Jamiyat
“Qizimning birgina gapi meni hayotga qaytardi” – 43 yoshida diplom olgan muallim
Rabbiniso Tojialiyevaning hayot yo‘li ancha murakkab. Bundan bir necha yil muqaddam avtohalokat tufayli u turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lidan ajraladi. Baxtsiz hodisadan keyin ota hovlisiga qaytib kelgan ona qolgan ikki qizi uchun ham hayotda kuchli bo‘lish kerakligini anglab yetadi. U 43 yoshida qizi bilan oliygohda birga o‘qib diplomli ham bo‘ladi. Ayni paytda Rabbiniso opa Rishton tumanidagi 18-maktabda o‘qituvchilik qiladi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Maktabsiz hayotimni tasavvur qila olmayman…
“Yoshim 57 da, pensiyaga chiqqanimga uch yil bo‘ldi, lekin maktab, bolalarsiz yashay olmayman. O‘qituvchilik sharafli kasblardan biri. O‘qituvchilikning nonini yeyishning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor albatta. Bu mas’uliyatni doimo o‘zimda his qilaman. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ayniqsa, beg‘ubor bo‘ladi. Ular bilan muloqot qilganingizda butun qalbingizdagi boshqa bir g‘uborlar tarqaladi-da, o‘zingiz ham yosh boladay bo‘lib qolasiz.
Uch farzandim bor edi. Ikki qiz, bir o‘g‘il. Bu dunyo sinovlari ko‘p ekan. Turmush o‘rtog‘im bilan o‘g‘lim baxtsiz hodisa tufayli vafot etishdi. Ikki qiz bilan qoldim. O‘shanda 39 yoshda edim. Turmush o‘rtog‘im 42 yosh, o‘g‘lim esa 15 yosh edi. O‘sha birinchi daqiqalarda bo‘ldi, hayot tugadi endi degan o‘yga borganman. Birinchi miyaga kelgan fikr shu bo‘lar ekan-da odamzotda. Lekin to‘ng‘ich qizimning “Ona, biz-chi?” degan gapi hayotimni o‘zgartirib yubordi. Shu birgina so‘zdan keyin o‘zimga keldim. O‘sha daqiqadan boshlab qiynalgan paytlarimda, mablag‘ tomonidan bo‘ladimi, mehr tomonidanmi, shu qizimning “Biz-chi?” degan gapi qulog‘imda jaranglardi. Ha, ikkita qizim bor-ku. Shular uchun yashayman endi bundan keyin, iloji yo‘q deb qizlarim uchun ham yashay boshladim.
Katta qizim 11-sinfni bitirdi. Birinchi, ikkinchi yili o‘ta olmagan bo‘lsa ham baribir qaytmadi yo‘lidan, men ham qaytmadim. O‘qiysan, baribir o‘qiysan. Xotiringni bir joyga qo‘ygin. Tayyorgarlikni ham tashlab qo‘yma, kasbni ham o‘rgan, deb tayinlardim. Tikuvchilikka ham berdim orada. Bichish-tikishni ham o‘rganib oldi. Keyin omadi keldi. Farg‘ona Davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi.
Endi shu paytlarda o‘rta maxsus ma’lumotlilarga dars berish kamayayotgan edi. Oliy ma’lumotlilar ko‘payib, bizning o‘rnimizga ular ishga kelishi kerak edi. Lekin men, xo‘p endi o‘rta maxsus ma’lumotliman, oliy ma’lumotli diplomim yo‘q. Nima qilaman? Qizlarim o‘qishga kirdi. Kontrakt, shartnoma asosida o‘qishga kirdi. Uni pulini to‘lash kerak. Nimadir qilish kerak…
Xullas yoshim katta bo‘lsa ham o‘qishga harakat qildim. 2011 yil. 43 yoshda bo‘lganman o‘sha paytda. Men ham qizim qatori shartnoma asosida o‘qishga kirdim. Endi qizim ikkamiz o‘qishga birgalikda borib keladigan bo‘ldik. Qizim menga maslahatchi. Ko‘rganlar, eshitganlar ham, “Kim bu?” deyishsa, hazillashib, “Opam,” deb qo‘yardi. Bilganlar esa hayron bo‘lishardi. Yoshimni ko‘rib, “O‘qituvchimisiz?” “Yo‘q, o‘qiyapman, studentman,” desam hayron qolishardi.
