Jamiyat
Islom sivilizatsiya markazi faoliyatini boshladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani haqida to‘xtalib, muqaddas dinimiz ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga, ilm-ma’rifat yo‘liga da’vat etishini, uni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlar bilan murosa qilib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan edi.
Ana shu yuksak g‘oya va maqsadlar asosida bunyod etilgan mazkur markaz xalqimizning uch ming yillik tarixi, bunyodkorlik salohiyati, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi, buyuk ajdodlarimizning madaniy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.
U Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu kabi noyob ko‘rsatkichlar uni “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun ham asos bo‘lmoqda.
Markaz binosi Prezident Shavkat Mirziyoyevning me’moriy g‘oya va takliflari asosida loyihalashtirilgan. Bunyod etish jarayonida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga bir necha bor tashrif buyurib, uning mazmunan va shaklan yanada mukammal bo‘lishi yuzasidan qimmatli tavsiya va maslahatlarini ulashdi. Xususan, 2025 yilning o‘zida Prezidentimiz markazga bir necha marta kelib, ekspozitsiyalar, infratuzilma, ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarni takomillashtirish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berdi.
Markaz qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan bo‘lib, unga to‘rt tomondan – to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.
Quyi qavatda bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya hamda elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qo‘lyozmalarni saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.
Birinchi qavatdan qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik ko‘rgazma zaliga ega muzey va 550 o‘rinli anjumanlar zali o‘rin olgan. Ikkinchi qavatda esa qo‘lyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, o‘quv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shunday ulkan ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega majmuaga yana bir bor tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar, boy ekspozitsiyalar va yangi tashabbuslar bilan tanishdi.
Dastlab davlatimiz rahbari Qur’oni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan ma’naviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Ushbu zal, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ma’naviy qalbi hisoblanadi.
Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan bo‘lib, unda avval koinot tasviri namoyon bo‘ladi, osmondagi yulduzlar jilolanadi. E’tiborlisi, gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovskiy” toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgani mazkur zalga alohida ulug‘vorlik bag‘ishlagan.
Bu yerda Usmon Mushafi bilan bir qatorda yurtimizga tegishli bo‘lgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur’on qo‘lyozmasi jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub noyob nusxalar bor. Bu qo‘lyozmalar Sharq kitobat san’atining yuksak namunalari sifatida nafaqat diniy, balki ulkan tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ham ega. Zaldagi zamonaviy vitrinalarda xalqimiz orasida asrab-avaylab saqlanib kelingan va markaz fondiga taqdim etilgan asl qo‘lyozmalar ham munosib o‘rin olgan.
Qayd etilganidek, markaz tamal toshi qo‘yilganidan 2025 yilga qadar uning fondidagi qadimiy manbalar soni 2 mingdan oshdi, nodir Qur’on qo‘lyozmalari esa 60 tadan ziyodga yetdi. Ularning barchasi xalqimizdan jamlangan va xalqaro auksionlar orqali xarid qilingan. Bu borada amalga oshirilgan ishlar milliy va diniy merosimizni qayta tiklash, tarqoq holda saqlanayotgan bebaho manbalarni Vatanga qaytarish, ularni ilmiy muomalaga kiritish va kelajak avlod uchun asrab qolish yo‘lidagi teran yondashuvni yaqqol namoyon etmoqda.
Prezidentimizga ekspozitsiyadan o‘rin olgan ayrim alohida qimmatli qo‘lyozmalar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, 1589 yilda xattot Sulton Muhammad tomonidan sakkiz burchak shaklida ko‘chirilgan va tumor sifatida ham ishlatilgan “Bozuband” Qur’on qo‘lyozmasi, XVII asrga mansub, safaviylar davri xattotlik va kitobat san’atining yetuk bosqichini aks ettiruvchi juda nafis bezakli nusxa, 1872 yilda xattot Muhammad ibn Abd al-Hadi tomonidan mag‘ribiy xat uslubida ko‘chirilgan noyob qo‘lyozma, shuningdek, XII-XIII asrlar chegarasida saljuqiylar davrida xattot Muhammad Sodiq ibn Muhammad Shafiy tomonidan nasx xatida ko‘chirilib, satrlar orasiga forsiy tarjimasi berilgan nodir nusxa shular jumlasidandir. Ayrim qo‘lyozmalarda Samarqand, Hirot va Buxoro kitobat maktablarining an’analari yaqqol namoyon bo‘lishi qayd etildi.
Shundan so‘ng Prezidentga muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish ishlari taqdimot qilindi.
Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan e’tirof etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, AQShdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra, 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026 yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.
Markazda tashrif buyuruvchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish uchun tarqatma materiallar, broshyuralar va kitoblar tayyorlangan. O‘zbekiston muzey amaliyotida ilk bor xalqaro ekspertlar jalb etilgan holda zamonaviy kimyo-fizik laboratoriyada barcha muzey ashyolarining kimyoviy tarkibi va yaratilganlik vaqti aniqlanib, ularning texnologik pasportlari tayyorlangan.
