Mahalliy
Prezident «Tashkent Law Spring» IV xalqaro yuridik forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi (to‘liq matn)
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Tashkent Law Spring» IV xalqaro yuridik forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni bilan quyida tanishish mumkin.
Hurmatli Forum ishtirokchilari!
Hurmatli mehmonlar!
Avvalambor, sizlarni “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” mavzusidagi “Tashkent Law Spring” IV xalqaro yuridik forumining ochilishi bilan samimiy qutlayman.
Anjumanda jahonning nufuzli tashkilotlari va 40 dan ortiq davlatlaridan yuqori martabali delegatlar, yetakchi oliygohlar va “aql markazlari”ning taniqli olimlari va ekspertlari ishtirok etayotgani uning nufuzi va ahamiyati tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Yuksak texnologik taraqqiyot jarayonida inson manfaatlari va adolat tamoyillariga amal qilish, samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish, raqamli suverenitetni ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni har tomonlama kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.
Texnologiyalar va virtual munosabatlar shiddat bilan hayotimizga kirib kelayotgan bugungi kunda sun’iy intellekt kabi taraqqiyotning eng ilg‘or yutuqlarini umumbashariyat manfaatlari yo‘lida oqilona va samarali foydalanish zarur, deb hisoblaymiz.
Yangi O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar yordamida davlat boshqaruvi modernizatsiyasi va davlat xizmatlarini elektronlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hisobiga “xizmat ko‘rsatuvchi davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor berilmoqda.
Oddiy odamlarga keng qulayliklar yaratayotgan sun’iy intellekt hayotimizga chuqur kirib kelmoqda. Shuni inobatga olib, biz Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini qabul qildik, onlayn-rejimda ishlovchi platformalar hamda integratsiyalashgan bilimlar bazalarini ishga tushirdik.
Shaxsiy daxlsizlik huquqi va taraqqiyot ehtiyojlari o‘rtasida nozik muvozanatni topish, intellektual mulk himoyasi, sohada qulay investitsiyaviy muhitni ta’minlash, shuningdek, yangi voqelik – “raqamli dunyo” sharoitida davlatlarning huquqiy transformatsiya jarayonlariga muvaffaqiyatli o‘tishi, ayniqsa, sun’iy intellekt yo‘nalishida tizimli hamkorlikni kuchaytirish va undan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qoidalar ishlab chiqish ustuvor ahamiyatga egadir. Ushbu innovatsion huquqiy asos mazkur sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Forumda ana shu muhim jihatlarni alohida hisobga olib, eng dolzarb masalalar muhokama qilinishi hamda amaliy taklif hamda tashabbuslar ishlab chiqilishi raqamli kelajakning mustahkam poydevorini yaratish va raqamli transformatsiya yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ladi, deb ishonaman.
Anjuman doirasida ilk bor Yoshlar forumi o‘tkazilayotgani ham diqqatga sazovordir. Chunki bu sohalar rivojini yosh avlodning faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, navqiron huquqshunoslarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etishda bunday samarali muloqot maydonlarining ahamiyati g‘oyat kattadir.
Ana shunday ezgu ishlarda sizlarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va yangi yutuqlar, Forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Mahalliy
Qashqadaryoliklar — “Media haftalik“ka marhabo!
Qashqadaryoliklar — “Media haftalik“ka marhabo!
Source link
Mahalliy
Sigaret tutaydi, miya esa so‘nadi…
So‘nggi ilmiy tadqiqotlar chekish nafaqat o‘pka yoki yurakka, balki insonning eng muhim a’zosi — miyaga ham jiddiy zarar yetkazishini yana bir bor tasdiqladi.
Eng xavflisi shundaki, bu jarayon ko‘pincha sezilmasdan, yillar davomida asta-sekin kechadi. Natijada inson o‘z fikrlash tezligi, xotirasi va ruhiy barqarorligini yo‘qota boshlaydi.
Tamaki tutuni tarkibida minglab zaharli moddalar mavjud bo‘lib, ular qon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaga yetib boradi. Bu moddalar miya hujayralariga zarar yetkazib, neyronlar o‘rtasidagi aloqalarni izdan chiqaradi. Ayniqsa, miyaning muhim qismlari jiddiy zararlanadi.
Masalan, xotira va o‘rganish uchun javob beradigan — «gippokamp» kichrayib boradi, bu esa yangi ma’lumotni qabul qilish va eslab qolishni qiyinlashtiradi.
Hissiyotlar va stressni boshqaruvchi — “amigdala” faoliyati buzilib, insonda doimiy xavotir, asabiylik va tushkunlik holatlari kuchayadi. Harakat va motivatsiya uchun mas’ul «globus pallidus» esa zaiflashib, insonda loqaydlik, tez charchash va harakat sustligi kuzatiladi. Bunday o‘zgarishlar oddiy holat emas. Bu miyaning funksional imkoniyatlari pasayib borayotganining belgisidir.
