Sport
«PSJ» qatorasiga ikkinchi yil finalga chiqdi
«Bavariya» o‘z uyida kechgan javob o‘yinida g‘alaba qozona olmadi va bunda hakamlarni ayblamoqda. Endi 30 may kuni Budapeshtda «PSJ» «Arsenal»ga qarshi final bahsida maydonga tushadi.
Enrike avtobus qo‘yishdan tortinmadi
«Bavariya» – «PSJ» 1:1
Gol: Dembele, 3 (0:1). Keyn, 90+4 (1:1)
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Karl, 85), Ta (Kim Min Je, 68), Stanishich (Deyvis, 68), Laymer, Kimmih, Pavlovich, Musiala (Jyekson, 79), Dias, Olise, Keyn
«PSJ»: Safonov, Markinios, Pacho, Nunu Mendesh (Mayulu, 85), Zair-Emeri, Vitinya, Joau Nevesh, Ruis (Beraldo, 76), Kvaratsxeliya, Due (Ernandez, 76), Dembele (Barkolya, 65)
Ogohlantirishlar: Ta, 33. Dias, 78. Kimmih, 90 – Nunu Mendesh, 8. Kvaratsxeliya, 45. Markinios, 86
Birinchi o‘yin: 4:5
«Bavariya» va «PSJ» Parijda kechgan birinchi bahsda mavsumning eng yaxshi o‘yinini o‘tkazib berishgandi, muxlislar esa ikki hafta o‘tib o‘sha o‘yinning takrorini kutishdi. O‘yindan oldin parijliklar ustozi Luis Enrike jamoasi hisobdagi ustunlikka qaramay, g‘alaba uchun o‘ynashini aytdi, ammo u amalda shu kuni himoyaviy o‘yin tanladi.
Uchinchi daqiqadayoq mehmonlar hisobni ochgani bunda yanada qo‘l keldi. «PSJ» tezkor qarshi hujum uyushtirdi, bu vaqtda «Bavariya» himoyasi shu qadar yuqorida joylashgandiki, maydon markazida Ruis bilan devor uslubida o‘ynab, oldinga tashlangan Xvichani hech kim qarshi olmadi. Keyin esa gurjistonlik vinger jarima maydonida to‘p uzatish uchun uchta bo‘sh sherigidan birini tanlashi kifoya qildi.
Kvaratsxeliya olis ustun yaqiniga yetib kelgan Dembelega pas berishga qaror qildi. Fransuz hujumchisi esa hech qanday qarshilikka uchramasdan to‘pni bir teginishda darvoza to‘riga joylashtirdi. O‘tkazib yuborilgan tezkor goldan keyin «Bavariya» ikki to‘p farqni yo‘qqa chiqarishi kerak bo‘lgan vaziyatda qoldi.
Va «Bavariya»da buning uchun birinchi bo‘limning o‘zidayoq yetarlicha vaziyatlar yuzaga keldi. Olise chap qanotdan jarima maydoniga yaqinlashib olis burchak tomon yo‘llagan zarbaga biroz aniqlik yetishmadi, biroz o‘tib Musiala yerlatib tepgan to‘pni Safonov to‘sib qoldi.
Lekin birinchi bo‘limda eng ko‘p muhokama qilingan vaziyatlar bular emasdi. O‘yin bosh hakami Joau Pedru Pineyra ikki vatandoshiga qizil kartochka va mehmonlar darvozasiga penalti qo‘yishni xohlamadi.
Avvaliga o‘z jamoasi jarima maydoni ichida Vitinya to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, bu vaziyatda uning qo‘li tabiiy holatda emasdi. «Bavariya» futbolchilari penalti so‘rab hakamga tashlanishdi, ammo u qarorini o‘zgartirmadi. Katta ehtimol bilan, u bu qarorini to‘p darvoza sohasi tomon bormayotgani bilan izohlagan, lekin futbolchi bu vaziyatda ehtiyotsizlik bilan qo‘lini yuqoriga ko‘targani fakt edi.
