Jamiyat
“Ona, meni o‘ldirishdi” – tushda fosh bo‘lgan jinoyat
Qo‘qon shahrida 17 yoshli Xurshid Haydarovni poyezd urib ketdi. Surishtiruv organi o‘smir o‘z joniga qasd qilgan, degan xulosa tomon ketayotgandi. Ammo oradan bir oy o‘tib, marhumning onasi tush ko‘ra boshlaydi. Unda marhum o‘g‘li o‘z joniga qasd qilmaganini, aksincha, o‘ldirib, keyin poyezd yo‘liga tashlab ketishganini aytadi. Shu tush sabab ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyat fosh bo‘ldi. Aybdorlar bor, ish sudga chiqqan, biroq ona jinoyatga aloqador ayrim shaxslar “suvdan quruq chiqib ketish”ga urinayotganini aytmoqda.
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan holat sodir bo‘ldi: organ xodimlari poyezd urib ketgan 17 yoshli yigitni o‘z joniga qasd qilgan, deya xulosaga kelgan bir paytda onaning tushlari ortidan bu aslida qotillik ekani oydinlashdi. Ayni paytda jinoyat ishi sudga chiqqan. Ammo ish sud ajrimi bilan tergovga qaytarilgan. Marhum Xurshid Haydarovning onasi ayrim aybdorlar gumonlanuvchidan guvohga aylanib qolganini aytmoqda.
Jinoyat ishi hali sud jarayonida. Shu sababli kimnidir qotillikda ayblashdan chekingan holda ish holatini tergov materiallari hamda jabrlanuvchi va guvohlarning intervyulari orqali boricha e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.
Ganjiravonni qo‘rqitgan signal
2025 yil 20 iyun. Soat 00:07. Qo‘qonning Kichik Ganjiravon mahallasi. “Qo‘qon–Pop” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk poyezdi kutilmaganda to‘xtovsiz va qo‘rqinchli signal berdi. Har kuni o‘tib-qaytuvchi poyezdlar odatda ushbu hududda bu kabi signal bermasdi. Biroq bu safar u nafaqat signal chaldi, harakatsiz qotgan temir g‘ildiraklari rels ustida shovqinli sirg‘alib to‘xtadi ham.
Pastga tushib kelgan mashinist relslar orasidagi jonsiz tana hamda sal narida yotgan odam boshini ko‘rib, dahshatdan bir lahza joyida qotib qoldi. So‘ngra bo‘lgan voqea haqida IIBga xabar berdi.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, guvoh sifatida so‘roq qilingan mashinist shunday ko‘rsatma bergan:
“2020 yildan buyon Qo‘qon lokomotiv deposida elektrovoz mashinisti bo‘lib ishlab kelaman. Men va yordamchi mashinist 2025 yil 20 iyun kuni soat 23:00 larda o‘zimizga biriktirilgan elektrovoz bilan yuk poyezdini qabul qilib oldik. Ushbu poyezdni Namangan stansiyasiga olib borishimiz kerak edi. Poyezd tarkibida jami 63 ta har xil turdagi vagonlar mavjud edi.
Shu kuni Qo‘qon stansiyasi navbatchisining ko‘rsatmasiga asosan soat 23:52 larda “Qo‘qon–Buvayda–Namangan” yo‘nalishida harakatni boshladik. Harakatlanib ketayotgan vaqtimizda soat 00:06 larda taxminan 200-250 metr uzoqlikda temiryo‘l izlari orasida sharpa ko‘rindi. Tun qorong‘i bo‘lgani uchun dastlab uni aniq ko‘rish imkoni bo‘lmadi. Men bir marta qattiq signal chaldim, lekin ushbu sharpa joyidan qimirlamadi. Shundan keyin poyezd nuri ushbu sharpaga tushganida uning odam ekanini bilib, darhol shoshilinch tormoz berdim va poyezdni to‘xtatish choralarini ko‘rdim.
Ushbu odam temiryo‘l izlariga ko‘ndalang bo‘lib, yuzi osmonga qaragan holda bosh aralash bo‘yin qismi yo‘nalish bo‘yicha chap tomon rels ustida turgandi. U odam qimirlamasdan, harakatsiz holda yotgan edi. Poyezd yaqinlashib kelganida ham umuman qimirlamadi.
Shoshilinch tormoz berishimga qaramasdan soat 00:07 da ushbu fuqaroni urib ketib, to‘xtadik. Shundan keyin darhol ushbu shaxsga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida poyezddan tushib, uning oldiga bordim. U yerga borganimda uning boshi tanasidan to‘liq uzilib ketib, o‘lganini bildim. Bu haqida Buvayda, Qo‘qon stansiyalari va Qo‘qon lokomotiv deposi navbatchilariga hamda IIB xodimlariga xabar berdik”.
Mashinistga ko‘ra, oradan 30-35 daqiqa vaqt o‘tib, IIB xodimlari yetib kelgan hamda voqea joyini ko‘zdan kechirgan. So‘ngra mashinistga harakatni davom ettirishga ruxsat berilgan. Poyezd soat 00:55 da yo‘nalish bo‘yicha harakatni davom ettirib ketgan.
“Temiryo‘lga borguncha o‘lib bo‘lganman”
Ertasi kuni tongda butun Ganjiravon qishlog‘ida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ishchisi Xurshid Haydarov poyezd yo‘lida o‘z joniga qasd qilibdi, degan duv-duv gap tarqaldi.
Sud-tibbiy ekspertizasining marhum o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xulosasidan so‘ng o‘smir tuproqqa qo‘yildi.
Marhumning onasi Gulsanam Tojiyevaga ko‘ra, surishtiruv ishlari davomida organ xodimlari Xurshid Haydarov o‘z joniga qasd qilgan, degan xulosaga kelgan.
“2025 yil 20 iyun kuni kechqurun Xurshidjon aya, hozir kelaman, dedi. Qayerga ketayotganini so‘rasam Shohjahon va Murtoz qo‘ng‘iroq qilganini, biroz qarashib kelishini aytdi. Kech bo‘lganini, bormasligini aytdim, biroq u 1 soatda kelaman, deya ko‘chaga chiqib ketdi.
Soat 23:00 larda o‘g‘lim kelavermagach, xavotirlanib qo‘ng‘iroq qildim, telefoni o‘chiq ekan. Eh, telefoni o‘chib qolibdi-da, hozir tog‘asidan gap eshitadi, deb kutib o‘tirdim. Keyin soat 00:30-1:00 larda akamga meni uyga olib borib qo‘yishini aytdim.
Akam xavotir olmasligimni, Xurshidjonni o‘zi qidirib topib kelishini bildirdi. Shu bilan men uyga kirdim. Uyda dadasi yotgan ekan. Dadasiga turing, Xurshidjon yo‘q, telefoni o‘chiq, akam izlab ketdi, boring, dedim va chiqarib yubordim. Shu payt kichkina qizim injiqlik qila boshladi. Uni uxlatayotib, o‘zim ham uxlab qolibman.
Ertalab chiqsam, turmush o‘rtog‘im yo‘q. Uyga qarab ketdim. Borsam, ayam hovli supurayotgan ekan, kelinim tikish tikib o‘tirgan ekan. Xurshidjon keldimi, desam, yo‘q, deyishdi. Keyin darhol Shohjahonning ammasiga qo‘ng‘iroq qildim. Ma’mura, kecha jiyaning qo‘ng‘iroq qiluvdi, Xurshidjon sizlarnikida yotib qolmadimi, uyga kelmadi, desam, “yo‘q, Xurshidjon kelgani yo‘q, Shohjahonning o‘zi uxlab yotibdi”, dedi.
