Jamiyat
Samarqandda 4 erkak non olib kelish uchun do‘konga ketayotgan 14 yoshli qizni o‘g‘irlab ketdi
Tongga qadar ulfatchilik qilgan 4 nafar erkak uyga qaytayotganda yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni ko‘rib qolishgan. Uni onasi non olib kelish uchun do‘konga jo‘natgandi. Erkaklar qizni “tungi klublarda raqsga tushib yuradigan ayol”ga o‘xshatib, majburlab mashinaga mindirishgan hamda olib ketishgan. Maqsadlari u bilan jinsiy aloqa qilish bo‘lgan.
Samarqandda voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketgan 4 nafar erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1995 yilda tug‘ilgan B.X. 2025 yil 6 avgust kuni tongda tanishlari – 29 yoshli M.M., 28 yoshli A.M. hamda 24 yoshli U.Z. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketishgan.
Ular o‘sha kuni tongda A.M. boshqaruvida bo‘lgan Nexia mashinasida Kattaqo‘rg‘on tumani hududi ketishayotganda yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni ko‘rib qolishgan. Qiz non olib kelish uchun yo‘lning qarama-qarshi tomonida joylashgan savdo do‘koniga o‘tayotgan bo‘lgan. B.X. sherigi U.Z. bilan mashinadan tushib, qizning oldiga borgan. Ular qizni urib, jismoniy kuch ishlatgan holda sochlaridan tortib, mashinaga majburlab mindirgan hamda olib ketgan. Shundan so‘ng biroz vaqt o‘tib, qizni shu joyga qaytarib keltirib qo‘yishgan.
B.X. va uning sheriklari sudda ayblariga to‘liq iqrorlik bildirishgan va adashgani aytishgan.
“2025 yil 5 avgust kuni soat 21:00 larda qo‘shnim M.M.ning uyi oldidan o‘tib ketayotganimda uni ko‘rib qoldim va salomlashdim. Keyin unga o‘tirishni taklif qildim. M.M. rozi bo‘ldi. Shu vaqtda qo‘shnim A.M. ham chiqib qoldi. Uning mashinasida qishlog‘imizdagi do‘kondan pivo oldik va Narpay kanali bo‘yiga bordik. So‘ngra tanishim U.Z. ham shu yerga kelib qoldi.
Shu tariqa soat 4:00 larga qadar birga pivo ichib o‘tirdik. Tong yorisha boshlagani sababli U.Z. uyiga ketishini aytdi. A.M. uni uyiga tashlab qo‘yishini, mashinaga gaz qo‘ydirib kelishini aytdi. Bu taklif hammaga ma’qul bo‘ldi. Hammamiz mashinaga mindik.
Mashinada Navbahor mahallasida joylashgan “Azizbek” oshxonasi oldidan o‘tib ketayotgan vaqtimizda yo‘lning o‘ng tomonida bizga notanish bo‘lgan qiz ketayotganini ko‘rdik. Shu vaqtda U.Z. “Mashinani to‘xtating, bu mening tanishim, tungi klublarda o‘ynab yuradigan qiz” dedi. Hammamiz ichganimiz sababli U.Z. aytgan qizni mashinaga mindirib, u bilan jinsiy aloqa qilmoqchi bo‘ldik.
A.M. mashinani qizning yonida to‘xtatdi. Men mashinadan tushdim. Bu paytda qiz yo‘lning narigi tomoniga o‘tib ketayotgandi. Uning orqasidan borib, qo‘lidan ushlagancha mashina tomonga tortdim. U menga qarshilik qildi va “Sizlar o‘ylagan qizlardan emasman, meni qo‘yib yuboringlar” dedi. Mashinadan U.Z ham tushib keldi. So‘ngra qizning ikkinchi qo‘lidan ham tortgan holda majburlab mashinaga mindirdik”, degan B.X. suddagi ko‘rsatmasida.
Shu tariqa majburlab mashinaga mindirilgan voyaga yetmagan qiz yig‘lab uni qo‘yib yuborishlarini, onasi nonga yuborganini aytib, qo‘lidagi 8 ming so‘m pulni ko‘rsatgan. Shunda A.M. qizga ular IIB xodimlari ekanini aytgan. “Bir qiz bola onasini o‘ldirib, o‘zi qochib ketgan. Shu uchun biz seni to‘xtatib, mashinaga mindirdik”, degan u qizga qarata. Shunda B.X. U.Z.dan bu qiz boshqa qiz emasmikan, adashmadingmi, deya so‘ragan. U.Z. esa bu boshqa qiz ekan, biz adashibmiz, degan. So‘ngra erkaklar uni olgan joylariga olib kelib, tashlab ketishgan.
Qolgan sudlanuvchilar ham B.X.niki kabi ko‘rsatma bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, qizning uyi M-37 yo‘li bo‘yida joylashgan. Oila uyi oldida kichik oshxona ochgan. Bu yerda qizning onasi nonushta tayyorlab sotgan. O‘g‘irlangan qiz va opasi onasiga ko‘maklashib kelgan. O‘sha kuni ham qiz onasining topshirig‘iga asosan non olib kelish uchun do‘konga ketayotgan bo‘lgan.
JIB Kattaqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil 16 dekabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Sud hukmi bilan B.G‘ ga 5,5 yil, M.M, A.M hamda U.Z.ga 5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Yuqori instansiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
