Connect with us

Iqtisodiyot

Samarasiz ishlayotgan davlat korxonalari soni e’lon qilindi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalarning soni esa 1 ming 685 tani tashkil etmoqda. Xususan, o‘tgan yili qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion so‘mdan ortiq tushum ta’minlandi. Yer uchastkalarini sotish hajmi ham izchil oshib, 6 trillion so‘mlik natijaga erishildi.

Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trillion so‘m, mahallalarda esa 7 milliard so‘m mablag‘ qoldi. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trillion so‘m dividend to‘ladi. Umuman, so‘nggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60 foizga kamaydi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eng avvalo, xususiylashtirish jarayonlarida ish o‘rinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va ishlab chiqarish samaradorligi oshirilishi bo‘yicha talablarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. O‘tgan yili samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarining soni 362 taga yetgani bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishni talab qiladi.

Taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida zamonaviy raqamli vositalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi. Moliyaviy holati og‘irlashgan 451 ta korxona 2024 yilda 14 trillion so‘m, o‘tgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion so‘m zarar ko‘rgani aytildi. Shu munosabat bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorligini baholash va muammolarni barvaqt aniqlashning yangi mexanizmini joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Xususiylashtirishda tahliliy yondashuv yetarlicha qo‘llanilmayotgani qayd etildi. Bundan buyon mazkur jarayon tarmoq yondashuvi asosida tashkil etilib, har bir soha alohida tahlil qilinishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari baholanishi, raqobat muhiti o‘rganilishi hamda takliflar shu asosda ishlab chiqilishi belgilandi.

Hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat ko‘chmas mulki ob’yektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkazish, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi. Bu orqali 4,9 million kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, bo‘sh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.

Yig‘ilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga to‘liq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2022-2025 yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlandi.

Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun “E-auksion”, “Yerelektron”, O‘zbekkosmos agentligi, “Shaffof qurilish” va “UzKAD” kabi axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endilikda tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.

Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, “UzAuto Motors” va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sun’iy intellekt elementlari joriy qilinadi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 8,1 mlrd dollarga kamaydi

Published

on


Ketma-ket 7 oylik o‘sishdan keyin O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 8,09 mlrd dollarga qisqarib, 2026 yil 1 aprel holatiga 68,99 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunga asosiy sabab – mart oyi davomida oltin narxining arzonlashishi. Agar 2 mart kuni qimmatbaho metalning bir troya unsiyasi 5419 dollargacha ko‘tarilgan bo‘lsa, 1 aprelda o‘rtacha narxlar 4785 dollar bo‘ldi. 

Foto: Akio Kon / Bloomberg

2026 yil 1 aprel holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 68,99 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati mart oyida 8,09 mlrd dollarga qisqardi. Bu haqda Markaziy bank taqdim qilgan hisobotda keltirib o‘tilgan.

O‘tgan oy davomida zaxiralarning valuta qismi 1,26 mlrd dollarga, oltin qismining qiymati 6,82 mlrd dollarga kamaydi. O‘z navbatida zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi 13,1 mln troya unsiyadan 13,4 mln troya unsiyaga oshgan.

Regulyator investitsiya kiritgan qimmatli qog‘ozlar portfeli esa deyarli o‘zgarishsiz qolib, 1,5 mlrd dollar atrofida saqlanib qoldi.

Umuman olganda, ketma-ket 7 oydan beri O‘zbekistonning zaxira aktivlarida o‘sish kuzatilayotgandi. Bu xalqaro bozorda oltin narxlarining qimmatlashishi fonida yuz berdi. Yaqin Sharqda geosiyosiy vaziyatning nihoyatda keskinlashishi, jahon savdosidagi noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimining mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygani sabab 2026 yilda qimmatbaho metall bahosi 5000 dollardan oshib ketgandi.

Biroq, mart oyida qimmatbaho metall narxi pasaya boshladi: agar 2 mart kuni oltinning bir troya unsiyasi 5419 dollargacha ko‘tarilgan bo‘lsa, 1 aprelda o‘rtacha narxlar 4785 dollarni tashkil etdi. 



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Xizmatlar hajmining katta qismi Toshkent hissasiga to‘g‘ri kelmoqda

Published

on


2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 168,2 trln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, xizmatlar bozorida yetakchi ulush poytaxtga to‘g‘ri kelmoqda.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand viloyatida qayd etilgan bo‘lib, 12,5 trln so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 11,2 trln so‘m va Toshkent viloyatida 10,9 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.