O‘sha kuni dadasi va tog‘asi ertalabgacha izlabdi. Keyin turmush o‘rtog‘im menga qo‘ng‘iroq qilib, Xurshidjon kelmadimi, ustida qanaqa kiyimi bor edi, deb so‘radi. Oq futbolka va qora shimda chiqib ketganini aytdim. Shu bilan telefon o‘chdi. Keyin akam yig‘lab keldi, poyezd urgan Xurshidjon ekan, dedi. Men hushimni yo‘qotdim”, deydi Gulsanam Tojiyeva.
Ayolning aytishicha, u ertasi kuni tongda tush ko‘rgan. Tushiga marhum o‘g‘li kirgan.
“Ertasi kuni azonda tush ko‘rdim. Tushimda 789 raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldim. Allo desam, aya, dedi. “Xurshidjon, senmisan o‘g‘lim?” deya so‘rasam “Ha, menman, aya”, dedi. Qayerda yuribsan, desam, “aya, men borsam ko‘ylak tikib o‘tirgan ekansiz, men o‘lib bo‘ldim”, dedi. Temiryo‘lda nima qilayotganding, deb so‘rasam “aya, men temiryo‘lga yetib bormay o‘lib bo‘lganman, meni ota-bola qo‘yib ketdi temiryo‘lga, telefonni Murtoz bilan Shoqqiga olib boring, chala qolgan ishim bor mening”, dedi. Keyin uyg‘onib ketdim.
Yugurib chiqib, tushimni akam va xo‘jayinimga aytdim. Ular bu stressdan, deya tez yordam chaqirib, ukol qildirib qo‘yishdi. Shu bilan ushbu tushimni 3-4 kun ko‘rdim. Ma’raka kuni ham ertalab chiqib, shu tushni aytayotsam, kichkina akam tez yordam chaqiringlar, Guli yana alahsirashni boshlayapti, dedi. Shunda katta akam to‘xtanglar, bu bekorga bunaqa tush ko‘rmayotgandir, Murtoz deyapti, Murtozninng oldiga borib ko‘rish kerak, 3 kun bo‘ldi, telefoni, velosipedi, shippagi yo‘q, oyog‘i tagi toza deyapsanlar, bu yerda bir gap bor, dedi.
Akam chiqib ketib, Murtoz bilan ko‘rishdi. Murtoz Xurshidjonni o‘sha kuni ichib kelgan, dedi. So‘ngra meni tergovga olib borishdi. Men tergovchi Sobirov Tolmasga ushbu tushimni aytib berdim. Tergovchi “bu tush, tush inobatga olinmaydi, bolangizning o‘zi kirib ketgan”, dedi. Tush ko‘rmasimdan oldin operlar “bu bola o‘z joniga qasd qilgan, temiryo‘lga o‘zi borib uxlab qolgan, kayfda bo‘lgan, “kristal” chekkan, biz bolani olib ketayotganimizda og‘zidan pivoning hidi anqib yotgandi”, deya o‘g‘limni rosa qoralashdi.
Tushim orqali Murtozni borib surishtirdik, ular bo‘yniga olmadi. Tergovchilar “bu tush, nimalar kirmaydi”, deyishdi. Keyin 9 iyul kuni soat 4:30 larda yana tush ko‘rdim. O‘g‘lim “aya, bu aytganlarim dalil bo‘lmadi. Siz eplolmayapsiz. Do‘stim Fayozning oldiga boring, u hammasini biladi”, deb qo‘ymadi. Tushimni akamga aytdim va Muhammadfayozning oldiga olib borasiz, olib bormasangiz o‘zim boraman, deya ular bilan urishdim.
Muhammadfayozning oldiga borsak, u ham qo‘rqqanidan ozib ketibdi. Meni ko‘rib “jon xolajon, mening gumonim ham shulardan, lekin men bilmayman, deb turib oldi. Bir-ikki kundan so‘ng Fayozbek shular o‘ldirganini, temiryo‘lga olib borib, qo‘yib ketganini, narsalarini yo‘qotganini, telefonini yoqib yuborganlarini aytib berdi”, deydi marhumning onasi.
Shundan so‘ng tergovchilar ayolni chaqirgan va tushlarini boshqatdan aytib berishni so‘ragan. O‘sha yerda onaning tushlari muhokama qilingan.
Gulsanam Tojiyevaning aytishicha, Xurshidning velosipedini Murtozning dadasi Murod Pirmatov uchga bo‘lib, soyga oqizgan, opoqisi esa telefonlarini maydalab, shippaklarini yoqib yuborgan. Faqatgina Xurshid Haydarov ishlatgan sim-karta ustaxona yonidan topilgan. Uniyam tergovchilar atrofni elakda elab chiqib topishgan.
“Shohjahon va Murtoz o‘ldirganini bir-biriga to‘nkayapti. Qotillar topilgan kuni IIBda tursam, Iqbol ismli oper chiqdi-da, “opa, o‘g‘lingiz ichmagan va chekmagan ekan, hammasi aniqlandi, men o‘shanda pivoning hidi kelib yotgandi, deb aytgandim. Lekin ular Xurshidjonni o‘ldirib bo‘lib, og‘zidan pivoni quygan ekan. Shuning uchun Xurshidjonning og‘zidan pivoning hidi anqib yotganiga amin bo‘lgandim. Meni kechiring. Lekin bular kley hidlatgan ekan”, dedi.
Bular Xurshidjonga pivo olib kel, deya 30 ming so‘m pul bergan. Ular 4 kishi bo‘lgan. Xurshidjon umuman ichib-chekmasdi. O‘g‘lim 3 ta bir martalik stakanni puli yetmasdan qaytarib bergan. So‘rida uchalasi ichgan, kley hidlatganmiz deyishyapti. Keyin orqasidan kelib Shohjahon bo‘g‘gan, bo‘g‘ayotganida u Murtozga “yuragiga pichoq sanch”, deb baqirgan. Murtoz pichoq sanchishga qo‘rqib turgan vaqtida Abdulloh orqasidan Xurshidjonga qarab itarib yuborgan, pichoq yerga tushib ketgan. Yo‘q, men pichoq sancholmayman, deganidan keyin Shohjahon Xurshidjonning yuragiga qo‘lining tirsagi bilan 5-6 marta urib, “ana, o‘lib bo‘ldi, endi buni poyezd yo‘lga olib boramiz. Bo‘lmasa mening o‘ldirganimni bilib qolishadi”, degan. So‘ngra bolamni temiryo‘lga olib kelishgan hamda qo‘yib ketishgan. Ular shunaqa ko‘rsatma bergan.
Yakka-yu yagona o‘g‘lim edi. Uni zo‘rg‘a ulg‘aytirib, usta qilgandim. 17 yoshga kirgandi, qo‘lidan ish kelib qolgandi”, deydi Gulsanam Tojiyeva.
Onaning ta’kidlashicha, uchalasi o‘g‘lini qasddan o‘ldirgan.
Tergov versiyasi
Jinoyat ishi Farg‘ona viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi tomonidan olib borilgan.
Ayblov xulosasida keltirilishicha, Shohjahon G‘aniyev voyaga yetmagan, 2009 yilda tug‘ilgan Murtozxon Mansurov hamda 2011 yilda tug‘ilgan Abdulloh Sodiqov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Xurshidjon Haydarovni qasddan o‘ldirish maqsadida jinoiy reja tuzgan. Bunga sabab sifatida Xurshidjon Haydarov u va Murtozxonning onasini haqorat qilgani ko‘rsatilgan.
