Sport
«Real»da yangi himoyachi, APL klublari hujumni kuchaytirmoqda. So‘nggi transfer xabarlari
«Arsenal», «Siti», «MYu» va «Liverpul» yangi hujumchilarni safga qo‘shib olmoqda, «Barsa»ga ham Angliyadan hujumchi kelmoqda.
O‘tgan hafta davomida ham Yevropada bir qancha qiziqarli transferlar amalga oshirildi. Misol uchun, «Chelsi» ikki futbolchisini sotdi, «Real» tarbiyalanuvchisini qaytardi, «Napoli» birato‘la uch, «Atletiko» esa ikki nafar yangi futbolchi bilan tarkibni kuchaytirdi. Quyida so‘nggi kunlarda Yevropa futbolida ro‘y bergan eng so‘nggi yangiliklar haqida.
E’lon qilingan transferlar
Alvaro Karreras: «Benfika» → «Real» (50 mln yevro)
Ushbu himoyachi — «Real» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2020 yilda u «Manchester Yunayted» tizimiga borib qo‘shilgan. Keyin — navbati bilan «Preston», «Granada» va «Benfika» kabi klublarga ijaraga berilgan. O‘tgan yil yozida Portugaliya klubi Karrerasning transfer huquqini 14,3 mln yevroga sotib olgandi. Bir yil o‘tib «Benfika» Alvaroni «Real»ga 3,5 baravar qimmatroqqa sotdi. O‘tgan mavsumda 22 yoshli ispaniyalik lissabonliklar klubi safida barcha turnirlar doirasida 52 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urgan, besh golga uzatma bergan hamda 20 marta sariq kartochka olgan. «Real» klubi prezidenti Florentino Peres transferdan keyin Karrerasni Yevropaning eng yaxshi himoyachilaridan biri deb atadi.
Noni Madueke: «Chelsi» → «Arsenal» (55,4 mln yevro)
Bu yozda ham «Chelsi» yangi futbolchilar uchun katta mablag‘ sarfladi — 243 mln yevro. Tabiiyki, balans uchun kimnidir sotish ham kerak. O‘ng qanot hujumchisi pozitsiyasida o‘ynovchi Madueke «Chelsi»ga 2023 yil boshida kelib qo‘shilgandi — londonliklar klubi uni PSV dan 35 mln yevro evaziga xarid qilgandi. Madueke bu klub safida ikki yil ichida 90 o‘yinda maydonga tushib, 20 gol urdi va to‘qqiz golga uzatma berdi. Endi u faoliyatini Londonning boshqa klubi — «Arsenal»da davom ettiradi. «Kanonirlar» 23 yoshli vinger uchun 48 mln funt to‘ladi, yana 4 mln funt bonuslar sifatida va’da qilingan, futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolangan.
Bu transfer «Arsenal» tarixidagi eng qimmatbaho transferlar ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egalladi. Qayd etish kerakki, klub fanatlarining bir qismi ushbu transferga norozilik bildirishgandi. Maxsus petitsiyani 4 mingdan ortiq kishi imzolagan. Bundan tashqari, muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda #NoToMadueke heshtegi ostida e’tirozlarini bildirishgan. Bunga ko‘p jihatdan klub tarkibda birinchi navbatda markaziy hujum va chap qanot hujumi kuchaytirilishi zarur bo‘lgan holatda o‘ng qanotda Sakaga o‘rinbosar bo‘ladigan futbolchi uchun katta pul to‘langanidan norozi bo‘lishgan.
Brayan Mbeumo: «Brentford» → «MYu» (75 mln yevro)
«Manchester Yunayted» Brayan Mbeumo transferini e’lon qildi. «Brentford» kamerunlik vinger uchun 65 funt oladi, yana 6 mln funt bonuslar sifatida to‘lab berilishi mumkin. Shu tariqa, transfer narxi 82 million yevroga yetishi mumkin. 25 yoshli futbolchi yangi klubi bilan 2030 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolagan, kelishuv yana bir mavsumga uzaytirilishi mumkin. «„Manchester Yunayted“ga qo‘shilish imkonidan xabar topishim bilanoq, orzumdagi jamoa bilan shartnoma imzolash imkonidan foydalandim — bu men bolaligimda futbolkasini kiyib yurgan jamoadir», — degan transferdan keyin Mbeumo.
O‘tgan mavsumda Mbeumo barcha turnirlar doirasida 42 o‘yinda maydonga tushib, 20 gol urgan va to‘qqiz golga uzatma bergan. Transfermarkt portali uning bozor narxini 55 million yevroga baholagan. Unga yozgi transferlar doirasida «Tottenhem» va «Arsenal» klublarida ham qiziqish bo‘lgandi.
Iyun oyi boshida «Vulverhempton»dan braziliyalik hujumchi Mateus Kunyani ham sotib olgan «Manchester Yunayted» hujum chizig‘ini kuchaytirishda davom etmoqchi. Insayder Fabritsio Romano «qizil iblislar» «Leypsig» hujumchisi Benyamin Sheshkoga jiddiy qiziqayotgani haqida xabar tarqatdi, nemislar klubi ushbu sloveniyalik 22 yoshli futbolchi uchun 70-80 mln funt talab qiladi. Shuningdek, BBC Sport xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» «Chelsi» hujumchisi Nikolas Jyekson transferiga ham qiziqmoqda. Uning Transfermarkt bo‘yicha narxi 50 million yevroga baholangan.
Sverre Nyupan: «Rusenborg» → «Manchester Siti» (15 mln yevro)
«Norvegiya va «Manchester Siti» o‘rtasida allaqachon alohida aloqa mavjud», — dedi futbolchi transferdan keyin. «Shaharliklar» safida Erling Holand va Oskar Bobb to‘p surib kelmoqda. Nyupan esa hali 18 yoshda, ammo u «Rusenborg» safida allaqachon 70 dan ortiq o‘yinda maydonga tushib ulgurdi. 14 gol va 11 golli uzatma — juda yaxshi statistika. Lekin ushbu yigitchaga «Siti»ning asosiy tarkibiga kirish oson bo‘lmaydi. Klub Nyupanni ijaraga yuborishi ham mumkin. Sverre hozircha Norvegiya milliy jamoasi safiga jalb etilmagan, ammo yoshlar jamoasida o‘ynab kelmoqda.
