Sport
Qishki transferlarning so‘nggi kunidagi 10 intriga
«Milan», «Yuventus» va «Atletiko»ga yangi forvard, «Liverpul»ga himoyachilar kerak. So‘nggi soatlarda kim nimaga ulguradi?
Bugun qishki transferlar oynasining so‘nggi kuni. Yevropa klublarida o‘ziga kerakli futbolchilarni topish va tarkibni kuchaytirish uchun sanoqli soatlar qolmoqda. Kuchli beshlik chempionatlarida 2 fevralga o‘tar kechasi yangi transferlarni ro‘yxatga olish to‘xtatiladi.
Quyida shu qishdayoq jamoasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan futbolchilar o‘nligi keltiriladi.
Mateta bir oyog‘i bilan «Milan»da
«Milan» yanvar oyi boshida hujumchi olib bo‘lgandi – «Vest Hem»dan Niklas Fyullkrug ijaraga olingan. Ammo skudetto uchun kurashayotgan futbolchi bu bilan cheklanmoqchi emas.
Endi klub «Kristal Pelas» safida APLda so‘nggi ikki yarim mavsumda 38 gol urishga erishgan fransuz hujumchisini tarkibiga qo‘shib olish arafasida. Taniqli insayder Fabritsio Romano va Italiyadagi La Gazzetta dello Sport nashri ushbu transfer hal bo‘lganini yozishgan. Mateta tibbiy ko‘rikdan o‘tish arafasida. «Rossonerilar» futbolchi uchun 30 million yevro to‘laydi va qo‘shimcha bonuslar va’da qiladi.
Bu qishda Jan-Filipp uchun jiddiy raqobat kechdi. Avvaliga barcha u «Yuventus»ga o‘tishi haqida yozayotgandi, ammo tomonlar pul bo‘yicha ham, transfer shartlari borasida ham kelisha olishmadi – inglizlar yanvar o‘rtalarida asosiy hujumchisi uchun 40 million yevro so‘rayotgandi. Keyin futbolchi uchun kurashga «Nottinghem Forest» qo‘shildi va 35 million yevro taklif etdi – ba taklif ham rad etildi. Bunda «Pelas» o‘z yetakchisini APLdagi raqobatchisiga sotishni istamagani ham rol o‘ynadi. 28 yoshli forvardga «Tottenhem» ham qiziqqandi, ammo Randal Kolo Muani «Yuve»ga qaytmaydigan bo‘lgach, muzokaralar to‘xtagan. Yakunda futbolchining o‘zi klub rahbariyatiga ketish istagini bildirgach, italyan klubi taklifi qabul qilingan.
Bu vaqtda «Milan» Matetaga joy bo‘shatish uchun o‘tgan qishda «Chelsi»dan sotib olingan Kristofer Nkunkuni sotuvga qo‘ygan – unga «Fenerbahche» va «Roma» klublaridan takliflar bor.
«Pelas» yangi forvard kerak
Londonliklar endi Mateta o‘rniga 50 million yevro sarflab, «Vulverhempton» hujumchisi Yorgen Larsenni olib kelmoqchi. «Bo‘rilar» birinchi davrani juda yomon o‘tkazdi, norvegiyalik hujumchi esa birgina gol (penaltidan) va bir assist bilan cheklandi. Shu bilan birga, u ichki kubok o‘yinlarida yaxshi ko‘rsatkichga ega – to‘rt o‘yinda 5+1.
Katta ehtimol bilan, «Pelas» uning o‘tgan mavsumdagi ko‘rsatkichlarini ham inobatga olgan, futbolchi APLdagi debyut mavsumida «gol+pas» bo‘yicha 18 ochko jamg‘argandi, u ayniqsa finishda kuchli o‘ynagandi: oxirgi 10 turda yetti gol urib, ikki bor sheriklarini golli pas bilan ta’minlagandi.
Ammo baribir unga to‘lanayotgan yirik summani izohlash qiyin. Qolaversa, Yorgen Matetadan u qadar yosh emas – u fevralda 26 yoshga chiqadi, fransuz esa yozda 29 yoshda bo‘ladi. Aftidan, «Kristal Pelas» hozircha Eberechi Eze va Mark Geyining transferlaridan tushgan mablag‘ni to‘g‘ri tasarruf etolmayapti.