Xalqaro ISO standartlari asosida eksponatlar raqamlashtirilib, yagona elektron platformaga joylashtirilgan. YuNESKO va IKOM talablari, shuningdek, jahonning eng mashhur muzeylari tajribasi asosida eksponatlarning 8 yo‘nalishdagi etiketaj etalonlari va tasniflari yaratilgan. Har bir eksponatga QR-kodlar joylashtirilishi natijasida tashrif buyuruvchilar mobil telefon yoki planshet orqali ularning video va audio kontenti bilan dastlab 3 tilda, keyinchalik esa 8 tilda tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Taqdimotda “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi asosida markazni ijtimoiy integratsiya maydoniga aylantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kelgusida barcha eksponatlarga maxsus elektron chiplar o‘rnatish, ko‘zi ojiz insonlar eksponatga yaqinlashganda audiogid orqali ma’lumotni avtomatik eshitish tizimini joriy etish, Bluetooth mayoqchalari yordamida bino ichida mustaqil harakatlanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Britaniya, Luvr va Metropolitan muzeylaridagi kabi robotgidlar, planshetlar orqali video va audio tanishuv, audiogidlar, radiogidlar va yo‘nalish ko‘rsatuvchi quloqchinlardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga bir kunda o‘rtacha 5 ming nafarga yaqin tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda. Markaz va muzeyning xalqaro standartlar asosida to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun 400 dan ziyod xodim talab etilishi, ayni paytda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 100 dan ortiq nazoratchi va 30 dan ziyod ekskursovodlar faoliyat yuritayotgani, 10 ta davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun alohida gid matnlari ishlab chiqilgani ham qayd etildi.
Shundan keyin davlatimiz rahbari markaz binosining ikkinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrifning navbatdagi qismida Prezidentimiz markaz kutubxonasini ko‘zdan kechirdi.
Kutubxonaning umumiy maydoni 3 ming 105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan bo‘lib, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlardan iborat. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot mavjud. U bir vaqtning o‘zida 310 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Olimlar va professorlar uchun alohida 4 ta xona tashkil qilinib, ularning ilmiy faoliyat olib borishi uchun barcha zamonaviy texnika va qulayliklar yaratilgan.
Kutubxona bo‘limlaridan biri 22 nafar ma’rifatparvar jadid bobolarimizning merosiga bag‘ishlangan. Jadidlarning fotoportretlari joylashtirilgan kitob javonlarida esa ular tomonidan yaratilgan va faoliyatiga oid nodir adabiyotlar o‘rin olgan.
Shuningdek, kutubxona fondini O‘zbekistonning ulug‘ mutafakkir olimlari hayoti va ijodi, ular tashkil etgan ilmiy maktablar to‘g‘risidagi noyob nashrlar bilan boyitish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, buyuk allomalarimizning qo‘lyozma va toshbosma asarlarining ilk nashrlari, ularning ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan noyob tadqiqotlar va sharhlar xarid qilinib, fondga qo‘shilgan. Bu ishlar xorijiy auksionlar, ilmiy muassasalar, xususiy kolleksiyalar hamda xalqimiz tomonidan keltirilgan manbalar hisobiga muntazam davom ettirilmoqda.
Kutubxonadan Yevropa nodir nashrlari ham o‘rin olgan bo‘lib, ularda lotin tilidagi musulmon sulolalari, turkiy xalqlar tarixi, Sharq xalqlariga oid ensiklopediyalar, Xuroson va Movarounnahrga bag‘ishlangan sayohatnomalarning XX asrgacha bo‘lgan davrda chop etilgan nusxalari mavjud. Shu bilan birga, shaxsiy kolleksiyalardan xarid qilingan qo‘lyozmalar, Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qisas ul-anbiyo” asari, Alisher Navoiyning XIX asr boshlarida Toshkentda ko‘chirilgan devonlari, Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining turkiy tildagi tarjimalari kabi nodir manbalar ham kutubxona mazmunini yanada boyitgan.
Kutubxonada imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham alohida sharoit yaratilgani haqida axborot berildi. Xususan, ko‘rish qobiliyati cheklangan yoki zaif ko‘ruvchi insonlar uchun maxsus xonalar, ixtisoslashgan dasturlar, printer va qurilmalar o‘rnatilgan, ular uchun Brayl yozuvidagi 1000 dan ortiq adabiyot keltirilgan. O‘zbekistonda ilk bor aynan shu kutubxonada ovozdan xoli kabinalar tashkil etilgan bo‘lib, ular foydalanuvchilarning onlayn muloqot olib borishida atrofdagilarga xalaqit bermaslik, shu bilan birga, suhbat va shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, “Sonic chair” audio resurslar uchun zamonaviy qurilmasi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda ham birinchi marta shu yerda joriy etilgan.