Bir so‘z bilan aytganda sinovlarda sinmadim. Farzandlarimni chiroyli qilib tarbiyalab turmushga uzatdim. Shirindan shakar nevaralarim bor.
Qizlarimning ertangi hayotlari yaxshi bo‘lishlarini o‘ylab, 43 yoshimda student bo‘ldim. Hayot kuchli bo‘lishga majbur qildi. Oiladagi ikki erkakning kuchini men o‘zim oldim o‘zimga va qizlarim buni to‘g‘ri qabul qilishdi.
Meni xursand qilgani o‘g‘limning do‘stlari tez-tez holimdan xabar olib turishadi. Men esa nevaralarim va bir quchoq maktab o‘quvchilari bilan o‘zimni ovutaman”, – deydi Rabbiniso Tojialiyeva.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Jamiyat
Jizzaxda «operativnik» firib ustida qo‘lga olindi
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimi 30 mln so‘mni firib yo‘li bilan olgan paytda ushlandi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati boshqarmasi, Paxtakor tuman bo‘limi katta tezkor vakili (operativnik) firib ustida qo‘lga olindi, deb xabar berdi DXX.
Qayd qilinishicha, u muqaddam sudlangan tanishi bilan til biriktirib, texnika ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan. U bilan Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi o‘rtasida 20 dona interaktiv doska oldi-sotdi shartnomasini elektron do‘kon orqali tuzilishida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, doskalarni qimmat narxda o‘tkazib berishni va’da qilgan. O‘z «xizmatlari» evaziga korxona ish boshqaruvchisidan 85 mln so‘m talab qilgan.
Aniqlanishicha, departamentning katta tezkor vakili xizmat mavqeidan foydalangan holda, Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga asl narxi 15,2 mln so‘m bo‘lgan interaktiv doskalarni 25 mln so‘mdan o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan. DXX va prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 85 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan 30 mln so‘mni departament xodimi o‘zining sherigi – maktab direktori bilan birgalikda olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor vakil va maktab direktori qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Poytaxtda yangi svetofor komplekslari o‘rnatilmoqda
Toshkent shahrida chorrahalar va piyodalar o‘tish joylarida zamonaviy svetofor komplekslarini o‘rnatish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ishlar yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, transport oqimini samarali tartibga solish hamda piyodalar uchun yanada qulay va xavfsiz sharoit yaratishga qaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, shaharning turli hududlarida taymerli transport svetoforlari hamda piyodalar uchun mo‘ljallangan svetoforlar o‘rnatilmoqda. Ko‘plab fuqarolar ayrim chorrahalarda yangi svetofor ustunlari va uskunalari o‘rnatilayotganini payqagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, taymerli transport svetoforlari chorrahalarda harakatni aniq va tartibli boshqarishga xizmat qiladi. Piyodalar svetoforlari esa fuqarolarning yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, montaj ishlari transport harakatiga ortiqcha noqulaylik tug‘dirmaslik maqsadida kunduzi va tunda ham olib borilmoqda. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi poytaxt yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlarini izchil davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Jamiyat
Inson o‘zini baxtli his qilishi uchun qancha pul kerak?
Insoniyat azaldan bir savolga javob izlaydi: «Baxtni pulga sotib olsa bo‘ladimi?» Ko‘pchilik bu savolga «ha, faqat pul juda ko‘p bo‘lishi kerak!» deya dadil javob berishga odatlangan. Yillar davomida olimlar va psixologlar yuzlab tadqiqotlar o‘tkazib, inson ehtiyoji va ruhiyati o‘rtasidagi oltin muvozanatni topishga urinib keladi. Xo‘sh, chinakam xotirjamlik va baxt hissi uchun qancha mablag‘ bo‘lishi kifoya qiladi?