«Yuventus»ga forvard kerak
Mateta transferi barbod bo‘lganidan keyin ham «Yuventus» hujumchi qidirishdan to‘xtamadi. Lekin jamoa hozirgacha bu masalani hal qila olmadi. «Keksa sinioralar» «Fenerbahche» bilan Yussuf An-Nosiriyni ijaraga olish bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgandi, ammo so‘nggi pallada marokashlik hujumchining o‘zi bunga qarshi chiqdi. U ijara asosida o‘ynashni istamadi. Bundan tashqari, An-Nosiriy maoshi miqdori kamayishiga rozi bo‘lmagan.
Shundan keyin «Yuve» e’tiborini boshqa forvardlarga qaratgandi. Yanvar oyi oxiriga kelib «Manchester Yunayted»dan Joshua Zirkzeye va «Liverpul»dan Federiko Kiyeza variantlari muhokama qilindi, shuningdek, «Tottenhem»da ijara asosida o‘ynayotgan Randal Kolo Muanini Turinga qaytarish masalasi ko‘rib chiqilgan. Ammo yakshanba kuni insayder Di Marsio «Yuventus» hozirda «Galatasaroy»da o‘ynayotgan Mauro Ikardi bo‘yicha muzokara olib borayotganini xabar qildi. Argentinalik hujumchi transferini u bilan «Inter»da hamkorlik qilgan Luchano Spalletti istamoqda. Manbaga ko‘ra, turinliklar klubi Ikardiga bir yarim yillik shartnoma taklif qilgan.
«Inter»ga yarimhimoyachi kerak
Italiya chempionati peshqadami anchadan buyon yarimhimoyachi qidirmoqda. Yanvar oyi boshidan buyon Kyortisom Djonsom iz «Liverpul» futbolchisi Kyortis Jons va «Al-Ittihod»da o‘ynayotgan Mussa Diabi nomlari «Inter» bilan bog‘lab kelindi. Ammo ushbu ikki klub ham o‘z futbolchilarini qo‘yib yuborishni istamadi. «Inter» 36 yoshli Ivan Perishichni qaytarish masalasida ham PSV bilan kelisha olmadi.
Transferlar oynasi oxiriga kelib jamoa yana Jons variantiga qaytgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, mersisaydliklar ustozi Arne Slot va futbolchi o‘rtasida jiddiy ziddiyat kelib chiqqan va bu futbolchining ketishi bilan yakunlanishi mumkin. Unga «Inter»dan tashqari «Tottenhem»dan ham qiziqish mavjud.
Ammo italyanlar klubida imkoniyat yuqori deyish mumkin. Chunki mersisaydliklar «Inter» himoyachisi Denzel Dumfrisni o‘z safida ko‘rishni istamoqda.
«Liverpul»ga himoyachi kerak-1
«Liverpul» Frimpongning muntazam jarohat olishidan charchadi va himoya chizig‘ini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Denzel Dyumfris haqidagi xabar A Seriyaga ixtisoslashgan insayder Janluka Di Marsio va Sky Sport Italia nashri tomonidan tarqatildi. FCInter1908 nashri jurnalisti Daniele Mari ham bu ma’lumotni tasdiqladi: «Liverpul» Dyumfrisni shu qishdayoq olmoqchi. Ammo muhim nyuans bor.
Niderlandiyalik futbolchi noyabrdan buyon o‘ynamayapti – u to‘piq qismidan jiddiy jarohat olgan va jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. U martgacha maydonga qaytishi kutilmayapti, bu esa ushbu transferni kamida yozgacha kechiktirishi mumkin. Agar mersisaydliklar u tezroq sog‘ayishiga kafolat olishsa, transfer amalga oshishi mumkin.
«Inter» shartnomasi yakuniga yarim yil qolgan futbolchi uchun 25 million yevro to‘laydi. Denzelni yozda tekinga qo‘lga kiritish ham mumkin. Ammo yozda unga raqobat jiddiy bo‘ladi. Xususan, «Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola ham uni o‘z jamoasida ko‘rishni istamoqda. Shuningdek, «Barselona» ham anchadan buyon uning atrofidagi vaziyatni kuzatib kelmoqda.
