Jamiyat
Raqamli tuzoq va yoshlar — giyohvandlikka qarshi kurash
Har kuni millionlab yoshlar smartfonini qo‘liga oladi, ijtimoiy tarmoqlarga kiradi, yangiliklar o‘qiydi, videolar tomosha qiladi. Bu zamonaviy hayotning oddiy manzarasi. Ammo shu manzara ortida ko‘zga ko‘rinmas bir tahdid yashiringan. Bu — raqamli vositalar orqali yoshlar orasida kuchayib borayotgan giyohvandlikning yangi to‘lqini.
Bir paytlar giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi ko‘cha-ko‘ylarda, yashirin uchrashuv joylarida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugun u internet tarmoqlari, messenjerlar va ijtimoiy platformalarga ko‘chmoqda. Endi xavf eshigimizni taqillatib kelmaydi. U bizning uyimizga farzandlarimiz qo‘lidagi telefon orqali kirib kelmoqda.
Muammoning eng xavotirli jihati shundaki, giyohvandlik endi faqat tibbiy yoki huquqiy masala emas. U mamlakatning kelajagi, yoshlar salohiyati va jamiyat barqarorligiga daxldor strategik muammoga aylanib ulgurdi.
Global manzara
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab giyohvand moddalar iste’moli bilan bog‘liq holatlar tobora ortib bormoqda. BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC)ning hisobotiga ko‘ra:
296 million kishi — 2022-yilda narkotik moddalarni kamida bir marta iste’mol qilgan. Bu 2012-yilga nisbatan 23 foizga ko‘p.
39,5 million kishi — narkotikka bog‘liqlik kasalligi bilan og‘riydi, ammo ularning 80 foizidan ortig‘i hech qanday davolanish yordamini olmagan.
500 mingdan ortiq odam — har yili narkotikka bog‘liq sabablar tufayli vafot etadi.
30 foiz — global narkotik savdosining raqamli kanallar (sayt va ijtimoiy tarmoqlar) orqali amalga oshirilayotgan qismi bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2018-yilga nisbatan ikki barobar oshgan.
Yoshlar segmentida muammo yanada o‘tkir. 15-34 yoshlilar barcha narkotik iste’molchilarining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Aynan shu guruh iqtisodiy jihatdan eng faol, oilaviy muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutadigan qatlam hisoblanadi.
O‘zbekistondagi tendensiya
Mamlakatimiz ham bu global muammodan chetda emas. O‘zbekiston geografik jihatdan muhim tranzit hududda joylashgani sababli xavf omillari doimo mavjud. Keyingi yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, raqamli muhitda tarqalayotgan yangi psixoaktiv modda (an’anaviy usullarda aniqlanishi qiyinroq bo‘lgan narkotik preparat)lar va yashirin onlayn savdo kanallari yangi chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa profilaktika, monitoring va huquqni muhofaza qilish faoliyati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Qolaversa, narkotik iste’moli bilan bog‘liq tibbiy murojaatlar orasida 18-30 yosh guruhi ulushi ortib bormoqda.
Shu bois giyohvandlikka qarshi kurashga faqat jazo yoki taqiq nuqtai nazaridan yondashish yetarli emas. Dunyo tajribasi ham shuni ko‘rsatmoqda: muammoning ildiziga qarshi kurashish uchun davlat, ta’lim tizimi va fuqarolik jamiyati birgalikda harakat qilishi lozim.
“Bu mumkin emas”, “bunday qilma…”
Avvalo, davlatning roli hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qonunlar, strategiyalar va muassasalar orqali muammoga qarshi tizimli yondashuv shakllantiriladi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 6-maydagi «O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya» va sohadagi huquqiy islohotlar bu borada muhim qadam bo‘ldi. Lekin har qanday qonun faqat qog‘ozda qolib ketmasligi uchun uni hayotga tatbiq etadigan ijtimoiy muhit ham bo‘lishi kerak.
Ana shu nuqtada ta’lim tizimi birinchi safga chiqadi. Maktab va oliy ta’lim muassasalari millionlab yoshlar bilan har kuni muloqot qiladigan yagona tizim hisoblanadi. Shuning uchun profilaktikaning eng samarali maydoni ham aynan ta’lim sohasidir.
Biroq bu yerda muhim savol tug‘iladi: yoshlarga giyohvandlik haqida qanday gapirish kerak?
Ko‘p yillar davomida qo‘llanilgan “bu mumkin emas”, “bunday qilma” qabilidagi quruq taqiqlar kutilgan natijani bermagan. Psixologlar fikricha, ayniqsa o‘smir yoshidagi bolalar taqiqlangan narsalarga nisbatan ko‘proq qiziqish bildirishi mumkin.
