Jamiyat
Prezident o‘zi bilan uchrashishni istagan qoraqalpog‘istonlik bolaga maktub yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Muhammadali ismli bolakayning murojaatini ko‘rib, unga minnatdorlik maktubini yo‘lladi. Bola videomurojaatida davlat rahbari bilan uchrashishni istashini aytgan.
Prezident bolaning samimiy tilaklaridan mamnun bo‘lganini bildirib, unga maktub va sovg‘a yo‘llagan.
26 sentyabr kuni maktub va Prezident sovg‘alari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amanbay O‘rinbayev Prezidentning maktubini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, Muhammadali, uning ota-onasi hamda bola tarbiyalanayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Muhammadalining tarbiyachisi Gulbahar Saparovaga esa Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori bilan «Vatan fidoyisi» ko‘krak nishoni berildi.