Shohjahon G‘aniyev 2025 yil 20 iyun kuni Xurshidjon Murtozxon Mansurov bilan Qo‘qon shahar 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida joylashgan futbol stadioniga futbol o‘ynash uchun birga borishi haqida eshitgan. U Murtozxonga futbol o‘yini tugagach Xurshidjonning oldiga borib, 50 ming so‘m qarzi masalasida gaplashib olishi uchun telefon qilib berishini aytgan.
O‘sha kuni soat 21:00 larda futbol o‘yini tugagach, barcha uyiga qaytayotgan vaqtida Murtozxon Shohjahon bilan biroz avval kelishganidek Xurshidjonning oldiga borgan va 50 ming so‘m qarzi masalasida Shohjahonga qo‘ng‘iroq qilishini aytgan. Xurshidjon shu yerning o‘zida Shohjahon G‘aniyevga qo‘ng‘iroq qilgan. Telefondagi o‘zaro suhbat davomida Shohjahon 50 ming so‘m qarzi evaziga Qo‘qon shahar Kichik Ganjiravon mahallasi hududida joylashgan dala maydoniga borib, spirtli ichimlik iste’mol qilishni taklif qilgan. Ularning jinoiy rejasidan bexabar bo‘lgan Xurshidjon Haydarov ushbu taklifga rozi bo‘lgan.
Shohjahon G‘aniyev futbol o‘yinidan qaytib kelgan Murtozxon Mansurovni yashash xonadoni oldida kutib olgan hamda unga zarur holatda foydalanishlari uchun uyidan pichoq olib chiqishni aytgan. Murtozxon Mansurov xonadon oshxonasidan oshxona pichog‘ini olib, qaytib chiqqan.
Shohjahon va Murtozxon kelishilgan joyga borayotgan vaqtda ularning oldiga Xurshidjon o‘ziga tegishli bo‘lgan velosipedda yetib kelgan. Uning qo‘lida 2 litr pivo, qurut va semichka bo‘lgan.
Shu tariqa, uchalasi dala maydoniga borgan va o‘sha yerdagi so‘rida o‘tirib, pivo icha boshlagan. So‘ngra Shohjahon go‘yoki ammasini yashash xonadoniga olib borib qo‘yishi kerakligini aytib, u yerdan ketgan. Chamasi yarim soat vaqt o‘tib, u Abdulloh Sodiqov bilan qaytib kelgan.
Jinoiy maqsadlarini amalga oshirish uchun qulay fursat kelganiga amin bo‘lgan Shohjahon G‘aniyev Xurshidjonni fiziologik va jismoniy jihatdan o‘zini himoya qilishga qodir bo‘lmay qoladigan vaziyatga tushirib qo‘yish uchun cho‘ntagida bo‘lgan “siqma kley”ni olgan So‘ngra uni paketga tayyorlab, hidlab ko‘rishi uchun Xurshidjonga taqdim qilgan.
Xurshidjon “siqma kley”ni biroz hidlab, mast holatga tushib qolgan. Shu vaziyatni kutib turgan Shohjahon G‘aniyev Xurshidjonning orqa tomoniga o‘tib, ikki qo‘lini bo‘yin sohasidan o‘tkazgan holda uni bo‘g‘a boshlagan. Murtozxon Mansurov esa Xurshidjonning oyoqlarini ushlab, harakatlanish va qarshilik qilish imkoniyatini cheklab turgan.
Xurshidjon Haydarov hushsiz holda bo‘lsa-da, nafas olayotganini sezgan Shohjahon Murtozxonga bo‘g‘ishda foydalanish uchun ip topib kelishini aytgan. Murtozxon Mansurov Abdulloh Sodiqov bilan birga 70-80 metr narida bo‘lgan, bobosiga tegishli dala shiyponga borgan. Biroq ip topa olmay, ortga qaytishgan. Shundan so‘ng Murtozxon o‘zlari o‘tirgan so‘ri yonidan ip topib, uni Shohjahonga bergan. Shohjahon esa ipni Xurshidjonning bo‘ynidan aylantirgan holda qattiq tortib, bog‘lab qo‘yadi.
Biroz vaqt o‘tib, Xurshidjon Haydarovning o‘lganiga ishonch hosil qilishadi. So‘ng o‘ta og‘ir jinoyat izlarini yashirish va jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida go‘yoki Xurshidjon o‘z joniga qasd qilib, vafot etgandek qilib ko‘rsatish uchun uning murdasini temiryo‘lga olib borishadi. Bu jarayonda Shohjahon murdaning qo‘llaridan, Murtozxon esa oyog‘idan ko‘tarib borgan.
Shu tariqa, ular murdaning bo‘yin qismini rels ustiga to‘g‘rilab qo‘yishgan, tanani esa temiryo‘l izlari oralig‘iga joylashtirishgan. 2025 yil 20 iyundan 21 iyunga o‘tar kechasi soat 00:07 da “Qo‘qon–Pop” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan yuk poyezdi Xurshidjon Haydarov murdasini bosh qismidan bosib ketgan.
Kim nima deyapti?
Kun.uz holat yuzasidan marhum va gumondorlarning yaqinlaridan, guvohlardan intervyu oldi. Ularning fikrlari shunday bo‘ldi.
Hamdam Tursunov, marhumning tog‘asi:
“Jiyanim temiryo‘lga olib kelinganida oyoq yalang bo‘lgan. Bu yerga yurib kelishning iloji yo‘q, toshlar oyoq tagini kesib yuboradi. Keyin bu yer juda tikanzor. Bu yerga sudrab olib kelingani aniq fakt edi. Sababi, oyog‘ining tagi toza bo‘lgan, hech qanday jarohat yoki tikan kirish bo‘lmagan. Operlar, ekspertiza o‘z joniga qasd qilgan deyaverdi.
Tushga ishonmasdim. Bir-ikki marta singlimning gapiga ishonmadim, tush-ku, dedik. Keyin akam buni borib surishtirgin, dedi. Shundan so‘ng surishtirishni boshladim. Birinchi Murtozning oldiga bordim. U “mening oldimga kayf holatida kelgan. Qo‘lida pivo va sigaret bor edi, men bilan o‘tirib ichasan dedi. Opoqim va dadam meni chiqarmadi. Xurshid to‘g‘riga, tomorqaga qarab o‘tib ketdi”, dedi.
Keyin sekin kameralarni ko‘ra boshladik. Borgan sari gumon o‘shalarga qarab ketaverdi. Jiyanim Xurshidjonning ruhi bezovta bo‘lib, onasini qo‘ymadi: ketma-ket bitta tushni ko‘raverdi. Oxiri shu singlimning tushi orqali jinoyatchilar chiqib keldi.
Ta’ziyaning ertasi kuni shu joyga kelib, bedazorni tekshirdik. Sudralgan izlar bor edi. Buni operlarga aytdik. Operlar bu dalil bo‘lolmaydi, deyishdi. Ertasi kuni operlarni olib kelib ko‘rsatsak, bedazor tozalab qo‘yilgan ekan. Biz yonib-pishaverdik, ammo bir oy maboynida ochilmadi jinoyat. Keyin hammasi tush orqali ochildi”.
Avazjon Sattorov, guvoh:
“Soat 00:17 larda temiryo‘l “uchastkovoyi” qo‘ng‘iroq qildi. Ko‘tardim. Avaz aka, uydamisiz, temiryo‘lga kelib-keting, dedi. Tinchlikmi, desam, kelavering tezroq, dedi. Kelsam, marhum Xurshidjon pachaqlangan holatda temiryo‘lda yotardi. Aka, taniysizmi, deb so‘raganida “bu o‘rtog‘imning o‘g‘li-ku”, dedim.