Muhammad Quddus: «Vest Hem» → «Tottenhem» (63,8 mln yevro)
35 o‘yin, besh gol, to‘rt golli uzatma — afrikalik futbolchining o‘tgan mavsumdagi statistikasi u qadar katta taassurot qoldirmaydi. Ammo Muhammad «Vest Hem» o‘yinida muhim o‘rin tutgan — u jamoada APLdagi o‘yin vaqti (2604 daqiqa) bo‘yicha to‘rtinchi futbolchi bo‘lgan. Keyingi mavsumda Yevropa ligasi g‘olibi sifatida YeChLda ishtirok etadigan «Tottenhem» ushbu futbolchi uchun pulni ayamadi. Ganalik futbolchi bilan 2031 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolandi. Quddusning «Vest Hem»dagi ilk mavsumi ancha yorqin kechgandi — u barcha turnirlar doirasida 14 gol urishga erishgandi. Ammo o‘tgan mavsumda 24 yoshli futbolchi murabbiylar shtabi bilan kelisha olmay qoldi va bu uning natijalariga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Endi u o‘z salohiyatini Londonning boshqa bir klubida namoyish etishga urinib ko‘radi.
Entoni Elanga: «Nottinghem Forest» → «Nyukasl» (61,4 mln yevro)
Ushbu shved futbolchisi o‘tgan mavsumda «Nottinghem Forest» tarkibida porladi. Uning olti goli va 11 golli uzatmasi jamoaga yevrokubok yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda yordam berdi. Elanga «o‘rmonchilar»ga kelishidan oldin «Manchester Yunayted» akademiyasida tarbiyalangan. Elanga — Shvetsiya milliy jamoasiga nomzod futbolchi sanaladi (22 o‘yin, to‘rt gol). «Nyukasl» ustozi Eddi Hau ushbu transfer haqida shunday gaplar aytdi: «Entoni bizning muhim nishonimiz edi, shuning uchun uni mavsumoldi yig‘inlari boshida qo‘lga kiritganimizdan mamnunman. Elanganing tezligi, energiyasi, vaziyatlar yaratishga va gollar urishga qodirligi o‘yin uslubimizga ajoyib to‘ldirish bo‘ladi».
Jorjye Petrovich: «Chelsi» → «Bornmut» (28,8 mln yevro)
Serbiyalik darvozabon ikki yil oldin AQShdan Angliyaga kelgandi. O‘tgan vaqt ichida u «Chelsi» safida 31 o‘yinda maydonga tushib, 44 ta gol o‘tkazib yubordi va yetti o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. O‘tgan mavsumda Petrovich Fransiyada ham o‘ynab keldi — ijara asosida «Strasburg» darvozasini qo‘riqladi. U Liga 1 chempionatining eng yaxshi darvozabonlaridan biri bo‘ldi, keyin esa APLga qaytdi. «Bornmut» uning transferi uchun 30 mln yevroning bahridan o‘tdi, Jorjye yangi klubi bilan besh yillik shartnoma tuzdi. «Chelsi» so‘nggi yillarda darvozabonlardan kolleksiya qilayotgandi, ammo shu yozning o‘zida ularning to‘rt nafaridan qutuldi. Petrovich «Bornmut»ga, Kepa Arrisabalaga — «Arsenal»ga, Markus Bettinelli — «Manchester Siti»ga, Lukas Bergstryom — «Malyorka»ga yo‘l oldi.
Tiyago Almada: «Botafogo» → «Atletiko» (21 mln yevro)
«Atletiko»ning bu yangi futbolchisi avval Ispaniya chempionatida o‘ynamagan. Lekin 24 yoshli Almadaning faoliyatida Fransiyada «Lion» safida to‘p surish (20 o‘yin, ikki gol, besh uzatma) tajribasi bor. Ushbu klubda ijarada o‘tgan mavsum yakunida Almada «Botafogo»ga qaytgandi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi ishtirokidan keyin esa uni «Atletiko» sotib oldi. Tiyago Argentina milliy jamoasi safida 10 o‘yinda maydonga tushib, to‘rtta gol urgan. 2022 yilda Almada jahon chempioni bo‘lgandi, 2024 yilda esa «Botafogo» safida Braziliya chempioni va Libertadores kubogi sohibiga aylandi.
Jonni Kardozo: «Betis» → «Atletiko» (24 mln yevro)
Madridliklar undan tashqari, AQSh milliy jamoasi a’zosi Jonni Kardozoni sotib oldi. Ushbu futbolchi 2024 yil boshida Braziliya chempionatidan Ispaniyaga kelib, «Betis» bilan shartnoma tuzgandi. Sevilyaliklar klubida o‘tgan bir yarim yil davomida Kardozo 65 o‘yinda maydonga tushib, besh gol urgan va uch golga uzatma bergan. «Atletiko» La liga o‘yinlarida «Atletik», «Real», «Sevilya» va «Jirona» klublari darvozalarini ishg‘ol etgan 23 yoshli futbolchi uchun «Betis»ga 24 mln yevro to‘ladi.
Sem Byokema: «Bolonya» → «Napoli» (31 mln yevro)
«Napoli» o‘tgan haftada jiddiy faollik ko‘rsatdi — jamoaga birato‘la uch nafar yangi futbolchi kelib qo‘shildi. 26 yoshli himoyachi Byokema — ulardan eng qimmat narxda olib kelingani. «Bolonya» transfer uchun 31 mln yevroga ega bo‘ldi, futbolchi esa «Napoli» bilan besh yillik shartnoma imzoladi. O‘tgan mavsumda Sem barcha turnirlar doirasida 48 o‘yinda maydonga tushib, ikki golli uzatma muallifi bo‘lgan hamda to‘rt marta sariq kartochka olgan. Markaziy himoyachi Niderlandiya milliy jamoasidan chaqiruv olish maqsadida nomdorroq klubga o‘tishni xohladi. «Napoli» esa A Seriya (65 o‘yin) va Chempionlar ligasida o‘ynash tajribasiga (8) ega futbolchini qo‘lga kiritdi.
