Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.