Shuning uchun zamonaviy profilaktika taqiqlash emas, tushuntirish va hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga asoslanishi zarur. Yoshlarga mustaqil qaror qabul qilish, bosimlarga qarshi tura olish, tanqidiy fikrlash va raqamli xavfsizlik qoidalarini o‘rgatish bugun har qachongidan muhim.
“Raqamli immunitet”ni shakllantirish vaqti keldi
Bu borada ayniqsa, raqamli savodxonlik masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bugungi yosh internetdagi har qanday ma’lumotni haqiqat sifatida qabul qilishi mumkin. Giyohvandlikni targ‘ib qiluvchi kontent esa ko‘pincha zamonaviy hayot tarzi, erkinlik yoki “omadli hayot” ko‘rinishida taqdim etiladi.
Aslida esa har bir narkotik modda ortida inson salomatligi, kelajagi va taqdiriga tahdid yashiringan.
Ta’lim muassasalarida “raqamli immunitet”ni shakllantirish vaqti keldi. Bu yoshlarni internetdagi manipulyasiyalardan himoya qilish, xavfli axborotni tanib olish va unga qarshi ongli munosabatni shakllantirish demakdir.
Fuqarolik jamiyati institutlari ham ishtirokchi
Davlat va ta’lim tizimining sa’y-harakatlari ham yetarli bo‘lmasligi mumkin. Chunki yoshlarning hayoti maktab yoki oliygoh bilan cheklanmaydi. U oilada, mahallada, do‘stlar davrasida va jamoatchilik muhitida shakllanadi.
Shu sababli fuqarolik jamiyati institutlari ham giyohvandlikka qarshi kurashning muhim ishtirokchisi hisoblanadi.
O‘zbekistonning eng katta ustunliklaridan biri mahalla institutidir. Mahalla faqat quyi boshqaruv tizimi emas, balki ijtimoiy nazorat va o‘zaro yordam muhiti hamdir. Ko‘p hollarda oiladagi muammolarni davlat idoralaridan oldin mahalla faollari sezishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari ham profilaktika ishlarida muhim o‘rin tutadi. Ular aholi bilan yaqin ishlaydi, yangi yondashuvlarni sinab ko‘radi va jamoatchilik ishonchini qozona oladi.
Bugungi kunda aynan ishonch eng muhim resursga aylanmoqda. Yoshlar rasmiy chaqiriqlardan ko‘ra o‘z tengdoshlarining fikriga ko‘proq quloq tutishadi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi yosh blogerlar, talabalar va faollarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro tajriba ham shuni ko‘rsatadiki, giyohvandlikka qarshi eng samarali kurash faqat huquqiy choralar bilan emas, balki jamiyatning barcha qatlamlarini jalb qilish orqali amalga oshiriladi.
Janubiy Koreya tajribasida qat’iy nazorat ta’lim va profilaktika bilan uyg‘unlashtirilgan. Germaniyada esa asosiy e’tibor insonni jazolash emas, balki uni davolash va jamiyatga qaytarishga qaratilgan. AQSh tajribasi esa yoshlar bilan doimiy ishlash va ommaviy axborot vositalarining ahamiyatini ko‘rsatadi.
Bu tajribalardan chiqadigan eng muhim xulosa bitta: giyohvandlikka qarshi kurashni faqat bir tashkilot yoki bir sohaning zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. Bugun farzandlarimizga tahdid solayotgan xavflar hamkorlikni talab qilmoqda.
Uch ustun
Davlat qonun bilan himoya qilishi kerak. Ta’lim tizimi bilim va ongni shakllantirishi zarur. Fuqarolik jamiyati esa ishonchli ijtimoiy muhitni yaratishi lozim. Ana shu uch ustun birgalikda harakat qilgandagina giyohvandlikka qarshi barqaror immunitetni shakllantirish mumkin bo‘ladi.
Eng muhimi, biz muammoni kech bo‘lmasdan anglashimiz zarur. Chunki har bir saqlab qolingan yosh taqdir, bu faqat bir insonning emas, balki butun mamlakat kelajagining saqlab qolinishidir.
Giyohvandlikka qarshi kurash huquqni muhofaza qilish organlarininggina vazifasi emas. Bu har bir ota-ona, har bir o‘qituvchi, har bir mahalla faoli va har bir fuqaroning mas’uliyatidir. Kelajak uchun kurash esa aynan shu mas’uliyatdan boshlanadi.
Nurillo To‘xtasinov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
«Davlat boshqaruvi» kafedrasi katta o‘qituvchisi
Jamiyat
Soliq oliy maktabida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari ochiladi
O‘zbekistonda soliq sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentning “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–227-son, 2026 yil 16 iyun) qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2026 yil 19 maydagi PF–95-sonli farmoniga asosan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etilgan. Shuningdek, uning tarkibida Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyat yuritadi.
Qarorga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab Soliq oliy maktabida o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinadi. 2027-2028 o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi hamda moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.