Keyingi vaziyat yanada bahsli. Nunu Mendesh ham qanotda to‘pni qo‘l bilan o‘ynab, to‘xtatib qoldi. Bungacha u Olisening oyog‘iga bir vaziyatning o‘zida ikki bor butsasining ostki qismi bilan zarba bergani uchun sariq kartochka olgandi va mezbonlar unga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatishni talab qilishdi. Ammo hakam bu vaziyatda Laymer tomonidan fol ishlatilgan deb topdi va parijliklar himoyachisini maydondan chetlatmadi. Lekin Laymer qanday fol ishlatgani mavhum bo‘lib qoldi.
Umuman olganda, «Bavariya» kuchli bosim uyushtirdi, ammo bu golga olib kelmadi. Ikkinchi bo‘limda ham mezbonlar to‘pga egalik qilishda davom etdi, ammo «Bavariya»ning bo‘limdagi dastlabki xavfli vaziyati faqat 69-daqiqaga kelib ro‘y berdi. Luis Dias taxminan 11 metr masofadan turib to‘pni to‘xtatmay zarba yo‘lladi, ammo Safonov ishonchli harakat qildi.
Parijliklar ikkinchi bo‘limda hisobdan kelib chiqib, chuqur himoyaga yotdi va qarshi hujumlarga tayanishdi. «Bavariya» esa hududiy ustunlikka ega bo‘lib, to‘liq hujumda o‘ynagan bo‘lsa-da, oldinda tig‘iz joylashgan himoya chizig‘idan o‘ta olmadi.
Mezbonlar futbolchilari vaqt o‘tgan sayin shoshilishdi va bu jamoa zarariga ishladi. Vaziyatlarning birida Keyn vaqt yo‘qotmaslik uchun autni o‘zi otdi, ammo to‘pni yo‘qotdi. Shu bilan birga, Duening o‘zida uchta vaziyat yuzaga keldi, ammo Noyyer har safar ishonchli harakat qilib, o‘yinda intrigani saqlab qoldi. 79-daqiqada Xvicha ikkinchi golni urib, o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo yaqin masofadan turib to‘pga to‘g‘ri zarba berolmadi.
«Bavariya» baribir o‘z golini urdi. Keyn jarima maydonida to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, to‘qqizlikni aniq nishonga oldi. Ammo juda kech bo‘lgandi, bu vaqtda o‘yinning 90+4-daqiqasi o‘tib borayotgandi. Myunxenliklarda ikkinchi gol uchun vaqt qolmagandi.
O‘yin yakunlanganidan keyin «PSJ» futbolchilari final yo‘llanmasini nishonlashga kirishdi. «Bavariya» futbolchilari esa o‘z e’tirozlarini bildirish uchun hakamni o‘rab olishdi – Kimmih buning uchun sariq kartochka ham oldi. Ikkinchi bo‘lim davomida Nevesh ham jarima maydonida qo‘li bilan o‘ynagan va jazosiz qolgandi. Lekin futbolchilarning e’tirozlari endi hech narsani o‘zgartirmaydi. «PSJ» qatorasiga ikkinchi bor YeChL finaliga chiqdi va 30 may kuni Budapeshtda «Arsenal»ga qarshi o‘ynaydi.
Sport
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo Kubogi guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunladi
Bosh murabbiy Sergey Chigodayev shogirdlari Avstraliya terma jamoasi darvozasiga javobsiz ikkita to‘p kiritdi.
O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoasi Osiyo Kubogi guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi.
13 may kuni o‘tkazilgan so‘nggi bahsda bosh murabbiy Sergey Chigodayev shogirdlari Avstraliya terma jamoasi darvozasiga javobsiz ikkita to‘p kiritdi. Gollar Mirkomil Murodov va Ahror Ravshanbekov hisobiga yozildi.
Natijada O‘zbekiston o‘smirlari D guruhida 6 ochko to‘plagan holda 1-o‘rin bilan, Avstraliya 3 ochko yig‘gan holda 2-o‘rin bilan chorakfinalga chiqdi. Hindiston birorta ochko to‘plamagan holda uchinchi bo‘ldi. Avvalroq, KXDR musobaqada ishtirok etishdan bosh tortgan edi.
1-turda o‘zbekistonliklar Hindistonni 3:0 hisobida yengib, muddatidan oldin jahon chempionati va chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
U17 Osiyo Kubogi Saudiya Arabistonida o‘tkazilmoqda. Chigodayev shogirdlari chorakfinal o‘yinini 16 may kuni S guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan jamoaga (Janubiy Koreya, Vetnam, BAA yoki Yaman bo‘lishi mumkin) qarshi o‘tkazadi.
