Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni tahlil qildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni tahlil qildi.
Har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Ularning viloyatda idorasi ham, boshlig‘i ham bor.
Ayrim tuman tashkilotlari oddiy-oddiy masalalarni hal qilish uchun viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak.
Masalan, Qumqo‘rg‘on markazidagi temir yo‘lida har kuni 20 marta yopiladigan «shlagbaum» 200 metr nariga ko‘chirilsa, 8 ming avtomobil uchun tirbandlik yo‘qoladi. Lekin, bunga na tuman, na viloyat hokimining vakolati bor. «O‘zbekiston temir yo‘llari»dan ruxsat olish kerak.
Yoki, «Termiz-Sariosiyo» temir yo‘lining yarmi elektrlashmagani uchun elektrovoz 1,5 soat sarflaydigan manzilga teplovozlar 3 soatda borayapti. Shu bois, ko‘pchilik avtomobilda harakatlanmoqda.
Tuman hokimlari va aholi takliflarini eshitib, bu yo‘nalishni oxirigacha elektrga o‘tkazsa, 10 ta tumanni Termiz bilan xavfsiz bog‘lash mumkin, lekin transport vaziri I.Mahkamov, «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi Z.Narzullayev bunga loqaydligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jamiyat
Eduards Stiprays YeIning O‘zbekiston bilan viza tartibini soddalashtirish istiqbolini baholadi
O‘zbekiston Respublikasi hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani tarixiy hodisa deya baholanmoqda. Ostonada o‘tgan xalqaro anjuman doirasida Xabar.uz muxbiri Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan uchrashib, yuqori martabali diplomatdan yangi bitimning ahamiyati, O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish imkoniyati haqida qisqa intervyu oldi.
«O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim mohiyat e’tiboriga ko‘ra hamkorlikning yangi, yanada tizimlashtirilgan tartibini shakllantiradi. Hujjat nafaqat savdo munosabatlariga doir masalalarni, shuningdek, investitsiya, standartlarni uyg‘unlashtirish, sanitariya, veterinariya talablarini muvofiqlashtirish, turli sohalarda tartib-qoidalarni takomillashtirish, transport, energetika kabi ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yo‘nalishlariga doir jihatlarni ham qamraydi. Suv xo‘jaligi kabi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘ta muhim sanalgan jabha, qolaversa, ichki xavfsizlik, migratsiya, tashqi siyosat kabi masalalar ham e’tibordan chetda qolmagan. Umuman olganda, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim barcha jabhalarni qamragan hujjat bo‘lib, hamkorlik uchun yanada aniq tizim yaratishga xizmat qiladi», – dedi Eduards Stiprays.
Joriy yil 2-dekabr kuni Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi bilan viza tartibini yengillashtirish yuzasidan rasmiy muzokaralarni boshladi. Xo‘sh, YeI O‘zbekiston fuqarolari uchun ham yaqin istiqbolda viza tartibini yengillashtirishi ko‘zda tutilganmi?
YeI diplomatiga ko‘ra, bu amalga oshmas orzu emas, ammo uni ro‘yobga chiqarish uchun ma’lum shart va muayyan muddat talab etiladi.
«Ayni vaqtda bu masala kun tartibida emas. Ammo viza tartibining yengillashtirilishi utopiya emas, balki real hodisadir. Qozog‘iston keysi ham bu reallik ekanini tasdiqlaydi. Buning uchun migratsiya oqimi kuzatuvi borasida muayyan tajriba hosil qilish talab etiladi. Bu reputatsiya masalasi hamdir. Viza tartibining soddalashtirilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining migratsiya qonunchiligiga to‘laqonli rioya etishini taqozo etadi. O‘zbekiston fuqarolari migratsiya borasida qonunchilik talablariga yetarlicha mas’uliyat bilan yondashayotgani qayd etilgan holatda, albatta, viza tartibini yengillashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin. Shuni ham qayd etish joizki, bu ertangi yoki ertadan keyingi kunning masalasi emas. O‘ylaymanki, bunga qadar bir necha yil o‘tadi. Qisqa qilib aytganda, bu ko‘p jihatdan O‘zbekiston fuqarolarining qonunchilikka nechog‘li hurmat ko‘rsatishiga bog‘liqdir», – deb xulosa qildi YeIning mintaqamiz bo‘yicha maxsus vakili.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 24-oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen yangi bitim O‘zbekiston va YeI fuqarolarining o‘zaro manfaatlari uchun birgalikda ishlashga asos yaratishini urg‘ulagan.
9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bitim ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamraydi.
Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim 1996-yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi.
Jamiyat
Toshkentda qidiruvdagi shaxs YPX reydi davomida aniqlandi
Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan Bektemir tumanida o‘tkazilgan navbatdagi reyd paytida firibgarlik jinoyati bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
2025 yil 7 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB YHXB YPXB 1-batalon katta inspektori Bektemir tumanidagi THAY ko‘chasida BYD rusumli avtomashinani hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatgan. Transport vositasi yo‘lovchisi — 36 yoshli A.Y.ning o‘zini tutishi va xatti-harakatlari xodimlarda shubha uyg‘otgan.
