Iqtisodiyot
Qaysi viloyatlarda naqd pul bilan ko‘proq muomala qilinadi?
Markaziy bank joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston aholisi o‘rtasida naqd pul muomalasining tashkil etilishi, naqd puldagi hisob-kitoblar yuzasidan elektron so‘rovnoma o‘tkazdi (14 259 ta respondent ishtirok etgan) va natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholi orasida kundalik to‘lovlarni asosan (odatda) naqd pul shaklida amalga oshiruvchilar 15 foizni, bank kartasi orqali amalga oshiruvchilar 33 foizni va ikkala shaklda amalga oshiruvchilar 52 foizni tashkil etdi.
Natijalar kundalik xaridlarini asosan naqd shaklda amalga oshirayotgan aholi ulushi Andijon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand viloyatlarida yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Aholining naqd pul shaklidagi bir martalik xaridlari miqdori 100 ming so‘mdan – 500 ming so‘mgacha 47 foizni, 100 ming so‘mgacha 35 foizni, 500 ming so‘mdan – 1 mln so‘mgacha 12 foizni va 1 mln so‘mdan yuqorisi 6 foizni tashkil qildi.
Tovarlar (xizmatlar) xaridini naqd pul shaklida amalga oshirish sababi bo‘yicha respondentlarning 56 foizi xaridlarni asosan dehqon bozorlarda amalga oshirishlarini, 17 foizi tez, xavfsiz va nazorat qilish qulay ekanligini, 13 foizi naqd pulda tovarlar (xizmatlar) arzonroq ekanligini, 7 foizi to‘lov uchun naqd pul talab qilinishini hamda yana 7 foizi to‘lov terminali yo‘qligini va ishlamasligini ko‘rsatgan.
To‘lovlar uchun naqd pul talab qilish holatlari bo‘yicha Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lsa, to‘lov terminali yo‘qligi yoki ishlamasligi holatlari Toshkent shahrida ko‘p kuzatilayotganligini ko‘rish mumkin.
Bank kartalaridan naqd pul yechib olish holati o‘rganilganda bir oyda o‘rtacha 1-2 marotaba yechib oladiganlar 42 foizni, 3-4 marotaba yechadiganlar 35 foizni hamda 5 marotaba va undan ko‘p yechadiganlar 23 foizni tashkil etmoqda.
Aholi jamg‘armalarini 23 foizini o‘zlarida naqd pul shaklida va shuncha qismi bank kartalarida, shuningdek 20 foizi banklardagi omonat hisobvaraqlarda saqlashlarini bildirishgan bo‘lsa, 34 foizi jamg‘armalari mavjud emas ekanliklarini ma’lum qilishgan.
Iqtisodiyot
Enterprise Uzbekistan uchun maxsus huquqiy rejim 2100 yilgacha amal qiladi
“Enterprise Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilayotgan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun 2100 yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgan. Bu haqda 25 mart kuni prezident huzuridagi taqdimotda ma’lum qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi.
Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Sojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda ma’lumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.
Taqdimotda 2030 yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytildi. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etildi.
Iqtisodiyot
Davlat budjetining 2025 yildagi ijrosi. Defitsit – 39 trln so‘mgacha qisqardi
2025 yil O‘zbekistonda budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 2,1 foiz yoki 39,4 trln so‘mni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng katta defitsit Farg‘ona (4,39 trln so‘m), Andijon (3,56 trln so‘m) va Samarqand (3,41 trln so‘m) viloyatlarida qayd etildi. O‘tgan yilda ajratiladigan subsidiyalar miqdori 29 trln 352 mlrd so‘mni tashkil qildi. Shundan 11,3 trln so‘m energetika sohasiga, qariyb 4 trln so‘m maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yildagi budjet ijrosi bo‘yicha ma’lumot berdi.
O‘tgan yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 502,6 trln so‘mni, xarajatlari esa 541,7 trln so‘mni tashkil etgan. Taqchillik – 39,1 trln so‘m yoki YaIMning 2,1 foizi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 47,8 trln so‘m yoki YaIMning 3,3 foizini tashkil etgandi.
Hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 359,8 trln so‘mni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 31,1 foizga o‘sgan. Daromadlar quyidagi manbalar hisobidan shakllangan:
bevosita soliqlar – 117,8 trln so‘m (+29,8 foiz);
bilvosita soliqlar – 109,6 trln so‘m (+24,1 foiz);
resurs va mol-mulk solig‘i – 44,9 trln so‘m (+23,6 foiz);
boshqa daromadlar – 87,5 trln so‘m.
2025 yilda davlat budjeti xarajatlari 383,9 trln so‘m bo‘lgan va 2024 yilga nisbatan 23,5 foizga oshgan. Budjet xarajatlarining iqtisodiy tasnif bo‘yicha ijrosi quyidagicha bo‘lgan:
ish haqi – 149,6 trln so‘m (+14,9 foiz);
ijtimoiy soliqlar – 29,8 trln so‘m (+16,9 foiz);
kapital qo‘yilmalar – 15,6 trln so‘m (+7,5 foiz);
boshqa xarajatlar – 188,9 trln so‘m (+34,3 foiz).
Mahalliy budjetlarning moliyaviy holati
O‘tgan yilda mahalliy budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy farq 37,9 trln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng katta defitsit Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. Viloyatda mahalliy budjet daromadlari 6,38 trln so‘m, xarajatlari esa 10,77 trln so‘m, defitsit 4,39 trln so‘m bo‘lgan. Keyingi eng yomon ko‘rsatkichlar Andijon (taqchillik – 3,56 trln so‘m) va Samarqand (taqchillik – 3,41 trln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.
Eng kam taqchillik Navoiy (1,03 trln so‘m) va Toshkent (1,35 trln so‘m) viloyatlarida shakllangan.
Subsidiyalar
2025 yilda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 29 trln 352 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Yanvar-dekabr oylarida subsidiya mablag‘larining katta qismi quyidagi maqsadlarda ishlatilgan:
ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish o‘rtasidagi zararlarni qoplash – 7 trln so‘m (-26,5 foiz);
maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiyalar – 3,95 trln so‘m (+18,2 foiz);
issiqlik ta’minoti korxonalari zararini qoplash xarajatlari – 3,5 trln so‘m (-9,7 foiz);
aholi tomonidan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar – 2,13 trln so‘m (+51,3 foiz);
avtobusda yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 1,6 trln so‘m (+35,8 foiz);
metroda yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 852 mlrd so‘m (+25,9 foiz);
geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratilgan subsidiyalar – 820 mlrd so‘m (-4 foiz);
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJning mablag‘larini shakllantirish – 523 mlrd so‘m (-21,4 foiz);
Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar – 500 mlrd so‘m (-23,7 foiz);
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga subsidiyalar – 420 mlrd so‘m (-40,7 foiz).
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,8 trln so‘m miqdorida, xarajatlar esa 567,7 trln so‘m etib tasdiqlangandi. Budjet taqchilligi 60,1 trln so‘mni tashkil etishi va YaIMning 3 foizidan oshmasligi kutilyapti.
Iqtisodiyot
Toshkent viloyatida chiqindi tariflari oshadi
Viloyat deputatlari jismoniy shaxslar uchun tarifni 38,6 foizga, yuridik shaxslar uchun esa 12 foizga oshirishga qaror berdi. Yangi tariflar 1 apreldan kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi 24 mart kungi qarori bilan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmati uchun yangi tariflarni tasdiqladi.
Tariflar jismoniy shaxslar uchun 38,6 foizga, yuridik shaxslar uchun 12 foizga ko‘tariladi. Yangi tarif 1 apreldan kuchga kirishi belgilandi.
Amaldagi tarif – aholi xonadonlari uchun kishi boshiga oyiga 7000 so‘m (QQS bilan 7840 so‘m). 1 apreldan e’tiboran tarif 9700 so‘m (QQS bilan 10 864 so‘m)ni tashkil etadi.
Yuridik shaxslar uchun esa 1 m3 chiqindini olib ketish xizmati amalda 74 000 so‘m (QQS bilan 82 880 so‘m). Bu tarif 1 apreldan boshlab 82 880 so‘m (QQS bilan 86 890 so‘m)ni tashkil etadi.
Mazkur tariflar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda quyidagi sanitar tozalash korxonalariga taalluqli:
“Zero Waster” MChJ, “Zangiota Obodon” MChJ, “Angren Bunyod Fayz” MChJ, “Rahnamo Servis” MChJ, “Ohangaron Sanitariya Tozalash” MChJ, “Toshkent viloyati Toza hudud” DM.
