Sport
Ronaldu boykotni to‘xtatdi va maydonga qaytdi
U aksar talablari bajarilgach, uch o‘yinlik tanaffusdan keyin maydonga qaytdi va «Al-Fotih» darvozasiga g‘alaba golini urdi.
Foto: An-Nasr FK matbuot xizmati
Hujumchi Krishtianu Ronaldu boykotini to‘xtatib, «An-Nasr» safida fevral oyi boshidan buyon ilk bor maydonga tushdi. Uning yo‘qligida jamoa uchta o‘yinda ham g‘olib chiqqandi, u bilan bu seriya davom etdi.
«Al-Fotih» – «An-Nasr» 0:2
Gollar: Krishtianu Ronaldu, 18 (0:1). Yahyo, 78 (0:2)
«Al-Fotih»: Pacheko, Saadan, Al-Suvalim, Fernandesh, Ma’sud (Al-Zubaydi, 68), Yussuf, Delgado, Baatia (Al-Sarnuh, 90+1), Bendebka (Al-Favaz, 90+1), Vargas, Batna
«An-Nasr»: Bentu, Simakan, Al-Amri, Inigo Martines (Al-Sharariy, 90+6), Al-G‘annam (Al-Bushal, 86), Brozovich, Al-Haybari (Al-Hassan, 75), Mane (Yahyo, 75), Koman, Joau Feliks, Krishtianu Ronaldu (Al-Hamdon, 90+7)
Ogohlantirishlar: Ma’sud, 64 – Al-Haybari, 49. Inigo Martines, 88
G‘alaba goli
Uning qaytishi liga turnir jadvalining 10-o‘rnida borayotgan «Al-Fotih»ga qarshi safar o‘yiniga to‘g‘ri keldi. Krishtianu boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va 18-daqiqadayoq Sadio Manening uzatmasini golga aylantirdi.
Bu gol Ronaldu uchun joriy mavsumdagi 18-gol bo‘ldi va u chempionatning eng yaxshi to‘purarlari poygasida uchinchi o‘rinda bormoqda. Birinchi o‘rinda «Brentford»ning sobiq hujumchisi, hozirda «Al-Ahli»da to‘p surayotgan Ayven Touni 20 gol bilan peshqadamlik qilmoqda.
Bundan tashqari, Ronaldu faoliyatidagi jami gollari sonini 962 taga yetkazdi va minglik dovon sari yurishini davom ettirdi.
«An-Nasr» muxlislari esa portugaliyalik futbolchining demarshidan xafa bo‘lishmaganini ko‘rsatishdi – o‘yindan oldingi chigalyozdi mashg‘ulotlari chog‘ida uni faollik bilan qo‘llab-quvvatlab turishdi. Ularning ko‘pchiligi Krishtianu bu zabastovkani klub manfaatlari uchun uyushtirgan, deb hisoblashadi.
Zabastovka sabablari
Bunga Ronalduning «Real»dagi sobiq jamoadoshi Karima Benzemaning transferi bo‘lgandi. Chempionat peshqadami va «An-Nasr»ning oltin medallar uchun kurashdagi asosiy raqobatchisi «Al-Hilol» qishki transferlarning so‘nggi kunida uni «Al-Ittihod»dan sotib olgandi.
Portugaliyalik futbolchi esa mamlakatdagi asosiy yetakchi klublarni, jumladan, «Al-Hilol», «Al-Ittihod» va «An-Nasr»ni boshqaruvchi Saudiya Arabistoni Suveren fondi (PIF) olib borayotgan siyosat uning jamoasi chempion bo‘lishiga xalal bermoqda, deb hisoblaydi. Krishtianuning fikricha, fond ko‘proq raqobatchilarga yordam bermoqda. Jurnalist Yag‘iz Sabunjio‘g‘lining yozishicha, 41 yoshli forvard Karimning transferidan norozi bo‘lgan – u buni «halol raqobatga zarba» deb qabul qilgan.
Bundan tashqari, u ayrim xodimlarning maoshlari kechikayotgani va rahbariyatdagi o‘zgarishlar tufayli klubga ham norozilik bildirgandi.
Shu bilan birga, Ronaldu o‘z klubi bilan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni buzgani yo‘q: jamoa bilan umumiy mashg‘ulotlarda qatnashdi, ammo rasmiy o‘yinlarda maydonga tushmadi.
Portugaliyalik futbolchi ko‘p o‘yin o‘tkazib yubormadi: mahalliy chempionatda ikki o‘yin va OFK Ikkinchi chempionlar ligasining 1/8 final o‘yini (Osiyo futbol konfederatsiyasining OChLdan keyingi ikkinchi darajali turniri). Bu qisqa muddatda u jiddiy yutuqlarga erishdi: klub barcha futbolchilar oldidagi qarzlarini uzdi, klub bosh direktori Joze Semedu hamda sport direktori Simau Koutinioning vakolatlari tiklandi. Dekabr oyida ularning chetlatilishi «An-Nasr»ning qishki transferlar oynasidagi strategiyasiga jiddiy zarar yetkazgandi: xabarlarga ko‘ra, Semedu va Koutinio oltita transfer rejalashtirgan, ammo PIF budjet bilan bog‘liq muammolarni bahona qilib, bu transferlarni ma’qullamagandi.
Titul uchun imkon bor
Krishtianu «An-Nasr»da to‘rtinchi mavsumini o‘tkazmoqda, ammo hali biror marta Saudiya chempionati g‘olibi bo‘lolmadi: bu davrda ikki chempionlik «Al-Ittihod»ga ketdi, yana bir safar «Al-Hilol» g‘olib chiqdi.
Ammo u bu mavsumda uzoq kutilgan chempionlikka erishishi mumkin. Mavsum yakuniga 13 tur qolganida «An-Nasr» ikkinchi o‘rinda bormoqda va «Al-Hilol»ni bir ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat16 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport16 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat4 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