Kutubxona hududida kitobxonlar uchun yashil maydon, nusxa ko‘chirish xizmati, individual shug‘ullanish uchun maxsus xonalar va bolalar uchun alohida maydon ham tashkil etilgan.
Shundan keyin Prezidentimiz markaz huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lum qilinganidek, platforma doirasida bir qator nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. AYSESKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etilgan. Bu mahalliy olimlar va xorijiy tashkilotlar vakillarining hamjihatlikda tadqiqot olib borishi, qo‘shma loyihalar ishlab chiqishi va ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirishi uchun qulay muhit yaratadi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, xorijdagi madaniy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarish ishlari izchil olib borilmoqda. O‘tgan yilda Buyuk Britaniyadagi “Sotheby’s” va “Christie’s” kabi auksion uylari, art-dilerlar va shaxsiy kolleksionerlardan 700 dan ortiq artefaktlar sotib olingan. Shuningdek, turli muassasalar, tashkilotlar va homiylar tomonidan 1000 dan ortiq buyumlar hadya qilingan. Ularning asosiy qismi birinchi qavatdagi muzeyga joylashtirilgan.
Ekspozitsiyada somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar va boshqa davrlarga mansub ko‘plab nodir artefaktlar namoyish etilgan. Xususan, X asr oxirlarida ishlangan, oltin suvi yuritilgan va somoniy sarkardasi Abu Mansur Sabuktekin nomi bitilgan kumush barkash, somoniylar davriga oid kumush piyola va mis siyohdon, Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon davrida yasalgan, firuza toshlar bilan bezatilgan ayollar kamari, XIX asr usmoniylar davriga mansub “Alloh” va “Muhammad” ismlari bitilgan zardo‘zi kashtalar alohida e’tiborga molik ekani aytildi.
Prezidentimizga temuriylar davri kulolchilik namunalari, Madina shahrida Payg‘ambarimiz qabrlari ustiga yopilgan XIX asrga mansub ipak yopinchiq, Ka’ba eshigi ustida osilgan xizomaning tarixiy namunasi, katta hajmli “ona-so‘zana”, Amir Temur davrida ko‘chirilgan yirik Umar Aqto‘ Qur’onining parchalari, temuriylar davri arxitektura yodgorliklariga tegishli koshin bo‘laklari, boburiylar davriga mansub qurol-aslaha, dubulg‘a, qalqon, qilich va sovut parchalari haqida ham axborot berildi.
Shuningdek, Amudaryo xazinasiga oid topilmalar haqida ham ma’lumot taqdim qilindi. 1877 yilda Buxoro amirligi hududidan topilgan va bugun Britaniya muzeyida saqlanayotgan ushbu betakror xazinaning ayrim qismlarini Londondagi savdo uylari orqali O‘zbekistonga olib kelishga muvaffaq bo‘lingan. Ular orasida VIII-IX asrlarda ishlangan so‘g‘d chavandozi tasvirlangan oltin pektoral, Baqtriya davriga mansub og‘irligi 666 gramm bo‘lgan ilon shaklidagi bilaguzuklar kabi noyob buyumlar bor.
Ekspozitsiyada markazga hadya qilingan artefaktlar ham munosib o‘rin olgan. Xususan, Amerikada yashovchi sharqshunos olim Aleksandr Naymark Pahlavon Mahmud qo‘lyozmasini markazga tuhfa qilgani, bu qo‘lyozma Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruzning shaxsiy dastxati bilan ko‘chirilgani va uni o‘rganish jarayonida 70 dan ortiq yangi ruboiylar aniqlangani aytildi. Shuningdek, turli davrlarga mansub tangalar, taqinchoqlar, medalonlar va boshqa tarixiy ashyolar, jumladan, Mayskiy xazinasi topilmalari ham ko‘rgazmadan joy olgan.
Umuman, tashrif chog‘ida mazkur markazning yurtimiz tarixi va madaniy merosini chuqur o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etish, islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini ochib berish, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy va ma’naviy boylikni xalqaro miqyosda namoyon etish borasidagi ulkan salohiyati yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.
– Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Ming shukrki, to‘qqiz yil davomida niyat qilib, izlanib, harakat qilib, xalqimizning kimligini, tariximizni haqqoniy aks ettiradigan majmuani barpo etdik. Bu yerga kelgan har bir inson, ayniqsa yoshlarimiz, qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak.
Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Qur’oni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki yaratilgan emas. U yurakdan tug‘ilgan, xalqimizning orzu-intilishlari va buyukligini namoyon etish istagidan paydo bo‘lgan maskandir. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir, – dedi Prezidentimiz.
Tashrif yakunida davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