Daromad va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik
Nobel mukofoti sovrindorlari Daniyel Kahneman va Angus Deaton 2010 yilda o‘tkazgan mashhur tadqiqotida shunday xulosa chiqargandi: daromad yiliga taxminan 75 ming dollarga yetgach, insonning baxt darajasi deyarli oshmay qoladi. Bu miqdor bilan go‘yoki barcha asosiy ehtiyojlarni qondirish va orzu qilingan farovonlikka yaqinlashishlar mumkin. Ammo vaqt o‘tgan sayin pul qadrsizlana boshladi, inflatsiya o‘sdi. 2021 yilda Pensilvaniya universiteti professori Metyu Killingsvort yuqoridagi xulosaga qarshi chiqdi. U 34 ming insonning kayfiyati va hayotdan qoniqishini real vaqt rejimida o‘rgandi va umumiy 1,7 milliondan ortiq yig‘ilgan javoblarni tahlil qildi. Killingsvortning xulosasi boshqacha bo‘ldi: daromad oshgani sari baxt ham oshishda davom etadi va 75 ming dollarlik qat’iy chegara mavjud emas. Keyinchalik Kahneman va Killingsvort birgalikda ish olib borishdi va insonlarning taxminan 80 foizi uchun oddiy qoida ishlaydi degan xulosaga keldi: pul qancha ko‘p bo‘lsa, baxt ham oshib boraveradi. Biroq bu ta’sir har xil odamlar uchun turlicha namoyon bo‘ladi. Emotsional jihatdan beqaror odamlar uchun baxt hissi daromad yiliga 100 ming dollargacha tez o‘sadi, undan keyin ta’sir kamayadi. Allaqachon hayotidan qoniqadigan odamlar uchun esa baxt hissi aynan shu daromad chegarasidan keyin tezroq oshadi.
10 million dollar
Bundan 4 yil oldin Bat universiteti psixologlari guruhi ham doktor Pol Beyn rahbarligida keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazadi. Unda Fransiya va Saudiya Arabistonidan tortib Uganda va Vetnamgacha bo‘lgan 33 mamlakatdan qariyb 8 ming kishi qatnashadi. Ishtirokchilarga shunday savol berildi: «Lotereyadan qancha pul yutsangiz mutlaqo baxtli hayotga erishgan bo‘lardingiz?» Tanlov imkoniyati juda keng edi: 10 ming dollardan 100 milliard dollargacha. Qizig‘i shundaki, eng katta summani deyarli hech kim tanlamagan. Qatnashchilarning 86 foizi 10 million dollar yoki undan kamroq mablag‘ ham yetarli ekanini bildirgan. Ayrimlar yanada oz miqdor – 1 million dollar bilan ham o‘zlarini dunyodagi eng baxtli inson deb hisoblashga tayyorligini ma’lum qilgan.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, pulga nisbatan cheksiz ehtiyoj butun jamiyatga emas, balki undagi juda kichik bir guruhga xos xususiyat.
Pul odamlarni oldingidan ko‘ra baxtliroq qilyapti
AQShda o‘tkazilgan bir qator so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, daromad oshgani sari insonning baxt hissi ham ortib boradi. 1972 yildan 2016 yilgacha davom etgan kuzatuvlarda tadqiqotchilar pul va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik qanday o‘zgarganini o‘rganishadi. Natijada qiziq xulosa paydo bo‘ldi: vaqt o‘tgan sari baxtning moliyaviy omillarga bog‘liqligi oshib boryapti. Ya’ni bugungi kunda pul odamga oldingiga qaraganda ko‘proq baxtli yashash imkoniyatlarini berishi mumkin. Buning asosiy sababi sifatida daromadlar o‘rtasidagi tafovutning keskin oshib borayotgani keltiriladi. Tadqiqot mualliflaridan biri, San-Diyego universiteti psixologi Jan Tveng 2016 yilga kelib ayrim kompaniya rahbarlari o‘rtacha xodimga qaraganda 271 baravar ko‘p daromad olayotganini qayd etgan. Bu 1978 yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 30 baravar ko‘p.
