Jamiyat
Prezident ishsizlik va aholi bandligi bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot bilan tanishdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” a’zolarining ish samaradorligini baholash uchun aniq mezonlar mavjud emasligi, ularning asosiy vazifasi bo‘lgan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. “Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlari ortishida bevosita aks etishi shartligi, mazkur yo‘nalishda manzilli va natijaga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda, avvalo, ularning muammolari va “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini bevosita mahallaning o‘zida hal etishga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Og‘ir toifadagi mahallalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Ushbu hududlarga alohida e’tibor qaratib, infratuzilma, elektr ta’minoti, internet tarmog‘i, tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Joriy yilda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Buning uchun mahallalarda ishlarni tashkil qilishga kompleks yondashish, barqaror bandlik yo‘nalishidagi xizmatlar qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Har bir kambag‘al oila bo‘yicha uning real imkoniyatlari va xohish-istaklarini inobatga olgan individual rejalarni ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlandi.
Loyihaviy yondashuv doirasida “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Barqaror kelajak sari”, “20 ta mahalliy brend”, “Bir kontur – bir mahsulot”, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Ijara yer va tomorqada suv ta’minotini yaxshilash”, “Eski bog‘larni yangilash”, “1 ming gektar mevali bog‘”, “Eksportchi kooperativlar” kabi dasturlar bilan 1 million nafar kambag‘al aholini qamrab olish rejalashtirilgan.
Kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirishda mahallalarda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tunu kun ishlaydigan ko‘chalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlarini tashkil etish, sohil va yo‘l bo‘yi infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.
Bandlik dasturining 2025-yildagi ijrosi va 2026-yilgi dasturni shakllantirish, norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz mutasaddilarga mahallalardagi masalalarni manzilli hal qilish, aholi ehtiyojlari asosida amaliy ishlar samaradorligini oshirish, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi vazifalarning yuksak mas’uliyat bilan ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Markaziy Osiyoda landshaftlarni tiklash bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik muhokama qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmonlar va yashil hududlarni ko‘paytirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2025 yil 9-10 dekabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda landshaftlarni tiklash bo‘yicha Mintaqaviy muloqot o‘tkazilmoqda.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat vakillari o‘rtasida, hamda xalqaro ekspertlar bilan birgalikda o‘rmonlarni boshqarish va transchegaraviy landshaftlarni tiklash sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladilar.
Tadbir Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyoning barqaror landshaftlarini tiklash dasturi (RESILAND CA+) doirasida bo‘lib o‘tadi – bu mintaqadagi ekotizimlarni tiklash bo‘yicha eng yirik tashabbus bo‘lib, u milliy hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar tufayli Markaziy Osiyoning barcha- 5 ta mamlakatida iqlim barqarorligini oshirishga hissa qo‘shadi.
Jamiyat
Bosh prokuror o‘rinbosari qurilish tashkilotlariga ko‘rsatma berdi
Ekoreydlar tizimli davom ettirilmoqda.
Maxsus komissiya a’zolari, Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov va mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan Toshkent shahrida Davlat rahbarining atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish bo‘yicha berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘rganish ishlari olib borildi.
Toshkent shahridagi qurilish ob’yektlarida changlanishning oldini olish, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, atmosfera havosini ifloslantiruvchi zararli qurilish changi va chiqindilar tarqalishini oldini olish bo‘yicha qurilish tashkilotlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Jamiyat
Og‘ir vaznli transportlar harakati mavsumiy cheklanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni avtomobil yo‘llari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Oxirgi uch yilda sohada bajarilgan ishlar, moliyalashtirish hajmi va amaliy natijalar haqida ma’lumot berildi.
Ushbu davr mobaynida avtoyo‘l sohasiga qariyb 40 trillion so‘m ajratilib, 63 ming kilometr yo‘lda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Sohaga xorijdan jalb qilinayotgan mablag‘lar 3 barobar oshib, 2025-yilda 1,2 milliard dollarga yetdi. Yo‘l qurilishida namunaviy andozalardan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalashtirish amaliyoti joriy etildi. Zamonaviy turdagi qoplamalar ishlab chiqilib, yo‘llarning xizmat muddati 1,5 barobarga oshirildi.
Taqdimotda sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va rejalar taqdim qilindi. Avvalo, mavjud umumiy foydalanishdagi va ichki yo‘llar hamda ko‘priklarni ta’mirlash, yangilarini barpo etishda ilg‘or tajriba va jahonda o‘zini oqlagan texnologiyalardan foydalanish sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kelgusi yillarda 21 ming kilometr yo‘llarni qurish va ta’mirlash, 14 ming kilometr tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish hamda 325 ta ko‘prikni ta’mirlash rejalashtirilgan. Bunda xorijiy ekspertlar va texnologiyalarni keng jalb qilish, ilg‘or standartlarni joriy qilgan holda ishni tashkil etish topshirildi.
