Sport
Superliga. «Neftchi» yo‘qotishsiz bormoqda, «Buxoro» peshqadamni quvyapti
O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Neftchi» mavsumda birinchi marta gol o‘tkazdi, ammo g‘alabali qadamini davom ettirdi. «Navbahor» va «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi. Jizzaxda 6 ta gol urilgan o‘yinda «Paxtakor» uch ochkoni qo‘lga kiritdi. OKMK birinchi marta g‘alaba qozondi, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov mobil o‘yinlar tufayli futbolchilarda ishtiyoq pasayib ketganini aytdi.
18-20 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
QIZILQUM 0:1 OKMK
Gol: Abror Karimov, 34 (0:1)
OKMK mavsumdagi birinchi g‘alabasini Navoiyda qo‘lga kiritdi. Yagona gol «Qizilqum»ni mag‘lub etish uchun yetarli bo‘ldi. Olmaliqliklar ushbu g‘alabadan keyin musobaqa jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
«Qizilqum» bosh murabbiyi Akmal Rustamov jamoa yagona xato tufayli yutqazganini aytdi. OKMK ustozi Mirjalol Qosimov futbolchilarning ishtiyoqini telefondagi o‘yinlar olib qo‘yayotganidan shikoyat qildi. «Hozir telefon chiqib ko‘plarning xayolini olyapti, telefondagi o‘yinlar maydondagi futboldan ko‘proq azart beryapti. Qaniydi maydonda ham shunday kurash kechsa. Telefondagi o‘yinlar yoshlarning miyasini buzyapti», dedi u.
QO‘QON-1912 2:1 NAVBAHOR
Gollar: Anri Chichinadze, 14 (0:1), Javohir Husanov, pen 28 (1:1), Muhammadanas Hasanov, 90+4 (2:1)
Qo‘qonda kutilmagan natija qayd etildi. G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan mezbonlar «Navbahor»ni irodali tarzda mag‘lub etishga erishdi. G‘alaba keltiruvchi gol so‘nggi daqiqalarda urildi.
«Qo‘qon-1912» ustozi Andrey Shipilov bugun omad kulib boqqanini tan oldi. «Navbahor» bosh murabbiyi Temur Kapadze mag‘lubiyatni boshqa narsalar qatori maydon holati bilan ham bog‘ladi. «Maydon ham og‘ir, o‘t baland ekan, bu esa raqibga qo‘l keldi. Maydonda to‘p sekin yurdi, bizga og‘irlik qildi, maydon holati bilan kurash olib bordik», dedi u.
XORAZM 1:2 BUNYoDKOR
Gollar: Nosirjon Abdusalomov, 16 (0:1), Matiya Krivokapich, 43 pen (0:2), Temur Ismailov, 54 (1:2)
Chetlatish: Sardor Rahmonov, 62 (Bunyodkor)
«Bunyodkor» Urganchdagi qiyin o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Toshkentliklar so‘nggi yarim soatni raqibga nisbatan kamchilikda o‘tkazdi, ammo g‘alabani ushlab qolishga erishdi.
«Xorazm» bosh murabbiyi Sergey Tokov ikkita gol o‘tkazib yuborilgan birinchi bo‘lim haqida «uyalishimiz kerak» dedi. «Bunyodkor» ustozi Ilyos Zeytullayev g‘alabadan xursandligini yashirmadi va o‘zini «o‘zbek Spalettisi» deb atalishiga xotirjam munosabatda ekanini ta’kidladi. «Men o‘zimni o‘zbek spagettisi deyman (kulib). Menga Spaletti murabbiy sifatida yoqadi, lekin men angrenlikman», dedi u.
BUXORO 3:1 DINAMO
Gollar: Ravshan Xayrullayev, 45, avtogol (0:1), Temur Mamasidiqov, 48 (1:1), Shahzodbek Ubaydullayev, 54 (2:1), Ravshan Xayrullayev, 63 (3:1)
Yana bir kutilmagan natija Buxoroda qayd etildi. Aleksandr Xomyakov qo‘l ostidagi «Buxoro» Samarqandning «Dinamo» klubini irodali tarzda mag‘lub etdi. Bu natijadan so‘ng, buxoroliklar musobaqa jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va chempionat startidagi asosiy kashfiyot bo‘lib turibdi.