Kichikligidan yonimizda katta bo‘lgan, yaqin o‘rtog‘imning o‘g‘li edi. Keyin meni hayajon bosib qoldi. Telefonimni olib, dadasiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi edim, aytmay qo‘yaqoling, deyishdi. Bu ataylab o‘ldirib, tashlab ketilgan, dedim. Qayerdan bilyapsiz, deb so‘radi “uchastkovoy”. Qon chiqmagan, o‘lgan odamdan kam, tirik odamdan ko‘p qon chiqadi, oddiy xo‘rozni so‘ysang ham qancha qon chiqishini o‘zing bilasan, dedim.
Men kelib qaragan holatimda tanasi boshsiz yotardi. Boshning yarmi shipolning chap tomonida edi. Hayajon bosib, nima qilishimni bilmay turdim”.
Abduhoshim Tojiyev, marhumning dadasi:
“Ekspertizaga bordik va nima bo‘libdi, nima sababdan o‘libdi, desak ekspertiza xulosasi chiqsin, o‘shanda bilaverasizlar, deyishdi. 28 kunda chiqdi ekspertiza xulosasi. Unda bola temiryo‘lga o‘zi yotgan, rels bilan poyezd g‘ildiragi orasida bo‘yin uzilgan, boshqa joyida tan jarohati yo‘q, jarohat bo‘yin qismidan tepasida, hech narsani aniqlay olmadik, deyilgan.
2 dona xulosa bergan. Keyin joni o‘sha yerda chiqqan, deyilgan. Biz qon chiqmagan-ku, qon sachrab ketishi kerak edi, desak, yo‘q, aniq shunaqa bo‘lgan, deyishdi. Keyin qotillar topilib, ko‘rsatmasida bo‘g‘ib o‘ldirganmiz, ip bilan bog‘laganmiz bo‘ynidan degandan keyin ekspertiza xulosaga qo‘shib berdi. Ungacha ekspertiza ham qariyb yashirgan hisob bo‘lyapti, xulosani to‘liq bermadi. Gumonimiz bor-u, birovni ayblab bo‘lmaydi, ekspertiza yurak bilan ishlanmagan”.
G‘ayrat Pirmatov, ayblanuvchi Shohjahon G‘aniyevning dadasi:
“Voqea bo‘lgan kuni kechqurun, soat 10 minut kam 00:00 lar edi, ishdan kelayotgandim, ko‘chamizning boshida gaz quyish shoxobchasi bor, shuning oldida gazli suv, muzqaymoq sotiladi, shu joyda o‘g‘lim Shohjahon G‘aniyev hamda jiyanim Murtozxon Mansurovga ko‘zim tushdi. Men o‘zimning shaxsiy mashinamda edim. Kelib oldilariga to‘xtadim. To‘xtagan vaqtimda o‘g‘lim mening oldimga keldi-da, lekin jiyanim men bilan so‘rashmadi va to‘g‘ri o‘tib ketdi. O‘g‘lim “Murtozxonning do‘stlari shu yerda ekan, 5 minut gaplashib kirib ketamiz”, degan gapni aytdi. Rulda o‘tirgan vaqtimda, mashinaning oynasidan orqaga qaraganimda Murtozxon ko‘cha boshidagi motor o‘rash ustaxonasining oldida bir yigit bilan gaplashib turgandi. Qorong‘ida uncha tanimadim. Demak o‘rtoqlari bor ekan, degan maqsadda men uyga qarab keldim.
Shohjahon men qilmaganman, deyapti. Lekin o‘g‘lim tan olyapti, bular o‘ldirib qo‘yganidan keyin yordam so‘ragach ko‘tarishib, olib borishib qo‘ydim, lekin men o‘ldirmadim, Murtozxon o‘ldirdi, deyapti. Endi bilmayman, u yerda bu holatning guvohi bo‘lmaganim uchun birovning bolasiga tuhmat qilishga haqqim yo‘q”.
Ayblanuvchilarning ko‘rsatmalari
Marhumning yaqinlari aytgani kabi, Shohjahon G‘aniyev hamda Murtozxon Mansurov tergov jarayonida aybiga iqrorlik bildirmagan va bir-biriga teskari ko‘rsatma bergan. Ya’ni Xurshidjon Haydarovning o‘ldirilishini Shohjahon Murtozxonga, Murtozxon esa Shohjahonga yuklagan. Ularning tergovdagi ko‘rsatmalari quyidagicha.
Shohjahon G‘aniyev, gumondor, qotillikda ayblanmoqda:
“Xurshidjon Haydarovga nisbatan hech qanday adovatim bo‘lmagan. 2025 yil 20 iyun kuni Murtozxon Mansurov, Abdulloh Sodiqov va Xurshid Haydarov bilan Qo‘qon shahar Kichik Ganjiravon mahallasi hududida joylashgan qurilishi tugallanmagan yer uchastkasining so‘risida birga o‘tirgan vaqtimda men pivo spirtli ichimligini iste’mol qilmaganman. O‘sha kuni Xurshidjon Haydarov va Murtozxon Mansurov pivo iste’mol qilgan.
Murtozxon Mansurov Xurshidjon Haydarovni bo‘ynidan ip bilan bo‘g‘ib, uni o‘ldirdi. Men tekshirib ko‘rganimda Xurshidjon nafas olmayotganini bildim. O‘sha vaqtda Murtozxon men uning qarindoshi ekanimni aytib, iltimos qilgani sababli Xurshidjonning murdasini oyoq qismidan ko‘tarib, poyezd yo‘liga olib chiqqanmiz.
O‘sha vaqtda qo‘rqqanim sababli Murtozxon Mansurovning o‘ta og‘ir jinoyati oldini ololmaganman. Aynan nimadan qo‘rqqanimni bilmayman. Xurshidjonning murdasi poyezd yo‘lining ikkita relsi orasiga qo‘yilgan edi, boshi qanday holatdaligini eslolmayman. Hodisa sodir bo‘lgan kuni Xurshidjon Haydarovga tegishli velosipedni Murtozxon Mansurov olib, yashash xonadoniga kirib ketgan.
Murtozxon Mansurov bobosining bog‘iga ip olib kelish uchun bir o‘zi ketgandi, men va Abdulloh Sodiqov Xurshidjonning oldida, so‘rida qolganmiz. Hodisa sodir bo‘lgan kuni men stress holatida bo‘lib, qattiq qo‘rqib ketganim sababli nima qilishni bilmay qolganman.
So‘riga borib o‘tirish taklifi o‘sha kuni Murtozxon Mansurovdan chiqqan. So‘ngra qorong‘i tushganida men, Abdulloh Sodiqov va Murtozxon Mansurov birga u yerga borganmiz. Ortimizdan Xurshidjon Haydarov pivo, sigaret va semichka olib kelgan.
Xurshidjon Haydarovdan qarz oldi-berdi munosabatlarim bo‘lmagan. Xurshidjonni Murtozxon Mansurov bo‘g‘ib o‘ldirib, o‘ta og‘ir jinoyat sodir qilgani haqida ertasi kuni yoki undan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum qilish niyatim bo‘lgan. Lekin Murtozxon Mansurovning dadasi ertasi kuni yashash xonadoniga meni chaqirib, “bitta plastinkani aylantirib turaver, sen Murtozxonni sotma, u seni sotmaydi”, deb so‘kib chiqarib yuborgan. Bu holat haqida dadamga va boshqa yaqinlarimga ham aytishga qo‘rqqanman. Oxirgi tergov harakatlari davomida bu haqida aytib berganman”.