«Liverpul»ga himoyachi kerak-2
Lutsharel Gertreyda hozirda «Sanderlend»da ijara asosida o‘ynamoqda: u o‘tgan 23 turdan 20 tasida qatnashdi, 10 marta boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Liverpulliklar uni birinchi navbatda jarohatga moyil Frimpongga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Ammo Gertreyda markaziy himoyachi yoki tayanch yarimhimoyachisi pozitsiyalarida ham o‘ynay oladi.
Jamoa ushbu futbolchini qo‘lga kiritish uchun «Sanderlend» bilan ham, uning asl klubi «Leypsig» bilan ham kelishishi kerak. U Arne Slotning nomzodi ekani aniq – Gertreyda «Feyyenord»da uch mavsum davomida ushbu mutaxassis qo‘l ostida to‘p surgan.
Bundan tashqari, agar Endryu Roberson «Tottenhem»ga ketadigan bo‘lsa, qizillar Kostas Tsimikasni «Roma»dan ijaradan qaytarishi mumkin.
«Liverpul»ga himoyachi kerak-3
Qishki transferlar oynasida Yevropa top-klublari uchun eng jozibali figura – «Renn» markaziy himoyachisi Jyeremi Jake bo‘ldi. Fransiya milliy jamoasining 20 yoshli a’zosi tez orada APLda o‘ynay boshlaydi.
Yanvar oyi boshida OAV va turli insayderlar Jakega «Chelsi» va «Manchester Yunayted» tomonidan qiziqish haqida yozishgandi. Oy o‘rtalariga kelib RMC Sport londonliklar klubi «Renn»ga 50 mln yevro to‘lamoqchiligi, ammo fransuzlarni bu taklif qoniqtirmayotganini xabar qildi. Jamoa yosh iste’dod transferidan kamida 60 mln yevro ishlab olishni ko‘zlagandi. Sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi muzokaralarga parallel ravishda «Chelsi» Jyeremi bilan shaxsiy shartnoma borasida ham kelishib qo‘ygandi. Ammo transfer barbod bo‘ldi.
Transferlar oynasi oxiriga kelib Fabritsio Romano Jake «Liverpul»ga o‘tishi, inglizlar transfer uchun 60+10 mln yevro to‘lashini xabar qildi, ammo futbolchi mersisaydliklar a’zosi bo‘lganini aytishga hali erta – Romano kabi insayderlar ham vaqti-vaqti bilan xatoga yo‘l qo‘yib turadi.
«Atletiko»ga hujumchi kerak
Ademola «Atalanta»dagi eng yomon mavsumini o‘tkazmoqda. Barchasi yozda, nigeriyalik hujumchi o‘zini sotishni talab qilib, mashg‘ulotlarda qatnashishdan bosh tortganidan boshlangandi. U kuz davomida bosh murabbiy Ivan Yurich bilan bir necha bor janjallashdi va fevralga kelib atigi ikki gol urdi.
Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, Lukmanga «Fenerbahche» tomonidan jiddiy qiziqish bo‘lgan. Turklar bir necha hafta davomida futbolchini ko‘ndirishga harakat qilishgan va yakunda klub bilan ham 40 million yevroga transfer qilish borasida kelishishgan. Ammo kelishuv amalga oshmadi – tomonlar to‘lovni amalga oshirish sharti bo‘yicha kelisha olmagan, italyanlar mablag‘ning bir qismini oldindan o‘tkazib berishni talab qilishgan.
Yakunda «Atletiko» varianti paydo bo‘lgan. Italiya klubi 35+5 million yevrolik taklifga rozi bo‘lgan. Ammo endi «Atalanta» madridliklarga to‘lov bo‘yicha hech qanday shart qo‘ymagan. Ispaniyada Lukmanning maoshi miqdori Turkiyadagilar taklif qilganidan ikki barobar kamroq bo‘ladi.
Bundan tashqari, «Atletiko» 2024 yil yozida «Benfika»dan «Al-Hilol»ga o‘tgan Leonardoni ham Yevropaga qaytarmoqchi. Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, «matraschilar» futbolchi bilan kelishuvga erishgan, Saudiya klubiga esa ijara bo‘yicha taklif yuborilgan.