Noa Lang: PSV → «Napoli» (25 mln yevro)
«Napoli»ga o‘tgan yana bir niderlandiyalik futbolchi. Byokemadan farqli o‘laroq, Lang milliy jamoa safida 14 o‘yinda maydonga tushib, uchta gol urishga erishgan. «Tvente», «Ayaks», «Bryugge», PSV — 26 yoshli Noaning karerasidagi klublar. Endi u Yevropaning kuchliroq klubi safida kuchini sinab ko‘rishga qaror qildi. Shu bilan birga, Lang Chempionlar ligasining asosiy bosqichida yetarlicha o‘yin tajribasiga ega — 31 o‘yin. O‘tgan mavsumda niderlandiyalik futbolchi barcha turnirlar doirasida 44 uchrashuvda «gol+pas» tizimida 26 (14+12) ochko ishlashga erishdi. Endi u Italiyada ham shunday sermahsullikni davom ettirishga urinib ko‘radi.
Luka Modrich: «Real» → «Milan» (erkin agent)
Bunday futbolchini boshqa klub formasida ko‘rish madridlik muxlislar uchun juda og‘ir. Modrich «Real»ga 2012 yilda kelgandi, o‘tgan vaqt mobaynida jamoa safida 597 o‘yin o‘tkazdi. Xorvatiyalik futbolchi «Real» formasida qo‘lga kiritgan sovrinlarni bir xonaga sig‘dirib bo‘lmaydi. U Chempionlar ligasida olti bor g‘olib chiqqan va «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan. Bu yozda Luka klublar o‘rtasidagi mundialda jamoa safidagi so‘nggi o‘yinlarini o‘tkazdi va shartnomasi muddati yakuniga yetgani munosabati bilan «Real»ni tark etdi. «Milan» esa faxriy futbolchini erkin agent maqomida o‘z safiga qo‘shib oldi. 39 yoshli yarimhimoyachi yana kamida bir mavsum davomida hali yana nimalarga qodirligini namoyish etadi.
Jordan Henderson: «Ayaks» → «Brentford» (erkin agent)
Yana bir faxriy futbolchi erkin agent maqomida o‘ziga yangi klub topdi. Henderson o‘z vaqtida «Liverpul» sardori sifatida Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan va Angliyadagi barcha kuboklarni qo‘lga kiritgandi (APL, Angliya Kubogi, Angliya ligasi kubogi, Angliya Superkubogi). 2023 yilda Jordan kutilmaganda Stiven Jyerrard bilan ishlash uchun «Al-Ittifoq» klubiga yo‘l olgandi, ammo yarim yilda Saudiya Arabistoni chempionatidan bezib qoldi. Keyingi bir yarim mavsumni u «Ayaks» safida o‘tkazdi (57 o‘yin, bir gol, to‘qqiz assist). Endi 35 yoshli tajribali futbolchi tarkibi sochilib ketayotgan «Brentford»ga yordam berishga harakat qiladi — u klub bilan 2027 yil yoziga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzgan.
Deyarli hal bo‘lgan transferlar
Viktor Gyokeresh: «Sporting» → «Arsenal»
HERE WE GO! Viktor Gyokeresh — «Arsenal» futbolchisi. Futbol olamidagi eng nufuzli va ishonchli ikki insayder — Devid Ornshteyn hamda Fabritsio Romano buni tasdiqladi. «Arsenal» 27 yoshli shvetsiyalik hujumchi uchun «Sporting»ga 63,5 mln yevro to‘laydi va 10 mln yevro miqdoridagi bonuslar va’da qiladi. Futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolanadi. Qayd etish kerakki, ushbu transfer yozning eng uzoq cho‘zilgan seriallaridan bo‘ldi, Lissabon klubi avvaliga futbolchi uchun uning shartnomasida ko‘rsatilgan badal pulidan ancha ko‘proq pul ishlab olmoqchi edi, ammo futbolchining qat’iyati transferda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, u faqat «Arsenal»ga o‘tishni xohlashini ma’lum qildi hamda klubining mavsumoldi yig‘iniga kelishdan bosh tortdi, yakunda o‘z maqsadiga erishdi.
Ushbu hujumchi Portugaliya chempionatining o‘tgan mavsumida 33 o‘yinda 39 gol urib, 7 golga uzatma bergan, shuningdek, YeChL doirasida 8 o‘yinda 6 gol va bir assist muallifiga aylangandi. Portugaliya ligasi kubogida ham uch o‘yinda to‘rt gol urishga erishgan.
Markus Reshford: «MYu» → «Barselona» (ijara)
«Barselona» «Manchester Yunayted»ga keraksiz bo‘lib qolgan Markus Reshfordni mavsum oxirida sotib olish huquqi bilan ijaraga olmoqda. Futbolchi ayni vaqtda Kataloniyada bo‘lib turibdi va tibbiy ko‘rikdan o‘tishga tayyorlanmoqda. Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, futbolchi Ispaniya grandi safiga o‘tish uchun Angliyada olgan maoshi miqdori 15 foizga qisqarishiga rozi bo‘lgan, o‘z navbatida, ijara davrida kataloniyaliklar futbolchining maoshini (14 mln yevro) to‘liq qoplab beradi. «Barsa» mavsum yakunida uning transfer huquqini 30 mln yevroga sotib olishi mumkin. Shu bilan birgalikda, OAVda aytilishicha, Manchester klubi kelishuvga agar kataloniyaliklar futbolchini mavsum oxirida sotib olmaydigan bo‘lsa, 5 mln yevro jarima undirish haqida band kiritgan.
Ugo Ekitike: «Ayntraxt» → «Liverpul» (95 mln yevro)
Mersisaydliklarni bu transferlar oynasida eplab bo‘lmayapti. Florian Virs, Milosh Kerkez va Jyeremi Frimpong allaqachon jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda, navbatda esa Ugo Ekitike. Fabritsio Romano fransuz hujumchisi ushbu klubga o‘tishga roziligini xabar qildi, u «Liverpul» bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib qo‘ygan. Sky Spors jurnalisti Patrik Bergerning ma’lumotiga ko‘ra, 23 yoshli hujumchi yiliga 15-16 million yevro miqdoridagi maoshni ko‘zda tutuvchi olti yillik shartnoma imzolaydi. Mersisaydliklar birinchi taklifni rad etgan «Ayntraxt»ga ikkinchi rasmiy taklifni ham yuborgan. Ushbu xarid Angliyaning amaldagi chempionlariga 80 mln funtga tushishi kutilmoqda.
