Iqtisodiyot
Qaysi viloyatlarda naqd pul bilan ko‘proq muomala qilinadi?
Markaziy bank joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston aholisi o‘rtasida naqd pul muomalasining tashkil etilishi, naqd puldagi hisob-kitoblar yuzasidan elektron so‘rovnoma o‘tkazdi (14 259 ta respondent ishtirok etgan) va natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholi orasida kundalik to‘lovlarni asosan (odatda) naqd pul shaklida amalga oshiruvchilar 15 foizni, bank kartasi orqali amalga oshiruvchilar 33 foizni va ikkala shaklda amalga oshiruvchilar 52 foizni tashkil etdi.
Natijalar kundalik xaridlarini asosan naqd shaklda amalga oshirayotgan aholi ulushi Andijon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand viloyatlarida yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Aholining naqd pul shaklidagi bir martalik xaridlari miqdori 100 ming so‘mdan – 500 ming so‘mgacha 47 foizni, 100 ming so‘mgacha 35 foizni, 500 ming so‘mdan – 1 mln so‘mgacha 12 foizni va 1 mln so‘mdan yuqorisi 6 foizni tashkil qildi.
Tovarlar (xizmatlar) xaridini naqd pul shaklida amalga oshirish sababi bo‘yicha respondentlarning 56 foizi xaridlarni asosan dehqon bozorlarda amalga oshirishlarini, 17 foizi tez, xavfsiz va nazorat qilish qulay ekanligini, 13 foizi naqd pulda tovarlar (xizmatlar) arzonroq ekanligini, 7 foizi to‘lov uchun naqd pul talab qilinishini hamda yana 7 foizi to‘lov terminali yo‘qligini va ishlamasligini ko‘rsatgan.
To‘lovlar uchun naqd pul talab qilish holatlari bo‘yicha Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lsa, to‘lov terminali yo‘qligi yoki ishlamasligi holatlari Toshkent shahrida ko‘p kuzatilayotganligini ko‘rish mumkin.
Bank kartalaridan naqd pul yechib olish holati o‘rganilganda bir oyda o‘rtacha 1-2 marotaba yechib oladiganlar 42 foizni, 3-4 marotaba yechadiganlar 35 foizni hamda 5 marotaba va undan ko‘p yechadiganlar 23 foizni tashkil etmoqda.
Aholi jamg‘armalarini 23 foizini o‘zlarida naqd pul shaklida va shuncha qismi bank kartalarida, shuningdek 20 foizi banklardagi omonat hisobvaraqlarda saqlashlarini bildirishgan bo‘lsa, 34 foizi jamg‘armalari mavjud emas ekanliklarini ma’lum qilishgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili bo‘ladi
O‘zbekistonda «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, markaz alohida belgilangan hududda maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi.
Qonunda qayd etilishicha, moliya markazining dastlabki chegaralari uni tashkil etishga oid Prezident farmoni bilan belgilanadi. Markaz tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror esa kuchga kirishidan avval rasmiy reyestrda e’lon qilinishi shart.
Shuningdek, qonun talablari yoki moliya markazi qarorlariga zid ravishda tijorat yoki moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga yirik miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Jarima 10 million AQSh dollaridan yoki qoidabuzarlikka asos bo‘lgan bitim yoki faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, moliya markazi tuzilmasiga Kengash, Ma’muriyat, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi hamda Toshkent xalqaro tijorat sudi kiradi.
Markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi shart.
Qonunga muvofiq, ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili etib belgilandi.
Konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
-
Siyosat5 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
-
Iqtisodiyot4 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
-
Mahalliy4 days ago
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
-
Jamiyat4 days ago
Farg‘onada menejer 1,7 mlrd so‘mlik ko‘mirni o‘zlashtirgani aniqlandi
-
Dunyodan4 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Dunyodan5 days ago
Anqarada NATO sammiti boshlandi
