yinlar maydondagi futboldan ko‘proq azart beryapti. Qaniydi maydonda ham shunday kurash kechsa. Telefondagi o‘yinlar yoshlarning miyasini buzyapti», dedi u.
QO‘QON-1912 2:1 NAVBAHOR
Gollar: Anri Chichinadze, 14 (0:1), Javohir Husanov, pen 28 (1:1), Muhammadanas Hasanov, 90+4 (2:1)
Qo‘qonda kutilmagan natija qayd etildi. G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan mezbonlar «Navbahor»ni irodali tarzda mag‘lub etishga erishdi. G‘alaba keltiruvchi gol so‘nggi daqiqalarda urildi.
«Qo‘qon-1912» ustozi Andrey Shipilov bugun omad kulib boqqanini tan oldi. «Navbahor» bosh murabbiyi Temur Kapadze mag‘lubiyatni boshqa narsalar qatori maydon holati bilan ham bog‘ladi. «Maydon ham og‘ir, o‘t baland ekan, bu esa raqibga qo‘l keldi. Maydonda to‘p sekin yurdi, bizga og‘irlik qildi, maydon holati bilan kurash olib bordik», dedi u.
XORAZM 1:2 BUNYoDKOR
Gollar: Nosirjon Abdusalomov, 16 (0:1), Matiya Krivokapich, 43 pen (0:2), Temur Ismailov, 54 (1:2)
Chetlatish: Sardor Rahmonov, 62 (Bunyodkor)
«Bunyodkor» Urganchdagi qiyin o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Toshkentliklar so‘nggi yarim soatni raqibga nisbatan kamchilikda o‘tkazdi, ammo g‘alabani ushlab qolishga erishdi.
«Xorazm» bosh murabbiyi Sergey Tokov ikkita gol o‘tkazib yuborilgan birinchi bo‘lim haqida «uyalishimiz kerak» dedi. «Bunyodkor» ustozi Ilyos Zeytullayev g‘alabadan xursandligini yashirmadi va o‘zini «o‘zbek Spalettisi» deb atalishiga xotirjam munosabatda ekanini ta’kidladi. «Men o‘zimni o‘zbek spagettisi deyman (kulib). Menga Spaletti murabbiy sifatida yoqadi, lekin men angrenlikman», dedi u.
BUXORO 3:1 DINAMO
Gollar: Ravshan Xayrullayev, 45, avtogol (0:1), Temur Mamasidiqov, 48 (1:1), Shahzodbek Ubaydullayev, 54 (2:1), Ravshan Xayrullayev, 63 (3:1)
Yana bir kutilmagan natija Buxoroda qayd etildi. Aleksandr Xomyakov qo‘l ostidagi «Buxoro» Samarqandning «Dinamo» klubini irodali tarzda mag‘lub etdi. Bu natijadan so‘ng, buxoroliklar musobaqa jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va chempionat startidagi asosiy kashfiyot bo‘lib turibdi.
«Buxoro» bosh murabbiyi o‘yindan keyin «dastlab uyatli gol o‘tkazdik va tezkor gol urdik. Ikkinchi golda omadimiz keldi, uchinchi golimiz esa o‘yinga yakun yasab berdi», dedi. «Dinamo» ustozi Vadim Abramov maydon sifatiga e’tiroz bildirdi. «O‘ylashimcha, bu maydonda futbol o‘ynashga boshqa ruxsat berishmasa kerak», dedi u.
ANDIJON 2:0 MASh’AL
Gollar: Martin Boake, 18 (1:0), Doniyor Abdumannopov, 76 (2:0)
Chetlatish: Ibrohim G‘anixonov, 12 (Mash’al)
«Andijon» autsayder ustidan ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. «Mash’al» o‘yin boshidayoq bir futbolchi kam bo‘lib qoldi. Ibrohim G‘anixonov «Andijon» himoyachisi Igor Golbanga tirsagi bilan zarba bergan deb topildi va maydondan chetlatildi. Vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilindi, qoidabuzarlik yaqqol emasdek ko‘rindi. O‘yindan keyin Futbol hakamlari markazi Igor Golbanning yorilgan qoshi fotosuratini e’lon qildi. Mezbonlar tarkibdagi ustunlikni g‘alabaga aylantira oldi. «Mash’al» hali birorta gol urmadi va jadval tubiga «o‘rnashib» qoldi.
«Andijon» bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘yindan keyin tanqidiy fikr bildirdi: «Jamoam o‘yinidan to‘liq qoniqmadim. Qoniqdim degan murabbiy faoliyatini tugatib qo‘yavergani yaxshi deb o‘ylayman», dedi. «Mash’al» ustozi Igor Surov «agar bir kishi kam bo‘lib qolmaganimizda, umuman boshqacha futbol namoyish etgan bo‘lardik», dedi.
SO‘G‘DIYoNA 2:4 PAXTAKOR
Gollar: Filip Ivanovich, 2 (1:0), Flamarion, 36 (1:1), Rustam Turdimurodov, 50 (1:2), Rustam Turdimurodov, 57 pen (1:3), Hojimat Erkinov, 74 pen (1:4), Feysal Mulich, 90+5 pen (2:4)
Turning eng «quvnoq» o‘yini Jizzaxda o‘tkazildi. 6 ta gol urilgan bahsda «Paxtakor» ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Mehmonlar tarkibida Rustam Turdimurodov ikkita gol urdi. «So‘g‘diyona» uchun mavsum starti muvaffaqiyatsiz kechdi – jamoa 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi.
«So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ivan Boshkovich dastlabki to‘rtta o‘yinda atigi bir ochko to‘plangani haqida gapirar ekan, buni inqiroz ekanini qisman tan oldi, lekin jamoa yanada yaxshiroq harakat qilishiga ishontirdi. Moliyaviy muammolar haqidagi savolni esa javobsiz qoldirdi.
NASAF 0:1 SURXON
Gol: Tornike Dzebniauri, 90+2 (0:1)
Yana bir kutilmagan natija Samarqandda qayd etildi. «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, «Surxon»ga yutqazdi. Termizliklar bundan oldin bosh murabbiy Stanislav Kudryashov bilan xayrlashib, o‘rniga Anvar G‘ofurovni tayinlagan edi. Uning debyuti muvaffaqiyatli chiqdi. «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev mag‘lubiyatni «hujumlarda yetarlicha faol bo‘lmagani» bilan izohladi. Anvar G‘ofurov g‘alabani omad bilan izohladi.
NeFTChI 3:1 LOKOMOTIV
Gollar: Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, 11 (1:0), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 36 pen (1:1), Stipe Peritsa, 65 (2:1), Alisher Odilov, 89 (3:1)
«Neftchi» navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Farg‘onaliklar 15 yilda ilk marotaba «Lokomotiv»ni o‘z maydonida yengishga muvaffaq bo‘ldi va chempionatda yo‘qotishsiz bormoqda. Bu o‘yinda ular mavsumdagi ilk golini o‘tkazdi (penaltidan), ammo yana uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Neftchi» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov dastlabki o‘tkazib yuborilgan goldan ranjiganini tan oldi: «gol o‘tkazmaslik seriyasini uzoq davom ettirishni maqsad qilgandik», dedi. «Lokomotiv» ustozi Mirko Yyelichich: «Hozircha darajamiz «Neftchi» bilan bir xil emas va buni to‘g‘ri tushunish kerak», dedi.
4-tur o‘yinlaridan keyin Superliga jadvali
Superliga to‘purarlari
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Iqtisodiyot3 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Siyosat2 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot4 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
-
Jamiyat5 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Iqtisodiyot4 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot3 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
