Jamiyat
“Qamayman deb tazyiq o‘tkazgan” – Samarqandda IIB xodimi o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘ldi
Bulung‘ur tumanida o‘ziga o‘t qo‘ygan 17 yoshli o‘smir ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay 2 oydan so‘ng vafot etdi. Marhumning yaqinlariga ko‘ra, u profilaktika inspektorining qamayman, deya qilgan tahdididan qo‘rqib, o‘z joniga qasd qilgan. Inspektor esa bu da’voni tuhmat deb atagan va bolaning o‘limida aybi yo‘qligini bildirgan. Sud uni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi va sud zalidan qamoqqa oldi.
Bulung‘ur tumani IIB profilaktika inspektori jinoiy jazoga tortildi. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Payariq tuman sudida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1986 yilda tug‘ilgan I.X. Bulung‘ur tumani Kildon mahallasi profilaktika katta inspektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
2025 yil 20 fevral kuni Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasiga 2008 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan B.B. amakisiga tegishli Cobalt mashinasini o‘zboshimchalik bilan boshqarib ketgani haqida xabar kelib tushadi. Profilaktika inspektori I.X. 21 fevral kuni B.B.ni qarindoshlari bilan birga izlab, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hududidan topgan. So‘ngra xodim o‘smirni uyiga olib borgan va uning onasidan o‘g‘lini olib kelish uchun Zarbdor tuman ichki ishlar xodimlariga 400 ming so‘m berganini aytib, ushbu miqdordagi mablag‘ni bank kartasiga o‘tkazib olishga erishgan.
Shundan so‘ng, profilaktika inspektori “Bu bola qamaladi, endi qonun oldida javob berishi kerak” deya qo‘rqitib, B.B.ni qarindoshlari yonidan olib chiqib ketgan. Biroq profilaktik tadbir o‘tkazmasdan yoki biror hujjat rasmiylashtirmasdan B.B.ni tungi vaqtga qadar o‘zi bilan olib yurgan. Soat 22:30 larda voyaga yetmagan yigitning onasi K.Q.ga qo‘ng‘iroq qilib, farzandini IIB ma’muriy binosidan olib ketishni aytgan. Ammo K.Q. kelmagach, B.B.ni soat 23:00 larda yashash uyiga olib kelib, qarindoshlariga qoldirib ketgan.
B.B. qilgan qilmishi uchun qamalishi haqida aytilgan gaplardan qo‘rquvga tushib, 2025 yil 22 fevral kuni yashash uyi molxonasida dizel yoqilg‘isini ustiga sepib, o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan. Buning oqibatida og‘ir darajadagi kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. U ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay 2025 yil 6 may kuni shifoxonada vafot etgan.
Profilaktika inspektori I.X. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan va B.B.ning o‘limida aybi yo‘qligini, unga tahdid qilmaganini, marhumning yaqinlari unga tuhmat qilayotganini aytgan.
“B.B.dan nega bunday qilganini so‘raganimda u amakisi uyidagi tovuq va g‘oziga qaramagani uchun urganini, shundan so‘ng qo‘rqib, mashinani boshqarib ketganini ma’lum qildi. Zarbdor tumanida B.B. “Aka, sizda gapim bor, 400 ming so‘m berib turing, telefonimni olay, faqat akam bilmasin. Agar bilsa meni o‘ldiradi, uning xarakteri yomon” deya yalina boshladi. Cho‘ntagimdan 400 ming so‘m pul olib, B.B.ga tutqazdim. U yoshi o‘zi tengi bola bilan gaplashib, Samsung A53 telefonini olib keldi va “Sizda turib tursin, uyda onamdan pul olib beraman” dedi. Shundan keyin Bulung‘ur tumaniga qaytdik.
B.B.ni uyiga olib borganimda onasi chiqib, “qayerga tashlash kerak o‘g‘lim olgan pulni?”, deb so‘radi. Onamning nomiga ochilgan bank kartasi raqamini aytdim. K.Q. 400 ming so‘m o‘tkazib berdi. Men B.B.ning onasi va qarindoshlaridan pul so‘raganim yo‘q. B.B.ni fosh etilmagan jinoyatlarni uning bo‘yniga qo‘yish bilan qo‘rqitmaganman. Bu – tuhmat”, degan profilaktika inspektori suddagi ko‘rsatmasida.
Marhumning onasi K.Q. esa inspektor o‘g‘liga uni qamatishini aytib, tahdid qilganini bildirgan.
“O‘sha kuni soat 23:00 larda profilaktika noziri I.H. menga qo‘ng‘iroq qilib, “Bir o‘zingiz kelib keting, farzandingiz Behruzning masalasini hal qilamiz” dedi. Men borolmasligimni aytdim. Oradan 30 daqiqa vaqt o‘tgach, I.H. o‘g‘limni uyga tashlab ketdi. Shunda o‘g‘lim qo‘rquv, stress holatda bo‘lganini, qo‘llari qaltirab turganini ko‘rdim. Ahvoling yaxshimi, deb so‘raganimda yaxshi dedi.
O‘g‘lim o‘zini yoqib yuborgach 2025 yil 6 mayga qadar davolandi, biroq kuyish darajasi og‘ir bo‘lgani sababli vafot etdi. Farzandim B.B. o‘z joniga suiqasd qilgani holatida profilaktika inspektori I.H.ning aybi bor, deb bilaman. Sababi, I.H. o‘g‘limni qo‘rqitib, qamayman deya unga tazyiq o‘tkazgan. U bu haqda menga va qaynukamga aytib berdi. Biz o‘g‘limning ushbu gaplarini video tasvirga olganmiz”, degan ayol sudda.
JIB Payariq tuman sudining hukmi bilan I.H. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 207-moddasi 3-qismi “a” bandida (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Profilaktika inspektori sud zalidan qamoqqa olingan.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
Jamiyat
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolar ekan, ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.
Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda. Unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.
Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish va samarali tizimlar yaratishda tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.
