Sport
Saka het-trik qildi, Mbappe Messini quvib o‘tdi
JCh uchinchi o‘rini uchun o‘yinda 10 ta gol urildi.
Bronza uchun o‘yin haqiqiy shouga aylandi
Fransiya – Angliya 4:6
Gollar: Rays, 3 (0:1). Konsa, 18 (0:2). Saka, 37 (0:3). Saka, 45+1 (0:4). Mbappe, 48 (1:4). Barkolya, 54 (2:4). Mbappe, 66 (3:4). Saka, 87 – penalti (3:5). Dembele, 90+6 (4:5). Bellinghem, 90+8 (4:6)
Fransiya: Menyan, Konate (Din, 46), Lakrua, Ernandez (Upamekano, 46), Gyusto (Kunde, 90), Rabio, Zair-Emeri, Sherki (Dembele, 46), Due (Barkolya, 46), Olise, Mbappe
Angliya: Henderson, Konsa, Geyi (Chaloba, 90), Kuansa (Jyeyms, 83), Spens, Rays, Rodjyers, Eze (Anderson, 79), Saka, Reshford (Uotkins, 46), Toni (Bellinghem, 79)
«Angliya o‘ynashni xohlamaydi, biz ham. Ammo o‘tkazish kerak bo‘lgan butun bir o‘yin bor», – degandi yarimfinaldagi mag‘lubiyatdan keyin Fransiya milliy jamoasi ustozi Dide Desham.
«Bizning futbolchilarimizdan hech biri, shuningdek, fransuzlardan hech biri bu o‘yinda o‘ynashni xohlamaydi. Hamma jahon chempionatida g‘alaba qozonish uchun o‘ynaydi, ammo vaziyat shunday bo‘lib qoldi», – deya Deshamning fikrini takrorlagandi Tomas Tuxel Argentina bilan o‘yindan keyin.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda jahon chempionatlarida uchinchi o‘rin uchun o‘yinlarni bekor qilish lozimligi haqida chaqiriqlar yangradi.
Ikki murabbiy ham o‘yinga o‘rtoqlik uchrashuvidek yondashishdi va maydonga deyarli ikkinchi tarkiblarini tushirishdi. Bu esa futbol muxlislari uchun ayni muddao bo‘ldi – jiddiy mas’uliyat yo‘q bo‘lgan o‘yinda jamoalar tom ma’noda yechilib ketishdi va muxlislar uchun haqiqiy shou uyushtirib berishdi.
O‘yinning uchinchi daqiqasidayoq Due o‘z darvozasiga yaqin hududda xato qildi, to‘pni undan olib qo‘ygan «Arsenal» yarimhimoyachisi Deklan Rays jarima maydoniga kirib bordi va hisobni ochdi.
18-daqiqada esa Rays burchakdan oshirgan to‘pni «Aston Villa» himoyachisi Ezri Konsa darvozaga to‘g‘rilab yubordi va hisobdagi farqni oshirdi.
Kuling brekdan keyin karnaval davom etdi. «Arsenal»ning boshqa bir futbolchisi Bukayo Saka katta sahnaga chiqdi va bo‘lim oxirigacha dublni rasmiylashtirib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi – 4:0.
Fransuzlar ikkinchi bo‘limga kelib uyg‘onishdi. Mbappe bo‘lim boshida dastlabki javob golini urdi, keyin esa Barkolyaning goliga assistentlik qildi.
Shundan keyin ham fransuzlar ketma-ket hujumlar uyushtirishdi va faqat Hendersonning seyvlari hisobdagi farqni saqlab turdi. Ammo Kilian o‘z maqsadiga erishib, o‘yindagi ikkinchi golini ham urdi. Bu uning joriy chempionatdagi 10-, barcha jahon chempionatlaridagi 22-goli bo‘ldi va ikki holatda ham u Lionel Messini ortda qoldirdi (argentinalik hujumchida hozirgi turnirda 8, jami 21 gol bor).
O‘yin oxirida fransuzlar hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo Olisening jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Javob hujumida esa inglizlar penalti ishladi: Gyusto Spensini yiqitdi, belgilangan jarima zarbasini Saka aniq ijro etib, hisobdagi farqni yana oshirdi – 5:3.
Bu hali hammasi emasdi, qo‘shimcha daqiqalarda Dembele yana hisobni qisqartirdi, Bellinghem esa inglizlarning oltinchi golini urdi – 6:4.