Qolgan hududlarda xizmatlar hajmi nisbatan pastroq bo‘lib, masalan, Sirdaryo viloyatida 2,2 trln so‘m, Jizzax viloyatida 3,7 trln so‘m va Navoiy viloyatida 4 trln so‘mlik xizmatlar amalga oshirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar hajmi 5,6 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 6,6 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida bir xil — 8,2 trln so‘mlik xizmatlar qayd etilgan. Namangan viloyatida 8,7 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.

Surxondaryo viloyatida 5,5 trln so‘m, Xorazm viloyatida esa 5,8 trln so‘mlik xizmatlar amalga oshirilgani hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy faollik farqini ko‘rsatadi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Ho‘rmuz sabab RF daromadlari keskin oshishi mumkin

Published

on


Moskva Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi ortidan hanuz ulkan qo‘shimcha daromad olishda davom etmoqda. Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning neft, gaz va o‘g‘itlar eksportidan tushayotgan daromadi allaqachon oyiga 10 mlrd yevrodan oshib ketgan.

Moskvada joylashgan lobbistik tashkilot — “Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi” (AHK Russland) hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozining davom etayotgan blokadasi tufayli xomashyo eksportidan milliardlab yevrolik qo‘shimcha daromad olmoqda.

“Rossiya Yaqin Sharqdagi yangi urushning asosiy g‘olibi bo‘ldi”, — dedi AHK Russland boshqaruv raisi Mattias Shepp 7 aprel, seshanba kuni dpa agentligiga bergan intervyusida.

Moskva jahon bozorida xomashyo narxlarining ko‘tarilishidan foyda ko‘rmoqda, chunki u eksport uchun boshqa yo‘nalishlardan foydalanmoqda. Sheppning ta’kidlashicha, bularning barchasi “Rossiyaga tarixiy miqyosdagi kutilmagan pul yomg‘irini” olib kelishi mumkin. Palata ma’lumotiga ko‘ra, RFning neft, gaz va o‘g‘itlar eksportidan olayotgan foydasi allaqachon oyiga 10 mlrd yevrodan oshgan. Bir necha kun oldin palata saytida bu mavzuda batafsil tahliliy material ham e’lon qilingan.

AHK Russland rahbarining so‘zlariga ko‘ra, neft narxi bir barrel uchun 100 dollar atrofida saqlanib qolsa, Rossiya yiliga 71,8 mlrd dollarga (62,1 mlrd yevro) teng qo‘shimcha o‘sishga umid qilishi mumkin. Iyun oyida yetkazib berish uchun Brent xom nefti narxi hozir bir barrel uchun 111 dollardan oshib ketgan, bu esa AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan oldingi narxdan qariyb 40 dollarga yuqori. Ayni paytda Rossiya budjetiga bor-yo‘g‘i bir barrel uchun 59 dollarlik narx kiritilgan va olinadigan bu qo‘shimcha foyda, ehtimol, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi moliyalashtirilishiga yo‘naltiriladi. 2026 yil fevral oyidayoq RF davlat budjeti rejalashtirilganidan past neft narxi sabab taqchillikni ko‘rsatgan edi.

Dpa qayd etishicha, “Moskvada ayrimlar” neftning bir barreli 200 dollar bo‘lishidan ham umid qilmoqda — bu holda, AHK Russland ma’lumotiga ko‘ra, foyda miqdori 350,4 mlrd AQSh dollariga yetadi, bu esa RF budjeti rejasidagidan 247 mlrd dollarga ko‘pdir. Palata shuningdek, narxlar o‘sishi Germaniya uchun nimani anglatishini ham hisoblab chiqqan.

“Gaz bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlar bilan birga Germaniya sanoati narx shoki xavfiga duch keladi, bu esa 2026 yilda kutilgan iqtisodiy tiklanishni yo‘qqa chiqaradi”, — deya prognoz qildi palata eksperti Tomas Bayyer. Uning aniqlashtirishicha, bunday ssenariyda Rossiya o‘g‘itlar sotuvidan ham qo‘shimcha 8,9 mlrd yevro daromad olishi mumkin.