Og‘irligi me’yordan ortiq yuk avtomashinalarining harakatlangani oqibatida 1800 kilometr yo‘l ta’mirtalab holga kelib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun o‘lchov tarozilari tarmog‘ini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hozirda 9 ta shunday tarozi o‘rnatilgan, 8 tasini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Kelgusida yana 35 ta ko‘chma va statsionar nazorat-o‘lchov maskanini barpo etishga topshiriq berildi.
Mutasaddilarga og‘irlik va gabarit nazorati bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olgan idoralararo elektron axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, ob-havo sharoitlaridan kelib chiqib, og‘ir vaznli transport vositalari harakatlanishini mavsumiy cheklash tartibini ishlab chiqish taklif etildi.
Bugungi kunda yangi yo‘llarning 61 foizini, “Tashabbusli budjet” doirasida esa ichki yo‘llarning 92 foizini xususiy sektor qurmoqda. Uzoq yillar davlat monopoliyasida bo‘lgan yo‘llarni saqlash ishlari ham bosqichma-bosqich xususiy sheriklikka berilmoqda.
Bu ishlarni kengaytirib, kelgusi yilda 3 ming kilometr, 2030 yilga borib esa 6,3 ming kilometr yo‘llarni saqlashga tadbirkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan yo‘llarni to‘liq mahalliy pudratchilarga berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sohada raqamlashtirish darajasi past ekani, mavjud 59 ta xizmatning faqat 20 tasi raqamlashgani qayd etildi. Kelgusi yilda 28 ta xizmatni elektron shaklga o‘tkazish, intellektual transport tizimini joriy etish va 7 ta yangi elektron platformani ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Taqdimot yakunida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Jamiyat
o‘tmish va bugunni bog‘lovchi qadriyat
Andijon viloyati, Shahrixon tumani hokimi Hikmatullo Dadaxonov ko‘rsatmasiga ko‘ra, ekologik reyd davomida tandirlarning buzdirib tashlangani keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, unga nisbatan ushbu ishi uchun xayfsan – intizomiy jazo chorasi berilgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu bevosita o‘tmish va bugunning qadriyatlariga ko‘prik bo‘lib kelayotgan tandirlar haqida mulohaza yuritishimizga sabab bo‘lmay qolmaydi, albatta.
Bolalik hidi
Bolaligimizda tandir boshida non yopib turgan onamiz yoki buvijonlarimiz yoniga “cho‘p otlarimiz”ni “durr”illatib to‘xtatardik-da, kulcha berishlarini so‘rardik. Kulchaga uzatilgan qo‘llarimiz: “Avval qo‘lchangizni yuvib keling!”-degan tanbeh bilan havoda qolardi. Tezda borib, onamiz aytmoqchi qo‘lchalarimizni yuvib kelardik. Kulcha nonda qo‘llarimiz kuysa-da, yana “cho‘p otlarimiz”ga minib, ariq bo‘ylariga yugurardik. Uzoqdan turib, ariqqa otgan kulchalarimizni qo‘lbola ko‘priklar ustiga yotib olgan ko‘yi ilib olardik. Issiqqina kulchalarni suvga bo‘ktirib yeyishning gashti o‘zgacha edi-da…
Bugun esa qishloqdan yaqinlarimiz mehmonga kelib, ostonadan kirishlari bilanoq, butun uyni tandirda yopilgan non hidi tutib ketadi. Ko‘zlarimiz xuddi bolalikdagidek chaqnab, “oh-oh”lab, yog‘li non, patiru kulchalarni muborak bilib, peshonasidan o‘pib, sindirib yeymiz. Bolalik hidi, qadim ajdodlar toti bor-da, bu hidlarda…
Ayonki, tandirga non yopayotganda, insondan toat ibodatli, halol, pokiza, rostgo‘y, iymonli, diyonatli bo‘lishi talab etilgan. Onalarimizu, yanga-opalarimiz toza kiyim bilan tandirga yaqinlashtirilgan. Eslayman: onamning hovlining yuziga kiyib yuradigan kiyimi boshqa, tandirboshi kiyimlari boshqa bo‘lardi. Har gal non yopgani tandir boshiga kelganda, bo‘g‘chasiga tugunlab qo‘ygan tandirboshi kiyimini avaylab olib, kiyib, keyin non yopishni boshlardi. Bugun shu urfni yangalarimda, opalarimda ko‘raman. Demak, barcha oilalarda tandir-o‘choqdan juda noziklik bilan foydalanishgan, unga ma’naviy ehtirom bilan munosabatda bo‘lishgan. Toza qo‘lli, toza kiyimli bo‘lish talab etilgan.
