Dunyodan
Prezident Tramp Eron rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. AQSh endi Tehronga hujum qilmaydimi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning ommaviy namoyishlar ortidan asirga olingan fuqarolarni qatl etish qaroridan qaytganini olqishladi.
“Men rejalashtirilgan osib qo’yish (800 dan ortiq kishi) Eron rahbariyati tomonidan to’xtatilganidan juda xursandman. Rahmat!” Bu haqda Tramp Truth Social platformasidagi sahifasida yozgan.
Avvalroq prezident Tramp eronlik namoyishchilarga nisbatan jazo choralari ko‘rilishi va qatl qilinsa, Eronning amaldagi rahbariyatiga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirgan edi.
Inson huquqlari tashkilotlari Eron rahbariyati so‘nggi haftalarda mamlakatni larzaga keltirgan norozilik namoyishlarida hibsga olingan yuzlab eronliklarni qatl qilishga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirdi. Ayni paytda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi hukumatning namoyishchilarni o‘ldirish niyati yo‘qligini aytdi.
Ma’lumot uchun: Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari 2025-yil 28-dekabr kuni Tehrondagi Katta bozorda boshlandi, u yerda ko‘plab savdogarlar giperinflyatsiya va narxlarning oshishiga qarshi norozilik sifatida eshiklarini yopdilar. Namoyishlar tezda butun mamlakat bo’ylab tarqaldi. Iqtisodiy talablar bilan boshlangan norozilik harakati siyosiy harakatga aylandi.
G‘arb matbuoti inson huquqlari tashkilotlariga tayanib, namoyishlar chog‘ida 2400 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 18 ming kishi hibsga olingan.
Eron hukumatiga qarshi keskin choralar ko‘rishni ko‘rib chiqayotgan prezident Tramp 16 yanvar kuni Eronga qarshi harbiy hujum uyushtirmaslikka qaror qilganini e’lon qilib, bunga o‘lim jazosining bekor qilinishini asos qilib ko‘rsatdi. Biroq siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, prezident Trampning ayni paytda Eronga hujum qilmaslik qarorini yana bir qancha omillar tushuntiradi.
Birinchidan, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Ummon davlatlari Tramp ma’muriyatini Eronga qarshi harbiy chora ko‘rmaslikka ko‘ndirish uchun sezilarli diplomatik sa’y-harakatlar qildi. Bu davlatlar Eronga qarshi harbiy choralar Yaqin Sharqdagi beqarorlikni kuchaytirib, jahon neft bozorini izdan chiqarishidan xavotir bildirdi. Shu tariqa ular Vashingtonni Tehronga yana bir imkoniyat berishga ishontirdilar.
Ikkinchidan, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham prezident Trampni Eronga hujumni kechiktirishga chaqirdi.
Uchinchidan, Eronga qarshi harbiy harakatlar ehtimolini muhokama qilganda, prezident Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi unga Eron rejimining qisqa muddatda qulashiga kafolat yo‘qligini aytdi. Qolaversa, AQSh hukumati Tehron tomonidan keskin javob qaytarilishi ehtimolidan xavotirda. Bu AQSh harbiylari va AQShning mintaqadagi ittifoqchilari, jumladan, Isroilga ta’sir qilishi mumkin.
AQSh hukumati shu tariqa Erondagi vaziyatni diplomatik yoʻllar bilan hal qilishga umid qildi va toʻrtta shart qoʻydi: Islom Respublikasida uranni boyitish standartlarini belgilash, raketa arsenallarini qisqartirish, boyitilgan uran masalasiga oydinlik kiritish va Eronning ishonchli vakillari bilan vaziyatni hal qilish.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Eronda norozilik namoyishlari asosan pasaygan. Eron prezidenti Masud Pezeshkiyan 15 yanvar kuni uning hukumati noroziliklarga sabab bo‘lgan iqtisodiy muammolarga yechim izlashini ma’lum qildi.
Hozircha faqat 1979-yilda hokimiyatdan chetlatilgan Eron qiroli Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li shahzoda Rizo Pahlaviy AQShni Eron Islom Respublikasidagi tuzumni ag‘darish uchun keskin choralar ko‘rishga chaqirdi. Hozirda AQShda yashovchi 65 yoshli Rizo Pahlaviy namoyishchilarni Eronning yirik shaharlarini bosib olishga chaqirmoqda. OAVga bergan intervyusida u Eronga qaytishga tayyorligini aytdi.
Tahlilchilarning aytishicha, AQShning Eron Islom Respublikasi rejimini harbiy yoʻl bilan agʻdarish boʻyicha uzoq muddatli strategik rejasi toʻxtatilmagan va qulay siyosiy sharoitlar paydo boʻlishi bilanoq bu qadam qoʻyilishi ehtimolini inkor etib boʻlmaydi.