«Ayntraxt» Ekitikeni 2024 yil yozida «PSJ»dan sotib olgandi. Ungacha futbolchi ushbu jamoada ijara asosida to‘p surgan. O‘tgan mavsumda hujumchi barcha turnirlar doirasida 48 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 gol urdi va 12 golga uzatma berdi.
Luis Dias: «Liverpul» → «Bavariya» (75 mln yevro)
O‘z navbatida, «Liverpul» vingeri Luis Dias klubdan ketishga yaqin. Nikolo Skiraning xabariga ko‘ra, «Bavariya» 28 yoshli kolumbiyalik bilan 2030 yilga qadar amal qiladigan shartnoma bo‘yicha kelishib olgan. Myunxenliklar futbolchi transferi uchun «Liverpul»ga 75 mln yevro to‘lashga tayyor. Ammo klublar o‘rtasida hozircha bir kelishuvga kelinmagan. Jurnalist Ben Jyeykobs agar mersisaydliklar Diasni sotadigan bo‘lsa, uning o‘rniga boshqa vinger olish uchun bozorga chiqishi haqida yozgan. Asosiy variant — Madridning «Real» klubi vingeri Rodrigo. Avvalroq insayder Fabritsio Romano qaymoqranglilar klubi ushbu 24 yoshli futbolchisi uchun takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligi, uning transferini 100 million yevroga baholayotganini xabar qilgandi.
Abbos Fayzullayev: TsSKA → «Istanbul Bashakshehir» (7,5 mln yevro)
O‘zbekistonlik yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev Moskvaning TsSKA klubidan Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga o‘tmoqda. Turklar klubi ushbu 21 yoshli futbolchi uchun 7,5 million yevro to‘laydi. Bugun Rossiyadagi manbalar Fayzullayev tibbiy ko‘rikdan o‘ta olmagani haqida yolg‘on xabar tarqatdi, holbuki futbolchining tibbiy ko‘rikdan o‘tishi 23 iyulga belgilangandi. Ayni vaqtda u transfer jarayonini yakunlash uchun Istanbulga uchib kelgan.
2024/25 yillar mavsumida o‘zbekistonlik futbolchi TsSKA safida RPL doirasida 27 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urdi va to‘rt golga uzatma berdi. U armiyachilar klubi bilan Rossiya kubogi hamda Rossiya superkubogini qo‘lga kiritdi. Transfermarkt portali uning bozordagi narxini 8 million yevroga baholagan.
Sport
Superliga. «Neftchi» yo‘qotishsiz bormoqda, «Buxoro» peshqadamni quvyapti
O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Neftchi» mavsumda birinchi marta gol o‘tkazdi, ammo g‘alabali qadamini davom ettirdi. «Navbahor» va «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi. Jizzaxda 6 ta gol urilgan o‘yinda «Paxtakor» uch ochkoni qo‘lga kiritdi. OKMK birinchi marta g‘alaba qozondi, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov mobil o‘yinlar tufayli futbolchilarda ishtiyoq pasayib ketganini aytdi.
18-20 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
QIZILQUM 0:1 OKMK
Gol: Abror Karimov, 34 (0:1)
OKMK mavsumdagi birinchi g‘alabasini Navoiyda qo‘lga kiritdi. Yagona gol «Qizilqum»ni mag‘lub etish uchun yetarli bo‘ldi. Olmaliqliklar ushbu g‘alabadan keyin musobaqa jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
«Qizilqum» bosh murabbiyi Akmal Rustamov jamoa yagona xato tufayli yutqazganini aytdi. OKMK ustozi Mirjalol Qosimov futbolchilarning ishtiyoqini telefondagi o‘yinlar olib qo‘yayotganidan shikoyat qildi. «Hozir telefon chiqib ko‘plarning xayolini olyapti, telefondagi o‘yinlar maydondagi futboldan ko‘proq azart beryapti. Qaniydi maydonda ham shunday kurash kechsa. Telefondagi o‘yinlar yoshlarning miyasini buzyapti», dedi u.
QO‘QON-1912 2:1 NAVBAHOR
Gollar: Anri Chichinadze, 14 (0:1), Javohir Husanov, pen 28 (1:1), Muhammadanas Hasanov, 90+4 (2:1)
Qo‘qonda kutilmagan natija qayd etildi. G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan mezbonlar «Navbahor»ni irodali tarzda mag‘lub etishga erishdi. G‘alaba keltiruvchi gol so‘nggi daqiqalarda urildi.
«Qo‘qon-1912» ustozi Andrey Shipilov bugun omad kulib boqqanini tan oldi. «Navbahor» bosh murabbiyi Temur Kapadze mag‘lubiyatni boshqa narsalar qatori maydon holati bilan ham bog‘ladi. «Maydon ham og‘ir, o‘t baland ekan, bu esa raqibga qo‘l keldi. Maydonda to‘p sekin yurdi, bizga og‘irlik qildi, maydon holati bilan kurash olib bordik», dedi u.
XORAZM 1:2 BUNYoDKOR
Gollar: Nosirjon Abdusalomov, 16 (0:1), Matiya Krivokapich, 43 pen (0:2), Temur Ismailov, 54 (1:2)
Chetlatish: Sardor Rahmonov, 62 (Bunyodkor)
«Bunyodkor» Urganchdagi qiyin o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Toshkentliklar so‘nggi yarim soatni raqibga nisbatan kamchilikda o‘tkazdi, ammo g‘alabani ushlab qolishga erishdi.
«Xorazm» bosh murabbiyi Sergey Tokov ikkita gol o‘tkazib yuborilgan birinchi bo‘lim haqida «uyalishimiz kerak» dedi. «Bunyodkor» ustozi Ilyos Zeytullayev g‘alabadan xursandligini yashirmadi va o‘zini «o‘zbek Spalettisi» deb atalishiga xotirjam munosabatda ekanini ta’kidladi. «Men o‘zimni o‘zbek spagettisi deyman (kulib). Menga Spaletti murabbiy sifatida yoqadi, lekin men angrenlikman», dedi u.
