Siyosat
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida nutq so‘zladi
Davlatimiz rahbarining nutqini quyida e’tiboringizga havola qilamiz.
Hurmatli rais xonimlari!
Hurmatli Bosh kotib janoblari!
Delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley anjumani — 80-sessiyasi bilan cizlarni qutlashdan mamnunman.
Bugungi yig‘ilishimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda o‘tmoqda. Bu esa Tashkilotimiz faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlamoqda.
Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda.
Biz Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining eng og‘ir va o‘tkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun Tashkilotimizni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholaymiz.
Bu borada «BMT – 80» tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz, Kelajak uchun paktga qat’iy sodiqligimizni tasdiqlaymiz.
Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz.
Hurmatli sessiya ishtirokchilari!
Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Buning uchun ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiryapmiz.
Ustuvor maqsadimiz — mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Bunga, avvalo, ta’lim va ilm-fan sohasini o‘zgartirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, «yashil» energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratish orqali erishmoqdamiz.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. Eng asosiysi — o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz.
Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif etamiz.
Shuningdek, mamlakatimizda ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimini yaratmoqdamiz. Ertaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida bizning tashabbusimiz bilan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkaziladi. Unga barcha xorijiy hamkorlarimizni taklif etamiz.
Yana bir muhim yo‘nalish — gender siyosati. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlashni maqsad qilganmiz. Keng mintaqamiz miqyosida esa Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish tarafdorimiz.
Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida olgan majburiyatlarimizga sodiqmiz. 2030-yilga borib «daromadi o‘rtadan yuqori» bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilganmiz.
Shu maqsadda ochiq va pragmatik siyosatimizni izchil davom ettiramiz.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik.
Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi.
So‘nggi yillarda mintaqamizda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘paydi. Biz qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalarini tashkil qilyapmiz, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylanganini ham umumiy yutug‘imiz sifatida e’tirof etamiz.
Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi.
Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida sub’yekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.
Maqsadlarimizga erishish uchun barcha xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga asosiy e’tibor qaratamiz. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari bilan mintaqamizda qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni taklif etamiz.
Jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YUNIDO bilan sanoatda «yashil» texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, «yashil» makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilish tashabbuslari bilan chiqamiz.
Shu bilan birga, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyusiyasini qabul qilishni taklif etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Global va mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish haqida gapirganda, albatta Afg‘oniston to‘g‘risida to‘xtalmaslik mumkin emas.
Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimdir.
Biz Afg‘onistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchimiz. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha Tashkilotimizning alohida rezolyusiyasini qabul qilishni taklif etamiz.
G‘azo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqiramiz. Biz BMT rezolyusiyalariga muvofiq, «ikki xalq uchun — ikki davlat» tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz.
Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlaymiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengash tuzilgan. Biz uni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirishni taklif etamiz.
Bu tuzilma muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyormiz.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Bugungi tahdidlarga to‘la dunyoda global transport tizimi naqadar zaif ekanligiga amin bo‘lyapmiz. Bu muammolar, birinchi navbatda, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish o‘ta muhimdir. Bu borada «Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash» global mexanizmini joriy etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.
Shuningdek, tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga ham alohida to‘xtalmoqchiman. Jumladan, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozim. Biz Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiryapmiz.
So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi.
Yana bir muhim muammo — bu suv resurslarining taqchilligidir. Hozirda dunyo aholisining ikki milliarddan ortig‘i toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
Biz mamlakatimizda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash mo‘ljallanmoqda. Bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish niyatidamiz.
Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi — iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Afsuski, ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ahamiyatga ega.
Sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratishni taklif etamiz.
Yana bir ustuvor masalaga alohida to‘xtalmoqchiman.
Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir.
Bu borada «Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati»ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini ilgari suramiz. Biz jamiyatimizdagi bag‘rikenglik siyosatini izchil amalga oshirmoqdamiz.
Shu bilan birga, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faol davom ettiramiz. Yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazini ochamiz.
Buyuk ajdodlarimiz — mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish niyatidamiz.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot17 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