Baxt darajasiga ta’sir qiluvchi yana bir muhim omil — oila. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, odatda turmush qurgan odamlar yolg‘iz yashaydiganlarga qaraganda baxtliroq bo‘ladi. 1970 yillarda turmush qurish darajasi turli ijtimoiy qatlamlarda deyarli bir xil bo‘lgan. Ammo yillar o‘tgan sayin yuqoriroq daromad va yaxshi ta’limga ega odamlar ko‘proq oila qura boshlagan. Shu sababli daromad, ta’lim va oilaviy holat insonning baxt hissiga avvalgidan ko‘ra ko‘proq ta’sir qilyapti.
Maslou nazariyasiga ko‘ra, pul asosan piramidaning pastki bosqichlaridagi ehtiyojlarni qondirishga yordam beradi. Masalan, ovqat, uy-joy, sog‘liq yoki xavfsizlik kabi ehtiyojlar uchun mablag‘ muhim. Shu sababli daromadi juda kam bo‘lgan odam uchun pul baxt hissini ancha oshirishi mumkin. Ammo insonning asosiy ehtiyojlari qondirilgach, pulning baxtga ta’siri asta-sekin kamayadi. Yuqori bosqichlarda odamlar ko‘proq o‘zaro munosabatlar, hurmat, shaxsiy qiziqishlardan ma’no izlay boshlaydi.
Davlatlar kesimida baxtli yashash narxi
AQShning Perdyu universiteti olimlari insonlar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun qancha mablag‘ kerakligi borasida tadqiqotlar olib borgandi va 160 mamlakat reytingini e’lon qilgandi.
2021 yilda e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun yiliga 21 960 dollardan ko‘proq mablag‘ topishi kerak.
Baxt uchun eng kam pul «talab qilinadigan» mamlakatlar esa Surinam (6 799 dollar), Argentina (8 788 dollar), Angola (8 921 dollar), Qirg‘iziston (8 997 dollar) va Eron (10 134 dollar) bo‘lgandi.
Bu borada eng yuqori ko‘rsatkichlar Bermud orollari (143,933 dollar), Avstraliya (135 321 dollar), Isroil (130 457 dollar), Shveytsariya (128 969 dollar) va Yangi Zelandiya (128 844 dollar) aholisiga tegishli bo‘lgan.
Jamiyat
Xizmat burchini bajarayotib vafot etgan xodimning oilasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan(mi?)
2021 yil 14 sentabr. Toshkent viloyati Piskent tumanida xizmat o‘tayotgan YPX inspektori Dilmurod O‘rmonov katta tezlikdagi avtomobilga to‘xtash ishorasini ko‘rsatib uning yo‘liga chiqadi. Ammo mast haydovchi bor tezligida xodimni urib ketadi va 29 yoshli inspektor vafot etadi. Haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi va 117-moddasi bilan sudlanadi. Toshkentdagi fojiada vafot etgan inspektorga ko‘rsatilgan e’tibor marhum Dilmurod O‘rmonovning yaqinlarida ham umid uchqunlarini yoqqan bo‘lsa ajab emas.
25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan shaxs boshqaruvidagi avtomashina yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yubordi va inspektor olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Marhumga katta e’tibor qaratildi. U “Jasorat” medali bilan taqdirlandi, oilasiga 3 xonali uy berildi. Janoza marosimlari ham davlat darajasidagi e’tibor bilan o‘tkazildi. Biroq bundan bir necha yil avval – 2021 yilda Toshkent viloyatida ham deyarli shunga o‘xshash fojia sodir bo‘lgan edi.
Shohruh Abdurasulov 2021 yil 11 sentabr kuni o‘ziga tegishli davlat raqami belgisi 10Z 701UA bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinasini Toshkent viloyati Piskent tumani, “Taraqqiyot” MFY hududidan o‘tgan “4K792 Piskent-Bo‘ston” avtomobil yo‘lida mast holda boshqarib kelib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, avtomobil yo‘lining 10-kilometrida yo‘lning qatnov qismiga chiqib, uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan Toshkent viloyati IIBB ikkinchi mintaqaviy hudud Piskent tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi inspektori serjant Dilmurod O‘rmanovni urib yuborgan va o‘limiga sababchi bo‘lgan.