BUXORO 3:1 DINAMO
Gollar: Ravshan Xayrullayev, 45, avtogol (0:1), Temur Mamasidiqov, 48 (1:1), Shahzodbek Ubaydullayev, 54 (2:1), Ravshan Xayrullayev, 63 (3:1)
Yana bir kutilmagan natija Buxoroda qayd etildi. Aleksandr Xomyakov qo‘l ostidagi «Buxoro» Samarqandning «Dinamo» klubini irodali tarzda mag‘lub etdi. Bu natijadan so‘ng, buxoroliklar musobaqa jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va chempionat startidagi asosiy kashfiyot bo‘lib turibdi.
«Buxoro» bosh murabbiyi o‘yindan keyin «dastlab uyatli gol o‘tkazdik va tezkor gol urdik. Ikkinchi golda omadimiz keldi, uchinchi golimiz esa o‘yinga yakun yasab berdi», dedi. «Dinamo» ustozi Vadim Abramov maydon sifatiga e’tiroz bildirdi. «O‘ylashimcha, bu maydonda futbol o‘ynashga boshqa ruxsat berishmasa kerak», dedi u.
ANDIJON 2:0 MASh’AL
Gollar: Martin Boake, 18 (1:0), Doniyor Abdumannopov, 76 (2:0)
Chetlatish: Ibrohim G‘anixonov, 12 (Mash’al)
«Andijon» autsayder ustidan ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. «Mash’al» o‘yin boshidayoq bir futbolchi kam bo‘lib qoldi. Ibrohim G‘anixonov «Andijon» himoyachisi Igor Golbanga tirsagi bilan zarba bergan deb topildi va maydondan chetlatildi. Vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilindi, qoidabuzarlik yaqqol emasdek ko‘rindi. O‘yindan keyin Futbol hakamlari markazi Igor Golbanning yorilgan qoshi fotosuratini e’lon qildi. Mezbonlar tarkibdagi ustunlikni g‘alabaga aylantira oldi. «Mash’al» hali birorta gol urmadi va jadval tubiga «o‘rnashib» qoldi.
«Andijon» bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘yindan keyin tanqidiy fikr bildirdi: «Jamoam o‘yinidan to‘liq qoniqmadim. Qoniqdim degan murabbiy faoliyatini tugatib qo‘yavergani yaxshi deb o‘ylayman», dedi. «Mash’al» ustozi Igor Surov «agar bir kishi kam bo‘lib qolmaganimizda, umuman boshqacha futbol namoyish etgan bo‘lardik», dedi.
SO‘G‘DIYoNA 2:4 PAXTAKOR
Gollar: Filip Ivanovich, 2 (1:0), Flamarion, 36 (1:1), Rustam Turdimurodov, 50 (1:2), Rustam Turdimurodov, 57 pen (1:3), Hojimat Erkinov, 74 pen (1:4), Feysal Mulich, 90+5 pen (2:4)
Turning eng «quvnoq» o‘yini Jizzaxda o‘tkazildi. 6 ta gol urilgan bahsda «Paxtakor» ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Mehmonlar tarkibida Rustam Turdimurodov ikkita gol urdi. «So‘g‘diyona» uchun mavsum starti muvaffaqiyatsiz kechdi – jamoa 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi.
«So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ivan Boshkovich dastlabki to‘rtta o‘yinda atigi bir ochko to‘plangani haqida gapirar ekan, buni inqiroz ekanini qisman tan oldi, lekin jamoa yanada yaxshiroq harakat qilishiga ishontirdi. Moliyaviy muammolar haqidagi savolni esa javobsiz qoldirdi.
NASAF 0:1 SURXON
Gol: Tornike Dzebniauri, 90+2 (0:1)
Yana bir kutilmagan natija Samarqandda qayd etildi. «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, «Surxon»ga yutqazdi. Termizliklar bundan oldin bosh murabbiy Stanislav Kudryashov bilan xayrlashib, o‘rniga Anvar G‘ofurovni tayinlagan edi. Uning debyuti muvaffaqiyatli chiqdi. «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev mag‘lubiyatni «hujumlarda yetarlicha faol bo‘lmagani» bilan izohladi. Anvar G‘ofurov g‘alabani omad bilan izohladi.
NeFTChI 3:1 LOKOMOTIV
Gollar: Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, 11 (1:0), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 36 pen (1:1), Stipe Peritsa, 65 (2:1), Alisher Odilov, 89 (3:1)
«Neftchi» navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Farg‘onaliklar 15 yilda ilk marotaba «Lokomotiv»ni o‘z maydonida yengishga muvaffaq bo‘ldi va chempionatda yo‘qotishsiz bormoqda. Bu o‘yinda ular mavsumdagi ilk golini o‘tkazdi (penaltidan), ammo yana uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Neftchi» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov dastlabki o‘tkazib yuborilgan goldan ranjiganini tan oldi: «gol o‘tkazmaslik seriyasini uzoq davom ettirishni maqsad qilgandik», dedi. «Lokomotiv» ustozi Mirko Yyelichich: «Hozircha darajamiz «Neftchi» bilan bir xil emas va buni to‘g‘ri tushunish kerak», dedi.
4-tur o‘yinlaridan keyin Superliga jadvali
Superliga to‘purarlari
Sport
FIFA Isroil futbol assotsiatsiyasini jarimaga tortdi
Falastin assotsiatsiyasining shikoyatidan so‘ng, Isroil futbol assotsiatsiyasi taxminan 164 ming yevro miqdorida jarima to‘lashi va yaqinda bo‘lib o‘tadigan o‘z maydonidagi o‘yinlarda banner ilib qo‘yishi kerak, deb qaror qildi FIFA.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA, FIFA) Falastin futbol assotsiatsiyasi (PFA) tomonidan bildirilgan ayblovlardan so‘ng Isroil futbol assotsiatsiyasiga (IFA) nisbatan 150 000 shveysariya franki (taxminan 164 300 yevro) miqdorida jarima qo‘lladi. Tegishli qaror futbol federatsiyasi tomonidan 19 mart, payshanba kuni o‘z saytida e’lon qilindi.
FIFA Intizom qo‘mitasi IFA “FIFAga a’zo assotsiatsiya sifatidagi majburiyatlarini bir necha bor buzgan”, deb topdi va unga FIFA intizom kodeksining 13-moddasi (“Haqoratli xatti-harakat va halol o‘yin tamoyillarini buzish”) hamda 15-moddasi (“Kamsitish va irqiy bayonotlar”)ni buzgani uchun sanksiyalar qo‘lladi.