Benzema Saudiyadan ketmoqchi
Fransuz hujumchisi va «Al-Ittihod» o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan: futbolchi navbatdagi tur o‘yinida maydonga tushishdan va yangi shartnoma imzolashdan bosh tortgan. Karim arablarning yangi shartnoma bo‘yicha taklifini o‘ziga nisbatan hurmatsizlik sifatida qabul qilgan – shartnomada Benzemaning maoshi uning imij huquqidan keladigan daromadga bog‘lab qo‘yilgan. Agar tomonlar yarashib olmasa, hujumchi yoki yozgacha, shartnomasi muddati tugagunga qadar boykotni davom ettiradi, yoki hozir boshqa klubga o‘tadi.
Italiyadagi Tuttosport nashri «Yuventus» Karim bilan shartnoma imzolashni o‘ylayotgani haqida yozgan. Ammo buning uchun «Oltin to‘p» sohibi maoshi qisqarishiga rozi bo‘lishi kerak bo‘ladi. Turkiyalik insayder Akrom Konur esa «Beshiktosh» varianti haqida yozgan. Turklar jamoasi transferni tezlashtirish uchun 3 million yevro to‘lov qilishga ham tayyor. Shuningdek, MLS klublari va «Lion» variantlari ham bor.
Kante Saudiyadan ketmoqchi
N’Golo Kante ham «Al-Ittihod»da o‘tgan ikki yarim yildan keyin Yevropaga qaytishi mumkin. 34 yoshli fransuz uchun asosiy da’vogar sifatida «Fenerbahche» nomi tilga olinmoqda. Insayder Florian Plettenberg ushbu tayanch yarimhimoyachisi istanbulliklar klubi taklifini qabul qilgani va Turkiya chempionatiga o‘tish uchun maoshi kamayishiga ham rozi bo‘lganini xabar qilgan. Spors Digitale xabariga ko‘ra, «Fenerbahche» yozda erkin agentga aylanishi mumkin bo‘lgan Kanteni hozirning o‘zida safga qo‘shib olish uchun 4 mln yevro taklif qilmoqda va «Al-Ittihod»ning javobini kutmoqda. Saudiyaliklar esa mavsum yarmida yulduz futbolchisi bilan xayrlashishga shoshilmayapti.
Shu bilan birga, «Fenerbahche» futbolchi uchun yagona variant emas. Qishki transferlar oynasi ochilishidan oldinroq L’Équipe Kanteda Angliya va Fransiyadan variantlar borligini xabar qilgandi. Yanvar oyi oxirida insayder Romano APL klublaridan biri N’Golo uchun istanbulliklar bilan raqobat qilishi mumkinligini xabar qildi. U aynan qaysi klub haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan. Fransuzning Angliya chempionatiga qaytishi masalasi uning agenti bilan muhokama qilingani qayd etilgan.
Sport
«Real» ikki futbolchisini mushtlashgani uchun 500 ming yevro jarimaga tortdi
Urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuameni o‘zaro janjal uchun jazolandi.
«Real» futbol klubi urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuamenini mashg‘ulotdagi mushtlashuv uchun 500 ming yevrodan jarimaga tortdi. Bu haqda Madrid klubi saytida xabar berildi.
«O‘yinchilar sodir bo‘lgan voqeadan to‘liq pushaymon ekanligini bildirib, bir-biridan uzr so‘radi. Bundan tashqari, ular klubdan, jamoadoshlaridan, murabbiylar shtabi va muxlislardan ham uzr so‘radi va ikkalasi ham klub munosib deb hisoblagan har qanday jazoni qabul qilishga tayyor ekanligini bildirdi», deyiladi xabarda.
Natijada «Real» ularni jarimaga tortishga qaror qildi va bu bilan tegishli ichki tekshiruvni yakunladi.
Bir kun avval Marca nashri xabariga ko‘ra, futbolchilar mashg‘ulotdan so‘ng kiyinish xonasida mushtlashgan, oqibatda urugvaylik yiqilib, boshi bilan urilgan va keyinchalik shifoxonaga yotqizilgan. Unga chok qo‘yilgani, klub esa shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, intizomiy ish qo‘zg‘atgani xabar qilingandi.