AQSh Moliya vazirligi avval e’lon qilgan tahlil Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi bahosidan to‘liq farq qiladi. AQSh moliya vaziri Skott Bessent 22 mart kuni NBC News telekanaliga bergan intervyusida, 28 fevralda boshlangan Erondagi urush fonida Rossiyaning neft savdosidan oladigan maksimal qo‘shimcha daromadi bor-yo‘g‘i 2 mlrd dollargacha bo‘lishini aytgan edi. AHK Russland ma’lumotiga ko‘ra, faqat o‘tgan oyning o‘zidayoq bu summa Vashington prognoziga nisbatan besh baravarga oshib ketgan.

AQSh 11 aprelgacha 12 martga qadar kemalarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlari savdosini sanksiyalardan chiqarib qo‘ydi. Bessent so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Tramp bu qarorni “jahon energetika bozorlarida barqarorlikni ta’minlash va Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar sabab narxlarni past saqlab qolish” uchun qabul qilgan. Shu bilan birga, 11 mart kuni “Katta yettilik” mamlakatlari Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni bekor qilmaslikka kelishib olganini ma’lum qilgan edi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Erondagi sulh xabarlari ortidan neft narxi keskin tushdi

Published

on


Brent markali neft fyucherslari qariyb 13 foiz arzonlashib, bir barrel uchun 95 dollargacha tushdi. Bu Tramp va Eron tomonidan ikki haftalik sulh haqidagi xabarlarga yaqqol reaksiya bo‘ldi.

Foto: Brian Snyder/REUTERS

Jahon bozorlari Eronda ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabarlarga neft va uni qayta ishlash mahsulotlari narxining pasayishi bilan javob qaytardi. 8 aprel, chorshanba tongiga kelib, Brent markali neft fyucherslari narxi bir barrel uchun 95 dollar atrofida tebrandi. Holbuki, bir kun avval u taxminan 110 dollardan sotilayotgan edi. Buni kotirovkalarni kuzatib boruvchi servislar ma’lumotlari ko‘rsatmoqda.

Trading Economics platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, xom neft jahon bozorlarida bir sutka ichida 14 foiz arzonlab, bir barrel uchun 96 dollardan sotilgan. AQShda pech yonilg‘isi sifatida keng qo‘llanadigan mazut narxi bir sutkada 17 foizga tushdi, benzin esa qariyb 10 foiz arzonladi.

Neft sektoridagi narxlar pasayishi — AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida ikki haftalik sulh o‘rnatilgani hamda Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishi yaqin orada bekor qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlarga bozorlarning yaqqol reaksiyasidir. Bu bo‘g‘oz Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan boshqa hududlarga neft yetkazib berishda eng muhim yo‘laklardan biri hisoblanadi.

7 aprel kechqurun, AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Eronga qo‘ygan va “butun bir sivilizatsiyaning halokati” bilan tahdid qilgan ultimatum muddati tugashiga bir necha soat qolganida, Oq uy rahbari Tehron javoban Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalarga hujumlarni to‘xtatsa, Islom Respublikasiga qarshi hujumlarni to‘xtatish niyatida ekanini ma’lum qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, buni AQSh va Eron o‘rtasida vositachi bo‘lib turgan Pokiston so‘ragan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi mamlakatga qarshi hujumlar bo‘lmagan taqdirda, qurolli kuchlar “mudofaa operatsiyalari”ni to‘xtatishini tasdiqladi.

“Ikki hafta davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishi Eron Qurolli kuchlari bilan muvofiqlashtirilgan holda va texnik cheklovlar inobatga olingan tarzda ta’minlanadi”, — dedi Arag‘chi.

Isroil ham sulhni qo‘llab-quvvatlaganini mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu ofisi ma’lum qildi.

AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eron hududiga havo zarbalari bermoqda. Bu hujumlar oqibatida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va qator yuqori lavozimli amaldorlar hamda kuchishlatar tizim vakillari halok bo‘lgan. Xominaiy o‘rniga uning 56 yoshli o‘g‘li Mujtaba kelgan, ammo u janglar boshlanganidan beri na jamoatchilik oldida, na videomurojaat orqali ko‘rinish bergan.

Eron esa bu hujumlarga javoban Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi Amerika bazalariga raketa va dronlar bilan zarba bermoqda. Bundan tashqari, Eron Fors ko‘rfazidagi bir qator davlatlardagi neft omborlari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali qatnayotgan neft tankerlariga ham hujum qilmoqda. Bo‘g‘oz blokadasi Tramp uchun jiddiy sinovga aylandi: u Eronga ham tahdid qilishga, ham o‘zi yuzaga keltirgan muammoni hal qilishga NATO davlatlarini jalb etishga urindi, ammo bu borada muvaffaqiyat qozona olmadi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Rossiya xalqaro zaxiralarida katta yo‘qotish qayd etildi

Published

on


Rossiya Markaziy banki mamlakatning monetar oltini – davlat balansidagi oltin quymalari va tangalari hajmini keskin qisqartirdi. Bu haqda mamlakat xalqaro zaxiralari bo‘yicha oylik hisobotda so‘z boradi.