Qarorga muvofiq, IFA jarimani to‘lashi, keyingi uchta o‘z maydonidagi o‘yinda futbol assotsiatsiyasi logotipi yonida “Futbol dunyoni birlashtiradi — Kamsitishga yo‘q” degan yozuvli “katta va yaxshi ko‘rinadigan banner”ni joylashtirishi, shuningdek jarimaning uchdan bir qismini “kamsitishga qarshi choralarni ta’minlash va takroriy hodisalarning oldini olish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish”ga yo‘naltirishi kerak bo‘ladi. Xabarda aytilishicha, ushbu qaror FIFAning apellyatsiya qo‘mitasida shikoyat qilinishi mumkin.
Sport
O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmadi
Litvalik murabbiy Kotrina Kulbite qo‘l ostidagi jamoa hal qiuvchi bahsda Filippinga yutqazdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogidagi ishtirokini yakunladi.
Litvalik murabbiy Kotrina Kulbite qo‘l ostidagi jamoa kuchli sakkiztalikka kirdi.
Futbolchilar Bangladeshni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Ammo KXDR (0:3), Xitoy (0:3) va Janubiy Koreyaga (0:6) yutqazdi.
Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi kurashda Filippin milliy jamoasiga 0:2 hisobida yutqazdi.
Endi O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi qit’alararo saralash musobaqasida ishtirok etadi. Birinchi bosqich noyabr-dekabr oylarida markazlashgan formatda bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi bosqich 2027 yil fevral oyiga belgilangan.
O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi tarixda biror marta jahon chempionatida ishtirok etmagan.
Sport
«Real» «Bavariya»ga qarshi, «Barsa» yana «Atletiko» bilan o‘ynaydi. YeChLda chorakfinal juftliklari
Turnirda 8 jamoa qoldi.
Chorshanba oqshomida Chempionlar ligasi 2025/26 yillar mavsumi 1/8 finali doirasida yana to‘rt uchrashuv o‘tkazildi: «Arsenal», «Real», «PSJ» va «Sporting» ortidan «Barselona», «Atletiko», «Bavariya» va «Liverpul» jamoalari ham keyingi bosqichga yo‘llanma olishdi.
Chempionlar ligasi 1/8 final natijalari
«Real» – «Manchester Siti» – 5:1 (birinchi o‘yin – 3:0, javob o‘yini – 2:1).
«PSJ» – «Chelsi» – 8:2 (5:2, 3:0).
«Sporting» – «Budyo-Glimt» – 5:3 (0:3, 5:0).
«Arsenal» – «Bayyer» – 3:1 (1:1, 2:0).
«Atletiko» – «Tottenhem» – 7:5 (5:2, 2:3).
«Barselona» – «Nyukasl» – 8:3 (1:1, 7:2).
«Liverpul» – «Galatasaroy» – 4:1 (0:1, 4:0).
«Bavariya» – «Atalanta» – 10:2 (6:1, 4:1).
Pley-offning to‘liq setkasi oldindan ma’lum edi, bundan keyin boshqa qur’a tashlanmaydi. Chorakfinalga chiqqan jamoalar o‘zlarining navbatdagi raqiblarini allaqachon bilishadi.
1/4 final juftliklari
«Real» – «Bavariya»
«PSJ» – «Liverpul»
«Sporting» – «Arsenal»
«Barselona» – «Atletiko»
Birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan jamoalar birinchi o‘yinni o‘z uyida o‘tkazadi.
1/4 final o‘yinlari taqvimi
Keyingi bosqich deyarli uch haftadan keyin, mart oyidagi FIFA kunlari ortidan boshlanadi. Chorakfinaldagi uy va safar uchrashuvlari orasi bir haftani tashkil etadi.
Mart oyi oxirida Yevropa yozgi vaqtga o‘tadi, shuning uchun Chempionlar ligasi yana Toshkent vaqti bilan soat 23:59 dan boshlanadi.
7–8 aprel. Birinchi o‘yinlar
«Real» – «Bavariya»
«PSJ» – «Liverpul»
«Sporting» – «Arsenal»
«Barselona» – «Atletiko»
14–15 aprel. Javob o‘yinlari
«Bavariya» – «Real»
«Liverpul» – «PSJ»
«Arsenal» – «Sporting»
«Atletiko» – «Barselona»
Birinchi va ikkinchi juftliklar g‘oliblari hamda uchinchi va to‘rtinchi juftliklar g‘oliblari yarimfinalda o‘zaro to‘qnashadi.
Yarimfinal bahslari 28-29 aprel va 5-6 may kunlariga belgilangan.
Final 30 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.
«Arsenal» va «Bavariya» – asosiy favoritlar
Har bir bosqichdan keyin Opta superkompyuteri Chempionlar ligasida kim g‘olib bo‘lishi bo‘yicha prognozlarini yangilab bormoqda. Turnir startidan oldin «Liverpul»ning imkoniyatlari eng yuqori baholangandi, o‘tgan mavsum Angliya chempioni bo‘lgan va yozgi transferlarda eng faol bo‘lgan jamoaga 20,6 foiz berilgandi, ammo vaqt o‘tib bu jamoaning imkoniyatlari uch baravar pasaytirildi – 7 foizgacha.
Turnir avvalida ikkinchi asosiy da’vogar «Arsenal» bo‘lib turgandi (15,3 foiz), ammo londonliklarning imkoniyatlari vaqt sayin o‘sib bordi va endi ikki baravar yuqori baholanmoqda.
Setkaning ikkinchi tomonidagi asosiy favorit – «Bavariya». Opta Angliya va Germaniya grandlari Budapeshtdagi finalga yetib kelishini bashorat qilmoqda. «Barselona» va «PSJ»da ham yarimfinalga chiqish imkoniyati yuqori baholangan.