Iqtisodiyot
Rubl kursi keskin ko‘tarildi, yevro ham qimmatladi
Markaziy bank 2026-yil 25-martdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 3,94 so‘mga oshib, 12 196,00 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 144,78 so‘mga oshdi va 14 141,26 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 346,30 so‘m (+149,15).
Rossiya rubli 151,74 so‘m etib belgilandi (8,74).
Iqtisodiyot
Oltin keskin arzonlashdi. Sabab nima?
Mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Yanvar oyining oxirida 5600 dollargacha ko‘tarilgan narxlar 4100 dollargacha pasaydi. Qimmatbaho metall narxining o‘zgarishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi ishlab chiqarish darajasi hisobga olinsa, yillik narxlarning o‘rtacha 100 dollarga qimmatlashishi oltin eksportidan keladigan daromadlarni taxminan 380 mln dollarga ko‘paytirishi mumkin.
Geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Shu sababdan so‘nggi yillarda qimmatbaho metall bahosi keskin qimmatlashdi. 2026 yilning 28 yanvar kuni narxlar 5608 dollargacha ko‘tarildi. Ammo mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Sabab nima?
Oltin nega keskin arzonladi?
Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Global inflatsiya kuchaydi. Natijada markaziy banklar, xususan, AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishni kechiktirishga majbur bo‘lyapti. Agar yirik markaziy banklar foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab tursa yoki davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik oshsa, sarmoyadorlar o‘z mablag‘larini foiz keltirmaydigan oltindan ko‘ra, kafolatlangan daromad keltiruvchi obligatsiyalarga yo‘naltirishni afzal ko‘rishadi.
Shuningdek, mart oyi boshidan beri dollar 2 foizga mustahkamlandi. AQSh dollari boshqa asosiy valutalarga nisbatan kuchayganda, oltin narxi odatda pasayadi. Dollar qanchalik qimmat bo‘lsa, boshqa valutada xarid qiluvchilar uchun oltin shunchalik qimmatga tushadi, bu esa global talabni susaytiradi.
Agar xalqaro maydondagi siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar, masalan, savdo urushlari yoki mintaqaviy mojarolar, qisman barqarorlashgan bo‘lganda ham investorlarda «xavfsizlik bandargohi»ga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi. Bu esa xavfliroq, ammo daromadliroq bo‘lgan aksiyalar bozoriga kapital oqib yo‘naltirilishiga olib keladi.
Oltin narxining O‘zbekistonga ta’siri
Bir necha kun oldin Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni yangiladi. 1 mart holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro aktivlari 77,1 mlrd dollargacha oshdi. Bu mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning 67,6 mlrd dollari yoki qariyb 88 foiz qismi aynan oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning 1 yanvar holatida xalqaro aktivlar 41,2 mlrd dollar, uning tarkibida oltinning ulushi 32 mlrd dollar bo‘lgan. Ya’ni narxlarning qimmatlashishi hisobiga O‘zbekistonning oltin aktivlari 14 oy ichida 87 foizga yoki 35,9 mlrd dollarga ko‘paydi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik, 2024 yilda 7,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan. 2025 yilda bu 9,9 mlrd dollargacha oshdi.
Agar yil davomida oltinning o‘rtacha narxi unsiyasi uchun 5000 dollarni tashkil etgan taqdirda O‘zbekiston 2026 yilda 18,9 mlrd dollarlik, 4500 dollarni tashkil qilgan taqdirda 17 mlrd dollarlik, 4000 dollarni tashkil etgan taqdirda esa 15,2 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksportini amalga oshirishi mumkin. Shu jihatdan narxlarning qimmatlashishi bevosita mamlakat budjet daromadlari va valuta kursining barqarorlashishiga katta ta’sir o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda oltin qazib olishning yillik ko‘rsatkichi 118 tonnaga yetkazilishi aytilgandi.
-
Siyosat2 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
-
Jamiyat4 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
-
Jamiyat1 day agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Sport4 days ago
Masharipov va Fayzullayev jarohat sabab xalqaro turnirda qatnashmaydi
-
Jamiyat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini hayit bilan tabrikladi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days agoEron urush va iqtisodiy inqiroz fonida rekord qiymatdagi banknotni muomalaga chiqardi
