Iqtisodiyot
Rossiya banklari yangi kartasiz to‘lov tizimi ustida ishlamoqda
Rossiyaning “Sber”, “Alfa-bank” va “T-Bank” banklari kartasiz bo‘ladigan yangi to‘lov tizimini ishlab chiqishni boshladi. QR-kodlar, biometrika va Bluetooth orqali to‘lovlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan, deb xabar beradi RBK.
Foto: Natalya Seliverstova/RIA Novosti
Rossiyaning Sberbank, “Alfa-bank” va “T-Bank” banklari kartasiz bo‘ladigan yangi to‘lov tizimini ishlab chiqishni boshladi. Buning o‘rniga muqobil to‘lov usullari asos bo‘ladi, deb xabar berdi RBK 14 oktyabr, seshanba kuni loyihada ishtirok etayotgan banklarga tayanib.
“T-Bank” asosiy ekotizim mahsulotlari direktori Sergey Xromovning so‘zlariga ko‘ra, yangi to‘lov tizimi QR-kodlari, biometrika va Bluetooth orqali to‘lovlarni, shuningdek, «kartalarga muqobil boshqa texnologiyalar»ni qo‘llab-quvvatlaydi. “Sber”ning qo‘shimcha qilishicha, kartalarni chiqarish istisno qilinmagan, ammo aynan ulardan boshlashning hojati yo‘q.
Xromov, shuningdek, banklar hozirda Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga taqdim etish uchun yangi to‘lov tizimining konsepsiyasini ishlab chiqayotgani haqida xabar berdi. Keyinchalik, uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa banklar, fintex-kompaniyalar, uyali aloqa operatorlari va riteylerlar ham loyihaga qo‘shilishi mumkin.
Banklardan biridagi RBK manbasi loyihaga kiritilgan sarmoyani taxminan 10 milliard rublga baholadi. Banklar komissiya daromadlarining ortishi hisobiga bu summa tezda qoplanishini kutmoqda. Shu bilan birga, ular Rossiyaning “Mir” kartalari operatori – Milliy to‘lov kartalari tizimi bilan raqobatlashish niyatida emas.
Iqtisodiyot
«Yangi O‘zbekiston» massivlari soni hozirgi 61 tadan 120 tagacha ko‘paytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yil boshida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli dastur qabul qilingani ta’kidlandi. Unga ko‘ra, 2040-yilga qadar mamlakatda quriladigan uy-joylar soni ikki barobarga oshirilib, yiliga 280 mingtaga yetkaziladi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivlari soni hozirgi 61 tadan 120 tagacha ko‘paytiriladi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugunning o‘zida mamlakatda har yili 20–25 million kvadrat metr hajmdagi tijorat binolari foydalanishga topshirilmoqda. Natijada faqat uy-joy va tijorat obyektlarining o‘zi qurilish materiallariga kamida 10 milliard dollarlik yillik talab yaratmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida hamkorlarga 27 milliard dollarlik yangi infratuzilma loyihalari taklif etildi. Jumladan, Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatida 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqda yangi xalqaro aeroport, Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli futbol stadioni hamda 282 kilometrlik Toshkent – Samarqand avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilgan.
Ushbu obyektlarni barpo etish uchun katta hajmda sement, metall konstruksiyalar, oyna, pardozlash materiallari va boshqa zamonaviy qurilish mahsulotlariga ehtiyoj yuzaga keladi.
Yig‘ilishda yirik infratuzilma va sanoat loyihalarida qo‘llaniladigan qurilish materiallariga standart, sifat va sertifikatlashtirish bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy ekani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni strategik loyihalar bilan uzviy bog‘laydigan yangi tizimni joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda ikki yilda 34 ta yirik turizm obyekti va 200 ta mehmonxona quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yaqinda mamlakat hududlarida sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ikki yillik yirik dastur qabul qilingani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 34 ta yirik turizm obyekti va 1 mingdan ortiq joylashtirish vositalari barpo etiladi. Jumladan, 200 ta yangi mehmonxona qurish rejalashtirilgan.
Misol sifatida Parkent tumanida yaqin kunlarda ochilishi kutilayotgan «Kumushkon resort» turizm majmuasi keltirildi. Qayd etilishicha, ushbu obyekt qurilishida 98 foiz mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan.
