Iqtisodiyot
Qimmatli qog‘ozlar bozorida qonunbuzilishlar uchun sanksiyalar qo‘llanadi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni ko‘rib chiqish va sanksiyalar qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom huquqiy intizomni kuchaytirish, shaffoflikni oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Sanksiyalar qonunchilik talablarini buzgan qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilariga nisbatan qo‘llaniladi. Ishtirokchilarning mansabdor shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq ma’muriy jazo choralari qo‘llanishi mumkin.
Ishlarni ko‘rib chiqish va sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha vakolatli organ – Istiqbolli loyihalar milliy agentligi. Ma’muriy huquqbuzarlik belgilari mavjud bo‘lganda ishlar belgilangan tartibda sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ishni ko‘rib chiqish asoslari:
fuqarolar va yuridik shaxslarning ariza va shikoyatlari;
tekshirish va hisobot materiallari;
OAVdagi xabarlar va boshqa axborot manbalari.
Ishni ko‘rib chiqish uchun komissiya tuziladi, uning shaxsiy tarkibi Agentlik rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi. Tarkibga Agentlik xodimlari, davlat organlari va kasbiy birlashmalar vakillari kiritilishi mumkin.
Zarurat tug‘ilganda komissiya banklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda Markaziy bank bilan kelishgan holda ekspertlarni jalb qilishga haqli.
Komissiya ishni bir oy mobaynida ko‘rib chiqadi, muddatni bir oydan ortmagan muddatga uzaytirish mumkin.
Nizomda ishning barcha ishtirokchilari – jumladan javobgarlikka tortilayotgan shaxs, ariza beruvchilar, ekspertlar va guvohlar xabardor qilinishi va komissiya majlislarida ishtirok etish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilgan. Ularning ish materiallari bilan tanishish, dalillar taqdim etish, muhokamada ishtirok etish va komissiya qarorlariga e’tiroz bildirish huquqi mustahkamlangan.
Ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha komissiya quyidagilar haqida qaror qabul qilishi mumkin:
qonunbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida xabarnoma berish;
litsenziya yoki ayrim operatsiyalarni to‘xtatib turish;
ishni sud yoki boshqa organlarga yuborish;
ish yuritishni to‘xtatish.
Qarorlarlarga sud tartibida e’tiroz bildirilishi mumkin. Sudga murojaat qilganda e’tiroz qilinayotgan qarorni ijro etish sud hujjati qonuniy kuchga kirgunicha to‘xtatib turiladi.
Qonun buzuvchilar qonunbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran uch yil mobaynida javobgarlikka tortilishi mumkin.