«Buxoro» bosh murabbiyi o‘yindan keyin «dastlab uyatli gol o‘tkazdik va tezkor gol urdik. Ikkinchi golda omadimiz keldi, uchinchi golimiz esa o‘yinga yakun yasab berdi», dedi. «Dinamo» ustozi Vadim Abramov maydon sifatiga e’tiroz bildirdi. «O‘ylashimcha, bu maydonda futbol o‘ynashga boshqa ruxsat berishmasa kerak», dedi u.
ANDIJON 2:0 MASh’AL
Gollar: Martin Boake, 18 (1:0), Doniyor Abdumannopov, 76 (2:0)
Chetlatish: Ibrohim G‘anixonov, 12 (Mash’al)
«Andijon» autsayder ustidan ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. «Mash’al» o‘yin boshidayoq bir futbolchi kam bo‘lib qoldi. Ibrohim G‘anixonov «Andijon» himoyachisi Igor Golbanga tirsagi bilan zarba bergan deb topildi va maydondan chetlatildi. Vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilindi, qoidabuzarlik yaqqol emasdek ko‘rindi. O‘yindan keyin Futbol hakamlari markazi Igor Golbanning yorilgan qoshi fotosuratini e’lon qildi. Mezbonlar tarkibdagi ustunlikni g‘alabaga aylantira oldi. «Mash’al» hali birorta gol urmadi va jadval tubiga «o‘rnashib» qoldi.
«Andijon» bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘yindan keyin tanqidiy fikr bildirdi: «Jamoam o‘yinidan to‘liq qoniqmadim. Qoniqdim degan murabbiy faoliyatini tugatib qo‘yavergani yaxshi deb o‘ylayman», dedi. «Mash’al» ustozi Igor Surov «agar bir kishi kam bo‘lib qolmaganimizda, umuman boshqacha futbol namoyish etgan bo‘lardik», dedi.
SO‘G‘DIYoNA 2:4 PAXTAKOR
Gollar: Filip Ivanovich, 2 (1:0), Flamarion, 36 (1:1), Rustam Turdimurodov, 50 (1:2), Rustam Turdimurodov, 57 pen (1:3), Hojimat Erkinov, 74 pen (1:4), Feysal Mulich, 90+5 pen (2:4)
Turning eng «quvnoq» o‘yini Jizzaxda o‘tkazildi. 6 ta gol urilgan bahsda «Paxtakor» ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Mehmonlar tarkibida Rustam Turdimurodov ikkita gol urdi. «So‘g‘diyona» uchun mavsum starti muvaffaqiyatsiz kechdi – jamoa 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi.
«So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ivan Boshkovich dastlabki to‘rtta o‘yinda atigi bir ochko to‘plangani haqida gapirar ekan, buni inqiroz ekanini qisman tan oldi, lekin jamoa yanada yaxshiroq harakat qilishiga ishontirdi. Moliyaviy muammolar haqidagi savolni esa javobsiz qoldirdi.
NASAF 0:1 SURXON
Gol: Tornike Dzebniauri, 90+2 (0:1)
Yana bir kutilmagan natija Samarqandda qayd etildi. «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, «Surxon»ga yutqazdi. Termizliklar bundan oldin bosh murabbiy Stanislav Kudryashov bilan xayrlashib, o‘rniga Anvar G‘ofurovni tayinlagan edi. Uning debyuti muvaffaqiyatli chiqdi. «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev mag‘lubiyatni «hujumlarda yetarlicha faol bo‘lmagani» bilan izohladi. Anvar G‘ofurov g‘alabani omad bilan izohladi.
NeFTChI 3:1 LOKOMOTIV
Gollar: Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, 11 (1:0), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 36 pen (1:1), Stipe Peritsa, 65 (2:1), Alisher Odilov, 89 (3:1)
«Neftchi» navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Farg‘onaliklar 15 yilda ilk marotaba «Lokomotiv»ni o‘z maydonida yengishga muvaffaq bo‘ldi va chempionatda yo‘qotishsiz bormoqda. Bu o‘yinda ular mavsumdagi ilk golini o‘tkazdi (penaltidan), ammo yana uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Neftchi» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov dastlabki o‘tkazib yuborilgan goldan ranjiganini tan oldi: «gol o‘tkazmaslik seriyasini uzoq davom ettirishni maqsad qilgandik», dedi. «Lokomotiv» ustozi Mirko Yyelichich: «Hozircha darajamiz «Neftchi» bilan bir xil emas va buni to‘g‘ri tushunish kerak», dedi.
4-tur o‘yinlaridan keyin Superliga jadvali
Superliga to‘purarlari
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat14 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport14 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat1 hour ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