Shu bilan birga, Valverdening o‘zi bahs paytida tasodifan stolga urilib, jarohat olganini va shifoxonaga yotqizilganini aytgandi. U Tchuameni uni urmaganini ta’kidlab, voqeani bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka chaqirdi.
Sport
Nodirbek Abdusattorov TePe Sigeman Chess 2026 turnirini 3-o‘rinda yakunladi
Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyadagi nufuzli TePe Sigeman Chess 2026 turnirini uchinchi o‘rinda yakunladi.
O‘zbekistonlik grossmeyster 7 tur yakunlariga ko‘ra turkiyalik 14 yoshli shaxmatchi Yag‘iz Kaan Erdogmush bilan 3-o‘rinni bo‘lishdi.
Qayd etilishicha, Abdusattorov turnir davomida birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi. U startda g‘alaba qozonib, keyingi olti bahsni durang bilan yakunladi.
1-o‘rin — Magnus Karlsen (Norvegiya)
2-o‘rin — Arjun Erigaysi (Hindiston)
Turnir 1–7 may kunlari Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tdi.
Sport
«Real»da xaos. Valverde va Chuameni mushtlashib ketdi
Urugvaylik futbolchi boshidan jarohatlangan va safdan chiqqan. Klub ikki futbolchini ham jazolashi mumkin.
«Real»da ichki muhit kundan kunga yomonlashmoqda. «Barselona» bilan o‘yinga bir necha kun qolganida madridliklar mojaro girdobida qoldi – ish shu darajaga borib yetdiki, futbolchilar o‘zaro janjallashmoqda.
Chuameni va Valverdening janjali
So‘nggi kunlarda futbol olamidagi asosiy yangilik – Oreliyen Chuameni va Federiko Valverde o‘rtasidagi mushtlashuv bo‘ldi. Marca ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yarimhimoyachilar dastlab chorshanba kungi mashg‘ulot chog‘ida nizolashib qolgan, ammo o‘shanda ish ochiq mushtlashuvgacha borib yetmagan.
Payshanba kuni futbolchilar hissiyotlarini jilovlay olishmagan. Xabar qilinishicha, fransiyalik futbolchi mojaroga chek qo‘yish uchun Fededan uzr so‘ragan, ammo urugvaylik uning uzrini qabul qilmagan. Mashg‘ulot vaqtida esa jamoadoshiga qarshi qo‘pol o‘ynay boshlagan. Murabbiy Alvaro Arbeloa vaziyatni to‘g‘rilash uchun ularni mashg‘ulotda bitta jamoa safida o‘ynatgan. Lekin vaziyat yumshamagan.
As nashri yozishicha, kiyim almashtirish xonasida Valverde Chuamenini bir kun oldin bo‘lgan janjalni OAVga sizdirishda ayblagan. Oreliyen esa buni qat’iy rad qilib, jamoadoshidan uni ayblashni to‘xtatishni talab qilgan. Fede esa to‘xtamagan, shundan so‘ng Oreliyen unga musht tushirgan. Zarbadan so‘ng Valverde yiqilgan va stol burchagiga urilib boshi yorilgan. Shundan so‘ng uni shifoxonaga olib ketishgan va boshini tikishgan.
Valverdening raddiyasi
Hozirda futbolchi bazaga qaytgan. «Real» matbuot xizmati rasmiy bayonotida aytilishicha, unda bosh miya jarohati qayd etilgan. Bunday holatlarda futbolchi ikki haftagacha maydonga tusha olmasligi mumkin.
Ko‘p o‘tmay Valverde ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida holat yuzasidan izoh berdi: u vaziyat bo‘rttirib yuborilgani, bu har qanday jamoada bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatligi va bunday xabar kiyim almashtirish xonasidan tashqariga chiqmasligi kerakligini aytgan.
«Jamoadoshim meni urgani yo‘q, men ham uni urmadim. Lekin tushunaman: biz mushtlashganimizga yoki bu ataylab qilinganiga ishonishingiz osonroq, lekin unday emas. Bahs paytida men tasodifan stolga urildim, bu esa peshonamda kichik tirnalishga va shifoxonaga borishimga sabab bo‘ldi», – deya yozgan Fede.