Bu ikki jamoa ham himoyani unutib, faqat hujum haqida o‘ylagan fantastik bahs bo‘ldi. O‘yindan keyin jamoasi 6 ta gol o‘tkazgan Desham (bu uning milliy jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yini edi) hech narsadan ranjigan ko‘rinmasdi va Tuxelga kulimsirab qo‘l tashladi. Germaniyalik mutaxassis esa muxlislar oldidagi aybini yuvdi – Angliya jahon chempionatlarida so‘nggi 60 yillikdagi ilk medalini qo‘lga kiritdi.
Sport
Ispaniya va Argentina yil to‘qnashuviga qanday tayyorlanmoqda
Ko‘cha ekranlari, barlardagi chegirmalar va kuchaytirilgan xavfsizlik choralari – Ispaniya va Argentina shaharlari jahon chempionati finaliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ikki davlat milliy jamoalari o‘rtasidagi bahs Nyu-Yorkda 20 iyul kuni soat 00:00da boshlanadi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Ispan OAVning yozishicha, butun Madrid ulkan fan-zonaga aylanib bo‘ldi. Shahar hokimiyati odamlar oqimini turli hududlarga oldindan taqsimlashga urinmoqda va ekranlarni bir-biridan uzoq masofalarga o‘rnatmoqda. Politsiya xavfsizlikni ta’minlash uchun maxsus harakatlar rejasini ishlab chiqmoqda. Mamlakatning boshqa shaharlarida ham finalga shu tarzda tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Barselonada bahs katta maydonlarda translatsiya qilinadi. Shuningdek, «Barselona» klubi stadioni bo‘lmish Camp Nou yaqinida ham ulkan ekran o‘rnatiladi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches finalni tomosha qilish uchun Nyu-Yorkka uchishi ma’lum qilingan.
Argentina prezidenti Xaviyer Miley «irim» qilib AQShga bormasligini aytdi. U final bahsini boshqa barcha o‘yinlarni qayerda tomosha qilgan bo‘lsa, o‘sha yerda ko‘rishini bildirdi. Shuningdek, Miley bir oydan oshiq vaqtdan buyon irim qilib bitta kurtkada yurganini aytdi. Aytishlaricha, final kuni ko‘plab kompaniyalar, do‘konlar va muassasalar vaqtincha ishlamaydi.
19 iyul kuni soat 02:00 da inglizlar va fransuzlar uchinchi o‘rin uchun kurashishadi. AQShning barcha federal xizmatlari xodimlari Mayamidagi match xavfsizligini ta’minlashadi. Ayni paytda FQB, immigratsiya xizmati, maxfiy xizmatlarning barcha kuchlari ushbu tadbirga jalb etilgan.
Finaldan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda bundan 19 yil ilgari olingan, Lionel Messi Ispaniya milliy jamoasining hozirgi a’zosi Lamin Yamalni cho‘miltirayotgani aks etgan fotosurat tarqaldi. Ular ertaga ilk bor maydonda bir-birlari bilan to‘qnash kelishadi.
Sport
Marokashda dunyodagi eng yirik futbol stadioni qurilmoqda
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Marokashning Kasablanka shahri yaqinida barpo etilayotgan 115 ming o‘rinli Grand Stade Hassan II stadioni qurilishi aks etdi. Yangi arena 2030 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik dasturining asosiy loyihalaridan biri hisoblanadi.
Marokash dunyodagi eng katta futbol stadioni bo‘lishi kutilayotgan Grand Stade Hassan II arenasini qurmoqda. Loyiha mamlakatning 2030 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish, turnir finalini qabul qilish huquqi uchun kurashish va Afrikaning yetakchi sayyohlik hamda iqtisodiy markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi stadion Kasablanka yaqinida qurilmoqda. U aeroportlar, mehmonxonalar, transport tarmoqlari va shahar infratuzilmasini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishni nazarda tutuvchi yirik dasturning markaziy obektlaridan biri bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, stadion 115 ming nafar tomoshabinni sig‘dira oladi. Qurilish yakunlangach, u sig‘imi bo‘yicha dunyodagi eng yirik futbol stadioniga aylanishi kutilmoqda.