Chekuvchi insonlarda fikrlash tezligi sekinlashadi, qaror qabul qilish qiyinlashadi, diqqat va reaksiya susayadi. Ko‘pincha bu holatlar stress yoki charchoq bilan izohlanadi, ammo aslida bu miyada kechayotgan jiddiy o‘zgarishlarning natijasidir.
Ilmiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, chekuvchi odamlarda miya hajmi chekmaydiganlarga nisbatan kichikroq bo‘ladi. Bu esa neyronlar soni va ularning faolligi kamayganini anglatadi. Shu bilan birga, nikotin qisqa muddatli «yengillik» hissini bergani bilan, stress darajasini yanada oshiradi.
Yana bir muhim jihat — chekish miyada qon aylanishini yomonlashtiradi. Natijada miya kislorod yetishmovchiligiga uchraydi va bu holat uning ishlash samaradorligini yanada pasaytiradi.
Biroq, ijobiy tomoni ham bor. Inson miyasi ma’lum darajada tiklanish qobiliyatiga ega. Agar chekuvchi inson bu odatni tashlasa, bir necha hafta ichida qon aylanishi yaxshilanadi. Bir necha oydan so‘ng esa xotira, diqqat va fikrlash qobiliyati asta-sekin tiklana boshlaydi. Uzoq muddatda esa miya faoliyati sezilarli darajada yaxshilanishi mumkin.
Xulosa shuki, har bir sigaret — bu shunchaki tutun emas. U insonning xotirasi, fikrlash qobiliyati va ruhiy barqarorligi hisobidan “to‘lanadigan” badaldir. Shuning uchun bu odat haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish va to‘g‘ri qaror qabul qilish har bir inson uchun juda muhimdir.
Mahalliy
Maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi belgilandi.
Adliya vazirligi Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3819, 16.04.2026-y.).
Nizomga ko‘ra, maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi.
Xususan, ular korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi hamda o‘quvchilarning ehtiyojiga mos maxsus metodikalarni (imo-ishora tili, Brayl alifbosi, nutq nuqsonlarini bartaraf etish usullari) bilishi shart.
Hujjatda dars soatlarini taqsimlashning ustuvor tartibi ham belgilandi.
Unga ko‘ra, dars yuklamalari avvalo malaka toifasi yuqori bo‘lgan, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga beriladi.
Shuningdek, 1 pedagog uchun yuklama odatda 0,5 stavkadan kam va 1 stavkadan ortiq bo‘lmasligi, ayrim holatlarda esa 1,5 stavkagacha ruxsat etilishi nazarda tutilgan.
Nizom bilan tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashning aniq muddatlari belgilandi.
Jumladan, dars soatlari 17-sentabrga qadar elektron tizimga kiritiladi, 25-sentabrga qadar esa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Mahalliy
Rektor lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha dastur yo‘lga qo‘yiladi – Hukumat qarori
Vazirlar Mahkamasining joriy iyl 16-apreldagi «Yangi O‘zbekiston» universitetida «Rektorlar maktabi» dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 177-son qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi (Dastur) yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Dastur doirasida quyidagi mezonlarga mos keluvchi shaxslar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi:
30 yoshga to‘lgan;
kamida magistr akademik darajasiga ega;
oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan .
Dastur tinglovchilarida quyidagi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar rivojlantiriladi:
akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv;
sun’iy intellekt va raqamlashtirish;
strategik boshqaruv va transformatsiya .
Dasturning o‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) 6 oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Dastur yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSh) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.
Mahalliy
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari sanasi e’lon qilindi
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
2025–2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Imtihonlar jadvali quyidagicha:
9-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 1- iyun
Matematika — 4-iyun
O‘zbekiston tarixi — 8-iyun
Jismoniy tarbiya — 1–6-may
11-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 2-iyun
Matematika (asosiy / chuqurlashtirilgan) — 5-iyun
O‘zbekiston tarixi — 9-iyun
11-sinf — tanlov fanlar (barcha bitiruvchilar uchun majburiy):
Fizika, kimyo, biologiya, geografiya, davlat huquq asoslari, ona tili va adabiyoti (qardosh tillar), tet tili — 12-iyun va 15-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
(O‘quvchi 2 ta tanlov fan tanlaydi: 1-fan 12-iyunda, 2-fan 15-iyunda o‘tkaziladi)
-
Siyosat3 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Iqtisodiyot5 days ago21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan3 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Jamiyat5 days ago
Reklama qonunchiligini buzgan qurilish kompaniyalari jarimaga tortildi
-
Siyosat3 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Jamiyat3 days ago«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi
-
Jamiyat3 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
-
Dunyodan5 days ago
Qirg‘izistonda viloyat va tumanlar tugatiladi. Japarov yangi boshqaruv tizimini taklif qilmoqda