Futbolchi «Real»ning og‘ir mavsumi va Chempionlar ligasini tark etishni qabul qilish og‘ir bo‘lganini tan olgan.
«Biz yana bir yilni behuda sarfladik. Men g‘azab va alamimni ichimga yutardim, ammo oxir-oqibat hammasi bema’ni janjalga aylanib ketdi», – degan futbolchi.
U bo‘lgan voqea uchun uzr so‘ragan va hamon klubga sodiqligini qayd etgan.
«Real» – hayotimdagi eng muhim narsalardan biri va men unga befarq bo‘la olmayman», – deya qo‘shimcha qilgan urugvaylik futbolchi.
Valverde o‘z murojaatini shunday yakunlagan: «Men klub va jamoadoshlarim zarur deb hisoblagan har qanday qarorga rozi bo‘laman».
Futbolchilar jazolanadi
«Real» klubiga yaqin bo‘lgan jurnalistlar bu voqea rahbariyatning g‘azabini keltirgani, ikki futbolchi ham intizomsizligi uchun qat’iy jazolanishi haqida yozishdi.
Ko‘p o‘tmay «Real» klubi Valverde va Chuameni o‘rtasida chiqqan mojaroni rasman tasdiqlab, ularga nisbatan intizomiy ish ochilganini ma’lum qildi:
«Real Madrid futbol klubi ertalabki mashg‘ulot paytida Federiko Valverde hamda Orelen Chuameni o‘rtasida ro‘y bergan vaziyat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlanganini ma’lum qiladi. Klub tegishli jarayonlarni yakunlaganidan keyin ikki futbolchiga nisbatan qo‘llangan choralar haqida batafsil ma’lumot beradi».
Bunday holatlar uchun futbolchilar bir necha o‘yinga chetlatilib, moliyaviy jarima qo‘llanishi mumkin. Ichki protokolga ko‘ra, jiddiy darajada muammo keltirib chiqqan futbolchilar bilan shartnoma bekor qilinishi ham ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, xaos «Real» uchun odatiy holga aylangan. Xabarlarga ko‘ra, jamoa a’zolari ikki guruhga ajralib olgan va o‘zaro muloqot qilmaydi. Olti nafar futbolchi esa bosh murabbiy Alvaro Arbeloaning so‘zlariga quloq tutmaydi.
Bu vaqtda klub himoyachilari Antonio Ryudiger va Alvaro Karreras o‘rtasida ham so‘nggi vaqtlarda ikki bor janjal ro‘y bergani haqida ham xabarlar tarqalgan. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi janjaldan keyin jamoadoshlari Ryudigerni uzr so‘rashga majbur qilishgan.
Mbappe bilan bog‘liq vaziyat
Bu voqealar Kilian Mbappe bilan bog‘liq katta mojaro fonida ro‘y bermoqda: jarohatlangan hujumchi tiklanish jarayonini o‘tash o‘rniga sevgilisi bilan Italiyaga ketib qolishi jamoadoshlarini ham, klub muxlislarini ham g‘azablantirgan. Muxlislar fransiyalik futbolchini jamoadan ketkazish talabi bilan petitsiya boshlagan va u allaqachon 34 million kishi tomonidan imzolangan.
Lekin Mbappe allaqachon klub bazasiga qaytdi va aftidan hech narsadan xavotirda emas – u tez orada maydonga qaytishi ham mumkin. Chuameni va Valverdening janjali ro‘y bergan mashg‘ulotda Kilian ham bor edi va bazani juda mamnun holatda tark etgan. Jurnalistlar hujumchi bazadan qattiq kulgancha chiqib ketayotganini ko‘rishgan.
Mendining og‘ir jarohati
Bu vaqtda madridliklar tarkibida yana bir jiddiy yo‘qotish ro‘y berdi. Mavsumning katta qismini jarohatini davolash bilan o‘tkazib yuborgan himoyachi Ferlan Mendi la liganing 34-turi doirasida «Espanyol»ga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) yana jarohat oldi. U o‘yin boshida tezlik olayotganida bel qismida og‘riq sezdi va gazonga o‘tirib oldi.