Yo‘lovchiga oid ma’lumotlar maxsus dastur orqali tekshirilganda, u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida («Firibgarlik») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvda ekani ma’lum bo‘lgan. Qidiruvdagi shaxs o‘rnatilgan tartibda Bektemir tuman IIO FMB xodimlariga topshirilgan.
Jamiyat
Toshentda alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish davom ettiriladi
Poytaxtda avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil qilish davom ettiriladi.
Bu borada «Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–368-son qarorida belgilab qo‘yildi.
Jumladan:
Shahrisabz ko‘chasining Amir Temur shoxko‘chasi bilan kesishmasidan Mirobod ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 3 kilometr qismi va yo‘lbo‘yi infratuzilmasini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil qilgan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Amalga oshirish muddati — 2026 yil sentyabr.
Amir Temur shohko‘chasining Toshkent halqa aylanma yo‘lidan (Uchqarhamon aylanmasi) Kichik halqa aylanma yo‘ligacha (Shimoliy vokzal) bo‘lgan 11 kilometr qismi va Yangi Sergeli ko‘chasining Choshtepa ko‘chasi bilan kesishmasidan Qipchoq ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 5,5 kilometr qismi hamda ushbu ko‘chalar yo‘lbo‘yi infratuzilmasini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil qilingan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Amalga oshirish muddati — 2026 yil noyabr.
Maxtumquli, Mirzo Ulug‘bek – Feruza – Yunusobod, Lutfiy, Muqimiy, Nurafshon, Qoratosh – Chig‘atoy Darvoza va KHAY – Parkent ko‘chalarining jami 38 kilometr qismi hamda yo‘lbo‘yi infratuzilmasini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil qilgan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Amalga oshirish muddati — 2026–2029 yillar.
Jamiyat
Toshkentda yong‘in va zilzila bo‘yicha amaliy-taktik mashqlar o‘tkaziladi
8 dekabr kuni soat 11:30 dan 18:00 gacha poytaxtning Bektemir va Uchtepa tumanlarida joylashgan ko‘p qavatli uylar hududida favqulodda vaziyatlar – yong‘in va zilzila paytidagi to‘g‘ri harakatlarni o‘rganishga qaratilgan amaliy-taktik mashqlar o‘tkaziladi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 8 dekabr kuni Bektemir tumani Iyk-Ota mahallasi hamda Uchtepa tumani 31-mavzesida amaliy-taktik mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Mashqlar soat 11:30 dan 18:00 gacha davom etadi.
O‘quv-mashg‘ulotlar doirasida yong‘inlarni barvaqt oldini olish, yong‘in va zilzila vaqtida aholining to‘g‘ri harakat qilishi, shuningdek, o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar sinab ko‘riladi.
Mazkur hududlarda harakatlanadigan yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali amaliy jarayonlarga guvoh bo‘ladigan fuqarolardan vaziyat yuzasidan xavotirga tushmaslik so‘ralmoqda. Bosh boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, o‘quv mashg‘uloti vaqtida barcha xavfsizlik choralari to‘liq ta’minlanadi.
Jamiyat
Yer maydoni va kadastr hujjatlari uchun pora talab qilganlar qo‘lga olindi
DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy bo‘linmalari tomonidan Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida yer maydoni ajratish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish bahonasida yirik miqdorda pora talab qilgan bir necha shaxsning noqonuniy faoliyati fosh etildi.
Toshkent viloyatidagi holat
Ohangaron tumanidagi unitar korxona yuristi, muqaddam sudlangan shaxs xaridorga Nurafshon shahrida parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonaga ajratilgan 90 sotix bo‘sh yer maydonini 250 ming AQSh dollariga “sotishini” taklif qilgan.
U, shuningdek, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali mazkur yer maydonida kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini va’da qilib, o‘z “xizmati” uchun 30 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u avans sifatida 40 ming AQSh dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryo viloyatidagi holat
Tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanida davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini xaridorga 500 million so‘mga “sotish”ga kelishgan.
U belgilangan summadan oldindan 20 ming AQSh dollari olgan paytida tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.
Buxoro shahridagi holat
Muqaddam sudlangan, hozirda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs Buxoro shahrida yashovchi fuqarodan uning foydalanuvida bo‘lgan, umumiy maydoni 1 250 kvadrat metr bo‘lgan ko‘chmas mulk obekti toifasini o‘zgartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga 14 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur jinoyat ishlariga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ham surishtiruv ishlari davom etmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Jamiyat5 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Denis Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qo’llab-quvvatlaydi
-
Sport4 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
-
Siyosat4 days agoMarkaziy Osiyo mamlakatlari 2026 yilda suvdan foydalanish va suv havzalari tizimiga kelishib olishdi
-
Jamiyat4 days agoPrezident Gulistondagi gaz portlashida jabrlanganlar holidan xabar oldi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