U17 Jahon chempionati shu yil noyabr – dekabr oylarida Qatarda bo‘lib o‘tadi.
Sport
Superliganing eng qimmat futbolchilari reytingi tuzildi
Birinchi o‘rinni «Nasaf» darvozaboni Abduvohid Ne’matov egallab turibdi. O‘ntalikda «Paxtakor»ning besh futbolchisi bor.
Futbolchilarning shartnomasiga ixtisoslashgan Transfermarkt portali O‘zbekiston chempionatida to‘p tepayotgan o‘yinchilarning yangilangan transfer qiymatlarini e’lon qildi.
Ro‘yxatda birinchi o‘rinni «Nasaf» klubining 25 yoshli darvozaboni Abduvohid Ne’matov egallab turibdi. Uning transfer qiymati 1,5 million yevroga baholangan.
Ikkinchi pog‘onadan «Paxtakor» yarimhimoyachisi Akmal Mozgovoy joy oldi. Uning qiymati 100 ming yevroga oshib, 1,4 million yevroga yetdi.
Uchinchi o‘rinda «Paxtakor» yarimhimoyachisi Hojiakbar Alijonov — uning qiymati 100 ming yevroga ko‘tarilib, 1,3 million yevroni tashkil qildi.
Eng katta o‘sish «Paxtakor» yarimhimoyachisi Dostonbek Hamdamovda kuzatildi. Uning transfer qiymati birdaniga 300 ming yevroga oshdi.
Superliganing eng qimmat 10 futbolchisi quyidagilar:
1. Abduvohid Ne’matov («Nasaf») — 1,5 mln yevro
2. Akmal Mozgovoy («Paxtakor») — 1,4 mln yevro
3. Hojiakbar Alijonov («Paxtakor») — 1,3 mln yevro
4. Sherzod Nasrullayev («Paxtakor») — 1,2 mln yevro
5. Lyupcho Doriyev («So‘g‘diyona», Bolgariya) — 1,2 mln yevro
6. Hojimat Erkinov («Paxtakor») — 1 mln yevro
7. Jamshid Iskanderov («Neftchi») — 1 mln yevro
8. Dostonbek Hamdamov («Paxtakor») — 900 ming yevro
9. Ruslan Jiyanov («Navbahor») — 800 ming yevro
10. Abrorbek Ismoilov («Neftchi») — 800 ming yevro.
Sport
«Futbolchilarga ortiqcha bosim emas, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak»
Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida jahon chempionati oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda italiyalik mutaxassis mundialga tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot berdi.
«Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz va juda qattiq ishlayapmiz. Barchamiz mundialga uchib ketishni intiqlik bilan kutyapmiz.
Murabbiy etib tayinlanganimdan keyin murabbiylar shtabi bilan birgalikda barcha futbolchilarni kuzatib bordik. Kimdir terma jamoaga chaqirilmagan bo‘lsa, demak u o‘z o‘yini bilan hali meni yetarlicha ishontira olmagan. Hozir jamoaning jismoniy holatini yaxshilash ustida ishlayapmiz», – dedi murabbiy.
Kannavaroning aytishicha, o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun imkoni qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblar tanlangan. Avvalroq, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Niderlandiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ma’lum qilingan edi.
«Kanada – musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratishi shubhasiz. Niderlandiya esa Yevropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning o‘yin uslubi va taktik yondashuvi ma’lum jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga o‘xshash», – dedi murabbiy.
Shuningdek, u futbolchilarning jismoniy holatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Masalan, Jaloliddin Masharipov katta tajribaga ega. Agar u optimal sport formasiga chiqsa, jahon chempionatida jamoaga katta foyda keltirishi mumkin. Abbos Fayzullayev kuni kecha gol urdi. Shuningdek, u mehnatkashligi va jangovar xarakteri bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda.
Eng muhimi – bu biz uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim emas, aksincha, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak. Men jamoamizning bor kuchi bilan xalqimiz uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman.
Yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogidagi guruhimiz juda qiziqarli va kuchli raqiblardan iborat. Har bir o‘yin biz uchun jiddiy sinov bo‘lib, maksimal e’tibor va tayyorgarlikni talab qiladi.
Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri – Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz», – ta’kidladi Kannavaro.
Shuningdek, anjuman davomida Ravshan Irmatov terma jamoaning mundialgacha bo‘lgan davrdagi tayyorgarlik rejasi bilan tanishtirdi.
Sport
Men ketmayman – «Real» prezidenti Florentino Peres shoshilinch matbuot anjumani o‘tkazdi
Peres, umuman olganda, mudofaa pozitsiyasini egalladi: klubning yutuqlarini ta’kidladi, tashqi va ichki dushmanlarni aybladi va agar sheriklari uni saylovda qo‘llab-quvvatlasa, rahbarlikni davom ettirishini aytdi.
Foto: Angel Martinez / Getty Images
Florentino Peres «Real Madrid» klubi direktorlar kengashi yig‘ilishidan so‘ng shoshilinch matbuot anjumani o‘tkazdi. U ancha hayajonli bo‘lib, bir soatcha davom etdi. Quyida asosiy iqtiboslar keltirilgan (El Español, Marca, Championat va boshqa manbalarning hisobotlari asosida).
79 yoshli Peresning asosiy bayonotlari:
Iste’foga chiqmaydi, muddatidan oldin saylov e’lon qiladi
Afsuski, iste’foga chiqmasligimni aytishga majburman. Men saylov komissiyasidan ushbu Junta Directiva (kengash) yana o‘z nomzodini qo‘yadigan saylov jarayonini boshlashni so‘radim. Men qayta saylanish uchun kurashaman va «sosos» (klub a’zolari) uchun mulkni himoya qilaman.
Sog‘lig‘i va ketishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi
Peresning aytishicha, uning sog‘lig‘i yaxshi, u klub va o‘z kompaniyasini boshqarishda davom etmoqda (yillik aylanmasi ~50 milliard yevro). Kimdir uning saraton bilan xastalangani haqida soxta xabarlar tarqatmoqda.
Matbuotni tanqid qildi va «klubga qarshi kampaniya» haqida gapirdi
Ba’zi jurnalistlarni shaxsiy manfaatlar yo‘lida «Real»ni beqarorlashtirishga urinishda aybladi. Bunga chiday olmasligini aytdi va hatto ABC gazetasi obunasini bekor qilish bilan hazillashdi/qo‘rqitdi. «Ichki va tashqi dushmanlar» haqida gapirdi.
Negreyra ishi
«Real» UYeFA tashkilotiga taxminan 500 sahifali batafsil hujjat yuborishini e’lon qildi – bu «futbol tarixidagi eng katta janjal» (hakamlar bilan bog‘liq korrupsiya). Peres «tizimli korrupsiya» va «sudyalar o‘g‘irligiga» qarshi kurashmoqchi.
Valverde-Tchuameni mushtlashuvi haqida
U bu hodisani yosh o‘yinchilar uchun normal holat deb hisoblaydi («tepsang, javobini olasan, lekin ular – do‘st»), ammo OAVga ma’lumot sizib chiqishini keskin qoraladi: «sizib chiqish – bu men 26 yil ichida ko‘rgan eng yomon narsa».
Mavsum natijalari va o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlash
U hafsalasi pir bo‘lganini tan oldi, ammo o‘z boshqaruvi davrida 66 ta sovrinni (shu jumladan basketbolda) qo‘lga kiritganini eslatdi. Muxlislarni jamoani tanqid qilishga emas, qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Chuqur sport tahlili va murabbiy haqidagi savollarga (jumladan, Mourinoning ehtimoliy qaytishi haqidagi) javob berishdan qochdi.
Peres, umuman olganda, mudofaa pozitsiyasini egalladi: klubning yutuqlarini ta’kidladi, tashqi va ichki dushmanlarni aybladi va agar sheriklari uni saylovda qo‘llab-quvvatlasa, rahbarlikni davom ettirishini aytdi.
Bu shunchaki yakuniy matbuot anjumani emas, balki inqirozga javob edi (ikki mavsum sovrinsiz, kiyinish xonasidagi janjallar, ommaviy axborot vositalaridagi bosim).