Avvaliga shifokorlar uning davolanish va tiklanish jarayoni besh oy davom etishini prognoz qilishgandi. Ammo 7 may kuni Mendi o‘ng son mushagining payi uzilgani va operatsiya qilinishi, kamida bir yilni o‘tkazib yuborishi ma’lum qildi. COPE nashri ma’lumotiga ko‘ra, endi 30 yoshli fransuz futbolchilik faoliyatini yakunlash haqida o‘ylamoqda.
Shunday muammolar girdobida qolgan «Real» 10 may kuni «Kamp Nou»ga safar qiladi va la liganing 35-turi doirasida «Barselona»ga qarshi maydonga tushadi. Kataloniyaliklar shu kuni chempionga aylanishi mumkin – buning uchun mezbonlar azaliy raqibiga yutqazmasligining o‘zi yetarli bo‘ladi. Madridliklar bu o‘yinga qanday holatda borishi hisobga olinsa, bu qiyin vazifa bo‘lib ko‘rinmayapti.
Sport
Jahon chempionati debyutantlari futbolkalariga maxsus nishon qadaladi
Jahon chempionatining final bosqichida ilk bor ishtirok etadigan futbolchilarning liboslariga maxsus nishon qadaladi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Ushbu o‘ziga xos belgi debyutantlarni boshqa yulduzlardan ajratib turish va ularning faoliyatidagi tarixiy qadamni alohida e’tirof etish maqsadida joriy etilmoqda. Hatto allaqachon jahon yulduziga aylanib ulgurgan Lamin Yamal ham shunday nishon bilan maydonga tushadi.
O‘z tarixida ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasining barcha a’zolari shunday liboslarda harakat qilishadi.
Sport
Angliyaning uchta klubi yevrokuboklar finaliga chiqdi
«Aston Villa», «Kristal Pelas» va «Arsenal» nufuzli sovrinlar uchun kurashadi.
Foto: Alexander Hassenstein / Getty Images
Yevropa klublari turnirlarining so‘nggi bosqichiga Angliya Premer Ligasining uchta klubi yetib keldi.
«Aston Villa» Yevropa Ligasi finaliga chiqdi. Klub yarimfinalda Angliyaning yana bir vakili «Nottingem Forest»ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra ortda qoldirdi (0:1, 4:0). Finalda Germaniyaning «Frayburg» klubi ham ishtirok etadi. U Portugaliyaning «Braga» klubi to‘sig‘idan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi (1:2, 3:1). Turnirning hal qiluvchi bahsi 20 may kuni Istanbulda o‘tkaziladi.
Angliyaning «Kristal Pelas» klubi Konferensiyalar Ligasi finaliga chiqdi. U yarimfinalda Ukraina vakili «Shaxtyor»ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra ortda qoldirdi (3:1, 2:1). Finalda Ispaniyaning «Rayo Valekano» klubi ham ishtirok etadi. U Fransiyaning «Strasbur» klubi to‘sig‘idan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi (1:0, 1:0). Turnirning hal qiluvchi bahsi 27 may kuni Lepsigda o‘tkaziladi.
Avvalroq, Angliyaning «Arsenal» klubi Chempionlar Ligasi finaliga yo‘l olgan edi. Fransiyaning «PSJ» klubiga qarshi bahs 30 may kuni Budapeshtda o‘tkaziladi.
-
Jamiyat5 days ago
Prezident Buyuk Britaniyaning ikki marhum fuqarosini mukofotladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Endi chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi
-
Dunyodan5 days ago
Amirliklar neft eksport qiluvchi arab davlatlari tashkilotini tark etadi
-
Dunyodan4 days agoXitoyda pirotexnika zavodining portlashi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda Mudofaa vazirligi tarkibida sunʼiy intellekt boʻlimi va kiberxavfsizlik instituti tashkil etildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
budjet tarkibida qaysi soliqlarning ulushi ko‘proq?
-
Dunyodan4 days agoTahlilchilar neft haqida xavotirli ma’lumotlarni e’lon qilishdi
-
Jamiyat3 days ago
Askiya nozikfahm zakiylar bahsi, «tor» hazillar emas!