Marhum vafot etganda u olti oylik homilador edi. Otasining vafotidan 3 oy o‘tib qiz farzand tug‘ildi. Jajji Oyshaxon xozir 4 yoshda. Kun.uz uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
“Hech bandaning boshiga bu kunni solmasin”
Marhumning onasi Manzura O‘rmonova: “Kechqurun shumxabar keldi, hamma yoq larzaga keldi. Hech bandaning boshiga bu kunni solmasin. Dushmanimgayam ravo ko‘rmayman. O‘g‘limning do‘stlari shifoxonaga olib borgan. Shunchalik ham nohaqlik bo‘ladimi?
Bitta akasi – Tursunboy degani prokuraturada, Ayubxon degan akasi ichki ishlarda ishlar ekan. Lekin hech qanaqa na moddiy, na ma’naviy yordam… Mayli, kerak emasdi. Aybni bolamga ag‘darishdi, advokatlarning ko‘zi qayerni ko‘rdi? Axir ish yuzasidan bo‘ldi-ku! Mayli, mening bolam mashina yo‘liga chiqdi deylik. Kecha kungi voqealar-chi? Undan oldingi voqealar-chi?
U avval ham ko‘rsatadiganini ko‘rsatgan ekan, ikki akasidan foydalanib, nima hoxlasa qilib yurgan ekan.
Olti oylik homilasi qornida, kutib yurishgandi. Kelinimni qizim deb qabul qilgandim, hozirgachayam yuziga qarashga chidolmayman. Nima ko‘rdi 23-24 yoshida bolam bechora?”.
“Oxiri bitta bolaning boshini yeb ketdi”
Marhumning akasi Sherzod O‘rmonov ham o‘sha kunni eslar ekan, halokatga sababchi bo‘lgan haydovchi avval ham mast holatda rulga o‘tirgani haqida gapiradi.
“Ukamning ahvoli ancha og‘ir edi. Piskentda Murodali degan yo‘lda bo‘lgan. U bola ichgan ekan. Moddiy-ma’naviy zarar undirishga, mana, o‘tib ketdi, lekin oilamizda boquvchi shu ukam rahmatli edi. Ayam-dadam pensiya oladi, men ko‘chaning ishida. Bu gapni gapirishimga sabab – o‘sha yerdagi xodimlar “to‘xtatamiz mashinani, shu bola ichgan bo‘ladi. Bizga u yoq-bu yoqdan telefon bo‘ladi. Bitta akasi prokuraturada, bitta akasi ichki ishlarda ishlaydi. “Kattalar” chiqadi, biz uni qo‘yib yubormasdan ilojimiz yo‘q. Chunki o‘sha telefon qilganlarga ishimiz tushadi bizning, olib borsak, kamchilik topib bizni qiynaydi. Shuning uchun majbur bo‘ldik. Mana, oxiri bitta bolaning boshini yeb ketdi”, deyishdi”.
Ma’lum qilinishicha, inspektorning o‘limida ayblangan shaxsga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi 1-qismi bilan 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi va 3 yilga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 1 yil-u 2 oy o‘tgach ozodlikka chiqqan. Boquvchisiz qolgan oila taqdiri esa haligacha hal etilmagan masala bo‘lib qolmoqda.
“Yuqori turuvchi” tashkilotlar
“Haligacha yugur-yugur, qizcha bog‘chaga chiqadi. Kelinimizning mazasi yo‘q ekan, xabarlashganimda ulgursam boraman degandi. Shularga bir sharoitini qilib berishimiz kerak. O‘zimning uchta farzandim bor, mana, sharoitimizni o‘zingiz ko‘rdingiz. Qo‘limdan kelgancha harakat qilib, uy-joy qilib berishimiz kerak. Mening jigarim, bir qorindan talashib tushgan ukamning davomchisi. Shuning uchun yugurib yuribmiz. Piskentga boraman-kelaman. “Bo‘ldi” deydi, bir dunyo xatlar turibdi, tagini o‘qib ko‘rsangiz: “bizdan norozi bo‘lsangiz yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qiling” deyilgan. Yana qanaqa yuqori turuvchi tashkilotlar bo‘lishi mumkin? Chet davlatdami u “yuqori turuvchi” tashkilotlar? Tushunib bo‘lmaydi.