Foto: Mixail Grebenshchikov / RBK

2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, Rossiyaning xalqaro zaxiralari qariyb 749 mlrd dollarni tashkil etdi va bir oy ichida dollar ekvivalentida 60,3 mlrd dollarga kamaydi. Bu haqda Rossiya Bankining oylik hisobotida aytilgan bo‘lib, 7 aprel, seshanba kuni Rossiyaning RBK va “Kommersant” kabi ishbilarmonlik nashrlari ham bu ma’lumotga e’tibor qaratdi.

Rossiyaning xalqaro zaxiralariga Rossiya Banki va RF hukumatining moliyaviy aktivlari kiradi. Ular tarkibiga xorijiy valuta va Rossiya tasarrufidagi boshqa aktivlar, monetar oltin, Xalqaro valuta jamg‘armasidagi Rossiyaning zaxira pozitsiyasi hamda maxsus qarz olish huquqlari — XVJ hisoblaridagi yozuvlar kiradi.

Rossiya Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, mart boshida RFning xalqaro zaxiralari 809 mlrd 308 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, aprel boshida bu ko‘rsatkich 748 mlrd 984 mln dollarga tushgan. 2026 yil fevral oyida esa zaxiralar yanada yuqori bo‘lib, dollar ekvivalentida 833 mlrd 572 mln dollarga yetgan. Bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan. Shu bilan birga, Rossiya aktivlarining bir qismi RFning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini sabab G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan holatda qolmoqda.

Markaziy bank hisobotlaridan ko‘rinishicha, mart oyida Rossiyada eng katta qisqarish monetar oltin — davlat balansidagi oltin quymalari va tangalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu holat OAVda Rossiya Markaziy banki 2026 yil yanvaridan oltin sotishni boshlagani haqida chiqqan xabarlarga mos keladi. Ayni paytda, fuqarolar uchun Rossiyadan oltin olib chiqish cheklangan edi.

O‘shanda, “Vedomosti” yozishicha, Rossiya Markaziy banki oltinni “narxlar rallisi” sharoitida sotgan: regulyator jahon bozorlarida qimmatbaho metall narxi rekord darajada yuqori bo‘lgan paytdan foydalangan. Mutaxassislar odatda oltin narxining o‘sishini geosiyosiy taranglik bilan izohlaydi — bunday sharoitda oltin xavfsiz va ishonchli investitsiya sifatida qabul qilinadi.

2025 yil oxirida tahlilchilar oltin narxining o‘sishini AQSh prezidenti Donald Tramp siyosatiga oid bozor xavotirlari bilan bevosita bog‘lagan edi. O‘sha davrda Amerika rahbari Grenlandiya masalasida Yevropa tomon keskin bayonotlar berib, Tramp uni “qanday bo‘lmasin qo‘lga kiritish”ni istagan edi. Keyin esa u Venesuela rahbari Nikolas Maduroni o‘g‘irlab ketishni ma’qullagan.

Oltin narxining so‘nggi keskin sakrashi fevral oxirida kuzatilgan bo‘lib, bu bozorning AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi borasidagi xavotirlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq mart boshida qimmatbaho metall narxi pasaya boshladi: agar 1 mart kuni oltinning bir troya unsiyasi 5356 dollardan kotirovka qilingan bo‘lsa, 1 martda u 4721 dollar turgan.

Rossiya Davlat dumasi 2025 yil noyabrida qabul qilgan va 2028 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan mamlakat budjeti loyihasi xarajatlar daromadlardan oshishini nazarda tutadi. Loyihada inflatsiya darajasi 4 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilingan.

Shu bilan birga, 2026–2028 yillarda Rossiya budjeti uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlar harbiy va huquqni muhofaza qilish sohasidagi xarajatlar bo‘lib qolmoqda — 16,84 trln rubl yoki mamlakat umumiy budjeti hajmining taxminan 38–40 foizi. Shu davrda jami ijtimoiy xarajatlar 10,8 trln rublni, ya’ni budjetning 24,5 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Ekspertlar Rossiya hokimiyatining bunday kutilmalariga shubha bilan qaramoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.