Jamiyat
Qo‘rquv davlat siyosatiga aylangandi – cheklanmagan hokimiyat fojiasi
Bu xalq hokimiyatdan mo‘jiza kutishda davom etardi, biroq vaziyat o‘sha-o‘sha edi. Yetakchining vafoti ham yechim bo‘lmadi. Chunki butun tizim zararlanib bo‘lgandi, odamlar boshqacha yashashni bilmasdi. “5 daqiqa”ning ushbu sonida Gabriel Garsia Markesning “Buzrukning kuzi” romani orqali diktaturaning tuzatib bo‘lmas oqibatlari, millat va davlat fojiasi haqida gaplashamiz.
Asar boshida xalq diktatorning o‘lik tanasini saroydan topadi. Undan hid keladi, g‘amgin qushlar qasr ichida uchib yuradi, devorlar nurab boshlagan. Bu manzara faqat jismoniy o‘lim emas, balki butun tizimning ma’naviy halokatiga ishora qilardi. Ammo shu o‘lim bilan asar tugamaydi, aksincha, mana shu nuqtadan voqealar boshlanadi.
Diktatorning hayoti orqaga qaytib, bo‘lak-bo‘lak holda ko‘z oldingizda gavdalanadi. Uning bolaligi, hokimiyatga kelishi, mutlaq kuchni qo‘lga olishi va yillar davomida xalqni qo‘rquv orqali boshqarishi bir-biriga ulangan epizodlar sifatida beriladi. Markes vaqtni buzadi: kecha, bugun va erta orasida aniq chegara yo‘qoladi. Bu usul tasodifiy emas – diktaturada ham vaqt yo‘qoladi, chunki barcha narsa bir odamning irodasiga bog‘lanib qoladi.
Voqealar davomida diktator obrazi aniq shaxsdan ko‘ra, umumlashgan timsolga aylanadi. U bir vaqtning o‘zida mehribon o‘g‘ildek onasiga bog‘langan, lekin millionlab odamlar taqdiri bilan bemalol o‘ynaydigan zolim sifatida namoyon bo‘ladi. Ona – asarning muhim nuqtalaridan biri. U diktator uchun muqaddas, hatto davlatdan ham ustun. Onasi tirik vaqtida u hali ham insonga o‘xshaydi, uning o‘limi esa diktatorni butunlay yolg‘iz qoldiradi.
Davlatni xususiylashtirib oladi
Asarda hokimiyatning tashqi ko‘rinishi ham, ichki mexanizmi ham bosqichma-bosqich ochib beriladi. Diktator saylovlarni soxtalashtiradi, raqiblarni yo‘q qiladi, vazirlarni o‘z xohishiga ko‘ra almashtiradi. U butun bir dengizni chet elliklarga sotib yuboradi – bu voqea mutlaq hokimiyat odamni qanday aqldan ozdirishini ko‘rsatadi. Davlat endi xalqniki emas, balki bir odamning xususiy mulkiga aylanib qolgandi.
Voqealar chuqurlashgani sari, diktatorning yakkaligi kuchayadi. Atrofida minglab xizmatkorlar, harbiylar, amaldorlar bor, lekin ishonch yo‘q. U hammaga, hatto o‘z farzandlariga ham shubha bilan qaray boshlaydi. Asarda uning ko‘plab farzandlari borligi aytilsa-da, ularning taqdiri deyarli noma’lum, ismsiz, ruhsiz tasvirlanadi.
Roman davomida xalq obrazi ham o‘zgarib boradi. Boshida qo‘rqqan, so‘zsiz itoat etgan omma keyinchalik charchagan, umidsiz holatga keladi. Ammo ular ham diktatorsiz yashashni bilmaydi. Uning o‘limi haqida xabar tarqalganda, xalq ishonmaydi. Chunki u avval ham bir necha bor “o‘lgan”, lekin yana qaytib kelgan.
U jamiyatda lavozim, sadoqat sotilardi
Asarda qo‘rquvga alohida urg‘u beriladi. Biroq qo‘rquv bu yerda hissiyot emas, balki davlat siyosatiga aylanib ulgurgan edi. Odamlar bir-biridan qo‘rqardi. Natijada hech kimga ishonib bo‘lmasdi. Parchalangan jamiyatni esa boshqarish oson bo‘ladi.
Yaqinlarga mansab berish – bu tizimda odatiy holatga aylanadi. Lavozim bilim yoki tajriba uchun emas, sadoqat uchun beriladi. Shu yo‘l bilan saroy atrofidagi odamlar o‘z xavfsizligini sotib oladi. Jamiyat esa bunga ko‘nikib boradi. Insonlar mehnat bilan emas, tanish-bilish bilan yuqoriga chiqayotganini ko‘rgan xalq sekin-asta talab qilishdan voz kechadi.
Diktatorning jismoniy va ruhiy yemirilishi chuqurlashib boraveradi. U qariydi, xotirasi zaiflashadi, voqelik bilan xayolni ajrata olmay qoladi. Qasr ham u bilan birga to‘kilib boradi. Ammo hukumatdan ketish haqida o‘ylamaydi, xalqni ham, davlatni ham nikohiga olgandek yashayveradi.
Buzruklar kelaveradi…
Yakunda diktator haqiqatan ham o‘ladimi-qoladimi, bu muhim emas. Lekin bu asar sizning “Bir zolim ketsa, hammasi tugaydi” degan tasavvurlaringizni parchalab tashlaydi. Chunki xalq o‘zini tanib olmasa, har kim adolatni o‘zidan boshlamasa, tepaga buzruklar kelishi uchun hamisha yo‘l ochiq qolaveradi.
Jamiyat
Alkogol ichimliklarni reklama qilgan bloger ma’muriy javobgarlikka tortildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklama materiallarining qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring davomida bloger N.Sobirovning sahifasida alkogolli ichimliklar reklamasi joylashtirilgani aniqlandi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mazkur reklama amaldagi qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
O‘rganish natijalari asosida blogerga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy chora ko‘rildi.
«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasiga muvofiq, har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklarni reklama qilish taqiqlangan.
Qonunchilikda faqat pivo, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar reklamasiga belgilangan vaqt, shakl va auditoriya bo‘yicha cheklovlarga rioya etilgan holdagina ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda alkogolli ichimliklarni har qanday shaklda reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Raqobat qo‘mitasi bloger N.Sobirov reklama qilinishi qonun bilan taqiqlangan mahsulotni targ‘ib qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
Holat yuzasidan rasmiylashtirilgan tegishli hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda sudga yuborilgan.
Jamiyat
Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.
Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.
Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.
Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.
Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.
Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.
Foto: EPA / YONHAP / TASS
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
-
Jamiyat5 days agoNikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?
-
Jamiyat4 days agoXalqaro qidiruvdagi fuqaro Varshavadan Toshkentga olib kelindi
-
Jamiyat5 days agoJazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
-
Dunyodan17 hours ago
Vengriya prezidenti isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy oʻzgartirishni imzoladi
-
Siyosat4 days agoRustam Jo‘layev Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik agentligi rahbari etib tayinlandi
-
Sport4 days agoFIFA prezidenti Infantinoga 200 dan ortiq mamlakat ishonch bildirmoqda
-
Jamiyat3 days agoZangiotadagi propan shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash sababi ma’lum qilindi