Murtozxon Mansurov, gumonlanuvchi, qotillikda ayblanmoqda:
“O‘sha kuni soat 21:00 larda futboldan uyga qaytib borganimda eshik oldida Shohjahon G‘aniyev telefon o‘ynab o‘tirganini ko‘rdim. Uning oldiga borib, salomlashdim. Yashash xonadonimga kirib ketayotgan vaqtimda Shohjahon “tezroq chiq, gapim bor”, dedi. Men xo‘p, deya uyga kirib ketdim.
Oradan 10-15 minut vaqt o‘tgach, men qaytib chiqdim. Tashqarida Shohjahon G‘aniyev Xurshidjon Haydarov bilan suhbatlashib turganini ko‘rdim va ular bilan takroran so‘rashdim. Shunda Shohjahon ham, Xurshidjon ham bugun o‘tiramiz, deb gapirishdi. Men xo‘p deganimdan keyin Xurshidjon o‘zi minib kelgan velosipedida do‘kondan narsa olib kelishini aytib, ketdi.
Xurshidjon bizning oldimizdan ketganidan so‘ng Shohjahon menga “bor, yashash xonadoningga kirib pichoq olib chiq. Xurshid do‘konga ketdi-ku, narsa olib kelsa iste’mol qilamiz”, dedi. Xo‘p, deya uyga kirdim va oshxonadan bir dona taxta sopli pichoqni olib chiqdim.
Biz yashash xonadonimdan 120 metr masofada joylashgan qurilishi tugallanmagan daladagi joy tomonga qarab yurdik. Yo‘lda ketayotganimizda Xurshidjon velosipedini minib, oldimizga yetib keldi. U qo‘lida qora sellofan paket ushlab olgandi. Keyinchalik bilishimcha, uning ichida qurut, semichka, sigaret va 2 litr pivo bor ekan. Uchalamiz so‘riga borib o‘tirdik.
Men Xurshidjon olib kelgan sellofan paketning ichini ochganimda, unda pichoq ishlatish kerak bo‘lgan narsa yo‘qligini ko‘rib, pichoqni to‘shak tagiga qo‘ydim. Shohjahon va Xurshidjon pivo iste’mol qilishdi, men esa semichka chaqib, qurut yedim. Biroz o‘tirganimizdan so‘ng Shohjahon G‘aniyevga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. U telefonda suhbatlashib bo‘lgach, “ammamni yashash xonadoniga tashlab kelishim kerak ekan”, deb gapirdi va bizning oldimizdan ketdi.
Oradan 30 minutlarcha vaqt o‘tganidan so‘ng Shohjahon Abdulloh Sodiqov ismli tanishi bilan birga keldi. Shohjahon pivo ichdi, Abdulloh esa o‘zida bo‘lgan elektron sigaretni chekdi. Men esa Xurshidjon va Shohjahon bilan birga Xurshidjon Haydarov olib kelgan sigaretdan chekdik.
Shu jarayonda Xurshidjon elektron sigaretini so‘rab, Abdullohga gapirdi. Biroq Abdulloh Sodiqov elektron sigaretini bermadi. Shu sababli, Xurshidjon achchiq qilib, unga so‘kinib gapirdi va ular o‘zaro tortishib ketishdi. Lekin urishishmadi va tezda to‘xtab qolishdi.
Shundan so‘ng Shohjahon G‘aniyev cho‘ntagidan oq-ko‘k rangli “siqma kley” olib, uning bir qismini qurut paketiga siqib maydaladi va chekib ko‘rishini aytib Xurshidjonga berdi. Xurshidjon paketdagi narsani olib, uni 5 minutlarcha damladi, ya’ni ichiga havo tortib, chiqardi. Shunda u o‘zini biroz yo‘qotib qo‘yganini sezdim. Keyin Shohjahon qo‘lida bo‘lgan “siqma kley”ning qolganini ham semichka paketiga solib, tayyorladi va uni bir marotaba o‘zi tortib, damladi. Shunda Xurshidjon “aka, zo‘r narsa ekan”, deganida Shohjahon qo‘lidagi paketni ham unga berdi. Xurshidjon uni ham olib biroz damlaganidan so‘ng o‘zini eplolmay qoldi.
Shunda mening chap tarafimda o‘tirgan Shohjahon o‘rnidan turib, qarama-qarshi tomonda o‘tirgan Xurshidjonning oldiga o‘tdi va uning bo‘ynidan qo‘llarini ustma-ust qilib o‘tkazib, tomog‘idan bo‘g‘di. Shu orada Abdulloh Sodiqov mening oldimga o‘tirib oldi.
Xurshidjonni qo‘llari bilan bo‘g‘ib turgan Shohjahon menga “pichoqni olib, yuragiga tiq”, deb baqirdi. Men esa pichoqni to‘shak tagidan olib, so‘ridan 2 metr masofaga bordim va “yo‘q, men tiqmayman”, dedim. Keyin so‘riga qaytib borib o‘tirdim va pichoqni to‘shak tagiga qo‘ydim. Xurshidjonga qaraganimda uning og‘zidan ko‘pik kelganini, burnidan esa biroz qonga o‘xshash ajralmalar chiqqanini ko‘rdim.
Keyin Shohjahon menga opoqingning dalasidan ip olib kel, dedi. Bu joydan 70-80 metr masofada opoqimning dalasi bor edi. Men Abdulloh Sodiqov bilan birga opoqimning dalasiga borib, Abdullohni tashqarida qoldirib, o‘zim ip olib chiqaman, deya eshikdan ichkariga kirdim. Ichkarida 3-4 minut turib, ip qidirmasdan tashqariga qaytib chiqdim va Abdullohga ip yo‘q ekan, deb aytdim. U bilan birga Shohjahonning oldiga qaytib bordik. Qaytib kelganimizda Shohjahon G‘aniyev hali ham Xurshidjonni bo‘g‘gan holatda turgan ekan. U bizdan ip olib keldinglarmi, deb so‘radi. Men ip topolmaganimizni aytdim.
Men Abdulloh Sodiqov bilan birga so‘riga o‘tirganimdan so‘ng Shohjahonga “aka, buni o‘ziga keltiring, o‘lib qolsa muammo bo‘ladi”, dedim. Shohjahon menga “onamdan kelgani uchun javob berib o‘tiribdi”, dedi.
Shu jarayonda Shohjahon G‘aniyev so‘ridan pastga qo‘lini uzatib, ip oldi. U ipni Xurshidjonning bo‘ynidan aylantirib, ikki uchini ikki yon tomonga tortdi va bog‘lab qo‘ydi.
Shohjahon qulog‘i bilan Xurshidjonning ko‘ksiga boshini qo‘yib, nafas olayotgan yoki yo‘qligini tekshirdi va bu hali o‘lmabdi, dedi hamda qo‘li bilan 3-4 marotaba uning yurak sohasiga mushtlab urdi.
Biz Abdulloh bilan uning telefonida video ko‘rib o‘tirdik. Soat taxminan 23:30 larda Shohjahon hushsiz yotgan Xurshidjon Haydarovni qo‘llaridan tortib, so‘ridan pastga tushirdi. Xurshidjon biron bir harakat qilmasdi. Shohjahon G‘aniyev menga Xurshidjonni ko‘tarishib yuborishimizni, uni birga poyezd yo‘liga olib borib tashlab kelishimizni aytdi. Men bunga rozi bo‘lmadim. Shohjahon “shunday qilmasak Xurshidjonni men o‘ldirganimni bilib qolishadi”, dedi. Men yana rad javobini berganimda esa seni ham o‘ldirib yuboraman, deb gapirdi. Shu jarayonda ortga yurmoqchi bo‘lganimda ortimda Abdulloh Sodiqov turib olganini bildim. Keyin Shohjahon G‘aniyevdan qo‘rqib, bunga rozi bo‘ldim.