Sport
Jahon chempionati – biz uchun tajriba, Osiyo Kubogida natija uchun kurashamiz – Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida ishtirok etib, jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Italiyalik mutaxassis yig‘inga chaqirilgan futbolchilar, nazorat o‘yinlari, o‘rtoqlik o‘yinlari, jahon chempionatidagi maqsad va Osiyo Kubogi haqidagi fikrlarini aytdi.
«Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz va juda qattiq ishlayapmiz. Barchamiz mundialga borishni intiqlik bilan kutyapmiz. Murabbiy etib tayinlanganimdan keyin murabbiylar shtabi bilan birgalikda barcha futbolchilarni kuzatib bordik. Kimdir milliy jamoaga chaqirilmagan bo‘lsa, demak u o‘z o‘yini bilan hali meni yetarlicha ishontira olmagan. Milliy jamoaga jalb etishda futbolchilarning yoshiga e’tibor bermadim. O‘zini ko‘rsatgan, munosib bo‘lgan futbolchilarni chaqirdim.
O‘tgan hafta yig‘inni boshladik va nazorat o‘yinida ishtirok etdik («Surxon» – 4:0). Hozir jamoaning jismoniy holatini yaxshilash ustida ishlayapmiz. Barcha futbolchilar bor kuchi bilan mehnat qilmoqda. Maqsad — jamoaning jismoniy tayyorgarligini yanada kuchaytirish.
O‘rtoqlik o‘yinlari (Kanada – 1 iyun, Niderlandiya – 8 iyun) uchun imkon qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblarni tanlashga harakat qildik. Bunda murabbiylar shtabi bilan muntazam muloqot olib borib, mavjud ma’lumotlar va tahlillar asosida biz uchun eng foydali bo‘ladigan terma jamoalarni sarab chiqdik.
Kanada — musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratishi shubhasiz. Bu esa futbolchilarimiz uchun muhim tajriba bo‘ladi. Niderlandiya esa Yevropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning o‘yin uslubi va taktik yondashuvi ma’lum jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga o‘xshash. Ishonamanki, bu o‘yinlar orqali jamoamiz o‘zi uchun muhim xulosalarga ega bo‘ladi, futbolchilarimiz esa yuqori saviyadagi o‘yinlarda tajriba orttirishda davom etadi.
Jamoa safiga chaqirilgan futbolchilarni tanlashda o‘zim munosib deb hisoblagan nomzodlarga tayanib ish yuritdim. Masalan, Jaloliddin Masharipov katta tajribaga ega. Agar u optimal sport formasiga chiqsa, jahon chempionatida katta foyda keltirishi mumkin.
Abbos Fayzullayev kecha («Istanbul Boshoqshehir» tarkibida) gol urdi. Shuningdek, u mehnatkashligi va jangovar xarakteri bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda.
Ba’zi futbolchilar jarohat yoki o‘yin amaliyoti yetishmasligi sabab optimal formada emas, ammo hali vaqt bor va ular tez orada tiklanishiga ishonamiz.
Eng muhimi — bu biz uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim emas, aksincha, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak. Men jamoaning bor kuchi bilan xalq uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman.
Yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogidagi guruhimiz juda qiziqarli va kuchli raqiblardan iborat (Bahrayn, Iordaniya, KXDR). Har bir o‘yin biz uchun jiddiy sinov bo‘lib, maksimal e’tibor va tayyorgarlikni talab qiladi.
Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri — Osiyo Kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo Kubogida natija uchun kurashamiz».
-
Jamiyat3 days agoНавоийда бир неча кун қизғин давом этган «Медиа ҳафталик» якунланди
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp 13-15 may kunlari Xitoyga tashrif buyuradi.
-
Sport3 days agoO‘zbekiston o‘smirlar futbol terma jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
-
Sport4 days ago“Barselona” bosh murabbiyining otasi “El Klasiko” kunida vafot etdi
-
Sport3 days agoDenovdagi kurash musobaqasi qotillik bilan yakunlandi: Taniqli polvon pichoqlab o‘ldirildi
-
Siyosat5 days agoQozog‘iston prezidenti ham Moskvaga boradi
-
Sport4 days ago“Barselona” ilk bor “Real”ni yengib, Ispaniya chempioni bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondagi konlarni o‘zlashtirishni boshladi