Grand Stade Hassan II Marokashning 2030 yilgi jahon chempionati final uchrashuvini o‘tkazish huquqi uchun kurashidagi asosiy ustunliklaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Final qayerda o‘tkazilishi bo‘yicha FIFA hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan. Biroq stadion loyihasi dastlabdan Marokashni turnirning eng muhim uchrashuvini qabul qilishga asosiy da’vogarlardan biriga aylantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Arena konsepsiyasi xalqaro Populous arxitektura kompaniyasi hamda Oualalou + Choi studiyasi ishtirokida tayyorlangan. Loyiha an’anaviy marokashliklar madaniyati va mahalliy me’morchilik unsurlaridan ilhomlangan bo‘lib, stadion tashqi ko‘rinishi katta chodirni eslatishi rejalashtirilgan.
Marokash rasmiylari ushbu inshoot orqali mamlakatning yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va shaharlarni modernizatsiya etish imkoniyatlarini namoyish qilishni maqsad qilgan.
Shu bois Grand Stade Hassan II faqat sport inshooti emas, balki Marokashning xalqaro nufuzini oshirish, turizmni rivojlantirish va Afrikadagi iqtisodiy mavqeini mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik loyiha sifatida baholanmoqda.
Sport
FIFA prezidenti Infantinoga 200 dan ortiq mamlakat ishonch bildirmoqda
Jahon chempionatidagi mojaroga qaramay, 200 dan ortiq mamlakat FIFA prezidenti Infantinoning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlanmoqda.
Foto: Theo Wargo/Getty Images
200 dan ortiq milliy futbol assotsiatsiyasi Janni Infantinoning Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti lavozimiga qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda The Guardian gazetasi xabar berdi.
Infantino ushbu lavozimni 2016 yildan beri egallab kelmoqda. U ikki marta muqobilsiz asosda qayta saylangan. Aprel oyida FIFA rahbari to‘rtinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Saylov 2027 yil 18 mart kuni Marokashda bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar 18 noyabrgacha ko‘rsatilishi kerak.
FIFAga a’zo assotsiatsiyalar yaqinda yuz bergan mojaroga qaramay, Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar. AQSh va Belgiya milliy jamoalari o‘rtasidagi jahon chempionati 1/8 final o‘yini oldidan FIFA intizom qo‘mitasi Donald Trampning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng, amerikalik hujumchi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini to‘xtatib turgan.
Hodisadan so‘ng jurnalist Romen Molina Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) Janni Infantinoga qarshi nomzod ko‘rsatish ustida ishlayotganini yozdi. The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, FIFA 211 a’zosidan faqat bir nechtasi, jumladan, Germaniya futbol ittifoqi amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlash uchun xat yubormagan. Gazeta materialida ta’kidlanishicha, «Infantino aksariyat ovozlarni qo‘lga kiritish uchun Yevropaning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj emas va har qanday holatda ham qit’aning katta qismi uning qayta saylanishini tasdiqlagan».
Sport
Jahon chempionati finaliga sloveniyalik hakamlar tayinlandi
Sloveniyalik arbitr Slavko Vinchich futbol bo‘yicha Jahon chempionati final o‘yini bosh hakami etib tayinlandi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) matbuot xizmati xabar berdi.
Slavko Vinchich Foto: Erin Chang/ISI Photos / Contributor / ISI Photos
Turnirning hal qiluvchi bahsi 19 iyul kuni Argentina va Ispaniya milliy jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 20 iyul kuni soat 00:00 da boshlanadi. Vinchichga maydonda uning hamyurtlari Tomaj Klanchnik va Andraj Kovachich yordam beradi. Iordaniyalik Adham Mahadma o‘yinning zaxira hakami, uning yordamchisi etib esa shu mamlakat vakili Muhammad al-Kalaf tayinlandi.
Vinchich 46 yoshda, u 2010 yildan beri FIFA toifasidagi hakam hisoblanadi. 2024 yilda sloveniyalik arbitr Chempionlar Ligasi finalini boshqargan, joriy Jahon chempionatida esa uchta o‘yinda ishladi (Braziliya – Marokash 1:1, Iordaniya – Jazoir 1:2, Meksika – Ekvador 2:0).
Meksika va Ekvador milliy jamoalari o‘rtasidagi 1/16 final o‘yinida Vinchich ekvadorlik himoyachi Pero Inkapieni maydondan chetlatdi — futbolchi raqibi bilan gaplashayotganda og‘zini qo‘li bilan to‘sib olgan edi. Yangi qoidalarga ko‘ra, bu taqiqlangan.