Bitiruvchilar davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun zarur o‘quv kurslarini tamomlaganligi haqida hujjat ham oladi.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi sertifikatlarini qo‘lga kiritgan talabalarning mazkur sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplab beriladi.
Jamiyat
FVB tizimiga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi
Buxoro viloyatida fuqaroni Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan shaxs 3,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. fuqaro S.I.ning ishonchiga kirib, uni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimiga ishga kirish imtihonlaridan o‘tkazib berishini aytgan.
Ma’lum qilinishicha, u mazkur xizmat evaziga 3 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi
Toshkent shahridagi muhim ko‘chalardan bir qismiga Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi. Bu haqda tegishli prezident qarori qabul qilindi.
Prezidentning 2026 yil 15 iyundagi qaroriga muvofiq, poytaxtning Yashnobod tumanida barpo etilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboniga tutash hududda joylashgan Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismi Mustafo Kamol Otaturk nomi bilan ataladi.
Hujjatga ko‘ra, yangi nom Istiqbol, Farg‘ona yo‘li va Nukus ko‘chalari kesishmasidan boshlanib, Abdulla Qodiriy ko‘chasi hamda Mahtumquli shohko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan hududga beriladi.
Qaror O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va yaqinlik rishtalarini e’tirof etish maqsadida qabul qilingani ta’kidlanmoqda.
Mustafo Kamol Otaturk XX asrda Turkiya davlatchiligini shakllantirgan eng muhim siyosiy arboblardan biri sifatida tanilgan. U mamlakat mustaqilligi uchun kurashga rahbarlik qilgan, respublika boshqaruv tizimini joriy etgan hamda keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan.
Mazkur tashabbus Toshkentda yaratilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboni bilan uyg‘un holda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yana bir ramzi sifatida baholanmoqda.
Qarorning amaliy ijrosi doirasida tegishli davlat organlari va mahalliy hokimliklarga ko‘chani qayta nomlash hamda manzil ma’lumotlarini yangilash bilan bog‘liq tashkiliy choralarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Jamiyat
Afg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
Surxondaryo viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, Chegara qo‘shinlari va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Afg‘onistondan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan jami 37,6 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilinib, ushbu jinoyatlarga aloqador shaxslar qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarma va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Afg‘onistondan mamlakat hududiga 25 kg 444 gramm «opiy» hamda 11 kg 86 gramm «gashish» moddalari kontrabanda qilingani aniqlangan.
Shundan so‘ng giyohvandlik vositalarining buyurtmachilarini aniqlash va qo‘lga olish maqsadida maxsus choralar ko‘rilgan. Natijada nazorat ostida Samarqand shahriga yetkazilgan narkotik moddalarni qabul qilib olish vaqtida 1989 va 1997 yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro hamda 1993 va 1995 yillarda tug‘ilgan ikki nafar xorijlik fuqaro ushlangan.
Bundan tashqari, DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi Termiz xalqaro savdo markazida 1 kg 76 gramm «opiy» moddasini shartli xaridorga 5 ming AQSh dollariga sotish vaqtida qo‘lga olingan.
Tergov jarayonida mazkur shaxslar giyohvandlik vositalarini mamlakat hududiga yashirin olib kirish uchun o‘z ichki organlaridan «jonli konteyner» sifatida foydalangani ma’lum bo‘lgan.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda Lacetti va BYD to‘qnashuvi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi uch nafar insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Fojiali to‘qnashuvda Lacetti avtomobili haydovchisi va uning ikki nafar yo‘lovchisi voqea joyida halok bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 16 iyun kuni tungi vaqtda Toshkent halqa avtomobil yo‘lida yuz bergan. Chorrahada harakatlanayotgan Lacetti hamda qarama-qarshi tomondan kelayotgan BYD avtomobili o‘rtasida kuchli to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotlariga ko‘ra, BYD avtomobilini voyaga yetmagan shaxs boshqargan bo‘lib, u haydovchilik huquqini beruvchi hujjatga ega bo‘lmagan.
To‘qnashuvning kuchli zarbasi oqibatida Lacetti avtomashinasida bo‘lgan uch nafar shaxs og‘ir jarohatlar olgan va ularning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Voqea joyidagi tasvirlarda avtomobillarga jiddiy shikast yetgani hamda yo‘l infratuzilmasining ayrim qismlari zarar ko‘rganini ko‘rish mumkin.
Mazkur holat bo‘yicha transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda mutaxassislar hodisa sabablari va unga olib kelgan barcha holatlarni o‘rganmoqda.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Mahalliy3 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Jamiyat2 days agoToshkentda renovatsiyaning birinchi bosqichi boshlandi
-
Sport2 days agoDik Advokat jahon chempionatlari tarixidagi eng yoshi ulug‘ murabbiyga aylandi