Opta versiyasiga ko‘ra, jamoalarning Chempionlar ligasi g‘olibligi uchun imkoniyatlari:
«Arsenal»da startdan oldin 15,3 foiz, chorakfinal arafasida 30 foiz;
«Bavariya»da startdan oldin 4,5 foiz, chorakfinal arafasida 18 foiz;
«Barselona»da startdan oldin 8,8 foiz, chorakfinal arafasida 14,7 foiz;
«PSJ»da startdan oldin 12 foiz, chorakfinal arafasida 12,1 foiz;
«Real»da startdan oldin 5,8 foiz, chorakfinal arafasida 7 foiz;
«Liverpul»da startdan oldin 20,6 foiz, chorakfinal arafasida 30 foiz;
«Atletiko»da startdan oldin 0,8 foiz, chorakfinal arafasida 4,7 foiz;
«Sporting»da startdan oldin 0,8 foiz, chorakfinal arafasida 3,3 foiz.
Sport
G‘irromchi sug‘urta kompaniyasi va basketbol afsonasining mardligi
1993 yil, aprel. Milliy basketbol assotsiatsiyasi muntazam ligasidagi navbatdagi o‘yini bo‘lib o‘tmoqda. Tanaffus paytida qiziqarli tanlov o‘tkazadi. Unga ko‘ra, xohlovchilar maydon chetidan to‘p irg‘itib, narigi tomondagi savatchaga tushirishi kerak edi. Bir yigit shu ishni uddalaydi. Biroq yutuqni to‘lashi lozim bo‘lgan sug‘urta kompaniyasi g‘irromlik qiladi va pullarini berishdan bosh tortadi. Oxir oqibat yigitga yutuqni “Chicago bulls” jamoasi to‘lab beradi.
Bugun AQSh sportini basketbol o‘yinisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu sport turi muxlislar tashrifi bo‘yicha Amerika futboli va beysboldan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi.
Basketbol AQShda eng ko‘p o‘ynaladigan o‘yin hisoblanadi va bilan mamlakatda 26 milliondan ortiq odam shug‘ullanadi.
Shuningdek, AQSh va Kanada jamoalari ishtirok etadian Milliy basketbol assotsiatsiyasi ligasi dunyo miqyosida eng ko‘p tomosha qilinadigan turnir hisoblanadi.
Jamoaviy o‘ynaladigan boshqa sport turlarida bo‘lgani kabi AQShda bo‘lib o‘tadigan basketbol o‘yinlari juda qiziqarli va keskin kurashlar ostida kechadi.
Shu bilan birga tanaffus paytlarida zaldagi muxlislar uchun turli tanlovlar o‘tkaziladi va o‘yinlar qiziqarli shouga aylanadi.
1993 yilda ana shunday tanlovlarning biri mojaro bilan yakun topadi. “Chicago bulls” jamoasiga homiylik qiluvchi kompaniya mukofot uchun va’da qilingan 1 mln dollarni g‘olib yigit Don Kelhunga to‘lab berishdan bosh tortadi.
Foto: spors.qq.com
Million dollarlik aniq zarba
1993 yil 14 aprel. Chikago shahridagi arenada MBA muntazam ligasida ishtirok etuvchi “Chicago bulls” va “Miami Heat” jamoalari bellashmoqda.
O‘sha paytda AQShlik jahonga mashhur basketbolchi Maykl Jordan “Chicago bulls” jamoasi sharafini himoya qilar va u ham maydonda edi.
O‘yinga tanaffus berilgan paytda “Chicago bulls” jamoasi, “Koka-kola” kompaniyasi Lettuce Entertain You restoranlar tarmog‘idan iborat tashkilotchilar yutuqli tanlov o‘tkazadi.
Tanlovga ko‘ra, avval muxlislar orasidan tasodifiy yo‘l bilan bir necha kishi tanlab olinadi. So‘ng ular navbati bilan basketbol maydonining bir chetidan, ikkinchi chetidagi savatchaga to‘pni uloqtirishi kerak edi.
Qoida aniq: 23 metr uzoqlikdan savatchaga to‘pni aniq tushirgan qatnashchi g‘olib bo‘ladi va u 1 mln dollarga ega chiqadi. Agar bu ishni bir necha kishi bajarsa mukofot puli ular orasida teng taqsimlanadi.
Yutuqni “Chicago bulls” jamoasiga homiylik qilayotgan “American Hole ‘N One” sug‘urta kompanisi to‘lab berishi lozim edi.
Tanlov boshlangach bir necha kishi to‘pni uloqtiradi, biroq savatchaga tushira olmaydi. Aslida bu ish juda qiyin bo‘lib, shu sababli ham tashkilotchilar tanlovga yutuq sifatida katta mablag‘ qo‘ygandi.
Navbat kanselariya do‘koni sotuvchisi bo‘lib ishlovchi Don Kelhunga keladi. Yigit uloqtirgan to‘p to‘g‘ri borib savatchaga tushadi. Shunda arenada o‘tirgan muxlislar yigitni olqishlay boshlaydi.
Foto: Videodan kadr
O‘sha paytda tanaffus olgan basketbolchilar tanlovni kuzatishayotgandi. Ular ham navbati bilan yigitni quchoqlab, tabriklashadi. Jumladan, maydonda bo‘lgan Maykl Jordan ham.
Don Kelhunning qo‘liga 1 dollarlik yutuqqa ega chiqqani haqidagi banner-sertifikat topshiriladi. Yigit o‘sha kuni xursand holda sevimli jamoasining arenasidan chiqib ketadi. Ertasi kuni esa muammo boshlanadi…
G‘irromlik
Don Kelhun ancha-muncha basketbolchilar ham amalga oshirolmaydigan ishni uddalab, mukofot puliga ega chiqqandi. Biroq 23 metrdan to‘pni savatchaga hech kim tushira olmasligiga ishonib pul tikkan sug‘urta kompaniyasi yutuqni to‘lashga kelganda g‘irromlik qilardi.
Kompaniya Don Kelhunga mukofot puli berilmasligini e’lon qilib, buning ikkita sababini keltiradi. Birinchi sababga ko‘ra Don Kelhun to‘pni uloqtirayotganda chiziqni bosgan.
Ikkinchisi, u avvalroq bir muddat kollejdagi jamoa safida basketbol o‘ynagan. Kompaniya tanlov oddiy muxlislar o‘rtasida o‘tkazilganini va unda Donning ishtiroki xato bo‘lganini aytadi.
Ya’ni, sug‘urta kopaniyasi tanlov ishtirokchilari so‘ngi 5 yilda basketbol bilan muntazam shug‘ullanmagan bo‘lishi kerak edi, deb turib oladi.
