Sport

«PSJ» qatorasiga ikkinchi yil finalga chiqdi

Published

on


«Bavariya» o‘z uyida kechgan javob o‘yinida g‘alaba qozona olmadi va bunda hakamlarni ayblamoqda. Endi 30 may kuni Budapeshtda «PSJ» «Arsenal»ga qarshi final bahsida maydonga tushadi.

Enrike avtobus qo‘yishdan tortinmadi

«Bavariya» – «PSJ» 1:1

Gol: Dembele, 3 (0:1). Keyn, 90+4 (1:1)

«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Karl, 85), Ta (Kim Min Je, 68), Stanishich (Deyvis, 68), Laymer, Kimmih, Pavlovich, Musiala (Jyekson, 79), Dias, Olise, Keyn

«PSJ»: Safonov, Markinios, Pacho, Nunu Mendesh (Mayulu, 85), Zair-Emeri, Vitinya, Joau Nevesh, Ruis (Beraldo, 76), Kvaratsxeliya, Due (Ernandez, 76), Dembele (Barkolya, 65)

Ogohlantirishlar: Ta, 33. Dias, 78. Kimmih, 90 – Nunu Mendesh, 8. Kvaratsxeliya, 45. Markinios, 86

Birinchi o‘yin: 4:5

«Bavariya» va «PSJ» Parijda kechgan birinchi bahsda mavsumning eng yaxshi o‘yinini o‘tkazib berishgandi, muxlislar esa ikki hafta o‘tib o‘sha o‘yinning takrorini kutishdi. O‘yindan oldin parijliklar ustozi Luis Enrike jamoasi hisobdagi ustunlikka qaramay, g‘alaba uchun o‘ynashini aytdi, ammo u amalda shu kuni himoyaviy o‘yin tanladi.

Uchinchi daqiqadayoq mehmonlar hisobni ochgani bunda yanada qo‘l keldi. «PSJ» tezkor qarshi hujum uyushtirdi, bu vaqtda «Bavariya» himoyasi shu qadar yuqorida joylashgandiki, maydon markazida Ruis bilan devor uslubida o‘ynab, oldinga tashlangan Xvichani hech kim qarshi olmadi. Keyin esa gurjistonlik vinger jarima maydonida to‘p uzatish uchun uchta bo‘sh sherigidan birini tanlashi kifoya qildi.

Kvaratsxeliya olis ustun yaqiniga yetib kelgan Dembelega pas berishga qaror qildi. Fransuz hujumchisi esa hech qanday qarshilikka uchramasdan to‘pni bir teginishda darvoza to‘riga joylashtirdi. O‘tkazib yuborilgan tezkor goldan keyin «Bavariya» ikki to‘p farqni yo‘qqa chiqarishi kerak bo‘lgan vaziyatda qoldi.

Va «Bavariya»da buning uchun birinchi bo‘limning o‘zidayoq yetarlicha vaziyatlar yuzaga keldi. Olise chap qanotdan jarima maydoniga yaqinlashib olis burchak tomon yo‘llagan zarbaga biroz aniqlik yetishmadi, biroz o‘tib Musiala yerlatib tepgan to‘pni Safonov to‘sib qoldi.

Lekin birinchi bo‘limda eng ko‘p muhokama qilingan vaziyatlar bular emasdi. O‘yin bosh hakami Joau Pedru Pineyra ikki vatandoshiga qizil kartochka va mehmonlar darvozasiga penalti qo‘yishni xohlamadi.

Avvaliga o‘z jamoasi jarima maydoni ichida Vitinya to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, bu vaziyatda uning qo‘li tabiiy holatda emasdi. «Bavariya» futbolchilari penalti so‘rab hakamga tashlanishdi, ammo u qarorini o‘zgartirmadi. Katta ehtimol bilan, u bu qarorini to‘p darvoza sohasi tomon bormayotgani bilan izohlagan, lekin futbolchi bu vaziyatda ehtiyotsizlik bilan qo‘lini yuqoriga ko‘targani fakt edi.

Keyingi vaziyat yanada bahsli. Nunu Mendesh ham qanotda to‘pni qo‘l bilan o‘ynab, to‘xtatib qoldi. Bungacha u Olisening oyog‘iga bir vaziyatning o‘zida ikki bor butsasining ostki qismi bilan zarba bergani uchun sariq kartochka olgandi va mezbonlar unga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatishni talab qilishdi. Ammo hakam bu vaziyatda Laymer tomonidan fol ishlatilgan deb topdi va parijliklar himoyachisini maydondan chetlatmadi. Lekin Laymer qanday fol ishlatgani mavhum bo‘lib qoldi.

Umuman olganda, «Bavariya» kuchli bosim uyushtirdi, ammo bu golga olib kelmadi. Ikkinchi bo‘limda ham mezbonlar to‘pga egalik qilishda davom etdi, ammo «Bavariya»ning bo‘limdagi dastlabki xavfli vaziyati faqat 69-daqiqaga kelib ro‘y berdi. Luis Dias taxminan 11 metr masofadan turib to‘pni to‘xtatmay zarba yo‘lladi, ammo Safonov ishonchli harakat qildi.

Parijliklar ikkinchi bo‘limda hisobdan kelib chiqib, chuqur himoyaga yotdi va qarshi hujumlarga tayanishdi. «Bavariya» esa hududiy ustunlikka ega bo‘lib, to‘liq hujumda o‘ynagan bo‘lsa-da, oldinda tig‘iz joylashgan himoya chizig‘idan o‘ta olmadi.

Mezbonlar futbolchilari vaqt o‘tgan sayin shoshilishdi va bu jamoa zarariga ishladi. Vaziyatlarning birida Keyn vaqt yo‘qotmaslik uchun autni o‘zi otdi, ammo to‘pni yo‘qotdi. Shu bilan birga, Duening o‘zida uchta vaziyat yuzaga keldi, ammo Noyyer har safar ishonchli harakat qilib, o‘yinda intrigani saqlab qoldi. 79-daqiqada Xvicha ikkinchi golni urib, o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo yaqin masofadan turib to‘pga to‘g‘ri zarba berolmadi. 

«Bavariya» baribir o‘z golini urdi. Keyn jarima maydonida to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, to‘qqizlikni aniq nishonga oldi. Ammo juda kech bo‘lgandi, bu vaqtda o‘yinning 90+4-daqiqasi o‘tib borayotgandi. Myunxenliklarda ikkinchi gol uchun vaqt qolmagandi.

O‘yin yakunlanganidan keyin «PSJ» futbolchilari final yo‘llanmasini nishonlashga kirishdi. «Bavariya» futbolchilari esa o‘z e’tirozlarini bildirish uchun hakamni o‘rab olishdi – Kimmih buning uchun sariq kartochka ham oldi. Ikkinchi bo‘lim davomida Nevesh ham jarima maydonida qo‘li bilan o‘ynagan va jazosiz qolgandi. Lekin futbolchilarning e’tirozlari endi hech narsani o‘zgartirmaydi. «PSJ» qatorasiga ikkinchi bor YeChL finaliga chiqdi va 30 may kuni Budapeshtda «Arsenal»ga qarshi o‘ynaydi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version