Non – ne’mat, tandir – baraka!
Non yoki nonvoylik haqida gap ketganda, avvalo, ko‘z o‘ngimizga tandir kelishi, shubhasiz. Tandirning tarixi bir necha ming yillarga borib taqaladi. Buxoro xalqi orasida birinchilardan bo‘lib, tandirni Said Hazrati Amir Kulol yasagani, bibi Fotima to‘ylariga Hazrati Momo Havo tandir patir pishirgani haqidagi rivoyatlar keng tarqalgan. Shuning uchun tandirsozlar yilda bir marotaba tandir yasash mavsumi boshlanmasidan, Amir Kulol qabriga ziyoratga borganlar. Mavzuga doir o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olish uchun bevosita, 30 yildan buyon o‘zbek taomlari va tanovvul madaniyatini tadqiq etgan olima, non bilan bog‘liq qadriyatlar bo‘yicha muvaffaqiyatli dala materiallarini yig‘a olgan Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari nomzodi, etnograf Manzila Qurbonovani suhbatga chorladik.
– Buxoroda barcha qishloqlarda yangi uy qurishdan oldin birinchi bo‘lib uy-joy quriladigan maydonga yangi yasalgan tandirni olib kelib qo‘yish odati hali-hanuzgacha saqlanib qolingan. Yasalgan tandirni ko‘pincha ochiq yerda, hovlilarda qurishgan. Alohida oshxonasi bo‘lgan oilalarda tandir oshxona burchagida sal qiyalab qurilgan. Tandir tepasida esa tutun chiqadigan joy, ya’ni hashtak ham yasalgan. Bu usulda qurish juda kam joyni egallashiga mo‘ljallangan bo‘lib, tandir alangasi nonpaz yuziga urmagan. Buxoro markazida esa tagi teshilib, ishlatishga yaroqsiz bo‘lgan sopol xumlar ham tandir o‘rnida ishlatilgan. Buning uchun xumning tagi va og‘iz qismi sindirib olingan, keyin esa tandir uchun mo‘ljallangan joyga qo‘yilgan. Ota-bobolarimiz so‘zlariga ko‘ra, tandir xudoning yuzini ko‘rgan, shuning uchun ham uning bandalari tandir yasash va qurishga e’tiqod bilan yondashishlari kerak, degan axloqiy aqidaga katta ahamiyat berilgan. Yangi qurilgan tandirda birinchi marta yog‘li patir pishirib, qo‘shnilarga tarqatilishi ham xonadonning yangi tandir sohibi bo‘lgandan darak bergan. Bundan tashqari, tandir sifatliligini aniqlash maqsadida ham yog‘li patir yopilgan. Patir-non tandirdan orqasi butun chiqsa, demak, tandir devori juda tekis ishlangan, degan xulosaga kelingan. Tandir xislatli o‘choq sanalib, uning yoniga yuviqsiz holatda yaqinlashmaganlar. Demak, tandir devori juda tekis ishlangan, degan xulosaga kelingan,-deydi etnograf Manzila Qurbonova.
Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, tandirlarning ichki qismi namakob (tuzli suv) bilan silliqlanadi. Xonadonlarga quriladigan o‘rtacha tandirning ichki diametri 0,8 m chamasi, yerdan 0,8-1 m baland qilib o‘rnatiladi. Buxoro va Samarqandda tandir yerga yoki maxsus supaga og‘zi tik qilib qurilsa, Farg‘ona vodiysi va Toshkentda yotiq qilib o‘rnatilar ekan.
– Atroflariga tutun tortadigan va havo kiradigan 10-15 smli teshiklar qilinadi. Tabiat havosini buzmasligi uchun. Yangi tandirning ichki devorlariga paxta yog‘i surkab, bir kecha-kunduz davomida olov yoqib qo‘yiladi. Non yopilganda, uning orqa tarafiga kesaklar ilashmay qolishi maqsadida shunday qilinadi. Toki, tandir ichki devorlari oqarguncha, non yopishdan oldin shox-shabba, yantoq, o‘tinlar yoqiladi. Oddiy loydan yaratilgan mo‘’jiza – tandirga “odamlarning rizq-nasibasi osilgan”,-deya bejizga ehtirom ko‘rsatishmaydi,–deya so‘zida davom etadi suhbatdosh.
Neolitdan bugungacha
Ma’lum bo‘lishicha, ozarbayjon tarixchilariga ko‘ra, tandir tarixi Neolit davrida – odamlar o‘troq holda yashay boshlaganlaridan keyin boshlangan ekan. “Tandir” so‘zi qadimgi turk tili (shumerlar)ga borib taqaladi. Biroq, tandir ko‘chmanchilarning emas, balki, o‘troq xalqning qadriyati ekani tan olinadi.