Prezident hudud rahbarlari oldiga barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Shuningdek, lok-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 119 ming tonnadan 150 ming tonnaga, santexnika mahsulotlari 1,5 million donadan 2 million donaga yetkaziladi. Shuningdek, PVX quvur va fitinglar ishlab chiqarish 255 ming tonnadan 300 ming tonnagacha oshiriladi.
Bundan tashqari, gulqog‘oz ishlab chiqarish hajmini 6 milliondan 7,5 millionga, dekorativ panellar ishlab chiqarishni esa 15 million kvadrat metrdan 18 million kvadrat metrga yetkazish vazifasi belgilandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda import tovarlarini rasmiylashtirish tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda import tovarlarini erkin muomalaga chiqarish jarayoni yanada raqamlashtirilmoqda. Hukumat qaroriga muvofiq, endi mamlakat tashqarisida rasmiylashtirilgan ayrim ruxsatnoma va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish amaliyoti joriy etiladi.
Hukumatning 2026 yil 24 iyundagi 324-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish amaliyotini joriy etish to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom O‘zbekistondan tashqarida rasmiylashtirilgan ayrim ruxsatnoma va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, importchi vakolatli organning elektron tasdig‘ini olish uchun tegishli ruxsatnoma va muvofiqlik hujjatlarini ilova qilgan holda bojxona organiga ariza taqdim etadi.
Arizada tranzit deklaratsiyasi raqami, tovarning nomi va TIF TN kodi, ishlab chiqaruvchi nomi, tovar ishlab chiqarilgan davlat, ruxsatnoma hamda muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
Bojxona organlari esa vakolatli organlar tomonidan axborot tizimi orqali yuboriladigan elektron qarorlar asosida mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.
Yangi tartib import jarayonlarini soddalashtirish, hujjatlar almashinuvini raqamlashtirish hamda tashqi savdo operatsiyalarini tezlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Qurilish materiallari korxonalariga 50 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yirik va megaloyihalar uchun qurilish materiallari ta’minoti, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligi hamda sohadagi moliyaviy muammolarga to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan investorlar import qilinadigan materiallarni qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni so‘ramoqda.
Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham davlatdan teng sharoit yaratilishini talab qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, agar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar mahalliy mahsulotlarga ham tatbiq etilsa, ular sifat va standartlar bo‘yicha import mahsulotlari bilan raqobat qilishga tayyor.
Yig‘ilishda mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import hamda mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoit yaratish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda sohadagi moliyaviy holatga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda qurilish materiallari tarmog‘idagi 457 ta korxonaning kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgan.
Bu holatning asosiy sabablaridan biri sifatida mahsulot tannarxining yuqoriligi va ayrim turdagi mahsulotlarning bozor talablariga to‘liq javob bermayotgani ko‘rsatildi. Natijada korxonalar ishlab chiqargan mahsulotlar uchun yetarli xaridor topishda qiynalmoqda.
Prezident har bir korxona kesimida tahlil o‘tkazish va ularning moliyaviy ahvolini yaxshilash bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur tayyorlash vazifasi yuklatildi. Ushbu maqsadlar uchun 50 million dollar miqdorida resurs ajratilishi belgilandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston kivilarni asosan Erondan import qilmoqda
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonga 8 ta xorijiy davlatdan jami 7,3 ming tonna kivi import qilindi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu mahsulot importining umumiy qiymati 2,8 million AQSh dollarini tashkil etgan.
Qayd etilishicha, kivi importi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 ming tonnaga ko‘paygan. Bu esa yillik hisobda qariyb 59 foizlik o‘sishni anglatadi.
O‘zbekistonga eng ko‘p kivi eksport qilgan davlat Eron bo‘lgan. To‘rt oy davomida mazkur mamlakatdan 6 ming tonna mahsulot olib kelingan.
Ikkinchi o‘rinni Xitoy egallab, u yerdan 1,2 ming tonna kivi import qilingan. Shu tariqa ikki davlat umumiy import hajmining deyarli barchasini ta’minlagan.
Qozog‘istondan 27,5 tonna, Tailanddan 13 tonna va Italiyadan 3,6 tonna kivi keltirilgan. Qolgan 5,5 tonna mahsulot boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
-
Sport4 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston uchun nimalar muhim? (video)
-
Iqtisodiyot5 days agoMurojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni qariyb 5 millionga yetdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
-
Jamiyat2 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport5 days ago
Jahon chempionatlari tarixidagi eng shov-shuvli 25 voqea