Foto: Videodan kadr
Shundan so‘ng sug‘urta kopaniyasining vajlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkaziladi. Eng avval Don Kelhun to‘pni uloqtirayotgan paytda chiziqni bosganmi yoki yo‘q, shu tekshiriladi.
Jarayon tasvirga tushirilgandi. Video sinchiklab ko‘rilganda Donning chiziqni bosmagani ma’lum bo‘ladi. Ikkinchi sabab bo‘yicha ham komissiya yigitni haq deb topadi.
Chunki shartga ko‘ra, tanlovda professional sportchi, hatto faoliyatini tugatgan bo‘lsa ham qatnashishi mumkin emasdi. Don Kelhun esa hech qachon basketbol bilan professional tarzda shug‘ullanmagan, shunchaki kollejdagi havaskor jamoada o‘ynagandi.
Sug‘urta kopaniyasining ikkita vaji ham o‘rinli emas, deb topiladi. Biroq ular baribir 1 mln dollarni to‘lashni xohlamaydi.
O‘sha paytda Don Kelhun bilan sodir bo‘lgan hodisa va sug‘urta kompaniyasining g‘irromliq qilayotgani AQSh OAV lari e’tiboriga tushadi va ular birin ketin hodisa haqida yoza boshlaydi. Ammo bu ham sug‘urta kopaniyasining fikrini o‘zgartira olmaydi.
Hodisaga “Chicago bulls” jamoasining aralashuvi
Don Kelhunga qilingan g‘irromlik ommaga oshkor bo‘lgach muxlislar “Chicago bulls” jamoasini ham ayblay boshlaydi. Chunki tanlov jamoaning uy arenasida, uning o‘yini paytida tashkillashtirilgandi.
Qolaversa gazetalar va turli telekanallar har kuni Don Kelhunga qilingan g‘irromlik haqida maqola hamda ko‘rsatuvlar berib, muxlislarni yanada junbushga keltiradi.
Foto: alamy.com
Bu orada bir yilcha vaqt o‘tib ketadi va Don Kelhun sug‘urta kompaniyasidan o‘z yutug‘ini ololmaydi. Kunlarning birida “Chicago bulls” jamoasi rahbariyati 1 mln dollarlik yutuq bo‘yicha matbuot anjuani o‘tkazishi haqida e’lon beradi.
Matbuot anjumanida jamoa rahbariyati sug‘urta kompaniyasidan farqli ravishda Don Kelhun 1 mln dollarni haqqoniy yutganini tan oladi. So‘ng sug‘urta kompaniyasi to‘lashdan bosh tortgan pullarni jamoa to‘lab berishini ma’lum qiladi.
Faqat jamoa rahbariyati Donga pullarni birdaniga emas, har yili 50 ming dollardan 20 yil davomida to‘lab borilishini aytadi. Yigitning bunga ko‘nishdan o‘zga chorasi qolmaydi.
O‘shandan keyin Don Kelhun 2013 yilgacha 20 yil davomida har yili “Chicago bulls” jamoasidan 38 ming dollardan olib turadi. Qolgan 12 ming dollar daromad solig‘i uchun ushlab qolinadi. Shu tariqa yigit o‘zi yutgan mukofot pullarini to‘liq oladi.
Garchi bir urinishda million dollarni yutgan bo‘lsa-da Don Kelhun millionerga aylana olmaydi – u kanselariya mahsulotlari sotiladigan magazindagi ishini davom ettiradi.
Mashmashaga Maykl Jordanning aralashuvi
Don Kelhun to‘pni savatchaga tushirgan kuni afsonaviy basketbolchi Maykl Jordan ham maydonda edi. Boshqalar kabi u ham g‘olibni tabriklaydi.
Foto: Videodan kadr
O‘yin so‘ngida “Chicago bulls” jamoasining barcha o‘yinchilari Don Kelhun savatchaga tushirgan to‘pga dastxat qo‘yib berishlari lozim edi. O‘shanda faqat bir kishi – Maykl Jordan bu ishni qilmaydi. Jamoadoshlari dastxat qo‘yayotganda u indamay kiyinish xonasiga kirib ketadi.
Mayklning dastxat qo‘ymagani sababi bor edi. 1992 yilda u Upper Deck kompaniyasi bilan shartnoma imzolagandi.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, Upper Deck Jordanning dastxati tushirilgan turli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yagona kompaniya hisoblanardi.
Sportchi va kompaniya o‘rtasida tuzilgan shartnomada Jordanning futbolka, to‘plar va boshqa narsalarga dastxat qo‘yishi cheklangandi. Jordan faqat xayriya tadbirida yoki kasal bolalar uchun dastxat qo‘yishi mumkin edi.
Don Kelhun nima qilib bo‘lsa ham Jordanning dastxatini olishni maqsad qiladi va “Chicago bulls” jamoasining o‘yinlariga muntazam tusha boshlaydi. Biroq mashhur o‘yinchining dastxatini ololmaydi.
Oradan bir yilcha vaqt o‘tadi. Sug‘urta kompaniyasi hamon mukofot pulini to‘lab berishni kechiktirib kelar, Don esa da’vogar sifatida yurgandi. Bir kuni yigit Maykl Jordan o‘g‘lining o‘yinlarini ko‘rish uchun u o‘qiydigan maktabga borib turishini eshitadi va o‘sha yoqqa otlanadi.
Foto: memedeportes.com
Biroq tan soqchilar uni Mayklning oldiga qo‘ymaydi. Ular sportchi baribir dastxat bermasligini ta’kidlaydi. Don u yerdan chiqib ketayotganida tan soqchilardan biri uni quvib yetadi va Maykl chaqirayotganini aytadi.
Yigit Jordan bilan uchrashganda sportchi Donni taniydi va “Pulingizni oldingizmi?” deb so‘raydi. Yigit olmaganini bildiradi.
Shundan so‘ng Jordan “Chicago bulls” rahbariyatiga bosim o‘tkazadi va yigitga yutuqni to‘lab berishni talab qiladi. Avvaliga jamoa rahbariyati ko‘nmaydi.
Biroq bir muddat o‘tgach klub rahbariyati o‘zining eng yaxshi o‘yinchisi qo‘ygan talabga ko‘nishga majbur bo‘ladi.
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat2 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Jamiyat4 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Iqtisodiyot2 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Iqtisodiyot4 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot4 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