– Qadimdan o‘troq xalq sifatida tanilgan o‘zbeklar non yopishda ming asrlardan beri tandirdan foydalanib kelishadi. Bugungi kunda ham tandir xalqimiz madaniyatining bir qismi sifatida e’zozlanadi. Kimdir tandir ham madaniyatimizning bir bo‘lagi deyotganimizga e’tiroz bildirishi mumkin. Tandir, nafaqat, tariximiz, balki madaniyatimizdir. Tandirda non yopish qadimiy an’ana, urf-odat. Non yopish san’ati esa xalqimiz tarixi boshlangan davrlarga borib taqaladi. Bu san’at asrlardan asrlarga ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelmoqda. O‘zbeklar nonni muqaddas, deb bilishadi, ko‘zga surtishadi. Tandirda yopilgan non quyosh va baraka ramzi hisoblanadi. O‘zbek dasturxonini nonsiz tasavvur etib bo‘lmaydi,-deydi Manzila Qurbonova.
Darhaqiqat, dasturxonlarimizga, avvalo, non tortamiz va dasturxon atrofidagilarga ushatamiz. “Nonushta” so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham “non ushatish” ma’nosini bildiradi. Non ushatilganda, yangi kunning barakasi taqsimlanadi, degan qarashlar saqlanib qolgan. Shuningdek, “Ertalabki mushtdan qaytsang ham nondan qaytma”, -degan iboralar yashaydi. Ya’ni, tongdan rizqingni qoldirma, ol va nasibang butun bo‘lsin ma’nosida. Aytish joizki, tandir har bir xonadonga qut-baraka, fayz va albatta, mehr-oqibat olib kiradi. Qishloqlarning ayrim xonadonlarida haligacha har tongda tandir yon yopadiganlar bor. Nonning xamirini qorishdan boshlab, to tandirga yopib olgunga qadar xilma-xil odat va rasm-rusumlarga rioya etilgan. Xamir uchun ishlatiladigan unning nonlari chiroyli chiqsin, deb erinmasdan 2-3 martagacha elash odati bo‘lgan. Xamir doim supra (buxorocha, po‘stak)ni yoyib, tog‘oroda qorilgan. Faqat suprada qorilgan xamir “halol luqma” sanalgan.
Qadriyatlarga behurmat bo‘lmaylik
O‘z navbatida tandirning me’yorida qizdirilishi ham hal qiluvchi omil bo‘lgan. Xamirning oson yoki kechikibroq yetilishiga qarab, uni qorgan kishiga baho berilgan. Xamirga solingan har xil masalliqlarga qarab nonlar sutli, yog‘li, jizzali, piyozli, qiymali deb farqlangan. Birgina non yuziga turi ziravorning sepilishi bilan esa kunjutli non, sedanali non, bodiyonli non, shirmoy non, ko‘knorli non, za’farli non, degan atamalar kelib chiqqan.
– Tandir va o‘choqqa halol luqma tayyorlanar ekan, shunga muvofiq, tegishli savobu-uvollarga rioya qilingan. Bunga o‘xshash qadriyat, urf-odat, an’ana va irim-sirimlarning barchasi xalqimizning uzoq o‘tmish tarixi, ijtimoiy turmush tajribasi va madaniyatining natijasi bo‘lib, ular avlodlarga xizmat qiladi. Uni uvol qilishga hech kimning haqi yo‘q, qadim va qudratli madaniyatimiz tarixi uchun og‘riqli zavol keltirmaylik,-deydi Manzila Qurbonova.
Jamiyat
Veterinariya qo‘mitasi sobiq raisi hokimlikka tayinlandi
Ohangaron tumaniga yangi hokim tayinlandi.
Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Madirimov Doniyor Mamatsaliyevich vazifasidan ozod qilindi.
Zoyir Mirzayev Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Bahromjon Turayevich Norqobilov nomzodini Ohangaron tumani hokimi lavozimiga tavsiya qildi.
Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashi Bahromjon Norqobilovni tuman hokimi etib tasdiqladi.
Avvalroq Xovos tumaniga yangi hokim tayinlangandi.
-
Sport3 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya Rossiya quvur liniyali gaz ta’minotini bir yil davomida kengaytirmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya qimor o’yini-onaviy tergovning bir qismi sifatida futbolchilar va sheriklar hibsga olingan
-
Iqtisodiyot3 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoTüriyatiye: 29 futbolchi o’yinchi janjalida hibsga olingan
-
Hayot tarzi5 days agoDemi Xestemanning Jessi Gatikaulaning “Me’blari” ga qanday munosabatda bo’ldi
-
Jamiyat2 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Iqtisodiyot4 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