Bermadi emas, yolg‘on bo‘lmasin – 5 million so‘mni 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib berishdi. Bergani shu bo‘ldi”.
Marhumning akasiga ko‘ra, fojiadan keyin ukasiga prezident farmoni bilan “Jasorat” medali berilgan.
Marhumning yaqinlari ko‘rgan moddiy va ma’naviy zararlarini talab qilib sudga murojaat qilishgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining 2023 yil 9 yanvardagi hal qiluv qarori bilan marhum Dilmurod O‘rmonovning otasi, onasi, akasi va turmush o‘rtog‘iga jami 100 mln so‘m ma’naviy va 4 mln 348 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan. Apellyatsiya instansiyasida bu qaror o‘zgartirilib, da’vogarlarning har biriga (marhumning otasi, onasi va akasiga) alohida 50 mln so‘mdan, turmush o‘rtog‘iga 100 mln so‘m aybdordan undirish belgilangan.
Ammo Oliy sudda bu qaror ham o‘zgartirilgan: ajrim bilan marhumning akasi Sh.O‘rmonovga 50 mln so‘m ma’naviy zarar undirish haqidagi qismi bekor qilingan.
Sud qarori bilan to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu mablag‘lar undirilganmi yoki yo‘qligi haqida Kun.uz ma’lumotga ega emas (marhumning yaqinlari olmaganini aytishmoqda). Tahririyat murojaatning mazmunidan kelib chiqib masalaning u tomonlarini o‘rganishni lozim topmadi.
Bir tizimdagi ikki fojia
E’tiborli jihati shundaki, har ikki holatda ham yo‘l-patrul xizmati inspektorlari xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida halok bo‘lgan. Bir holatda marhumning oilasi va farzandlari ta’minoti masalasi e’tiborga olinib, uy-joy bilan ta’minlandi va davlat mukofoti berildi. Boshqa holatda esa boquvchisiz qolgan oila aytishicha, yillar davomida turli idoralarga murojaat qilib kelayotganiga qaramay, masala haligacha ochiq qolmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida halok bo‘lgan huquq-tartibot idoralari xodimlari oilalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona mexanizm yoki standart mavjudmi?
Bu yerda gap ikki insonni solishtirish haqida emas. Gap bir tizimda xizmat qilgan ikki inspektor taqdiri haqida. Savol esa oddiy: agar mezonlar bor bo‘lsa, ular barchaga bir xil ishlayaptimi? Bu savollar faqat bir oilaning muammosi emas. Ular butun tizim uchun muhim savollardir. Vakolatli idoralar bu holatga izoh beradimi, boquvchisiz qolgan oila taqdiriga yechim topiladimi – hozircha savol ochiq qolmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda 12 mingdan ortiq ayol 40 yoshdan keyin ona bo‘lgan
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida O‘zbekistonda jami 879 599 ta tirik tug‘ilish holati qayd etilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilishlar asosan 25–39 yoshli onalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tug‘ilishlar onaning yosh guruhlari kesimida tahlil qilinganda, 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar orasida 355 111 ta bola tug‘ilgani qayd etilgan. Bu jami tug‘ilishlarning 40,4 foizini tashkil etadi.
Eng yuqori ko‘rsatkich 25–39 yoshli ayollar hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu yosh toifasida 512 034 ta tug‘ilish holati qayd etilgan. Bu esa umumiy tug‘ilishlarning 58,2 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, 40 yosh va undan katta bo‘lgan ayollar orasida 12 454 ta tug‘ilish holati qayd etilgan bo‘lib, bu umumiy tug‘ilishlarning 1,4 foiziga teng.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 40 yoshdan keyin ona bo‘layotgan ayollar soni nisbatan kam ulushni tashkil etsa-da, bunday holatlar ham qayd etilib bormoqda.
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Jamiyat5 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Jamiyat3 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Dunyodan4 days agoEron rasmiylari tinch aholi qurbonlari sonini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Siyosat4 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi urush qurbonlari soni 2000 nafarga yetdi.
-
Jamiyat2 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