Sport
1958 yilgi finalda Pele kiygan futbolka millionlab yevroga sotildi
Braziliya futboli afsonasi Pele 1958 yilgi jahon chempionati finalida kiygan mashhur futbolka Nyu-Yorkda o‘tkazilgan Sothebyʼs auksionida 4,88 million dollar (taxminan 4,3 million yevro)ga sotildi. Bu futbolka auksionlar tarixida eng qimmat narxda sotilgan sport liboslari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Sothebyʼs auksion uyi ma’lumotiga ko‘ra, gap 1958 yil Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati finalida Pele kiygan Braziliya terma jamoasining ko‘k rangli, orqa qismida 10-raqam tushirilgan futbolkasi haqida ketmoqda.
O‘sha paytda atigi 17 yoshda bo‘lgan Pele (Edson Arantis du Nasimentu) o‘zining ilk jahon chempionatida ishtirok etgan va aynan shu musobaqada Braziliyani tarixidagi ilk jahon chempionligiga olib chiqqan.
Auksion uyining ta’kidlashicha, musobaqadan keyin Pele mazkur futbolkani jamoadoshi Dida (Edvaldo Alves de Santa Roza)ga sovg‘a qilgan. Dida chempionatning dastlabki o‘yinlarida 10-raqamli futbolkani o‘zi kiyib maydonga tushgan. Biroq guruh bosqichining uchinchi turida SSSR terma jamoasiga qarshi bahsda Pele gol urgach va asosiy tarkibdan mustahkam o‘rin olgach, texnik xatolik tufayli aynan shu raqamli futbolka unga berib yuborilgan. Keyingi barcha uchrashuvlarda Pele shu libosda maydonga tushgan.
Ma’lum qilinishicha, Pele va Dida jahon chempionati davomida bir xonada yashagan. Musobaqadan keyin Dida futbolkani oilasiga topshirgan. Keyinchalik, 1993 yilda u tug‘ilgan shahri Maseyodagi Sport muzeyiga berilgan. Muzey esa 2004 yilda ushbu futbolkani Christieʼs auksioni orqali sotgan. Shundan beri u xususiy kolleksiyada saqlanib kelgan. Yangi xaridorning shaxsi esa oshkor etilmagan.
1958 yilgi jahon chempionatida Braziliyaning ko‘k rangli formada o‘ynashi ham qiziq voqealardan biri hisoblanadi. Musobaqa mezboni Shvetsiya terma jamoasi ham sariq rangli libosda maydonga tushgani uchun tashkilotchilar braziliyaliklardan an’anaviy sariq formasidan voz kechishni talab qilgan. Shu bois Braziliya futbolchilari ko‘k futbolkada o‘ynashga qaror qilgan.
Qolaversa, o‘sha davrda forma tayyorlash jarayoni ham bugungidan ancha farq qilgan. Futbolchilar Braziliya futbol konfederatsiyasi emblemasi va raqamlarni futbolkalarga o‘zlari tikkan. Raqamlar uchun ishlatilgan sariq mato esa sport anjomlari tashilgan qoplardan kesib olingan.
Sotilgan aynan shu futbolkada Pele Shvetsiyaga qarshi final bahsini to‘liq o‘tkazgan va ikki gol muallifiga aylangan. O‘sha uchrashuvda Braziliya 5:2 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida ilk bor jahon chempioni bo‘lgan.
Auksion uyi ma’lum qilishicha, mazkur futbolkaning haqiqiyligi Didadan tashqari o‘sha chempion jamoaning yana uch nafar a’zosi — Nilton Santos, Orlando Pekanya va Mario Zagallo tomonidan ham tasdiqlangan.
Ayni paytda Pelening mazkur futbolkasi auksionlar tarixida eng qimmat narxda sotilgan ikkinchi futbolka hisoblanadi. Birinchi o‘rin esa Argentina afsonasi Diyego Maradonaning 1986 yilgi jahon chempionati chorak finalida Angliya darvozasiga mashhur golini urgan o‘yinda kiygan futbolkasiga tegishli. U 2022 yilda Sothebyʼs auksionida 8,1 million yevrodan ortiq mablag‘ga sotilgan.
-
Iqtisodiyot5 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Iqtisodiyot4 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Toskana delegatsiyasi bilan uchrashib, savdo, sarmoyaviy va madaniy aloqalarni muhokama qildi
-
Dunyodan5 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonga juda kuchli issiq havo oqimlari kirib keladi
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Ispaniya himoyasi Fransiya hujumini to‘xtata oladimi?
-
Dunyodan3 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
