Sport

Ronaldu nihoyat Saudiyada chempion bo‘ldi

Published

on


Portugaliyalik yulduz to‘rtinchi urinishda maqsadiga erishdi. U «oltin o‘yin»da dubl muallifi bo‘ldi va muxlislar qarshisiga chiqib, baraban chaldi. Taqdirlash marosimiga esa «Ritsar Ronaldu» yozuvli futbolkada chiqib keldi.

Krishtianu Ronaldu 41 yoshida Saudiya Arabistonidagi ilk rasmiy sovrinini qo‘lga kiritdi. «An-Nasr» Saudiya Pro-Ligasi so‘nggi turida autsayder «Damaq» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va chempionlikni rasmiylashtirdi.

«An-Nasr» – «Damaq» 2:1

Gollar: Mane, 34 (1:0). Koman, 52 (2:0). Silla, 58 – penalti (2:1). Krishtianu Ronaldu, 63 (3:1). Krishtianu Ronaldu, 81 (4:1)

«An-Nasr»: Bentu, Al-Amri, Inigo Martines, Simakan, Al-Bushal (Al-Sharariy, 90+2), Al-Haybariy, Krishtianu Ronaldu (Al-Hamdan, 87), Mane (G‘arib, 87), Koman, Yahyo (Anjyelu Gabriel, 85), Joau Feliks

«Damaq»: Kevin, Silla, Bedran, Rabei (David Kaiki, 61), Abdulla, Al-Havsaviy (Al-Haybre, 81), Al-Ubayd, Harkass, Al-Anaziy (Meyte, 61), Okita (Al-Sumayriy, 85), Arielson (Nadji, 61)

Ogohlantirishlar: Krishtianu Ronaldu, 54. Mane, 60 – Al-Havsaviy, 25. Al-Anaziy, 26. Harkass, 62. Abdulla, 71

Barchasi so‘nggi turda hal bo‘ldi

Portugaliyalik forvard «An-Nasr» safiga 2022/23 yillar mavsumida kelib qo‘shilgan va haligacha jiddi natijaga erisha olmagandi: bu vaqt oralig‘ida 14 bor sovrindan quruq qolgan. Bu mavsumda ham Ronaldu sovrinsiz qoladigandek ko‘rinayotgandi – chempionat yarmida u mamlakatdagi asosiy klublarni boshqaruvchi Suveren fond ustidan shikoyat qilib, «An-Nasr»ga yetarlicha e’tibor qaratilmasligidan nolidi hamda boykot e’lon qilib, maydonga tushishdan bosh tortdi.

Shundan keyin uning ayrim talablari bajarildi va «An-Nasr» yanvar o‘rtalaridan boshlab 16 o‘yindan iborat g‘alabali seriya qayd etgan holda turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi. Chempionlik muddatidan oldin rasmiylashtirilishi ham mumkin edi, ammo 32-turda asosiy raqobatchi bo‘lgan «Al-Hilol» bilan o‘yinda so‘nggi daqiqada darvozabon Bentuning qo‘pol xatosi tufayli g‘alaba qo‘ldan boy berildi (1:1) va barchasi so‘nggi turda hal qilinadigan bo‘ldi.

Turnir jadvalida ikki ochkolik farq bilan ta’qib qilib kelgan «Al-Hilol» so‘nggi turda o‘z o‘yinida «Al-Feyha» darvozasiga tezkor gol urdi va onlayn jadvalda birinchi o‘ringa chiqib oldi.

«An-Nasr» uchun esa o‘yin oson kechmadi. Turnir jadvalida 15-o‘rinda bo‘lgan «Damaq» quyi ligaga tushib ketmaslik uchun qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Ronaldu va jamoadoshlari to‘pga egalik qilishdi, ammo vaziyatlar hadeganda golga aylanavermadi. «Damaq» futbolchilari chuqur himoyalanishdi va vaqt cho‘zish bilan band bo‘lishdi.

Faqat 35-daqiqaga kelib standart vaziyat mezbonlar joniga ora kirdi. Feliks burchakdan to‘p oshirdi, barcha Ronalduni qo‘riqlayotganidan foydalangan Mane bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Koman jarima maydoni tashqarisidan aniq zarba yo‘llab, jamoasidan bosimni butunlay olib tashladi. Ammo bu bilan o‘yindagi intrigaga barham berilmadi.

Bir necha daqiqa o‘tib «An-Nasr» darvozasiga penalti qo‘yildi va hisob qisqardi. Shundan keyin Ronaldu katta sahnaga chiqdi. U qolgan daqiqalarda dubl rasmiylashtirdi. Uning ikkinchi goli jarima zarbasidan to‘pni to‘g‘ridan to‘g‘ri darvoza to‘riga yo‘llash orqali urildi. Bu goldan keyin uning ko‘zidan quvonch yoshlari to‘kildi.

U endi gollari sonini 972 taga yetkazib oldi va orzusidagi minglik dovon uchun yurishni davom ettirdi.

O‘yin tugashi arafasida faxriy futbolchi olqishlar ostida yuzida tabassum bilan maydonni tark etdi, zaxira o‘rindig‘ida yana bir bor ko‘z yoshlariga erk berdi.

Final hushtagi chalinganida esa undan baxtliroq odam yo‘q edi: portugaliyalik yulduz jamoadoshlari va tribunalardagi muxlislar qarshisida turgancha baraban chaldi, qarshisidagilar esa unga har zarbadan keyin «Siu» deya hayqirishdi.

Shundan keyin «An-Nasr» stadionida chempionlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Ronaldu boshiga klub sharfi o‘ralgan, yelkasiga «Ritsar Ronaldu» yozuvi tushirilgan futbolka kiygan holda chiqib keldi va kubokni boshi uzra ko‘tardi.

Bu Ronalduga atalgan oqshom edi – u nihoyat to‘rtinchi urinishda Saudiya ligasida g‘olib chiqdi. Bu uning so‘nggi besh yil ichidagi ilk sovrini bo‘ldi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version