Men Xurshidjonning ikki oyog‘idan, Shohjahon G‘aniyev esa ikki qo‘lidan ushlab ko‘tardik. Poyezd yo‘li tomonga qarab 20 metr masofa yurganimizdan so‘ng Shohjahon Abdulloh Sodiqovga og‘ir ekan, sen ham ko‘tar, dedi. Keyin men Xurshidjonning o‘ng oyog‘idan, Abdulloh esa chap oyog‘idan ushladik. Shohjahon qo‘llaridan ushlab ko‘tardi”.
Shuningdek, Murtozxon Mansurov o‘z ko‘rsatmasida Xurshidjon Haydarovning murdasini temiryo‘lga olib chiqib qo‘yishganidan so‘ng nimalar qilishganini aytib o‘tgan. Xususan, marhumning velosipedini Shohjahonning ko‘rsatmasi bilan birga ikkalasi tomga chiqarib qo‘yishganini bildirgan. Ushbu velosipedni keyinchalik Murtozxon Mansurovning dadasi olib, bo‘laklarga bo‘lgan holda soyga oqizib yuborgan.
Muhammadfayoz Yoqubov, gumondor, jinoyatni yashirishda ayblanmoqda:
“Asfalt bo‘yida motor o‘rashda ishlaymiz. Ishlab turgan vaqtimizda kechqurun Begmuhammad ismli o‘rtog‘im ko‘chaga chiqib ketdi. 10 minutdan keyin qaytib kirib, meni chaqirdi. Eshik yoniga chiqqanimda Murtozxon va Shohjahon turgan ekan. Soat taxminan 23:30 lar atrofida edi o‘sha paytda. Chiqib so‘rashganimda Xurshidjonni o‘ldirib keldik, dedi Murtozxon. Men ishonmadim. Keyin nima qilib o‘ldirding, deb so‘radim. “Pivo ichdirdik, kley chektirdik, keyin orqasidan 3-4 ta sigaret chektirgandik, hushidan ketdi. Bo‘g‘dik va o‘ldi, keyin temiryo‘lga olib borib, tashlab keldik”, dedi.
Men ishonmadim va nima bilan isbotlaysan, deganimda Shohjahon Xurshidjonning telefonini cho‘ntagidan chiqarib ko‘rsatdi. Ungayam ishonmadim. Chunki telefonini hamma o‘rtog‘imizga beraverardi, qizg‘anmasdan. Men nima qilay hozir shunga, deganimda velosipedingni berib tur, uyimizga kirib ketamiz, dedi. Qachon qaytarishini so‘raganimda ertaga, deb javob berdi. Ha, bo‘pti, deganman. Ular ketgan, keyin men kirib ketganman.
Soat kechqurun 00:00 dan o‘tgan paytida poyezd qattiq signal chaldi. Faqat yo‘lidan nimadir chiqqanda yoki nimadirni urib yuborganda qattiq signal chalardi. O‘shanda Murtozxon va Shohjahonning gapiga ishonganday bo‘ldim. Kechligi uchun bir o‘zim chiqqani qo‘rqdim, u yerlar xilvat joylar.
Ertasi kuni ishga ketdim. Tushda go‘rkovimiz qo‘ng‘iroq qilib, “Xurshidjon o‘rtog‘ing o‘libdi”, dedi. Keyin janozaga keldim.
Xurshidjonning tog‘asiga bo‘lgan narsalarni aytmoqchi edim, ammo urush bo‘lib ketadi deb qo‘rqdim. Orada 10 kuncha jim yurdim. Xurshidjon 2-3 marta tushimga kirdi. Yashirib yuraverdim. Yana 5-10 kun o‘tib Xurshidjonning tog‘asi Hamdam aka va ayasi Gulsanam xolam yonimga kelishdi. So‘rashdi, undayam aytmasdan yashirdim: 2-3 marta kelishdi, aytmadim. Keyin onam bilan Zuhriddin tog‘amnikiga bordik. Tog‘amga bo‘lgan voqeani aytdim. So‘ngra meni tergovxonaga olib borishdi. U yerda tergovchilarga bo‘lgan voqeaning hammasini gapirib berdim”.
Sud ishni tergovga qaytargan
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, marhum Xurshidjonning onasi Gulsanam Tojiyeva tergovdan norozi. U ayrim aybdorlar “o‘yindan” chiqib ketganini aytmoqda.
Gap shundaki, Xurshidjon Haydarovning o‘ldirilishi va murdasi temiryo‘lga chiqarib qo‘yilishi jarayonida Abdulloh Sodiqov ham ishtirok etgan. Ammo jinoyat ishida u yo‘q. Ayblov xulosasida Abdulloh Sodiqov gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilingani va uning ko‘rsatmalari keltirilgan. U o‘z ko‘rsatmasida voqea joyida bo‘lganini tasdiqlagan.
“Boshidan oxirigacha qatnashgan Abdulloh umuman guvoh bo‘lib qolib, qamoqdan chiqib ketdi. Jinoyatni ochgan Muhammadfayozga Jinoyat kodeksining 241-moddasini qo‘yishdi jinoyatni yashirgansan deb. Lekin o‘g‘limni boshidan oxirigacha ko‘tarishib, og‘zidan ko‘pik va burnidan qon kelganini ko‘rgan Abdulloh vaziyatdan chiqib ketyapti hozir.
Kim qatnashgan bo‘lsa, hammasi jazo olishini xohlayman. Eng og‘ir jazoni berishlarini so‘rayman. Soppa-sog‘ uydan chiqib ketgan o‘g‘limning qaytib sovuq tanasini ham ko‘rmadim. Hatto qabrga qo‘yishganida ham ko‘rmadim. Qayerga murojaat qilishni ham bilmayapman”, demoqda Gulsanam Tojiyeva.
Shuningdek, voqeani eshita turib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan Muhammadfayoz Yoqubov jinoyatni yashirishda ayblanmoqda. Biroq yashash xonadoni tomidan Xurshidjonning velosipedini olib, uni bo‘laklarga bo‘lgan holda soyga oqizib yuborgan Murod Pirmatov jinoyat ishida yo‘q. U o‘z ko‘rsatmasida “velosipedni yaqin qarindoshlariga yoki vakolatli tashkilotlarga olib borib bersam, bizdan shubhalanishadi va gumon qilishadi deb qo‘rqib, bo‘laklarga ajratgan holda soyga oqizib yubordim”, deya tan olgan.
Shu kabi holatlar sababli sud 2026 yil 7 yanvar kuni ajrim chiqarib, jinoyat ishini tergovga qaytargan.
Ayni paytda ayblanuvchilar Shohjahon G‘aniyev hamda Murtozxon Mansurovga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Albatta, qayta tergov harakatlaridan so‘ng ish sudga qaytadi hamda Xurshidjon Haydarovning qotillari, bu ishga aloqadorlarning barchasi o‘z jazosini oladi. Harqalay yolg‘iz o‘g‘lidan ayrilgan bir mushtipar ona shunga ishonib yashamoqda.
Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.
Jamiyat
Samarqandda 1 maydan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshadi
Avtobus, elektrobus va tramvayda yo‘l haqi naqd pul (QR kodli chipta) orqali to‘langanda 4 ming so‘mni tashkil etadi. Transport va bank kartasi orqali to‘lov qilinganda narx o‘zgarmaydi – 2 ming so‘mligicha qoladi.
