Jamiyat
66 nafar o‘zbekistonlik Buryatiyadagi koloniyada jazo o‘tamoqda
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Buryatiya Respublikasi Ulan-Ude shahridagi 8-sonli axloq tuzatish koloniyasida jazo o‘tayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston fuqarolari bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaat va iltimoslari tinglandi. Shuningdek, sodir etilgan huquqbuzarliklar xususiyatiga oid ma’lumotlar o‘rganilib, tegishli maslahatlar berildi. Hozirda koloniyada 66 nafar o‘zbekistonlik jazo muddatini o‘tamoqda.
Bosh konsul murojaatlarda ko‘tarilgan va hal etish mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan tezkor choralar ko‘rdi. Jumladan, yurak va umurtqa pog‘onasi kasalliklaridan aziyat chekayotgan ikki nafar vatandoshga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, koloniya rahbariyati bilan o‘zbekistonlik mahbuslar uchun musulmon qonun-qoidalariga muvofiq ovqatlanishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, bir oydan so‘ng koloniyadan ozod etiladigan vatandoshga O‘zbekistonga qaytish sertifikatini berish masalasi ham tezkorlik bilan hal etildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi fuqarolarning sodir etgan huquqbuzarliklaridan qat’i nazar, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilayotgani ta’kidlandi. Vatandoshlarga zarur konsullik-huquqiy va yuridik yordam ko‘rsatish davom ettirilishi bildirildi.
Elchixona vakillarining fuqarolar jazoni o‘tayotgan muassasalarga navbatdagi tashrifi oktyabr oyida Irkutsk shahriga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.