Sport
Ronaldu nihoyat Saudiyada chempion bo‘ldi
Portugaliyalik yulduz to‘rtinchi urinishda maqsadiga erishdi. U «oltin o‘yin»da dubl muallifi bo‘ldi va muxlislar qarshisiga chiqib, baraban chaldi. Taqdirlash marosimiga esa «Ritsar Ronaldu» yozuvli futbolkada chiqib keldi.
Krishtianu Ronaldu 41 yoshida Saudiya Arabistonidagi ilk rasmiy sovrinini qo‘lga kiritdi. «An-Nasr» Saudiya Pro-Ligasi so‘nggi turida autsayder «Damaq» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va chempionlikni rasmiylashtirdi.
«An-Nasr» – «Damaq» 2:1
Gollar: Mane, 34 (1:0). Koman, 52 (2:0). Silla, 58 – penalti (2:1). Krishtianu Ronaldu, 63 (3:1). Krishtianu Ronaldu, 81 (4:1)
«An-Nasr»: Bentu, Al-Amri, Inigo Martines, Simakan, Al-Bushal (Al-Sharariy, 90+2), Al-Haybariy, Krishtianu Ronaldu (Al-Hamdan, 87), Mane (G‘arib, 87), Koman, Yahyo (Anjyelu Gabriel, 85), Joau Feliks
«Damaq»: Kevin, Silla, Bedran, Rabei (David Kaiki, 61), Abdulla, Al-Havsaviy (Al-Haybre, 81), Al-Ubayd, Harkass, Al-Anaziy (Meyte, 61), Okita (Al-Sumayriy, 85), Arielson (Nadji, 61)
Ogohlantirishlar: Krishtianu Ronaldu, 54. Mane, 60 – Al-Havsaviy, 25. Al-Anaziy, 26. Harkass, 62. Abdulla, 71
Barchasi so‘nggi turda hal bo‘ldi
Portugaliyalik forvard «An-Nasr» safiga 2022/23 yillar mavsumida kelib qo‘shilgan va haligacha jiddi natijaga erisha olmagandi: bu vaqt oralig‘ida 14 bor sovrindan quruq qolgan. Bu mavsumda ham Ronaldu sovrinsiz qoladigandek ko‘rinayotgandi – chempionat yarmida u mamlakatdagi asosiy klublarni boshqaruvchi Suveren fond ustidan shikoyat qilib, «An-Nasr»ga yetarlicha e’tibor qaratilmasligidan nolidi hamda boykot e’lon qilib, maydonga tushishdan bosh tortdi.
Shundan keyin uning ayrim talablari bajarildi va «An-Nasr» yanvar o‘rtalaridan boshlab 16 o‘yindan iborat g‘alabali seriya qayd etgan holda turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi. Chempionlik muddatidan oldin rasmiylashtirilishi ham mumkin edi, ammo 32-turda asosiy raqobatchi bo‘lgan «Al-Hilol» bilan o‘yinda so‘nggi daqiqada darvozabon Bentuning qo‘pol xatosi tufayli g‘alaba qo‘ldan boy berildi (1:1) va barchasi so‘nggi turda hal qilinadigan bo‘ldi.
Turnir jadvalida ikki ochkolik farq bilan ta’qib qilib kelgan «Al-Hilol» so‘nggi turda o‘z o‘yinida «Al-Feyha» darvozasiga tezkor gol urdi va onlayn jadvalda birinchi o‘ringa chiqib oldi.
«An-Nasr» uchun esa o‘yin oson kechmadi. Turnir jadvalida 15-o‘rinda bo‘lgan «Damaq» quyi ligaga tushib ketmaslik uchun qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Ronaldu va jamoadoshlari to‘pga egalik qilishdi, ammo vaziyatlar hadeganda golga aylanavermadi. «Damaq» futbolchilari chuqur himoyalanishdi va vaqt cho‘zish bilan band bo‘lishdi.
Faqat 35-daqiqaga kelib standart vaziyat mezbonlar joniga ora kirdi. Feliks burchakdan to‘p oshirdi, barcha Ronalduni qo‘riqlayotganidan foydalangan Mane bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Koman jarima maydoni tashqarisidan aniq zarba yo‘llab, jamoasidan bosimni butunlay olib tashladi. Ammo bu bilan o‘yindagi intrigaga barham berilmadi.
Bir necha daqiqa o‘tib «An-Nasr» darvozasiga penalti qo‘yildi va hisob qisqardi. Shundan keyin Ronaldu katta sahnaga chiqdi. U qolgan daqiqalarda dubl rasmiylashtirdi. Uning ikkinchi goli jarima zarbasidan to‘pni to‘g‘ridan to‘g‘ri darvoza to‘riga yo‘llash orqali urildi. Bu goldan keyin uning ko‘zidan quvonch yoshlari to‘kildi.
U endi gollari sonini 972 taga yetkazib oldi va orzusidagi minglik dovon uchun yurishni davom ettirdi.
O‘yin tugashi arafasida faxriy futbolchi olqishlar ostida yuzida tabassum bilan maydonni tark etdi, zaxira o‘rindig‘ida yana bir bor ko‘z yoshlariga erk berdi.
Final hushtagi chalinganida esa undan baxtliroq odam yo‘q edi: portugaliyalik yulduz jamoadoshlari va tribunalardagi muxlislar qarshisida turgancha baraban chaldi, qarshisidagilar esa unga har zarbadan keyin «Siu» deya hayqirishdi.
Shundan keyin «An-Nasr» stadionida chempionlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Ronaldu boshiga klub sharfi o‘ralgan, yelkasiga «Ritsar Ronaldu» yozuvi tushirilgan futbolka kiygan holda chiqib keldi va kubokni boshi uzra ko‘tardi.