Foto: Samarqand viloyati transport boshqarmasi
Samarqand shahrida 1 maydan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshiriladi. Bu haqdagi qaror Xalq deputatlari viloyat Kengashining 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida qabul qilindi. Unda jamoat transportida elektron to‘lovlarni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi tariflar tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, 1 maydan avtobus, elektrobus va tramvayda yo‘l haqi naqd pul (QR kodli chipta) orqali to‘langanda 4 ming so‘mni tashkil etadi. Bu amaldagi tarifga nisbatan 1 ming so‘mga oshirilgan. Shu bilan birga, transport va bank kartasi orqali to‘lov qilinganda narx o‘zgarmaydi – 2 ming so‘mligicha qoladi.
Shuningdek, mutasaddilarga jamoat transporti harakatini barcha yo‘nalishlarda soat 22:00 gacha uzaytirish, turistik yo‘nalishlarda esa 24 soat davomida ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Shu bilan birga, Samarqand viloyati transport boshqarmasi ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda jamoat transportida yo‘l haqini naqd pul orqali to‘lash mutlaqo bekor qilinadi. Aholidan naqd pulsiz to‘lov usullariga o‘tish so‘ralgan. Yo‘lovchilar transport va bank kartalari, shuningdek mobil ilovalar orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Yo‘l chiptalarini infokiosklar orqali xarid qilish imkoniyati ham mavjud.
Jamiyat
Mashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
Sudlanuvchilar O‘zbekistonning turli hududlarida 20 dan ortiq MChJ ochib, past foizda mashina olib berishni va’da qilgan holda, yuzlab odamlarni chuv tushirgan. 14 nafar sudlanuvchiga qariyb mingta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilib, jami 88,5 mlrd so‘m zarar hisoblangandi. Ular sudda 130 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topildi.
Oson shartlarda mashina olib berishni va’da qilib, odamlarni chuv tushirgan “Umid avto”chilar jinoiy jazoga tortildi. 14 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Yunusobod tuman sudida sudya Shamsiddin Tojiyev raisligida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.
Sud majlisida qatnashgan Kun.uz jurnalistining xabar berishicha, sudlanuvchilarga 987 ta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilinib, jami 88,5 mlrd so‘m zarar hisoblangan. Sudda ular 130 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topilib, oqlandi. Ayrim jabrlanuvchilar esa da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Shu tariqa sudlanuvchilardan 834 ta epizod bo‘yicha jabrlanuvchilarga 60 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar undirish belgilandi. Bunda har bir sudlanuvchi o‘zi aybli deb topilgan epizodlar bo‘yicha zararni qoplashi nazarda tutilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarga quyidagicha jazo tayinlandi:
Qodirov Dilshod Muhammadjonovich – Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Abdurahmonov Abdumannop Abduhakim o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Abduhakimov Ibroxim Anvar o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Nig‘monjonov Muhammadmuso Ruslan o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish hamda BHMning 410 baravari miqdorida jarima;
Saidov Ixtiyor Baxtiyor o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Raximov Mirqodir Raxmat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Toirjonov Akrom Baxtiyor o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Muhammadjonov Shukurullo Risxivoy o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Tal’atov Sarvar Tohir o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Ismoilov Iskandar G‘ayrat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Toshtemirov Og‘abek Zokir o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Xudoyberdiyeva Umidabonu Raxim qizi – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Nematov Shuxratjon Nusrat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Mahmudov Mirjalol Muqumjon o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish.
Ma’lumot uchun, “Umid avto” rahbari Abdumannop Abdurahmonov 2025 yil yanvar oyi boshida qamoqqa olingandi. 2025 yil iyun oyi oxiriga kelib esa mashina olib berish bahonasida 840 dan ortiq odamni chuv tushirgan guruh ushlangandi.
Abdumannop Abdurahmonov va boshqalar past foizda avtomashina sotib olish niyatidagi fuqarolarga istalgan turdagi avtomashinani yetkazishi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot olib borgan. Ular Toshkent shahri va respublikaning turli nuqtalarida “Umid avto companies”, “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto” kabi 20 dan ortiq MChJ tashkil etib, fuqarolarning mablag‘larni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgani aytilgandi.
Abdumannop Abdurahmonov Kun.uz’ga bergan izohida mashinalar o‘z vaqtida topshirilmaganini 2022-2023 yillarda bir necha o‘nlab lizing kompaniyalar yoppasiga yopilib ketgani bilan izohlagandi.
Jamiyat
Centrum Air yangi yo‘nalish ochilishi munosabati bilan Antaliyaga maxsus reysni amalga oshirdi
Centrum Air aviakompaniyasi yangi Toshkent – Antaliya yo‘nalishi ochilishiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadbirni o‘tkazish uchun Antaliyaga maxsus reys tashkil etdi. Mazkur reys bilan Turkiyaga taklif etilgan mehmonlar, jumladan, turizm sohasi vakillari, hamkorlar, blogerlar va OAV xodimlari yetkazildi.
27-aprel kuni Gloria Verde Resort mehmonxonasida bo‘lib o‘tadigan gala-kecha mavsumning asosiy turistik voqealaridan biriga aylanadi. Marosimda 200 dan ziyod mehmonlar, jumladan, Centrum Holidays’ning yetakchi turistik agentlari ishtirok etadi.
Toshkent – Antaliya yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni 2026-yil 15-maydan boshlab yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda parvozlar haftasiga 2-marta, 29-maydan esa har kuni amalga oshiriladi.
Parvozlar 347 nafargacha yo‘lovchini tashiy oladigan, yuqori darajadagi qulaylikka ega hamda uzoq masofali parvozlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Barcha turlar Centrum Holidays’dan parvoz va yashash xarajatlarini o‘z ichiga olgan tayyor turpaketlar shaklida taqdim etiladi. Yo‘lovchilar kompaniyaning onlayn platformasi orqali mos mehmonxona va dam olish formatini tanlashlari mumkin.
Turpaketning minimal narxi bir kishi uchun 11,4 mln so‘mdan boshlanadi.
Dastur doirasida parvoz uchun jozibador shartlar ko‘zda tutilgan:
bagaj me’yori – 60 kg gacha (weight concept): umumiy vaznga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdordagi yuk o‘rinlari;
qo‘l yuki – 8 kg gacha;
2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun parvoz bepul (alohida o‘rindiqsiz);
2 yoshdan 11 yoshgacha (shu jumladan) bo‘lgan bolalar uchun tarifdan 1,2 mln so‘m chegirma beriladi.
Takliflar, mehmonxonalar va parvoz sanalari haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni Centrum Holidays platformasidan olishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun kontaktlar:
Telefonlar: +998772820880, +998772810880, +998702000880
Sayt | Instagram | Telegram
Jamiyat
«Karkidon» suv ombori hududida 635 mlrd so‘mlik majmua barpo etilmoqda: tafsilotlar
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Quva tumanida agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo‘jaligi majmuasi bilan tanishdi.
Yurtimizda qishloq va suv xo‘jaligida energiya sarfi ortib borayotgani hisobga olinib, «yashil» energiya quvvatlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agrovoltaika usuli bir yerning o‘zida ham mahsulot yetishtirish, ham quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda agrovoltaika yo‘nalishida 10 gigavattgacha quvvat yaratish salohiyati mavjud.
Bu yondashuv O‘zbekiston sharoitida, ayniqsa, quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgan hududlar uchun samaralidir. Panellar ekinlarga soya berib, tuproq namligini uzoqroq saqlaydi, suv sarfini kamaytiradi. Ekinlar esa yer haroratini me’yorda ushlab, quyosh modullarining samarali ishlashiga yordam beradi.
Majmuada suv tejamkorligiga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar ham joriy etilgan. Xususan, Avstriyaning «Bauer» kompaniyasi texnologiyasi asosida yomg‘irlatib sug‘orish tizimi qo‘llanilmoqda. Bu usul suvni ekin maydoniga bir me’yorda yetkazib, tuproq namligini saqlash, o‘g‘itni maqsadli berish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Mazkur texnologiya avval respublikadagi fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazilib, suv sarfini 40 foizga, o‘g‘it sarfini 35 foizga, qo‘l mehnatini 90 foizga kamaytirish va hosildorlikni 25 foizga oshirish samarasini ko‘rsatgan.
110 gektar maydonni egallagan majmuada intensiv bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlari uyg‘unlashtirilgan. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan mamlakatimizdagi ilk agromajmualardan biri hisoblanadi.
Hududda 10 mingta quyosh paneli o‘rnatilgan. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga tuproq namligini saqlash va ekinlar uchun soya hosil qilishga xizmat qiladi. Baliqchilik hovuzlarida kislorod berish jarayoni elektr energiyasi hisobiga amalga oshiriladi, hovuz suvi esa mineral moddalarga boy holda uzumzor va bog‘larni oziqlantirishga yo‘naltiriladi.
Chorvachilik yo‘nalishida qoramollar quyosh panellari soyasida saqlanadi, bog‘ hududidagi o‘tlar bilan oziqlanadi, organik o‘g‘it esa yer unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu tariqa majmuada energiya, suv, ozuqa va o‘g‘it bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga birlashtirilgan.
Bunday tizim qishloq xo‘jaligi, energetika va chorvachilikni o‘zaro bog‘lab, yerdan ikki karra samara olish, mahsulot tannarxini pasaytirish va bozorda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, bu fermerlar daromadini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hozirda agromajmuada uzumning eksportbop «Avatar» navi yetishtirilib, zotdor qoramol va qo‘ylar parvarishlanmoqda, intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 100 dan ortiq oilaning daromadi oshirilib, 350 nafar aholi bandligi ta’minlanmoqda. Eksport hajmi 2,5 million dollarni tashkil etadi.
Endilikda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa uchun noyob bo‘lgan ushbu tajribani respublikaning 13 ta hududida 2 ming gektar maydonda ommalashtirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari majmua faoliyati bilan tanishar ekan, agrodronlar yordamida ekinlarni dorilash va monitoring qilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi «Karkidon» suv ombori hududida barpo etilgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Bu maskan Farg‘ona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, bu yerda qiymati 635 milliard so‘mlik zamonaviy turizm majmuasi shakllantirilmoqda. Hududda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
508 gektar maydonni egallagan majmua agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlarini birlashtirgan. Bu yerda 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gullar bog‘i, lavandazor, ekobozor, sokin hududlar va restoranlar tashkil etilgan.
Prezidentimiz hududda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bunday loyihalar aholi farovonligi, hudud iqtisodiyoti va mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Loyiha doirasida yuzdan ortiq tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish, 3 milliard so‘mlik budjet tushumi hamda 5 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Majmua 2027 yildan to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.
Kelgusida bu yerda motokross maydonlari, 2 kilometrli dor yo‘li, karting va golf maydonlari tashkil etiladi. Bu imkoniyatlar «Karkidon» majmuasini faol turizm yo‘nalishidagi flagman maskanlardan biriga aylantiradi.
Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, eng muhimi, aholi manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmualari faoliyati bilan ham tanishdi. Shu yerning o‘zida sayyohlik sohasida istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.
Jumladan, Taxtako‘pir tumanida Qoratereng ko‘li, Xonobod tumanida sun’iy ko‘l, Xatirchi tumanida «Ko‘ksaroy suv ombori, Pop tumanida Arashan ko‘li, Nurobod tumanida «Sobirsoy» va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Kattaqo‘rg‘on» suv omborlari atrofida ham yirik turizm majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.
Bu kabi loyihalar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Londonda sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkaziladi
London shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasi binosida buyuk davlat arbobi, zabardast sarkarda va ma’rifatparvar, qudratli davlat asoschisi, jahon tarixidagi eng ulug‘ shaxslardan biri — Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan xalqaro madaniy-ilmiy tadbir o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, ushbu muhim sana dunyo bo‘ylab xalqaro darajada keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan aprel oyi Amir Temur oyi etib e’lon qilingan.
2026 yil 8–12-aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixidagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Yubiley dasturining davomi sifatida 22-aprel kuni Madrid shahrida olimlar, ekspertlar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida xalqaro ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Londonda bo‘lib o‘tadigan ushbu tadbir keng ko‘lamli yubiley tantanalarining davomi bo‘lib, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘p asrlik intellektual va madaniy muloqotning uzviy davomiyligini ifoda etadi.
Tadbir doirasida yetakchi milliy va xalqaro olimlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar hamda hamkor tuzilmalar vakillari ishtirokida ma’ruzalar va muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, YeXHT va Buyuk Britaniyaning tegishli huquq-tartibot organlari vakillari ishtirokida madaniy merosni muhofaza qilish, tarixiy artefaktlarni noqonuniy aylanishini oldini olish, xalqaro huquqiy hamkorlikni mustahkamlash hamda jahon madaniy merosini saqlash masalalari muhokama etiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov bu haqda to‘xtalib shunday dedi:
«Yaqinlashib kelayotgan tadbirning eng muhim qismi — noqonuniy ravishda olib chiqilgan madaniy artefaktlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘ladi. Bu holat xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston Prezidentining madaniy merosni qaytarish borasidagi siyosatini qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin ifodasidir. Shuningdek, bu madaniy-tarixiy merosni himoya qilish, restitutsiya va insoniyat xotirasini asrash bo‘yicha xalqaro hamkorlik mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Biz shuningdek, Sotheby’s va Christie’s kabi auksionlarda ishtirok etish hamda O‘zbekiston madaniy merosiga oid qator noyob predmetlarni xarid qilish maqsadida bir qator art galereyalarga tashrif buyurishni ham rejalashtirmoqdamiz».
Tadbir doirasida WOSCU tomonidan chop etilgan yangi fundamental ilmiy nashr — «Dunyo kolleksiyalaridagi O‘zbekiston madaniy merosi turkumiga kiruvchi “Markaziy Osiyo qo‘lyozma merosi Kembrij universiteti kutubxonalarida» nomli asar taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi. Ushbu ilmiy loyiha doktor Firuza Melvill va O‘zbekistonlik mutaxassislar hamkorligida uch yil davomida tayyorlangan.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bugun Amir Temur nomi yana alohida ahamiyat bilan tilga olinmoqda — u davlat boshqaruvidagi donoligi, strategik tafakkur va madaniy yaratuvchanlik timsoli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Londonda bo‘lib o‘tayotgan ushbu forum esa Temuriylar merosining zamonaviy dunyoda ham xalqlar, davlatlar va ilmiy jamoalarni birlashtirishda muhim o‘rin tutayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
-
Dunyodan5 days ago
267 nafar farzandni tarbiyalagan “Super dada” (foto)
-
Siyosat5 days ago
Prezident eksport qilishda tadbirkorlarga yordam bermayotgan hokimlarni ogohlantirdi
-
Jamiyat3 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan4 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Jamiyat4 days agoToshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev: dunyo oldingidek «sokin» bo‘lmaydi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekiston turizm salohiyati Destination Karakalpakstan 2026 maydonida namoyish etildi