Bu Ronalduga atalgan oqshom edi – u nihoyat to‘rtinchi urinishda Saudiya ligasida g‘olib chiqdi. Bu uning so‘nggi besh yil ichidagi ilk sovrini bo‘ldi.
Sport
Prezident milliy terma jamoani JChga kuzatishda ishtirok etadi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga kuzatishda ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturining g‘oliblarini mukofotlash hamda Milliy kitobxonlik harakatiga start berish marosimlarida qatnashadi.
Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Kunning ikkinchi yarmida davlat rahbari futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga tantanali kuzatish marosimida ishtirok etadi.
Sport
O‘zbekiston U-17 jahon chempionatidagi raqiblarini bilib oldi
O‘zbekiston o‘smirlari “E“ guruhida Italiya, Kot-d’Ivuar va Yamayka bilan to‘qnash keladi.
Shveytsariyaning Tsyurix shahrida 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi “E“ guruhida Italiya, Kot-d’Ivuar va Yamayka bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Musobaqa 2026 yil 19 noyabridan 13 dekabrigacha Qatar maydonlarida o‘tkaziladi. Unda 48 ta terma jamoa 12 guruhga bo‘lingan holda kurash olib boradi.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmasini Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo Kubogida qo‘lga kiritdi. Bosh murabbiy Sergey Chigodayev shogirdlari musobaqa yarimfinaliga qadar yetib bordi.
Sport
Abdusattorov va Sindorov O‘zbekiston sharafini jamoaviy JChda himoya qiladi
O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi 16–22-iyun kunlari Gonkongda bo‘lib o‘tadigan jamoaviy jahon chempionatida kuchli tarkib bilan ishtirok etadi. Bu haqda FIDE ma’lum qildi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan dunyoning yetakchi shaxmatchilaridan biri Nodirbek Abdusattorov, jahon toji uchun da’vogar Javohir Sindorov, shuningdek Nodirbek Yakubboyev va Shamsiddin Vohidovlar o‘rin olgan.
Shu bilan birga, sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov ham jamoa safida dona suradi.
Turnirda jami 43 ta jamoa va 300 dan ortiq shaxmatchi qatnashadi. Asosiy favoritlar qatorida WR Chess va Xitoyning Dragon Chilling jamoalari ham bor.
WR Chess jamoasi safida jahonning sobiq chempioni Magnus Karlsen ishtirok etadi. Shuningdek, Fabiano Karuana, Maksim Vashe-Lagrav, Yan-Kshishtof Duda, Xou Ifan va Aleksandra Kostenyuk ham mazkur jamoa tarkibida o‘ynaydi.
Dragon Chilling jamoasi esa Din Lijen, Vey I, Yuy Yani, Jyuy Venjyun va Ley Tinje kabi yulduz shaxmatchilarni jamlagan.
Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevroga teng. Shundan 310 ming yevro rapid, 190 ming yevro esa blits bahslarida g‘oliblar o‘rtasida taqsimlanadi.
Sport
O‘zbekiston o‘smirlarining JChdagi raqiblari aniq bo‘ldi
Futbol bo‘yicha U-17 Jahon chempionatiga qur’a tashlandi.
Joriy yil Qatarda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha U17 jahon chempionatiga qur’a tashlandi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi quyidagi jamoalar Ye guruhidan joy oldi:
1.O‘zbekiston
2.Italiya
3. Yamayka
4. Kot-d’Ivuar
Ma’lumot uchun, mazkur yosh toifasidagi mundial 19-noyabr – 13-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston termasi Osiyo kubogida yarim finalgacha yetib borgandi.
Sport
«Arsenal» 22 yil ichida ilk bor Angliya chempioni bo‘ldi
Londonning «Arsenal» klubi 2025/2026-yilgi mavsumda Angliya Premer-ligasi chempioniga aylandi.
Seshanba, 19-may kuni eng yaqin ta’qibchi — «Manchester Siti» «Bornmut» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi va Mikel Arteta jamoasi mavsum tugashiga bir tur qolganda uzoq kutilgan chempionlikka erishdi.
Mikel Arteta — Pep Gvaridiola («Manchester Siti» bosh murabbiysi)ning shogirdi. Arteta 2019-yilning dekabrida, Unai Emeridan so‘ng, «Arsenal»ni qabul qilib olgan. Uning boshchiligida jamoa uch mavsumda ketma-ket ikkinchi o‘rinni egalladi va joriy mavsumning katta qismida peshqadamlikni o‘z qo‘lida ushlab turdi.
Bu zafar «Arsenal» tarixidagi 14-APL chempionligi bo‘ldi. «Arsenal»ning bundan oldingi chempionligi 2003/2004-yilgi mavsumda, ya’ni roppa-rosa 22 yil avval qo‘lga kiritilgan edi. O‘sha mavsum futbol tarixiga kirgan, chunki Arsen Venger boshchiligidagi o‘sha jamoa chempionat davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramay (26 g‘alaba va 12 durang bilan) chempion bo‘lgan va «Yengilmas jamoa» nomini olgan.
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonga qaytarilgan noyob tarixiy buyumlar ilk bor ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etildi
-
Siyosat4 days ago
Prezident Bokuga yetib keldi
-
Jamiyat5 days agoAfg‘onistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
-
Iqtisodiyot4 days agoChorva mollari va asalarilar QQSning nol stavkasi qo‘llanadigan ro‘yxatga kiritildi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston urbanizatsiya darajasini 2040-yilga borib 65 foizga yetkazishni maqsad qilgan – Prezident Mirziyoyev
-
Jamiyat4 days ago
Bugun O‘zbekistonda quruq va juda issiq ob-havo kutilmoqda
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Eronning tinchlik taklifini rasman rad etdi – OAV
-
Jamiyat5 days agoJizzaxdagi savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi
